Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Ansob аs-salotin va tavarix al-xavakin

Description

Автор: Мирза Алим бин Домулла Мирза Рахим Ташканди

Название: Ansob аs-salotin va tavarix al-xavakin (Генеалогия султанов и история ханов).

Источник:

Язык: узбекский, таджикский, исторический трактат.

Тема – исторические события в Ферганской долине в период правления Худояр-хана.

Мирза Алим бин Домулла Мирза Рахим Ташканди – писатель-историк, уроженец Ферганской долины, долгое время проработавший на должности мирзы у Худояр-хана.

Categories

Алиярбек парваначи Аулие-ата Бек Военное дело Географические названия Дешти-кипчак Женщины Искандер История Кафир Кашгар Кетман-тепа Кипчак Киргиз Коканд Конфессиональные группы Кори Пеш Кочевник Маллахан Минг-урик Мирза Ахмад Мирза Давлат Музаффар-хан Мулла Алимкули Мусульманин Мусульманкул Мученик Ниязали-бей Нормухаммад Оценка Парваначи Перс Политика Религия Русские слова Самооценка Связи Сиддикбек Султан Сейидхан Султонмуродбек Ташкент Туркестан (гор.) Хаккули Худайкулбек ибн Максудбек Худояр-хан Чимкент Шадмон-ходжа Шейхантаур Этнические и племенные группы Якуб-бек

Editor

B.S.

Text

... Shul asnoda Dashti qipchoqdin xuruji firqai Russiya masmu’ bo‘lib erdi va yana Shodmonxochadin badgumon bo‘lub otlandi, xoni birla Toshkand ravona bo‘ldi. Bir necha manzil tay qilib, Toshkandg‘a doxil bo‘lub, Shodmonxojani tutub o‘ldurdi. O‘rda ichida Toshkandg‘a Normuhammad zodiyonlikni hokim qildi. Ya’qubbekni Garovchi tavobe’g‘a hokim qildi, Mirzo Davlat tojikni Turkistong‘a hokim qildi, qaytib Xo‘qandg‘a doxil bo‘ldi.

Shul qish o‘tub, yoz bo‘lg‘onida, bahor vaqtida haddin afzun don chuchuk bo‘lub, qimmatchilik bo‘ldi. Bug‘doy o‘rog‘ida nav’i taskin topib, filjumla arzonchilik bo‘lub erdi.

Dashti qipchoqdin firqai Russiya Turkiston qasdida xuruj qilib Jo‘lakg‘a kelgan mahalda Mirzo Davlat Turkistonni tashlab keldi. Bul xabardin mulla Olimquli ogoh bo‘lub, taraddudi qo‘shun qilib erdi, yana xabar keldi,Avliyootani oldi deb. Mulla Olimquli shitob birlan xabar berib va barcha ulamo va quzzat va mashoyixlarni hamroh qilib, xoni birlan qo‘shin tortib, Toshkandg‘a ravona bo‘ldilar. Bir necha manzil, yo‘l tay qilib, Chimkent ustig‘a borib qo‘ndi. Shul asnoda Russiya askari Bo‘rijar keldi,deb xabar berdi. Bir necha eski sipohlarni jam qilib, maslahat qildilar. Bularni ichida Otabek dodxoh aydikim: «Qo‘shni qo‘rg‘onga tashlab, yerda pinhon turub to‘p jangi qilsalar yaxshi bo‘lur, bul qattig‘ yovdur», deb erdi. Bir nechalarig‘a ma’qul bo‘ldi ersa, mulla Olimquli qahrlab va g‘azab birlan Otabekni Ketmantepag‘a badarg‘a qilib yubordi...Niyozalibiyni to‘pni og‘zig‘a bog‘lab otti... O‘q yetmadi, Ya’qubning xudo saqladi, salomat qoldi. Hamma musulmonlar tiriklikdin umid uzdilar. Shul amsolda necha odamlarg‘a g‘azablanib farmoyish qildikim,»askar hamma piyoda bo‘lub, urush tarafig‘a yursunlar», deb.Shul zamonda askarlar piyoda qo‘llarida shof va shamshir va miltiq ‘‘ollohu akbar’’ deb yugurdilar. Mulla Olimquli otliq yiroq yerda turub qoldi.O‘rus yakbora to‘p, miltiq va mushakg‘a o‘t berdi ersa,olamni o‘t tutub, o‘q yomg‘irdek yog‘di. Hamma yakbora o‘zlarini yerg‘a tashlab yotib qoldilar.O‘rus hayron bo‘lub,hushi ketib, miltiq otmay turub qoldi.Qo‘shqa keldilar. Kechalar tong otquncha uxlamay ogoh bo‘lub turdilar. Tong otti, O‘rus ko‘chub Turkistong‘a qarab ketti. Chimkentg‘a Mirzo Ahmad parvonachini hokim qilib, qo‘rg‘onni tuzatib, ko‘p askari ilg‘or qo‘yub, Xo‘qandg‘a qayttilar.

