Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Rusia inqilobi (doston)

Description

Автор: Сидки Хондайлики

Заглавие: Rusia inqilobi

Источник: Sidqiy Hondayliqiy. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1998.

Страницы: 145-179.

Язык: узбекский, поэма.

Тема поэмы - анализ причин и ход Февральской революции, а также ее последствия для судеб Туркестана

Сидки Хондайлики(1884-1934)- узбекский поэт.

Categories

Администрация Александр III Военное дело Выборг Географические названия Грабитель Деспот Джиззак Добровольский Дума Жертва Иванов Император История Кавказ Казак Казанский проспект Калашников Керенский Князь Колкин Конфессиональные группы Литейный проспект Макаров Махалов Миссионер Михаил Александрович Мужик Мусульманское образование Невский проспект Николаевский вокзал Николай Обычаи и обряды Офицер Оценка Петроград Политика Политические и общественные организации Польша Правительство Предатель Прогресс Протапопов Профессиональные группы Пугачев Раненый Распутин Революция Религия Россия Ружье Русские слова Русский Самооценка Свобода Секта Сибирь Сидки Совет, исламский Союз Сухомлинов Таврический дворец Транспорт Туркестан Учредительное собрание Финляндия Фирдоуси Хлеб Шариат Шаховский Этнические и племенные группы

Editor

B.S.

Labels



Text

Sababi nazmi inqilob

Yo‘q erdi maning bu kabi xohishim,

Ki yo‘q erdi mundog‘ ish ila ishim.

G‘aribu faqiru zalilu haqir

Edim, lek yo‘q erdim usiru dalir.

Edim haminon kasbi oyin bila,

Dilim shod edi sabru tamkin bila,

Bu suratda umrum o‘tub necha yil,

Mango erdi har yonda sad sabil.

Ki eski hukumat zamoni aro,

Yo‘q erdi bu xil jur’at etmak mango.

Alar asrida jur’at etsam agar,

Yopar erdilar turmaga sarbasar.

Churutqoy edilar vujudim, bale,

Uzulg‘oy edi toru budum, bale.

Alar boshig‘a bo‘ldi zulmi balo,

Yiqildilar o‘z qozig‘on chohig‘o.

Jafo aylama elg‘a, ey zo‘rmand,

Ki nogah falak aylag‘ay mustamand.

Zamon makridin bo‘lma g‘ofil, dame,

Ki boshing‘a urg‘ay jafo toshini.

“Lah-ul-minna kiyyat-ul ofat” bugun,

Ki etdi bu yangi hukumat bugun.

Bu jur’atg‘a yangi hukumat sabab

Bo‘lub, shavqmand ayladi, yo ajab.

Ilohi, bu yangi hukumatni san,

Mudom ayla hamdo‘sh adolat bilan.

Yana qaytadin bizni xor aylama,

Ul eski balog‘a duchor aylama.

Ul eski baloni chunon mahv qil,

Ki hibs ichra o‘tsun hama oyu yil.

Mana boisi nazmi pokim maning,

Mana so‘zishi dardnokim maning.

Dedim, nazm bo‘lsa bu zo‘r inqilob,

Xaloyiq ko‘ziga bo‘lur bas ajob.

Bu ishda bag‘oyat qilib ehtimom,

Xalaf tarzida qo‘ydum o‘zdin bu nom.

Ki yo‘qtur jahonda sabot, ey axiy,

Sabot istasang, bas, uyot, ey axiy.

Jahon mulkig‘a aylama ittiko(l),

Ki ko‘b san kabilarni qildi fano.

Birobni qilur sarv yanglig‘ baland,

Birovg‘a berur darra birla gazand.

To‘la nomdoru to‘la shahriyor

Qaro yerni qa’rida tut(d)i qaror.

Bas, emdi majolingni borida san,

Asar qo‘y, kamolingni borida san.

Asar qolsa sandin jahonda agar,

Saning go‘yiyo el tirik deb sanar.

Mana qoldi Firdavsiydan yodgor,

Go‘zal nomi alhol erur barqaror.

Aning nazmi birla shahoni Ajam,

El ogzida go‘yo tirik hali ham.

Bu so‘zlar hunarvarg‘a ma’lum erur,

Vale shum hasadchig‘a mazmum erur.

Ilohi, hasad ahlin et poymol,

Aning bog‘i umrig‘a tez rahna sol.

Hamisha ani xoru zor aylag‘il,

Balolarg‘a yorab duchor aylag‘il.

Murodiga yetkurmay et mustamand,

Balo rishtasi birla et poyband.

Mashaqqatni(ng) zindonig‘a band qil,

Falokat balosig‘a payvand qil.

Ani rashk o‘ti birla hamdo‘sh qil,

Mazallat bila, bas, hamog‘ush qil.

Anga zarra ko‘rsatmag‘il yaxshiliq,

Ki xud etmadi qilcha yaxshi qiliq.

Hama fazl elidin shikoyat tuzar,

Erur voqean ul lain-dinbuzar.

Ki dajjoldin ham bat(t)ar fitnasi,

Buzulg‘oy bale necha dillar base.

Hasadchidin, ey Sidqi(y) dod aylama,

Alardin umidi murod aylama.

Masaldurkim, it ak-ak aylasa ham,

Bo‘lurmu falak uzra oy nuri kam.

Petrogradda voqealar nechuk boshlandi

va ne ravishda o‘sdi

Yigirma uchunchi febrol aro,

Banogoh qo‘zg‘oldi bu mojaro.

Qiyomat ishi anda barpo bo‘lub,

Hujum ahlidin ko‘b alolo bo‘lub.

Sig‘ishmay to‘lub ko‘chau ko‘y aro,

Kelur o‘ylakim xalqlar to‘y aro.

Xotun-qiz, qari-yosh ho-ho bilan,

Alar har biri turli savdo bilan.

Falak uzra yuzlandi behad fig‘on,

Ki, ya’ni der erdi hama oshu non.

Xususan, to‘lub el Vibo‘rg‘ soridin,

Fig‘on etti zolimlar ozoridin.

Bo‘lub barcha ochliq balosi bila,

Ishi yo‘q edi qiz anos bila.

Ato sorig‘a o‘g‘li boqmay dame,

Qilib erdi ovora o‘z motami.

Nihoyatda jondin to‘yub, tang o‘lub,

Zaiflikda mo‘ birla hamrang o‘lub.

Ko‘runmay alar ko‘zig‘a jismu jon,

Hama der edi: Non! Ey-voy, non!

Ko‘rub behad onlar falakdin jafo,

Necha qaddi noziklar o‘ldi duto.

Yotib xoki zillatda ko‘b nozanin,

Sumanbar pari, g‘ayrati huri iyn.

Qilib ochliq nechalarni halok,

Yer uzra yiqti etib siyna chok.

Bu kunda xaloyiqqa non yetmayin,

Emas non, bir ovuchcha don yetmayin.

Chiqib xalqdin “non”u “non” deb sado,

Yo‘q erdi muningdin bo‘lak mojaro.

Bo‘lub behad odam guruho guruh,

Zamin boldi el zarbasidin sutuh.

Agarchandkim, ko‘hi tamkin edi,

Bale non havosida g‘amgin edi.

Novvoyxona oldida ko‘b o‘lturub,

Qilurdi fig‘on non debon qichqurub.

Bu kun bu kabi bas o‘sub inqilob,

Xaloyiq o‘z uyig‘a qildi shitob.

Alar ba’zisi tarqadi o‘zicha

Va ba’zisi palitsalar so‘zicha.

Ikinchi kun andin o‘sub inqilob,

Xaloyiq shahr sori qildi shitob.

Fig‘ondin to‘lub ko‘chag‘a hoy-hoy,

Barobar edi barcha shohu gadoy.

To‘lub shahrning markazi el bilan,

Arodin ko‘tarildi dodu fig‘on.

Xaloyiq aro qahramon ishchilar,

Dalirona yo‘l oldilar sarbasar.

Palitsa damodam chekib ko‘b nafir,

Xaloyiq yo‘l uzrig‘a to‘kti qir.

Hama go‘shalarg‘a qorovul qo‘yub,

Hama ko‘chalarg‘a chopovul qo‘yub.

Shahrni kezib yurdi patrul base,

Ki qo‘zg‘amasun fitna har bir kase.

Shahr yo‘llarin qurshab askar olib,

Hama go‘shalarni sarosar olib.

Munga boqmayin qahramon ishchilar,

Shaharg‘a kirib ayladilar maqar.

O‘ramlarg‘a tarqaldilar ul guruh

Bo‘lub mavji daryo kabi ko‘h-ko‘h.

Chu daryo o‘shal dam bo‘lub mavjizan,

Zafar bo‘yi keldi alar mavjidan.

Alar xalq uchun aylabon jon fido,

Ki ya’ni bu xil qildilar mojaro.

O‘shal kunda soat o‘n ikki edi,

Shahar markazin tut(d)i odam base.

Ki Aztominski o‘ramlar aro

Niqo‘lay voqzoli qarshusida,

O‘n ikki ming odam alolo chekib,

Qiyomat kuni shakli ho-ho chekib,

Yig‘ildilar onlarg‘a yo‘q sonu had,

Kishi bilmas erdiki qilg‘ay adad.

O‘shal dam aro to‘xtadi ko‘nkalar,

Ki mo‘ru malaxdek edi ishchilar.

Bo‘lub anda sho‘ru qiyomat bajo,

Xaloyiqqa yuzlandi ko‘b mojaro.

Xatiblar chiqib xalq o‘rtasidan,

Ajab nutqlar boshladi shu’lazan.

