Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Hajvi Xalifai Mingtepa

Description

Автор: Мукими

Заглавие: Hajvi Xalifai Mingtepa

Источник: Muqimiy. Asarlar. Toshkent 1974.

Страницы: 378-379.

Язык: узбекский, стихотворение.

Предположительно сатира на предводителя андижанского восстания 1898 года Дукчи-ишана. Полное имя последнего - Мухаммед-Али-хальфа Сабир Суфиев, или ишан Мадали (1852-1898).

Мухаммед Амин-ходжа (1850-1903)- узбекский поэт , известный под псевдонимом Мукими, уроженец г.Коканда.

Categories

Географические названия Дукчи-ишан Минг-типа Оценка Религия Самооценка Султан

Editor

B.S.

Text

Maxzani xoli – dahan, til – mori go‘yo bachchag‘ar,

Zahri qotil suhbati monandi dunyo bachchag‘ar.

Dangasa, nomardlik maydonida sarpo ulug‘,

Muttahamlik daftarin boshida tug‘ro bachchag‘ar.

Is chiqarg‘an yerda hozir misli shayton hamtabaq,

Qancha so‘ksang shuncha shilqim; turfa sulloh bachchag‘ar.

Botini cho‘yan qozon, qaynar ichida revu rang,

Zohiri bir so‘fi surat, qo‘lda asso bachchag‘ar.

Yotquzub tilsang banogah qornidin chiqmas alif,

Sallasin ko‘rgan kishi der: – “Katta mullo bachchag‘ar”.

Halqada mundin bo‘lak bolonishin yo‘q, oxiri

Qilmag‘ay deb qo‘rqaman hazratga da’vo bachchag‘ar.

Necha muddat yo‘q edi, ul qaydanam hozir bo‘lib,

Osh arusda hangirab, ko‘p qildi g‘avg‘o bachchag‘ar.

Shuncha qo‘yning po‘rdog‘u po‘stdunbasin o‘g‘urladi,

Tozalab Mingtepasiga qildi savg‘o bachchag‘ar.

Surmalar tortib qachon ko‘rsang ko‘ziga, doimo

O‘zga bergay, qo‘lida oyina, oro, bachchag‘ar.

Bilmam odam shaklida yurgan ummisib’yonmukin,

Otini tutsang agar har yerda paydo bachchag‘ar.

Bir puchak pul xayr nogoh bir gado qilsa tama

Istagan yanglig‘ vujudin andin anqo, bachchag‘ar.

Mevarad harjo shikamro mahz pur kardan, digar

Nest parvoyi g‘ami imro‘zu fardo, bachchag‘ar.

Kir yuvib mag‘zobasin ko‘pugini olib yig‘ib,

Ro‘zada qo‘yg‘ay otin qandin nishollo, bachchag‘ar.

Ilgari filjumla nomusu hayosi bor edi,

Qaysi kun hajdinki keldi, bo‘ldi rasvo bachchag‘ar.

Borsa har yerda urub behuda yolg‘on lofu qof

Derki: “Sulton berdi menga yetti tillo”, bachchag‘ar.

Gar aso tutsa qo‘lig‘a siz ani ayb aylamang,

Voqiankim, ko‘zi ochiq, botin a’mo bachchag‘ar.

Qilmas erdim hajv, nochor ayladimkim o‘qishib,

Ahli donishga bo‘lur deb daf’i savdo bachchag‘ar.

Hech kimni bachchag‘ar deb bo‘lmag‘ay, to bu tirik,

Mundin o‘zga bachchag‘ar yo‘q, o‘zi tanho bachchag‘ar.

Ey Muqimiy, sendin ozore biravga yetmasin,

Dushmaning ham bo‘lsa hargiz dema aslo bachchag‘ar.