Necha kun yo‘l tay qilib, Xo‘qandg‘a dohil bo‘lib, asbob va anjom rostlamoqq’a mashg‘ul bo‘ldi va bir necha vaqtdin so‘ng aqrab oyida o‘rus Chimkentni sahl tavajjuh birlan oldi. Mirzo Ahmad va barcha askarlar asboblarini tashlab keldilar. Olimquli xabar toptikim, O‘rus Toshkand kelib qamabdur, deb. Shitob birla y’o‘l bosib Toshkandg‘a keldimkim, o‘rus orqasig‘a qaytib ketibdur. Bir necha kun asbob rostlab, saranjomini olib, qo‘shun qilib, Turkiston ustig‘a yurush qildi. Sovuqdin askar halok bo‘lib, Iqon borib tushtilar. Namozshom bo‘lib erdi, «o‘rus keldi»,deb habar topti. Darhol otlandilar. Yarim farsah yerg‘a borib, o‘rusg‘a muqobil bo‘ldi.To‘p va miltiq ikki tarafdin barobar o‘t qo‘ydilar. Qarong‘u kecha kunduzdek yoruq bo‘ldi.Shul amsolda uch kecha va kunduz doim urush qildilar. O‘rusdin ko‘p o‘ldi, musulmondin ham ko‘p shahid bo‘ldilar.Axir qora bura qilib qorlarni yumalatib yugurdilar. O‘rusni to‘pi va miltiqi qordin o‘tmadi. Yaqin borib ‘‘Ollohu akbar’’deb qo‘shqa oralab quchoqlashib-quchoqlashib, chopib-chopib urdilar. Qirg‘iz mol talashdilar. Bir necha o‘ruslar oradin qochib chiqib kettilar. Orqasidin botirlar quvalab Turkistong‘acha bordilar. Zafar topib shodu xurram bo‘lub, erta birlan murojaat qildilar...Bir necha yo‘l tay qilib, g‘onim va solim Toshkandg‘a doxil bo‘ldi. Sakson adad o‘rus boshini Xo‘qandg‘a yubordi va bir necha kun Tochkandda turib erdi, Koshg‘ar yurtlaridin bir necha kalonshavanda beklar xat yuboribdurkim,»Bizlar Xitoy birla urushib, bir necha yurt olduk, sizdin bir odami hushyor hokim talab qilib xat yuborduk», deb. Shul holda Ya’qubbekni Buzrukxon to‘ra birla Koshg‘arg‘a buyurub, ravona qildi. Orqasidin o‘zi ham xon birla murojaat qilib, Xo‘qandg‘a doxil bo‘lub, asbobi g‘azot rostlab, kecha-kunduz taraddudda erdi. Ya’qubbek Buzrukxon To‘ra birla borib, necha shaharlarni fath qilib, ko‘p rivoj olib shuhrat topti ersa, bir necha qirg‘iz va qipchoqlar rashk aylab, Siddiqbek degan qirg‘iz bosh bo‘lub, jamiyat bo‘lub, Yaqubbekni o‘ldurmoq bo‘lub erdilar. Ya’qubbek voqif bo‘lub, bir necha yaxshi odamlarini yuborib, nasihatlar qildilar. Qabul qilmadilar.Noiloj urushub qochurdilar. Bir necha kalonshavandalarni o‘ldurdilar ersa, qirg‘izlar jam bo‘lub Mulla Olimqulig‘a bu voqealarni bayon qilib, Ya’qubbekdin shikoyat qildilar. Mulla Olimquli quloq solmadi.