Bu nutq ila barcha muassir bo‘lub,

Fig‘on ettilar yig‘lashub, oh urub.

Qizil bayroq o‘ldi namoyon bu hol,

Palitsa ko‘rub oni, bas, bo‘ldi lol.

Palitsa oni olg‘oli zo‘r etib,

Ololmadi o‘zni ranjur etub.

Zafarllik bo‘lub qahramon ishchilar,

Palitsag‘a bayroqni bermadilar.

So‘zin bas– ado qilg‘och ikki xatib,

Uchunchi xatib boshladi so‘z turib.

Qazoq askar ul damda bo‘lg‘och padid,

Haloyiq taraldi bo‘lub noumid.

Sekin har taraf sori tarqaldilar,

Bahona bilan uyg‘a yo‘l oldilar.

Nevskiy ila ketgan ellar bilan

Liteynida ko‘b el qo‘shuldi ravon.

Shijoat bo‘lub anda farmonravo,

Ki bo‘ldi alar barcha bir tan aro.

Palitsa yana otliq askar bilan

O‘ram boshini bo‘g‘di borib ravon

Qilib qahr onlarg‘a, “Ketg‘il!”– dedi,

Quloq solmadi anga onlar, bale!

Bu holatda zolim palitsa ravon

Xaloyiqni otti-yu, bas, to‘kti qon.

Har otganda ko‘b kimsa majruh o‘lub,

Ko‘z ochquncha bir necha beruh o‘lub.

Necha kimsa bo‘ldi qotig‘ yorador,

Yiqildi yer uzra bo‘lub xoru zor.

Jafo bori qaddin duto ayladi,

Falak bu kabi mojaro ayladi.

Erur bu kabi kori garduni dun,

Gahi sarvar aylar, gahi sarnigun.

Gahi past aylar gahi sarbalnd,

Gahi ojiz aylar, gahi zo‘rmand.

Gahi pashshani fila g‘olib qilur,

Chumolini gah shera g‘olib qilur.

Ki, alqissa, el ushbu holat bilan,

Shahr Dumasi sori bo‘ldi ravon.

U kun Duma jam’iyati bor edi,

Shahr boshlig‘in el talab ayladi.

Ki ya’ni chiqib bizg‘a nutq aylasun,

Quloq solib anga sunaylik bo‘yun.

Shahr boshlig‘i aylab u o‘zni rad,

O‘zin uyida qoldi u mu’tamad.

Qazoq askar elni jo‘natti tamom,

Alar ham jo‘nadi u dam, vassalom.

Yana xalq o‘lubon guruho guruh,

Qazonski ko‘chada etti shukuh.

Bu holatda o‘n minglab el to‘planib,

To‘la ixtilol jirlari jirlanib,

Falak sahnasin ayladi, bas, batang,

Eshitgan quloq barcha bo‘ldi garang.

Qazoq askar ul dam aro keldilar.

Xaloyiqni tortqoli sar-basar.

O‘shal dam xaloyiq bir og‘iz bila:

“Qazoqlar yashasun!”,– deb etti nido.

Yana elning og‘zida “Non! Non!”,–debon,

Quloqlarg‘a anglandi sonsiz fig‘on.

Hama erdilar ojizu notavon,

Ki onlarg‘a zulm erdi ko‘b hukmron.

Palitsag‘a yordamg‘a askar kelib,

Xaloyiqni butratti vahshat qilib.

Afisarlar otmoq bila qo‘rqutub,

Jo‘natti xaloyiqni har yon tutub.

Xaloyiq taraldi bo‘lub fard-fard,

Ki bo‘ldi makoni sari rahnavard.

Palitsa uchunchi kuni ko‘b shoshib,

Zulumona tadbiri haddan oshib,

Kamingohlar ichra saldat turub,

Shahrning minorig‘a to‘plar qurub,

Pulimo‘tnni elni(ng) qirarg‘a qator,

Terildi, nechukkim turar ajdahor.

Qarovul qo‘yuldi o‘ramlar aro,

Ki daf’ aylag‘ay bo‘lsa bir mojaro.

Shahr yo‘llari barchasi bo‘ldi sad,

Shahrg‘a kirarg‘a chibing‘a na had.

Olib xalqavash jandarmlar bori,

Ki o‘tkazmadi kimsani ul sori.

Bu kun hurriyat toza oyin topib,

Hama ish go‘zal bo‘ldi joyin topib.

Hama ihchilar ittifoq ayladi,

Ki xos o‘zlarig‘a vakil sayladi.

Bu g‘avg‘oda bo‘lmoqqa bir rahnamo,

Go‘zal jam’iyat ayladilar bajo.

Bu fikratda ahli hunar barchasi,

Hama bir tan o‘ldi magar barchasi.

Hama matbaa ishchisi bir bo‘lub,

Qo‘shuldi sanoat elig‘a kelub.

Bu kun kech bo‘lub bir necha shov-shuv,

Palitsa bilan boldi zo‘r otushuv.

Necha nozanin anda qurbon o‘lub,

Yiqildi yer uzrig‘a bejon o‘lub.

Qazonski ko‘chada qon suv kabi

Ravon o‘ldi. Bosh yotti limo‘ kabi.

Xaloyiqni to‘xtatti saldatlar

Otib ko‘kka miltiqlarin sarbasar.

Falak uzra yuzlandi sonsiz suron,

Der erding, yiqildi magar osmon.

Bo‘lub nechaning ro‘zgori qaro,

Ajal ilkida bo‘ldi umri ado.

Yaradorlar bo‘ldi, base behisob,

Yilondek yotar edilar pechu tob.

Bo‘lub xoku xun birla og‘ushtalar,

O‘lukdin ko‘tarildi ko‘p pushtalar.

Sarosar xaloyiqqa yetti jafo,

Magar yog‘di ko‘kdin alarg‘a balo.

Baloyiki yo‘qtur davosi aning,

Xaloyiq bo‘lub mubtalosi aning.

Chidolmay munga, yig‘lab el hoy-hoy,

Der erdiki, rahm aylag‘il ey xudoy.

Ki, biz–barchamiz ojizu zormiz,

Bu zolimlar ilkida ko‘b xormiz.

Xudoyo, bu zolimni nobud qil,

Jahon ahli chashmiga mardud qil.

Bu xil yig‘lashib barcha el zor-zor,

Dumag‘a yaradoring etti qator.

Bu damda kelib bir necha deputat,

Dumalar qatorida tutti sabot.

“Yuraylik”labon bola birla xotun

O‘luklarni ko‘rmoqg‘a keldi u kun.

Alar ichra bo‘ldi chunon oshig‘ich,

Ki ul kun azolar bila bo‘ldi kech.

Chu Aztominski o‘ramlar aro

Fristo‘f tig‘ o‘qtoldi bir ishchig‘o.

To‘yub jonidan ishchi ham ul zamon,

Matashti fristo‘f bila nogahon,

Tegib hanjar anga ziyon ayladi,

Hazin ko‘nglini turfa qon ayladi.

Qazoqlar bo‘lub ishchig‘a hamtaraf,

Fristo‘fni(ng) umrini etti talaf.

Ki, ya’ni fristo‘fni o‘ldurdilar,

O‘zin hanjarin o‘zig‘a urdilar.

Birovg‘a yamon bo‘lma, ey nekbaxt,

Ki holingni bir kun qilur turfa saxt.

Yamong‘a yamonliq savob o‘lg‘usi,

Ango yaxshiliq bas azob o‘lg‘usi.

Vazirlarning qamaluvi.

Pro‘tapo‘po‘f

Tavricheski nom o‘rda qapusido

Ulug‘lar turar erdilar doimo.

Kelib nogahon anda begonaye,

O‘zin onlara qildi e’lonaye.

Ki, ya’ni Pro‘tapo‘po‘v erkanin

Dedi onlara. O‘ldi hosil tayin.

Bu ersa, Nikolay vaziri edi,

Butun xufya ishda dabiri edi.

To‘la ajz ila ayladi arzi hol,

Ki qilg‘on edi xavf ani poymol.

Dedi: man tilarman, vatan nekbaxt

Bo‘lub yashasun doimo chun daraxt.

Shu bois kelibman ayog‘im bila,

Boray qayda bo‘lsa qapog‘im bila.

Ulug‘lar kamitetg‘a kirdi olib,

Protapo‘po‘fni qo‘lidin tutib.

Kamitatning a’zosi oni ko‘rib,

Ulug‘larni qichqurdi darhol turub.

Ulug‘lar ministrlaring oldig‘a

Olib keldilar anga etmay jafo.

O‘shal dam Kerenski keldi ravon,

Pro‘tapo‘po‘f turdi zud sekribon.

Dedi: Sizg‘a kelturdum emdi panoh,–

Chekib dambadam oh ustig‘a oh.

Kerenskiy oni qamalmog‘lig‘in

Bayon ayladi kamitet soridin.

Dobrovol’skiy

Yigirma yettinchi febrol aro

Hama eskilar tushdi bir hol aro.

Chu Dobrovol’skiy uyidin chiqib,

O‘zin elchixonag‘a oldi qochib.

Telefo‘n-la Radzanko‘g‘a bemalol

Yalindi tavallo aylabon arzi hol.

O‘tundi kamitetg‘a bormog‘lig‘in,

Sheriklari birla qamalmog‘lig‘in.

Maqoref

Maqorefni kelturdi ko‘b qahramon,

Dumalar huzurig‘a bermay ziyon.

Yamon ishlarin soldilar yodig‘a.

G‘am ortti dil hasrati obodig‘a.

Pushaymon bo‘lub anda tebratti bosh.

(Ilohi u zolimning og‘zig‘a tosh!)