Shul holda tarix bir ming ikki yuz sakson bir erdikim, bul voqea masmu’ bo‘lub, ko‘p tortuqlar va anjom va yombular yuborib, bir necha mu’tamad odamlardin bayoni voqea va arzi - ahvol qildi ersa, Mulla Olimqulig‘a xush keldi. Tortuqlarni barcha ulug‘ va kichiklarga in’om qildi. Kelgonlarni mehmon qilib, munosib sarupo berib qaytardi.Taraddudi g‘asotga chunon jaddu jahd aylab, jam’i avqoflar xirojini va jam’i yorlig‘dorlarni tani koranda xirojini oldirib sarbozlarni safig‘a nomzod qilib, mirzai mu’tamad chiqarib, ro‘yxat qilib Qori Pesh degan shaytonsifat boyg‘a topshurub mutasaddi qildi.Askarg‘a zarb birla mashq farmoyish qilur erdi, hamisha harakatda edi.

Shul asnoda tarix bir ming ikki yuz sakson birda o‘rus kelib, Niyozbek qo‘rg‘onini oldi. Bul xabarni Mulla Olimquli eshitgan hamono, barcha atrofdagi sarkardalarg‘a xat yuborib, javzo oyida qo‘shun tortub, shitob birla otlanib, bir necha manzil yo‘l tay qilib, Toshkand ustig‘a borib, Mingo‘rukg‘a qo‘ndi.Tonglasig‘a Mulla Olimquli odam rostlab, to‘p va to‘pxonalarni jomador noyib birla bamaslahat joylab turub erdi. Yakbora o‘rus bosib keldi. To‘plamoqg‘a tuttilar va jasoil va taxtafaranglarg‘a o‘t berdilar. Mulla Olimquli ot chopib, atrof qo‘shundin sarkardalarni urushg‘a targ‘ib qilur erdi. Qirg‘iz va qipchoq quloq solmas erdilar, balki haqorat birla durundo‘zlik qilur erdilar. To vaqti peshing‘acha to‘p jangi qildilar. O‘qlari xato bo‘lmadi, ko‘p kofur o‘ldi. Musulmonlar ham shahid bo‘ldi va zahmdor bo‘ldilar. Shul asnoda Mulla Olimquli to‘pxonaga kelib turdi. Jomador harchand man’ qildi va «yiroq turung»,--dedi—qabul qilmadi. Qazoro, Olimqulig‘a o‘q tegdi, Haqquli degan aqrabosini orqasig‘a mindurub, qo‘shqa jo‘nattilar. Qo‘shqa borg‘on hamono xon Olimquli birla Toshkandg‘a kirdilar. Qo‘shunini ham jangdin qaytardilar ersa, qo‘shqa kelib qirg‘iz va qipchoqlar buzulub Olimqulini xazinasini talab, toroj aylab, Xo‘qandg‘a qayttilar.Ko‘p musulmonlar Chirchiqqa oqdilar. Har kim o‘z holig‘a bo‘lub, sur’at birla dovondin oshib, daryo labig‘a qo‘nub, qipchoqlar va bir necha sart xo‘qandliklar, chunonchi, Mirzo Ahmadni amiri lashkar qildilar. Shaharg‘a yasovul buyurub, Xudoyqulibek ibn Maqsudbekni oldurub kelib, xon ko‘tarib fotiha o‘qudular.Daryodin o‘tub Xo‘qandg‘a kirib,o‘rdag‘a makon tuzub va do‘kon qurdilar.

Vaqtiki Sulton Sayyidxon bir necha askarlar birla Olimquli bechoraning olib Toshkand kirdilar. Xon o‘rdag‘a kirdi, Olimqulini bir do‘kong‘a yotquzub qo‘ydilar. Bir necha vasiyatlar qilib foniy dunyodin olami boqiyg‘a rixlat qildi. Janoza o‘qub Shayxontohurg‘a dafn qildilar. Bul voqeag‘a va aning shahodatig‘a tarix ruboi raqam qilindi: “Olimquli qirg‘iz biy asl bo siyosat, Aylab hujum behad qirg‘iz bediyonat. Oxir topib shahodat Toshkand viloyatida. Aydilar anga tarix «g‘ufroni benihoyat».

Mahfiy qolmasunkim, «g‘ufroni benihoyat», ya’ni g‘ufro nun isqot turur. Bas, hosilbir ming ikki yuz sakson bir tarixi.