Suxo‘mlinef

Suho‘mlinef keldi to ushlanib,

G‘ulu bo‘ldi saldatlar ichra ajib.

Alar ichra bo‘ldi to‘la shov-shuv,

Ki to‘ksa, ani(ng) qonini(ng) misli suv.

Kirib so‘ngra saldatlardan vakil,

Tiladi ani(ng) pag‘o‘nin, anglag‘il.

Suho‘mlinef o‘z pag‘onin ango

Uzatti yulib olib ul dam aro.

Chu daryo urub jo‘sh saldatlar,

U dam anga: “La’nat!”–dedi sarbasar.

“Qaroqchi! Vatanni sotuvchi!”–debon,

Hama qichqirishdi qo‘porib fig‘on.

Kerenski onlarni tinch ayladi,

Ko‘b onlarg‘ va’z-nasihat dedi.

Bosildi bu so‘z birla saldatlar,

Jo‘nashtilar o‘z joyig‘ sarbasar.

Kenoz Shaxovski

Bu ersa tijorat vaziri erdi,

O‘z asrini(ng) sohib sariri edi.

Tushub qo‘lg‘a Birlanchi mart ichra ul,

Ajab bo‘ldi mundog‘ parishon ko‘ngul.

Tavricheski o‘rdag‘a band ettilar,

Bu bois base mustamand ettilar.

Podshohning taxtdan tushuvi

Xudoyimni(ng) farmonidin aylanay,

Ki voz kechti o‘z taxtidan Nikolay.

Aning hukmida erdilar Rusiya

Yana Folsha ahli va Finlandiya.

Bu yanlig‘ qilur barchaga arzu hol,

Sadoqatli elga debon bu maqol:

Bu uch yildaki, saxt dushman bilan

Kurash ayladuk jonu tan bilan.

Tushub el boshig‘a og‘ir hodisot,

Ko‘nguldin yiroq o‘ldi sabru sabot.

Aziz shahrimizdin chiqib ixtilol,

Ko‘b el bo‘ldi bu o‘rtada poymol.

Sug‘ush barcha ko‘ngilga soldi xatar.

Bu fikrat bilan el hazin bo‘ldilar,

Bizing qahramon o‘rdumiz saqlanub.

Erur muttafiqlar bilan orzu,

Xususan, vatan xolini(ng) saqlamoq

Xaloyiqni(ng) har bir ishin haqlamoq.

O‘sal dushman–o‘q biz bilan bellashur.

Tanu jonlari birla xo‘b tirmashur.

Bizing qahramon askar ushbu sabab,

Zuloli zafarg‘a edi tashna lab.

Aduv xaylig‘a g‘olib o‘lmoq uchun

Hama xalq birlashtilar ushbu kun.

Urushni kuch ila tugaltirg‘ali

Hama bo‘ldi bir jonu tan, ey axiy.

Suyukli o‘z o‘g‘limdan ayrilmoqim...

Bu ishni o‘zumg‘a ravo ko‘rmadim.

Mixail Aleksandrovich – kenoz –

Berib taxtim, etdim, anga sarfaroz.

Ani taxt uzrig‘a o‘lturtubon,

Rizoliq berurman dilu jon ilan.

Bu o‘z tug‘onim, shahr ishini(ng) tamom,

Tuzub joriy qilg‘ay tuzukrak nizom.

Vatandoshlardin bu kunlar aro

Tilarman: bir o‘lsun Dumalar bila.

Alar amrig‘a barcha sunsun bo‘yun,

Ki o‘z burchini(ng) el ado aylasun!

Yangi podshoh

Bu so‘nggi havodis taqozosicha

Nikolay butun taxtdin voz kecha.

Ikinchi Nikolayning o‘rnig‘a shoh

Mixail bo‘lub elg‘a bo‘ldi panoh.

Bilingiz Mixailni, siz, ey axi,

Uchunchi Aleksandr o‘g‘li edi.

Ikinchi Nikolayg‘a tuvg‘on erur,

Ku bu taxt ichra tug‘ulg‘on erur:

Ki minggu sakkiz yuz yetmish sekiz

Edi tug‘uldi o‘shal botamiz.

Yigirma uchunchi no‘yabr edi,

O‘shal kunda nomi qo‘yuldi ani.

Yil o‘lg‘onda to‘qson to‘qqiz chun quyosh,

Valiahd Rusiyada bo‘ldi fosh.

Ki, ya’ni Aleksey Niqo‘layevich

Valiahd o‘lub, bo‘ldi sohib qilich.

Mixailni(ng) mulkiy huquqlarini

Bitirdilar o‘lsa, nakim borini.

Mixail Aleksandro‘vich chunon

Urushda atandi buyuk qahramon.

Ki Qofqoziyo sarzamini aro

Urush safida qildi g‘ayrat bajo.

Bu bois bilan topdi ko‘b imtiyoz,

Adolat elin, yorab, et sarfaroz.

Yangi Rusiya – yangi hayot

Chu Ikinchi Niko‘lay imperato‘r,

Tushub taxtdin bo‘ldi ojiz chu mo‘r.

Berib toju taxtini tuvg‘onig‘a,

Rizo berdi, bas Duma farmonig‘a.

Bu so‘zni hama elg‘a fosh ayladi,

Vale g‘am bila ko‘zni yosh ayladi.

Bu kunlar aro bu yangi hukmdor,

Xudo xohlasa elg‘a yaxhi boqar.

Duma kengashi birla shahr ishlari

Topib tartib, o‘lg‘ay asosi qaviy.

Bu yangi hukumat tutush maslagin

Qilur va’da az tahi dil, elg‘a chin.

Ki, ya’ni har ishning huquqin ado

Qilib, elg‘a berg‘ay hurriyat yano.

Chu uchreditel’niy sobroniyo

Yig‘inida bo‘lg‘ay hama ish bajo.

Tuzulg‘oy xaloyiq, aro yaxshi ish,

Xaloyiq, yashar yaxshi yoz ila qish.

Butun Rusiya ichra mundog‘ zamon

Bo‘lur, deb qilurmu edingiz gumon.

Bu ish mundin avval qo‘zulg‘on edi,

Vale ul pulonlar buzulg‘on edi.

Bu kun Duma va ishchilar g‘ayrati

Magar bo‘ldi mazlumlar rohati.

Butun yiqti Eski hukumat borin,

Dengiz: Dumalarg‘a hazor ofarin!

Xaloyiq uchun xonumondin kechib,

Demang xonumon, jismu jondin kechib,

Hama elni ko‘nglini shod ayladi,

Ki onlarg‘a bazli murod ayladi.

Bu ish turfa qolurliq bir ish,

Nakim bo‘sh o‘lub, lolu hayron qolish.

Bu yangi hukumatqa yor aylashing,

Alarning kuchaymoqig‘a tirmashing!

Taraqqiy yo‘linda qiling jon fido,

Ki bo‘lsun bu kun jumla hojat ravo!

Oching ko‘zni g‘aflatdin, ey musulmon!

Ki yotmang kasolat, atolat bilan!

Imomu muallim, ziyoli bori,–

Kerak boqsalar ushbu ishlar sori.

Ki bo‘ldi hurriyat zamoni bu kun,

Tirildi hama jismu joni bu kun.

Yo‘q o‘ldi aromizda zulmu sitam,

Sitam ahlining bo‘ldi ilgi qalam.

Yashayluk bu kun kasbi oyin bila,

Hamisha hamog‘ush o‘lub din bila,

Muningdek zamonda huquq istashing!

Huquq istamoqg‘a tuzuk qatnashing!

Oling Hurriyat honidin bahraye,

Toping olami din aro shuhraye.

Yasang ja’miyat barcha bir tan bo‘lub,

Fidokorliq ichra purfan bo‘lub.

Nakim bo‘lsa husnu tavajjuhlaring,

Bu yangi hukumatqa bot bilduring.

Biza hurriyat berdi toza hayot,

Duo aylang, etsun zamonlar sabot.

Ulug‘ kenoz Mixail Aleksandro‘vich

taxtni qabul etmadi

Mixail Aleksandro‘vich – kenoz–

Chiqib taxt uza bo‘ldi, bas, sarfaroz.

Bu yanglig‘ go‘zal arzi hol ayladi.

Bu bobatda ko‘b qilu qol ayladi.

Ki, ya’ni: “Muningdek urush vaqtida

Ag‘om berdi toj ila taxtin mango.

Vatanning yashamog‘i har narsadan

Manga yaxshidur o‘ylakim jonu tan.

Bir andishada bo‘lsam el birla man,

Idora ishi anda bo‘lg‘ay xasan.

Bu to‘g‘rida kelg‘on vakillar tamom

Idora usulig‘a etgay qiyom.

Muvaqqat hukumatni(ng) farmonig‘a

Bo‘yun sunsun el, har na – vijdonig‘a.

Ki Uchreditel’niy sobroniyo

Bu ishlar qarorini(ng) aylar bajo.

Kerenski onlarni tinch ayladi.

Ko‘b onlarg‘a va’z-nasihat dedi.

Bosildi bu so‘z birla saldatlar,

Jo‘nashtilar o‘z joyig‘a sarbasar.

O‘shal kun xaloyiqni ozod etar,

Ki xolis kishi saylabon shoh etar”,

Bu uzr ila shahlikdan etti kanor,

Vakillarg‘a berdi bu xil ixtiyor.

Hama mamlakat koru bori tamom,

Dumalarning ilgida tobqay nizom.

Ilohi, xaloyiqni emdi yashat,

Hama zulm zanjirlaridin bo‘shat.

Alarni karam birla ozod qil,

Xazin dillarin lutf ila shod qil.