Toshkand xalqi besaranjom bo‘lub, amiri Buxorog‘a madad talab qilib odam yubordilar ersa, amir Muzaffarxon aydikim, «Mallaxon o‘g‘lini yuborsinlar, so‘ngra askar yuborarmiz”, deb qaytardi va yana Sayyid Sultonxonni yurtni ittifoqi birlan Buxorog‘a yubordilar. Amir Iskandar va Abdusamad degan eroniyni bir necha askar birla Toshkandg‘a yubordi ersa, xo‘qandliklar siteza aylab, buzulub, qo‘rg‘on rahnalaridin chiqib Xo‘qandg‘a keldi.

Shul asnoda amiri Buxoro mavrid topib qo‘shun tortib, Xudoyorxonni va Sultonmurodbekni olib, Xo‘qandg‘a ravona bo‘ldi va bir necha manzil va marohil tay qilib, Xo‘qandg‘a doxil bo‘ldi, Bekmuhammad qipchoq valadi Go‘ro‘g‘li bir necha qipchoqlar birla Qoshg‘arg‘a o‘tub kettilar... Aliyorbek parvonachi ta’qib qilib, to O‘sh damodug‘acha borib, murojaat qilib, Marg‘inon tushtilar. Xudoyorxonning Xo‘qandg‘a xon qilsunlar, deb amirg‘a arza qildilar. Amir qabul aylab, Xudoyorxong‘a sarupo berib, qipchoqlarni orqasidin buyurdi. Xon ravona bo‘lub,O‘sh ustig‘a borib, qipchoqlarg‘a marhamatnoma yuborib topishtilar. Bir nechasi Koshg‘ar tarafig‘a ketti...

XUDOYORXONNING UCHINCHI HUKMRONLIGI

Xon zafar topib Xo‘qand keldi ersa,daf’atan amir ko‘chub Govxona ustig‘a qo‘ndi. Xudoyorxon bir necha tortuq birla borib, amirg‘a ko‘runush qilib mehribonlik ko‘rub, sarafroz bo‘lub o‘rdasig‘a keldi. Taxti muvarrasda barqaror bo‘lub, hukmronlikg‘a mashg‘ul bo‘ldi.

Bir necha qipchoq va qirg‘izlar amiri Buxorodin qo‘rqub tog‘lar orasida turar erdilar. Alarg‘a yaxshi muloyim maktublar yozib bir necha dono va hushyor odamlardin yubordilar. Musulmonquli qipchoqni o‘g‘li Abdurahmon otlik oftobachi qipchoqlarga sardor bo‘lub turub erdi.Muboraknomani ko‘zlarig‘a surtub, tamomi qipchoq va qirg‘iz kalonshavandalari tortuq birla kelib Xudoyorxonni ko‘rub, ko‘rushub, duo qilib topushtilar. Har qaysilarig‘a amru ma’ruf qilib, sarupoi oliy berib sarafroz qildilar va har qaysig‘a muvofiqi hol amal berdilar. Va vasifa tayin qildilar. In’omu ehson birla sarafroz ayladilar. Xudoyorxonni davlati rivoj olib, farog‘at topti.

Mazkur tarixda amir Muzaffar murojaat qildilar. Buxoro borib janob eshoni sohibzodag‘a mehribonlik qilib, javob berdi. Janob hazrat badavlati tamom Buxorodin chiqib, necha manzil, yo‘l tay qilib, Xo‘jandg‘a keldilar. Tamomi ulamo va fuzalo, sipoh va fuqaro va boylar peshboz chiqib olib keldilar. Xon davlatig‘a barakat paydo bo‘lub, davlati qadimasidin ming daraja ziyoda bo‘ldi. Atrof va javoniblarni nizomg‘a olib, shariatg‘a rivoj berdi. Ulamolarni e’zozini bajo kelturdi va ahli qalam mirzolarg‘a rivoj berib, alarg‘a ko‘p e’timot qildi ersa, xazinasig‘a barakat xosil bo‘ldi va yana Mulla Iso-avliyoni bozorg‘a saroy va do‘kon qilmoqg‘a mutasaddi aylab farmoyish qildilar. Va tamomi qalamravlardagi bozorlarg‘a do‘koni jadid aylab, podshohlik qildi.