Ikkinchi, yana ezma bizlarni san,

Solib o‘rtamizg‘a bu xil qo‘zg‘olon.

Duolarni yorab, qabul aylag‘il,

Murodotimizni(ng) husul aylag‘il.

Aromizg‘a solma yana tafriqa,

Ki qilg‘ay ulusni gado tafriqa.

Adovatni el o‘rtasidan yo‘qot,

Ki bordur adovat bu kun ko‘b uyot.

Adovat degan vahshiy hayvon ishi,

Nakim bo‘lg‘usi ul musulmon ishi.

Adovat qilur barcha millatni yo‘q,

Adovat qilur mehru shafqatni yo‘q.

Adovat qilur barchani xoru zor,

Adovat qilur elni bee’tibor.

Adovat degan narsa bir shum ish,

Ulug‘lar nazdida mazmum ish.

Adovar qilur hirsu xo‘ku palang,

Adovar qilur odami xirsrang.

Adovat qilur zolimi nobakor,

Adovat qilur johili beviqor.

Iloho, bu xislatdin et bizni pok,

Ki to‘lsun aduv xaylin og‘zig‘a xok.

Maqbul qurbonlar

Butun dunyoda hurriyatchi aro

Bu so‘z bor erur, anglangiz, ey ag‘o!

Hurriyat olinmas hech imkon ila,

Magar olsa mumkin erur qon ila.

Hurriyat olinmadi qurbonsizin,

Ki tarixlarning so‘zidur bu chunin.

Qachonkim hurriyatdan o‘lsa nishon,

Biling, oldilar to‘kushub necha qon.

Pug‘ocho‘f zamonida bu ixtilol

Qo‘zulg‘on edi, xalq o‘lub poymol.

Ki, ya’ni qo‘zulg‘on edi mojaro

Mingu yetti yuz yetmish ikki aro.

O‘shal kunda o‘ldi to‘la tortishuv,

To‘kildi xaloyiqni qoni chu suv.

To‘la el hurriyat uchun berdi jon,

Vale qo‘lg‘a kelmadi bu ish ravon.

Yana so‘ngra hurriyat e’lon o‘lub,

Ko‘b el o‘ldi yo‘q, oh, qurbon o‘lub,

Necha ming zarifu necha ming hakim

Sitam tiyg‘in ostida bo‘ldi du nim.

Kesildi, uzuldi ayog‘ ila bosh,

Bu hasratda xun bo‘ldi ko‘zlarda yosh.

Churub ketdi zindonda ko‘b faylasuf,

Na ish tushmush onlarg‘a tobmam vuquf.

Berib jon hurriyat tamannosida,

Adashti necha Sibir’ sahrosida.

Necha mingcha dohiy, aziz xonadon,

Vatandin kechib bo‘ldilar benishon.

Ayoqda kishan qo‘lda zanjir ham

Yetushti alarg‘a sitam dambadam.

Bu yo‘lda necha ming aziz qahramon

Jafo tirig‘a ko‘ksin etti nishon.

Etib yer yuzin qon bilan lolazor,

Bu xil guliston ettilar oshkor.

Bale, hurriyat muddaosida, bas,

So‘yuldi, otildi, anig‘ necha kas.

Bu jonlar, bu qonlar xudo nazdida

Qabul o‘lmay keldi bu damg‘acha.

Hurriyat yo‘linda qurulg‘on pulon

Hama yo‘mrulub bo‘ldi, bas, benishon,

Hurriyat elin otmoq, osmoq bilan

Davom etti zulm ahli ey nuktadon.

Butun Rusiya davlatida mudom

To‘kuldi to‘la qon, o‘lub xosu om.

Hurriyat tilab hech zarar ko‘rmag‘on

Shahr bo‘lsa, ul erdi Turkiston.

Banogoh Eski hukumat shahi

Buyon zolimona jafo ayladi.

Ki farmonu oli(y)sin e’lon etib,

Xaloyiqni xor etti sarson etib.

Yetib zulm islom elin jonig‘a,

Qo‘shuldi hurriyatchilar sonig‘a.

U zolimni farmoni noxosti

Nechalarni dor uzrig‘a osti.

Bu yerda u zolimning amri bilan

Qirildi, otildi necha musulmon.

Hukumatqa qarshu tururlar debon,

Ko‘z ochquncha, bas, qildi bejismu jon.

Bosib zo‘r ila mulku molin olib,

O‘zin oqchasidek yonig‘a solib.

Na farmonda bor mardikorg‘a adad,

Na odamni hozirlamoqliqqa had.

Na bor erdi farmon aro muhlati,

Na bor erdi anda haqi, xidmati.

“Fro‘nt orqasida faqat o‘r qazur”,–

Debon oldi xidmatchini zo‘r-bazo‘r.

U zolimni(ng) farmonida ushbu so‘z

Bor erdi. Ani angla, ey dilfiro‘z.

“Raiyatlarim o‘n to‘quz yoshidan

Ki qirq uchg‘acha mardikor olaman!”

Bu farmon ila soddadil xalqni(ng)

Ajab qildi aftodadil xalqni(ng)

Hama bo‘ldi motam ila haminon,

Yosh o‘rnig‘a ko‘zlar aro oqti qon.

Bu so‘z soldi hayajong‘a insonni ham

Bir inson demang, balki hayvonni ham.

Bu so‘z elni qarshi tururg‘a chunon

Jasoratlik etti, qilib qahramon.

Bu ishlar bo‘lushi tabiiy edi,

Ki xud jabr edi amri oliy base.

Muni o‘ylamay yozdi e’lon etib,

Xaloyiqni ko‘nglin parishon etib.

Buni anglab el qoldi motam aro,

Ki, ya’ni ulug‘u kichik g‘am aro.

Na yoz kunlari ayladilar bir ish,

Bale o‘tti ul yozdek ushbu qish.

Tiriklik ishi qoldi bir yon sari,

Ki yog‘di balo jism ila jon sari.

Musibat bo‘lub barchag‘a hukmron,

Xaloyiqni ko‘nglida tuzdi pulon.

Haqiqatni bilmoq uchun mahkama

Borur bo‘lsa kim, soldilar turmag‘a.

Gunahsiz musulmonni o‘qg‘a tutub,

Qirishlikka boshladilar to‘p-to‘p.

Ki, alqissa, bu yerni zolimlari

Chumoli kabi elni xor ayladi.

O‘n oltinchi yil iyul’ oyi aro

Musulmonni qirmoqg‘a turdi yano.

Bu qirg‘inda Ko‘lkin, Kalisniko‘f

Xaloyiqni Toshkandda ezdi siqub,

Machalo‘f degan la’nati bor edi.

Ani ko‘rsa Shosh ahli titrar edi.

Chu shaddod erdi. Anga koru bor

Sitampeshau zolimu nobakor.

Edi quvvat ichra to‘ng‘uzdin qaviy,

Eshakning dumidin batar mo‘ylabi.

Chunon zabt qilg‘on edi Shosh elin,

(Yo‘tal)moqg‘a ham qo‘rqar erdi sekin.

Mabodo beshikda bolasi yig‘lasa,

Bosilg‘ay edi: “Ol Machalo‘f!”– desa.

Ani dastidin yig‘lab el zor-zor,

Duog‘a qo‘l ochti chu bargi chinor.

Na uyda, na o‘yda, na yo‘llar aro

Qo‘yar erdi ul baxti bad, ro‘ siyo.

Qopib ko‘b quturg‘on kuchukdin bat(t)ar,

Banogoh yo‘q bo‘ldi, ketti badar.

Jiz(z)axda na qildi Ivano‘f la’in,

Tutub to‘pqa ayladi vayron zamin.

Bosib necha qizlarni saldatlar,

Alar pardai ismatin yirttilar.

Darig‘oki, ma’suma qizlarni ko‘b,

Bosib yanchibon, bulg‘adi to‘b-to‘b.

Ato qizg‘a boqmay o‘zin qutqarib,

Anosining ortida qiz axtarib.

Na qoldi beshik ichra yosh bachchalar,

Imorat bosib bo‘ldi zeru zabar.

Sovurdi Jiz(z)axni kulin ko‘k sari,

Kabob o‘ldi ul o‘tda yoshu qari.

Talab oldilar beadad mulku mol,

Bu g‘oratda el bo‘ldilar poymol.

Semirecheski oblo‘stida, bilmadim

Jafo ayladi qirg‘iz ahlig‘a kim.

Tutub nechani ostilar dorg‘a,

Bo‘g‘ub nechani so‘ydi bekorg‘a.

Alar boshig‘a turfa o‘rdu yasab,

Darig‘o bu zolimlar etti xarob.

Na yaxshi imoratg‘a o‘t urdilar,

Qaro yerg‘a yakson etib sarbasar.

Xususan, o‘shal yerda savdo elin

Otib, o‘ldurub, ayladi go‘rnishin.

Bu hayvonlaring zulmini umrlar

Tuganmas degan birla shomu sahar.

Bo‘lub zulm birlan qaviy, qahramon

Namakxo‘rdag‘a xidmat etti chunon.

Na uylarda qoldi xotun birla qiz,

Alarga hazoron soyildi bigiz.

O‘poqlar bila cholu kampirlar

Otildi, chopildi hama sarbasar.

Bu holatda jo‘sh urdi haq rahmati,

Ki yangi hukumat yo‘q etti ani.

Alar bir oz ish oldini(ng) to‘stilar,

Yo‘q ersa, qilur erdi onlar nalar.

G‘azab oti uzra minib onchunon

Ichar erdilar xud suv o‘rnig‘a qon.