Va yana Muhammad Alixon shahidning o‘rdasi vayron bo‘lub, bog‘i zamin dasht bo‘lub qolg‘on erdi ersa, anga ark va imorat buyurdi. Taomili va rasmi Buxoroni joriy qilib, bir necha mahramlarni arzag‘a mutasaddi qildi. Beva va bechoralarni arzini ma’tal qilmay so‘rar erdi. To‘p va to‘pxonag‘a Darveshalining noyib qilib, to‘pchi va sarbozlarni jam qilib, har kun mashqi to‘p va mashqi miltiq, to‘pchi va sarbozlarg‘a rivoj berib ishg‘a soldi.

Bir necha vaqt zabti mamlakat qilib, yurtdorliq ishig‘a mashg‘ul erdikim, amiri Buxoro Muzaffarxon taraddudi g‘azot aylab, O‘ratepa ustig‘a kelib, odam jam aylab, Xudoyorxonni ham g‘azotga taklif aylab, inoyatnoma yubordilar ersa, noiloj taraddud qilib otlanib, daryodin o‘tub Shahidon borib turib ersa, tarix bir ming ikki yuz sakson uchda amiri Buxoro ko‘p odam birla Bo‘yoqchiko‘l degan mavze’ga borib qo‘ndi ersa, yakbora o‘rus askari voqib bo‘lub, daryo‘ birla kelib urush soldi. Buxoro qo‘shuni parishon bo‘lub qochdi. To‘p va to‘pxona, xazina va dafinalari qoldi. Ko‘p musulmonlar shahid bo‘ldi. Bul xabarni xon eshitdi. Daf’atan otlanib daryodin o‘tub, Xo‘qandg‘a doxil bo‘lub, oshnoliq rasmin tutub, Russiyaning bosh hokimig‘a xat qilib, elchi yubordi ersa, Russiya xalqig‘a hush kelib, ahdu paymonning do‘stlig‘iga mahkam qilib, tuhfa va hadyalar birlan elchig‘a elchi qo‘shub yubordi. Shul misolda har yil elchilar orada borish-kelish bo‘lub, yurt tinch bo‘lub va oromida bo‘lub obod erdi.

Ammo qirg‘iz xalqi tinmay fitnajo‘ylikg‘a mashg‘ul erdilar.Tarix bir ming ikki yuz sakson to‘rtda So‘x yurtida bir jamoa qirg‘izlar jamoat bo‘lub erdilar.Xudoyorxon askar buyurib, urushib qochurub, jamiyatlardin parishon qilib, qo‘lg‘a tushgonin o‘ldurdilar. So‘nggi tili yana qirg‘izlar Buxorog‘a pinhoniy odam yuborib, Mallaxonning o‘g‘li Sulton Sayyidxonning olib kelarida Xudoyorxon voqif bo‘lub, yolg‘a odam qo‘yub, Lolak degan mavzeg‘a kelganda qo‘lg‘a tushurib o‘ldirdilar.

Tarixga bir ming ikki yuz sakson beshda, shavvol oyida seshanba kunida janob hazrat sohibzodai Kalon dunyoi foniydin olami boqiyg‘a rixlat qildilar. Xudoyorxon bel bog‘lab, aso tutub, ta’ziyatlarig‘a bosh bo‘lub turdi. Bovujud jamoat bo‘lub, tobut ustidagi ajnosni janoza o‘qurda talosh qilib, ko‘p g‘avg‘o qildilar. Xudoyorxon kaltaklab, o‘zi yasovul bo‘lub dafn qildilar.

Va yana shul tarixda Xudoyorxonni volidai sharifalari ramazoni sharifda olami foniydan olami boqiyg‘a rixlat qildi. Janozasig‘a janob hazrat sohibi Kalon o‘tub erdilar. Andin so‘ngra dahag‘a o‘lturdilar. Bahuzur tamom dahani tamom aylab, ahli mu’takiflarg‘a ruxsat berib haramlarig‘a kirdilar.Yakshanba kuni shavvolni uchinchisida saqli oriz bo‘lub, seshanba kuni shavvol oyini oltinchi kunida rixlat qildilar.

Va yana tarix bir ming ikki yuz sakson oltida hazrat Sulaymonxoja shayxulislom olami foniydin boqiy olamg‘a xirom ayladilar.