Musulmon elin go‘shtin aylab kabob,

Yegay erdi mumkin esa xo‘b talab.

Xaloyiqni qatlini virdi zabon

Qilur erdilar zahm urub chun chayon.

Agarda yana o‘tsa erdi bir oy,

Bo‘lurdi hama elni holig‘a voy.

Ki qolmas erdi shahru qishloqlar,

Borin yondirur erdilar sarbasar.

Bu yerlar bo‘lur erdi vayronazor,

Na qishloq qolur erdi, na bu diyor.

Ki, alqissa, Turkiston ahli barin

Ezib chil-chil etgay edi so‘ngagin.

Hurriyatni yo‘lida biz, musulmon,

Adadsiz fido ayladuk jismu jon.

Hurriyat uchun bizni qurbonimiz,

Ki bergan o‘shal kundagi qonimiz.

Bo‘lak millat ahlin fidokoridan,

Hamono oshuqcha erur besuxan.

Xudo dargohida bu qurbon hama

Ki maqbul bo‘lmishdur, ey jon, hama.

Shahid qoni yerni(ng) qilib lolazor,

Ko‘ngullarni qilg‘on edi dog‘dor.

Kesilg‘on, osilg‘on hama toza qon,

Edi yer yuzidan hanuz ketmag‘on.

Sitamdiyda yoshi qurumay hanuz,

Xudo berdi bizlarg‘a mundog‘cha ro‘z.

Ki zulm ahli bo‘ldi balog‘a duchor,

Baloyoki, yo‘qtur davosi dubor.

Alar shohi birla qorovullarin

Xudo yer bilan yakson etti chunin.

Minahi jo‘vdati maqbul qurbonimiz,

Ki zulm ahlini(ng) qo‘ymadi qonimiz.

Hurriyatni oldik bois bu bilan

Ki sonsiz fido ayladuk jismu jon.

Rasputin ila maxlu’ podshoh xonimi...

Bor edi Tobol’skida bir mujik,

To‘ng‘uzdin ulug‘roq, eshakdin kichik.

Edi nopok nomi anga Rasputin,

Aytay yaxshiroq anglag‘il qissasin.

Na ilmu na kasbu sinoat ango,

Sinoat edi katta olat ango.

Ki zo‘r erkan ul qaddu qomat aro,

Degancha bor erkan mahobat aro.

Nadin bilmadim o‘rda xonimlari

Ko‘ngul berdilar Rasputing‘a bari.

Edi o‘rdada Rasputin hukmron,

Ki, ya’ni xotinlar aro ul qobon.

Chu boshlamag‘onda bu zo‘r inqilob,

Kenozdan biri qildi otib xarob.

Bo‘g‘ib chiftag‘a otti daryo sari

Vijudidin o‘ldi bu olam bari.

Kelib Rasputin joyin axtardilar,

Necha surat va xat topib oldilar.

Topildi u xatlar bilan, ey axi,

Ikinchi Nikolay xotunin xati.

Xotun yozg‘on erkan o‘zin nomidan,

Ekan aning mazmuni – dandonshikan.

Ki ul Rasputing‘a edi mehribon

Iki tan vale erdi bir jismu jon.

Qilib Rasputin izzatini(ng) bajo,

Berib erdi xotun qarovul ango.

Qarovul faqat Rasputinni(ng) mudom,

Uy atrofida poylab etgay qiyom.

Edi xatni(ng) mazmuni xursandliq,

Xotun ko‘rsatib erdi dilbandliq.

Ki xat ichra debdurki, “Ey, Rasputin!

Manga eng birinchi kerak narsa – sen!

Mening jismu jonim xayolingdadur,

Xayolim hamisha visolingdadur.

O‘parman seni boribon zudroq,

O‘shal damda xandon o‘lub manga boq!”

Yana bir xatin mazmuni, ey hayot,

Aytib bo‘lmag‘ay behad ermish uyot.

Gazitlarda ruslar yozarlar chunon:

“Gazitg‘a yozib bo‘lmas oni”,– debon.

Oxir chog‘da badbaxt ul, Rasputin,

Ayamab ekan shahni(ng) ham qizlarin.

Xotun birla tobsa har ish ehtimom,

Hamono ul ish bo‘lg‘usi notamom.

Shah avlodi birla mujik haminon

Bo‘lur bo‘lsa, bo‘lg‘ay bu qandog‘ zamon?

Xotung‘a kerak, voqean, ...* saxt,

Alarg‘a chikora erdi toju taxt.

Alarni bu ish ayladi xoru zor,

Ki el qoshida bo‘ldilar sharmsor.

Kishi o‘tsa o‘z haddidan bir qadam,

Yiqilsa yuzi birla yerg‘a ne g‘am?!

Din dushmani – misyo‘nerlar firqasining

ahvoli badomoli

Zamonlar edi. Bir o‘rus har bir on

Gazit birla elg‘a edi hukmron.

Gazitg‘a yozib turli yalg‘on-yashiq,

Xiyonat qilib elg‘a haddan oshiq.

Edi fikrati elni bad e’tiqod,

Qilib solg‘ay onlar aro ko‘b fasod.

Bu yanglig‘ qilib doimo koru bor,

Fasodin necha ayladi oshkor.

Bosib necha turki risola mudom,

Pul olmay taratti jahong‘a tamom.

Bu qasd ilaki, el buzulsun hama,

Ki din rishtasidin uzulsun hama.

Alar oqibat o‘lsa zaif e’tiqod,

Bo‘lur anda bozori dini kasod.

O‘zum ko‘rdum iki kitobin, tamom,

Qilib ehtiyot, aylabon ehtimom.

Biz el holig‘a ko‘b qilib iftiro,

Risola aro so‘z qilibdur to‘lo.

Tushung‘oy eshitsa oni omi ham,

Anga la’nat aytgay so‘kub dam-badam.

So‘zi, bas, o‘r(g)umchakni toricha sust,

Ki, ya’ni sarosar erur nodurust.

Edi ishlari makru nayranggu rev,

Xaloyiqni aldar edi misli dev.

Xaloyiq ham aldanmadi makrig‘a,

Quloq solmadi bu kabi fikrig‘a.

Xudo qilsa elni hidoyat mudom,

Zalolat sari qayda qilg‘ay xirom?!

U mufsid buzub bu kabi niyatin,

Tilar erdi, bizdin zavol tobsa din.

Xudo xor etar, dinni xor etsa kim.

Ki, ya’ni bu xil ixtiyor etsa kim.

Shariat daraxti erur ko‘b baland,

Hamono aduvlar sololmas kamand.

Har ulkim, gar ursa ango tesha,

Kesolmas bale zarracha resha.

Va lekin u badbaxt etib ijtihod,

Solur bo‘lsa kam-kam el ichra fasod,

Payopay urar bo‘lsa gardanga chang,

Banogah qilur erdi kori palang.

To‘kulg‘ay edi necha xun bedarig‘,

Qolur erdi bir necha bosh zeri tiyg‘.

Lahul minnah, oni puloni xarob

Bo‘lub, oqibat chekti ko‘b iztirob.

O‘rar har nakim, sochsa dehqon ani.

Quloq solibon, angla, ey jon, ani.

Bu so‘zlar xirad ahlig‘a oshkor,

Baho bobida chun durri obdor.

Ul erdi buzuq qasd ila shodmon,

Ki bo‘ldi bu Yangi hukumat ayon.

Hama ish xiyonat ahlidan tamom

Olindi. Tuzuldi go‘zal bir nizom.

Ki o‘z ahlimizdin amaldorlar

Bo‘lub, yaxshi bo‘ldi hama korlar.

Musulmon bori bo‘ldilar shodmon,

Ki kirdi tani murdag‘a toza jon.

Shariat ishi jumlajoriy bo‘lub,

Nakim bo‘lsa, ul ixtiyoriy bo‘lub,

Tutuldi, qamaldi tamomi yamon,

Ki qolmadi Astramuf ham amon.

Ko‘rundi, mana ne yetti boshig‘a,

Duchor o‘ldi badkori podoshig‘a.

Yamonlar, ilohi qamalsun mudom,

Budur el tilidin duo – vassalom!

Tafriqalar ko‘tariluvi

Bu Yangi hukumatni ta’siridan,

El osuda bo‘ldi, tuzub anjuman.

Bu ne’matg‘a shukr aylag‘onmiz bajo.

Til ila, dil ila tunu kun aro.

Ki bitdi el o‘rtasidan tafriqa,

Edi bir balou fitan, tafriqa.

Bu yangi hukumatning amri bila

Huquq ichra bo‘ldi hama din bajo.

Ki har dinda bo‘lsa na xil e’tiqod,

O‘z ahlig‘a aylasun oni kushod.

Yo‘q o‘ldi aromizda buzg‘unchuluq,

Nifoqu shikoku jafo – barcha yo‘q

Ki erdi bularg‘a sabab, necha tan

Taratqay edi el aro makru fan.

Ul Eski hukumatni mohonasi

Alarning edi faxri shohonasi.

Bo‘lub g‘arra elni(ng) buzarg‘a shitob,

Qilur erdilar, bas, bo‘lub pechu tob.

Bularning puloni hama yo‘mrulub,

Yopushti qaro yerg‘a yakson o‘lub.

Xususan, bahoi degan toifa.

Xaloyiqni ozdurg‘ali dinidan,

Alar ichra bas soldilar qo‘zg‘alan...

Xoin, zolim, qaroqchi eski amaldorlardin

faryod va tazallum

Desak emdi loyiq erur dodlar,

Ki yo‘q bo‘ldilar eski jallodlar.

Bilursizki, bizg‘a nalar qildilar,

Ko‘b elni alar darbadar qildilar.

Mahal yetti bizlar(g‘a) dod etqali,

Ki, ya’ni umidi murod etqali.

Ne arz aylar ersak, solurlar quloq,

Ki yo‘q alar eskilardek bonifoq.

Xiyonat balosin yo‘q qildilar,

Adolat navosin tuzub sarbasar.

Ul Eski hukumatni zulmi tamom,

Yo‘q o‘ldi ulus boshidin vassalom.

Qachon berg‘ay erdi biza erku zo‘r,

Ezib bizni qilg‘on edi hamchu mo‘r.

Ayog‘ ostida ayladi poymol,

Nechukkim yotar mol tagida poxol.

Ezib zulm ila barcha bechorani,

Judo qildi necha jigar porani.

Uzar erdi onlar bo‘ridan batar,

Qo‘lig‘a ... tushsa ham sarbasar.

... qashimoqqa el erdi zor

Gumon aylar ediki, ul pul beror.

Xaloyiqda erdi bu xil tangliq,

Zaifliqda mo‘ birla hamrangliq.

Besh-o‘n so‘m berur bo‘lsangiz, norizo

Bo‘lub ishni qilmas edilar bajo.

Fristo‘fu mingboshi-yu oqsoqol

Barida bor erdi ushbu xisol.

Xaloyiq pulin behad oldi alar,

Chu shaddod o‘ylarni soldi alar.

Bu xil zulm birlan ko‘payturdi mol,

Xudoyo, san onlarni qil poymol.

Kuyub bitsun onlarni ham xonasi,

Alardin kuyub bitdi el xonasi!

Bizing birla bo‘lsun barobar alar,

Eshiklarda bo‘lsun gadolar alar!

Mana, bu so‘zimg‘a aytay bir misol,

Eshit some’, xo‘b qulog‘ingni sol.

Kerak bo‘ldi manga nogoh belat,

Qilib azm mahkamag‘a surdum ot.

Borib mahkama ichra kirdim ravon,

Guvohnoma ilgimda erdi ul on.

Qo‘limdan olib anda, xunxorlar,

Ki, ya’ni guruhi dilozorlar.

O‘qub xatning mazmuni(ng) sarbasar,

Boshin tebratib manga qildi nazar.

Muni yozg‘oli bizg‘a bir so‘m bering,

Belat yo‘q bugun, boring, erta keling!

Yonimdin olib bir so‘m anga ul on,

Berib ilgig‘a zud bo‘ldim ravon.

Aning va’dasi yetti tongla bo‘lub,

Aningchun dilim shodu shaydo bo‘lub,

Yana mahkama sori bo‘ldim ravon.

Ayoqim qo‘limda bo‘lub shodmon.

Manga bo‘ldi ul kunda jo mahkama,

Demang joki, boshg‘a balo mahkama.

Tilab topmadim bir so‘m olg‘onni man,

Murodimni so‘rdum yana o‘zgadan.

So‘radi bu ham xidmat etmoqg‘a pul,

Belat olib bermoqg‘a berdi ko‘ngul.

Man ul kun ani makrig‘a aldanib,

Berib pul, vale oldim oni tanib.

Yana tongla bo‘ldi-yu, chiqti quyosh,

Jahontob nurini(ng) u etti fosh.

Borib mahkama ichra tutdum o‘run,

Ani axtarib topmadim ushbu kun.

Yana birlari mandin etti savol,–

“Erursiz nadin bu kabi xastahol?”

Man aytdim: “Kerak erdi manga belat

Olib bersangiz yaxshi bo‘lg‘aydi bot”.

Bu so‘zdin qopog‘in soldi chunon,

Yiqildi, dedim boshig‘a osmon.

Qashib gardanin fikrat etti base,

Yugurtib xirad ko‘rdi peshu pase.

Zamone qolib ushbu holat aro,

Saqolin tutub qildi so‘z ibtido.

Ki aydi: “Bu ishlar–juda og‘ir ish,

Xususan, qiyin emdi belat olish”.

Bo‘lub noiloj oqcha berdim anga,

Ki erdim parishon belat hajrida.

Bugun birla to‘rtunchu kun o‘tti bas,

O‘shal kun ul o‘ldi manga “dadras”.

Bu ham pul olib tongla kelg‘il dedi,

Darig‘o pulim oldi ... dek yedi.

Mango qilmag‘ay ushbu pullar alam,

Va lekin alam qilg‘oy andog‘ sitam.

Ki erdi belat o‘zi pulsiz tekin,

Chiqordi pul olmoqni qaysi la’in.

Chiqordi magar mahkama itlari,

Demang itki mahkama churchitlari.

Yana tongla bo‘ldi, yorishti tong,

Bu kun na sitam yetgay manga qarang.

Bugun ul sori ayladim azmi roh

Ko‘ngullar parishonu holat taboh.

Borib ayladim belat andin talab,

Durushtluq manga ayladi, yo ajab.

Kelib payrav ettim dilini kushod,

Ilohi alar tobmasunlar murod.

Olib bordi bir rus mirzo sori,

Ki erkan aning joyi ko‘b yuqori.

Tushundurdi anga maning holatim,

Ki, ya’ni hanuz tegmag‘an belatim.

Qoshin chekti ul rus o‘shal dam aro,

Dedim, anga bo‘ldi jahon qobqaro.

Dedi ango: “Ul oqcha bersun mango,

Qilay to ani xidmatini(ng) bajo”.

O‘shal damda behad bo‘lub noiloj,

Olib oqcha anga uzattim quloch.

Bo‘lub shodu shodona ul damda bot,

Yozib sundu ilgimg‘a yangi belat.

Mana, zulm ahlin eng kichik ishlari,

Erur doimo bo‘yla qilmishlari.

Bu ish zulmmu yo adolatmudur?!

Va yo o‘g‘riliq, yo xiyonatmudur?!

Bu ishlarni dengiz: Xiyonat, bale!

O‘g‘urluqta bordur jasorat, bale!

O‘g‘urluq qilurlar daleronalar,

Bu yo‘lda jonni mardonalar.

Vale pora olmoq xunosa ishi,

Xunosa demang, balki rasvo ishi.

Xunosa ham aylar o‘zi kasbi kor,

Birovlarg‘a hech bo‘lmas umidvor.

Necha xalq bu yo‘lda bo‘ldi ado,

Ki yeb onlar, etti ani chun gado.

Deyin yana bir mingboshi qissasin,

Ki anglab edim anin qilg‘on ishin:

Birov keldi va arzi hol ayladi,

Berib pora, aning tilin boyladi.

Birov birla yer qilg‘on erdi talash,

Bu rozini ul dam anga etti fosh.

Olib porani anda ul mingboshi,

G‘azab birla yondi ichi va toshi.

Dedi: “Qayda ketti o‘shal bachchcag‘ar?

Birovning yerin olg‘ali qo‘l cho‘zar?”

U bechorani tangi hol ayladi,

Chumoli kabi poymol ayladi.

Uyoltirdi behad haqorat bila,

Dilin go‘yiyo buzdi g‘orat bila.

Necha haybat etti u bechorag‘a,

Sitam tiyg‘i birla jigarporag‘a.

Shariat egasi bo‘lub o‘zicha,

Necha so‘z dedi xalqning ko‘zicha.

Bu ish erdi xud qozining ishlari,

Ravodurmu yo ani qilmishlari?!

Qochib shar’idin necha ming toshlar,

Hukm qildi, oh–ey, qarindoshlar.

Mana bir araqxo‘rni qilmishlari,

Mana eski zolim elim ishlari.

U mingboshi qildi bu yanglig‘ hukum,

Bu yanglig‘ hukumg‘a munosib ....

Yana angla ............................. xor,

Agar mumkin bo‘lsa tamug‘in yutar.

Tamug‘ yo‘q yutar garchi ... bo‘lsa ham

Agarchi qursoqi to‘q bo‘lsa ham,

Demaslarki, yo‘qtur anga emdi joy,

Degaylarki, ore, beribdur xudoy.

Necha qozii omii nobakor

Shariatni sha’nig‘a kelturdi or.

O‘zidek maxov-fes mufti bilan,

Shariatni hukmini qildi nihon.

Sitamdiydag‘a ul ...................

Bilursiz nechuk zulmlar ayladi.

Chunonchi, man aytay anga bir misol,

Eshir some’, xo‘b qulog‘ingni sol.

Ki bir omi qozining aybin tamom

Yozib ayladim shuhrai xosi om,

Bale, haq so‘z aytgan edim sarbasar,

Ul ahmaqqa qildi bu so‘zlar asar.

Hama yerda haq so‘z ko‘rung‘ay achig‘

Achig‘ so‘z hamono tegar, bas, qatig‘.

Bu so‘zdin mani ko‘b gunahkar etib,

....................... din madadkor etib.

Mani goh qasd etti o‘ldurg‘ali,

Gahi turmag‘a hukm etib surg‘ali.

Oxir chog‘da, bas, qoldilar go‘ng yebon,

Yetib bu sitam aylamaymu fig‘on?!

Demangiz, bu so‘z barcha yalg‘on erur,

Alar haqqig‘a yoki bo‘hton erur.

Bu so‘z yalg‘on ersa qasamyod etay,

Qasam birla nomimni barbod etay.

Agar yalg‘on aytsam, malomat qiling,

Boshim uzra sho‘ru qiyomat qiling.

Zamon yetti-yu sharhi hol ayladim,

Ki man, ya’ni raf’i malol ayladim.

Alar, bas, shariatni xor ayladi,

Olib pora, pul beshumor ayladi.

Rasul edilar qozii beamal,

Qiyomatda zahmat chekar ul dag‘al.

Ki, ya’ni jahannamda bir vodi bor,

Tegirmon bor anda, hama toshi-nor.

Alar boshlari anda bil, donavor

Uqubat rusumi bila tortilar.

Bu xil qozini shikva etmoq savob,

Xudoyo alar xolin etg‘il xarob.

Eshik uzra itlarcha saqlab vakil,

Bir edi alar birla, bas, oyu yil.

Bu o‘g‘rilar erdi ..................

Ki didin edilar alar bexabar.

Shariatni ko‘b xoru zor ayladi,

Ko‘b odamni qaqshatti, xor ayladi.

Bir oz ish esa sudratib o‘n bir oy,

Necha kambag‘allarni qildi gadoy.

Na qoldi alar dastidan xonumon,

Ko‘b el etti moldin kechib tarki jon.

Maning bu so‘zum zarra yalg‘onmudur?

Alar haqqig‘a yoki bo‘htonmudur?

Agar yalg‘on o‘lsa dengiz oshkor,

Qilib tavba aylay bu ishqa dubor!

Agar rost bo‘lsa bo‘lungiz guvoh,

Alar ro‘zgorini(ng) aylay taboh!

Alar barchasi kissabur, o‘g‘rilar,

Ki y’o‘q ...............................

Qayu kimsa haqqoniyat so‘zlasa,

Va yo xolis odam ishin ko‘zlasa,

Yo‘q erdi o‘run anga darbor aro.

Qolur erdi ul ranji bisyor aro.

Quvar erdilar ani ming toshcha,

Yiqar erdilar yer uza boshcha.

Qo‘yar erdilar “muttaham” deb laqab,

Edi o‘zlari muttaham, yo ajab.

Qilur erdilar barcha yalg‘onni rost.

Qasamyod etib barcha bo‘htonni rost.

Eshikda necha muttahamdin amin,

Sotar erdi bir pulg‘a dunyou din.

Ichar erdi bir pulg‘a o‘n qof qasam,

Laqabda “maxov”, nom aro “muttaham”.

............................. o‘zi yo‘q edi,

Vakillar, bale, din sotib to‘q edi.

Qilib hiylau makru nayranglar,

Ko‘b el holatin ayladi tanglar.

Harom pul yig‘ib, bas, ko‘payturdi mol,

So‘kub, siltab, elni qilib poymol.

Xaloyiq na qilsunki bechoradur,

Na hukm etsa, ul qozig‘a boradur.

So‘zin so‘rmayin hech adolar bila,

Dili shod edi ko‘b xiyonat bila.

Necha rostgo‘ylarni qildi adoq,

Qasamxo‘rni so‘zig‘a tutti quloq.

Alar zulmidan necha bexonumon,

Bo‘lub oqti yosh o‘rnig‘a ko‘zda qon.

Demang qon ani, balki laxta jigar,

Ki zahmat bila ko‘zdin o‘ldi badar.

Ezildi, yo‘q o‘ldi necha kambag‘al,

O‘shal mustabidlar, bas, etti o‘sal.

Bosib-yanchib etti ko‘b odamni lol,

Ilohi alarni(ng) ham et poymol.

Masaldur: “Yamon tuxmdin yaxshi bor

Hamono ko‘karmas”,–bu so‘z oshkor.

.......................................... qilmishi.

Bo‘lurmu bu yanglig‘ shariat ishi.

Boshim ketsa ham rost so‘z so‘zladim,

Shariat panohim debon ko‘zladim.

Ko‘zum birla ko‘rdum necha botamiz,

Bu zolimlar ilgida bo‘ldi esiz.

Haq ishi bo‘lsa, albatta, yoshurdilar,

Kimi pora bermushdir oshurdilar.

Birovning so‘zi haq, o‘zi kambag‘al,

Tefib ketig‘a ayladilar o‘sal.

U bechora behad bo‘lub so‘xta,

Ketar erdi,bas, xotir afro‘xta.

Bu zolim elin zulmini(ng) subhu shom,

Tilim ming bo‘lub aytsam, o‘lmas tamom.

Dedi bo‘yla firdavsiyi pokzod,

Muborak taboru muborak nihod.

Ki yorab, ravonash, baotash baso‘z,

Dilibandai mustahiq bar furuz...

Ki bechoragonro chunin xor kard,

Ba dunyoi dun shar’iro xor kard

To‘ng‘uzdek to‘ng‘uz ..............

Biz, ojizlara ko‘b jafo ettilar.

Ekanmiz hama, voqean filcha,–

Alar zulmini(ng) ko‘rmadik qilcha.

Yetib eski zolimdin onlarg‘a yor,

Bu xil ayladi bizni ko‘b xoru zor.

Alar zulmi bizdin o‘tub ketti ham,

Alar bo‘lmadi zulm ila muhtaram.

Alardin hikoyat qilay tobakay?!

Kuyub, bas, hikoyat qilay tobakay?!

Alarning jazosini bersun xudoy,

Ki, ya’ni eshiklarda bo‘lsun gadoy.

Alar ko‘chalarda gado bo‘lsa, xo‘b,

Kezib darbadarlar ado bo‘lsa xo‘b.

Na mullo, na dononi qo‘ydi alar,

Zabonidin soyib har necha nishtar.

Ko‘ngullarni, bas, yorador ettilar,

Shaqiliqlarin oshkor ettilar.

Lahul-minna, Yangi hukumat tamom,

U zolimlaring qilmadi ehtirom.

Amaldin qo‘yub dilfigor ayladi,

Bu yanglig‘ adolar shior ayladi.

Sitamdiydalar barcha shod o‘ldilar,

Chu gul, ya’ni ko‘ngulkushod o‘ldilar.

Ko‘zimiz bilan ko‘rduk onlarni ham,

Ki itdin batar bo‘ldilar muttaham.

Tuzuldi yangidin amaldorlar,

Ko‘ngul sofu pokizakirdorlar.

Xususan bo‘lub qozi adl ahlidin,

Yo‘q o‘ldi jahondin tamomi la’in.

Xiyonat elidin jahon bo‘ldi pok,

To‘kulsun alar og‘zig‘a toshu xok.

O‘lar chog‘da o‘lsun alar tashnalab,

Ki bizlar uza soldi zulmu taab.

Falakdin alar uzra yog‘sun sitam,

Ki bizlarg‘a yetkurdilar ko‘b alam.

Alar sarbasar bo‘lsun aftodahol,

Ki aftodani(ng) qildilar poymol.

Vafo aylamas bu jahon, ey ko‘ngul,

Ki har dam qilur qasdi jon, ey ko‘ngul.

Bu zolimlar ahvolidan ibrat ol,

Damodam bu ishlarni yodingga sol.

Bu hasratlaring borin aylab tamom,

Chek emdi varaq kunjig‘a vassalom.

Sho‘royi islomiyag‘a targ‘ib, ilmg‘a tashviq,

jaholatdin tahzir

Xudog‘a deyin emdi hamdu sano,

Ki qildi hurriyat bilan oshno.

Bu ne’matni shukrin agar subhu shom

Desam ham qila olmag‘ayman tamom.

Tegib qo‘lg‘a din ehtiyoji hama

Bu ish xud erur din rivoji hama.

Xaloyiq hama shodu hurram erur,

Bale emdi noshod eli kam erur.

Bo‘lub bizg‘a rahbar hidoyat eli,

Yo‘q o‘ldi orodin xiyonat eli.

Xususan bu Sho‘royi islomiya,

Erur xud tamannoyi islomiya.

Bu Sho‘royi islomiya firqasi,

Xirad sohibi xush elidur base.

Hama odilu oqilu xushmand,

Hama fozilu komilu, arjumand.

Hama bosharofat, hama bovafo,

Hama boshijoat, hama bohayo.

Alar asrida topdi bid’at zavol,

Shariat ishi jumla topdi kamol.

Qilurlar alar hal maorif ishin,

Tuzarlar (har mahal) maorif ishin.

Nakim bo‘lsa el maqsadi doimo,

Qilurlar kengash ila oni bajo.

Nakim kamchilik bo‘lsa onlarg‘a bod,

Demoqlik kerak etmasangiz uyot.

Alar birla har ishda kengosh eting,

Dilingizdagi rozingiz fosh eting.

Shariat erur onlar andozasi,

Erur ishlari barcha ish tozasi.

Kishining shariat esa hamdami,

Hamono hidoyat bo‘lur mahrami.

Shariatsizin kimsa tobmas rivoj,

Agarchi erur sohibi taxtu toj.

Shariatni kim xor etar, xor o‘lur,

Giriftori savdoyi bisyor o‘lur.

Ilohi shariat ishin doimo,

Rivojini ber, ahli islom aro.

Keling, ey xaloyiq, to ... tom,

Shariat elin aylangiz ehtirom.

Ki sizlarni onlar hidoyat qilur,

Tuzuk yo‘lg‘a, ya’ni dalolat qilur.

Alardin dame yordam etmang darig‘

Agarchi kelur boshingiz uzra tig‘.

Tuzuldi hama ish bu kunlar chunon,

Ki dushman hama ko‘zdan o‘ldi nihon.

Jafojo‘lardin shahr bo‘ldi pok,

Ki to‘ldi jafojo‘lar og‘zig‘a xok.

Tilamang ushbu kunlarda tarviji din,

Ki, ya’ni o‘turmang xotundek chunin.

Oching yaxshilab maktabu madrasa

O‘qung sa’y ila bo‘lmangiz dangasa.

Ki dangasalik dinni qilg‘ay xarob,

Bu illat ila o‘lmangiz dil kabob.

Bu illatni zanjirlaridan bo‘shol,

Maorif elin safig‘a o‘zni ol.

Bilursanki, beilm hayvon erur,

Bale, go‘yiyo jismi bejon erur.

Bilursan, qilur jism bejon na ish,

Deyolmas chibin qo‘nsa agar anga “kish!”

Bas, o‘g‘lonlaring aylag‘il bokamol,

Ki, ya ‘ni o‘qutmoq bila mohu sol.

O‘qusa, hunar ilsa, bo‘lg‘ay aziz,

Yo‘q ersa bo‘lur donai bemag‘iz,

O‘qusa bo‘lur nodiri dahr agar,

Yo‘q ersa, bo‘lur to‘dai govu xar.

O‘qusa, bo‘lur barcha el sarvari,

Yoq ersa, bo‘lur barcha el kamtari.

O‘qusa, bo‘lur elni boshig‘a toj,

Yo‘q ersa, bo‘lur doimo berivoj.

O‘qusa bo‘lur oqilu xushmand,

Yo‘q ersa, bo‘lur loyiqi qaydu band.

O‘qusa bo‘lur bas, haqiqatda boy,

Yo‘q ersa bo‘lur ko‘chalarda gadoy.

O‘qusa, bo‘lur doimo sarafroz,

Yo‘q ersa bo‘lur fosiqu benamoz.

O‘qusa bo‘lur barchag‘a misli jon.

Yo‘q ersa bo‘lur bangi-hangi yamon.

O‘qusa, bo‘lur barcha tengig‘a fosh,

Yo‘q ersa bo‘lur non dahonida tosh.

O‘qusa, bo‘lur sohibi nomu nang,

Yo‘q ersa, bo‘lur bu jahon anga tang.

O‘qusa bo‘lur barcha ko‘zg‘a isiq,

Yo‘q ersa, bo‘lur xurusu xuku ayiq.

O‘qusa, bo‘lur el ko‘zin mardumi,

Yo‘q ersa bo‘lur ko‘k eshakning dumi.

O‘qusa, bo‘lur mafxuru ahli hush,

Yo‘q ersa, bo‘lur yovvoyi chun vuhush.

O‘qusa, bo‘lur ma’dani har kamol,

Yo‘q ersa, bo‘lur dahr aro poymol.

O‘qusa, bo‘lur maxzani kasbi kor,

Yo‘q ersa, bo‘lur xoru bee’tibor.

O‘qusa, bo‘lur misli bog‘i behisht,

Yo‘q ersa, bo‘lur johili badsirisht.

Erur ilm ikki jahon-chun charog‘,

Erur jahl gardung‘a misli tuzog‘.

Erur ilm nuri tajalloyi haq

Erur jahl qahru g‘azabhoi haq.

Erur ilm har bandaning izzati,

Erur jahl har firqaning zillati.

Erur ilm har basta ishg‘a kalid

Erur jahl bir dard, saxtu shadid.

Erur jahl bir nori afro‘xta,

Kim anga yovushsa, bo‘lur so‘xta.

Erur jahl bir dard, anga yo‘q davo,

Ki xud ul erur juda katta balo.

Erur jahl bir dasht beobu xok,

Anga kim qadam qo‘ysa, bo‘lg‘ay halok.

Erur jahl zahri halohul, bale,

O‘lumg‘a berur o‘zni johil, bale.

Jahon ichra yo‘q jahldin badtar ish,

Tur emdi, maorif ishig‘a kirish.

Yotarsanmu bu xobi g‘aflat aro,

Bo‘lib tashna dashti jaholat aro.

Bo‘lursan bu xil gar ish etsang halok,

Yaqongni nadomat qilur chok-chok.

Ittifoq zamini

Ayo, ahli islom, dindoshlar,

Ki bir-birg‘a borsiz qarindoshlar.

Arodin ko‘tarildi kinu nifoq,

Yetushti aning o‘rnig‘a ittifoq.

Yashang, ittifoq ila bir tan bo‘lub,

Hama shodmon, misli gulshan bo‘lub.

Hama odam o‘g‘li bir a’zo erur,

Ki xilqatda bir durri tanho erur.

Bir uzvingni ranjitsa, gar ro‘zgor,

Bolak uzvlarda qolurmu qaror?!

Bas emdi, tuzunglar durust ittifoq,

Yo‘q o‘lsun arodin baloyi nifoq!

Nifoq elni ko‘b beqaror aylag‘ay,

Ki oxir chog‘i xoru zor aylag‘ay.

Nifoq elni yo‘llar balolar sari,

Nifoq elni boshlar jafolar sari.

Bukun yetti navbat, turung uyqudan,

Yotarsiz bo‘lub tokay osuda tan?

Bag‘oyat bu kunlar muhim vaqtidur!

Ki har bir daqiqa ming oltunchadur!

Ming oltun dedim, bas, g‘alat so‘zladim,

Ki qimmatda bordur chu durri yatim.

Tirishmoq, kirishmoq kerak ushbu kun,

Ki bordur tirishsak, kirishsak o‘run!

Taassub, adovatni yo‘q aylangiz,

Sadoqatda bo‘lmoq kerak bir tegiz!

Taraqqiy toparmiz sadoqat bilan,

Razolat toparmiz adovat bilan.

Buyuk maqsad uzra jang urmoq kerak!

Tilab matlab emdi yugurmoq kerak!

Jaholat degan dardimizg‘a davo,

Topaylik bugun, ya’ni tezroq shifo.

Bu illat xaloyiqni xor ayladi,

Kasolat to‘shagida zor ayladi.

Qilib himmat, andin qutulsak ravo,

Hama ish bo‘lur, chunki so‘ngra bajo.

Ul Eski hukumatni zulmi bilan,

Ezulduk, siqilduk – hama to bu on.

Yetushti hurriyat zamoni bu kun,

Ki, ya’ni adolat zamoni bukun.

Tilang chorai jumla nuqsu qusur,

Ki yo‘qtur bu kunlarda zulm ila zo‘r.

Yo‘q o‘ldi jahondin jafokorlar,

Ki ya’ni guruhi dilozorlar.

Qoshuqlab alar ichtilar qonimiz,

Ki chiqmoqqa yetti aziz jonimiz.

Bu navmidlik vaqtida zul-jalol,

Jafojo‘ borin mundog‘ etti o‘sal.

Alar tobmadi tebranurg‘a majol,

Ilohi qirilsun hama badfaol.

Bu kun o‘tti qo‘rqunchluq fursati

Yetushti hamiyat elin navbati.

Bu kunlarda hech mone’i yo‘q erur,

Hama maqsad istab yetushmoqdadur.

Yetushti, biza, bas, bu yanglig‘ zamon,

Tirishmoq kerak tanda boricha jon.

Dalerona bel bog‘lamog‘lik kerak,

Aduvlar dilin dog‘lamog‘lik kerak!

Butun Rus xalqi huquq istashur,

Huquq istamoqg‘a tuzuk qatnashur.

Hukumat beribdur bu kun bori om

Tilang emdi maqsadni siz ham tamom.

Yo‘q aylang arodin butun tafriqa,

Ki qilg‘ay ushbu kun ziyon tafriqa.

Yana o‘lmang avvalg‘idek bonifoq,

Nifoq o‘lsa ketqay butun ittifoq.

Adovatni dil lavhasidin soling,

O‘zingiz sadoqat safig‘a oling.

Ki biz barcha islom farzandimiz,

Hidoyat ahlining jigarbandimiz.

Yashayluk bu kun bir jonu tan bo‘lub,

Qilayluk har ishni qadrdon bo‘lub.

Zamona sadosig‘a soling quloq,

Ki har dam degay: Ittifoq! Ittifoq!

Oling xoni shafqatdin emdi nasib,

Bo‘lung davri mehnatdin, ey dilfirib.

Jafolarg‘a maydonda bermang o‘run,

Xatolarg‘a maydonda bermang o‘run!

Jafo sori har onda mayl aylamang,

Farog‘atqa oni tufayl aylamang!

Ki islomiyat sha’nida yo‘q jafo,

Erur shoni islom doim vafo.

Erur mehribonliq – musulmonchiliq,

Jafo aylamoq elga hayvonchiliq.

Shariatni ham amru farmoni – shul,

Ki, ya’ni bo‘lushliq kerak oq ko‘ngul.

Munofiq kabi bo‘lmangiz ikki til,

Xaloyiq qoshida bo‘lursiz xijil.

Kerak emdi dil misli oyina sof,

Yo‘q o‘lsun arodin inodu xilof!

Bu yanglig‘ agar ittifoq aylasak,

Bu bobatda ko‘b ishtiyoq aylasak,

Hamono berur Tangri matlubimiz.

Ki, ya’ni ko‘nguldagi maqsudimiz.

Degaymiz muni oli/y/shon ittifoq,

Muborak nishonu inon ittifoq.

Jaholat, atolat – yo‘q o‘lsun hama!

Razolat, kasolat – yo‘q o‘lsun hama!

Yashasun Hurriyat bilan Ittifoq!

Qirilsun Xiyonat eli va Nifoq!

Nifoq ahlidin yaxshiroqdur eshak,

Bas emdi, alardin yiroqlik kerak.

Ko‘rub, san nifoq ahlin-o‘q Sidqiyo,

Alardin sanga yetti behad jafo.

San oning jafosig‘a kel, sabr qil,

Ki xud sabrning mevasin shahd bil.

Chu sabr aylasang g‘ora halvo bo‘lur,

Hama kom sabr ila barpo bo‘lur.

Kishining agar sabr esa hamdami,

Ajab yo‘qtur ochilsa har yon rahi.