Xon Andijon tarafig‘a borib erdi, sipoh va fuqaro, qishloq to shahar jamoat bo‘lub, janoza o‘qub, Sarimazorg‘a dafn qildilar.

Va yana shul tarixda Xudoyorxon volidai sharifalarini vasiyatlari birla onalarini nomig‘a madrasa solmoq bo‘lub, mulla Turdiali mirzoni ishboshi qilib, masjidi jome’ning sharqida madrasai oliy binosig‘a mashg‘ul bo‘lub, sahl vaqtida itmomig‘a yetib, Madrasai «Hokim oyim» nomzod qildi.

Va yana bul madrasai ‘‘Hokim oyim’’g‘a Shahrixon ustida daryodin ariq chiqarib, xiroji vaqf ayladi.

Tarixi ulug‘ nahr:

Fasohat birla shah tarix adosin,

Qilib sochti og‘zidin duri guha r.

Zamir annuridin bo‘yla makshuf,

Bo‘lub tarixini dedi ‘‘ulug nahr’’,

Tarix bir ming ikki yuz sakson yettida Xudoyorxon hamshiralari Oyjon oyim foniy dunyodin boqiy olamig‘a rixlat qildi. Xon libosi qaro kiyib, tamomi arkoni davlat qaro kiyib, aso ushlaberdi. Tamom jamoat bo‘lub, janoza o‘qub dafn qildilar.

Zamoniki janob hazrat Kalon va shayxulislom va volidai sharifalari va hamshiralari vafot toptilar ersa, xonning davlatidin putur ketti. Kundin-kun atrof va javoniblaridin fitna paydo bo‘ldi.

Andog‘kim, Andijon tole’ida munduz jamoasidin Ma’mur degan qirg‘iz bir necha qaroqchilarni hamroh aylab, zakotg‘a borg‘on mulozimlarni tutub, o‘ldurub, pullarini olib, sarf qilib odam yig‘ib, jamoat bo‘lub, Jalolobod va Xonobod qishloqni chopib toroj qilg‘onda, Xudoyorxon Andijonda turub, Andijon lashkarig‘a farmoyish qildi ersa, sur’at birla borib, muqobil bo‘lub, urushub qirg‘izlarni qochurdilar. Jam’iyatlari parishon bo‘lub, bir nechalar o‘lub va bir nechasi bandi bo‘lub, qo‘lg‘a tushti. Tanbeh va siyosat uchun barchasini o‘ldurdilar. Ma’mur tirik qochib ketti va bir necha vaqtdin so‘ng yana o‘g‘ri qirg‘izlarni jam qilib va bir necha biylarni vasvasa qilib, jamoat bo‘lub, O‘zgand qo‘rg‘oniga kirib, sho‘rishi azim boshladilar. Xudoyorxon mulla Iso avliyoni Shahrixon askari birla, Xolnazar turkni turk askari birla buyurdi.Bular sur’at birla borib, urushub, qochurdilar. Yana bir necha biylari va kalonshavandalari bandi bo‘lub tushti ersa, bularni o‘lim gunohini tilab,odami hushyordin yubordilar ersa arzalari maqbul bo‘lub, bandilarg‘a mehribonlik qilib, sarupo berib va nasihatlar aylab, ozod qilib yubordilar.

Hanuz bul munoqashalari saranjom topmay, O‘sh ustidagi qirg‘izlar jamoat bo‘lub, Arabon kelib, o‘rdani bosib va bir necha asbob va olotlarini olib toqg‘a chiqib ketti. Abulqosim Chininy hokim erdi. Anburdin chiqib qochib qutuldi ersa, Xudoyorxon voqif bo‘lub, Marg‘inon hokimi Sultonmurodbek ukasig‘a Abdurahmon oftobachini qo‘shub ko‘p askar birlan yubordi. Bular borib urushib qochurdilar. Qirg‘izlar parishon bo‘lub kettilar. Bir necha biylari, chunonchi Umarbek va Abdurahmon shayton va Qaroqulbiy va Sulaymon o‘g‘ri va bir necha qirg‘iz biylar birla qo‘lg‘a tushti. Ko‘p obro‘ birla kelib, xonni ko‘rub malomat qilib, duo ayladilar. Filjumla xotirjam bo‘lub turdilar ersa, Musulmonqul degan qirg‘iz qipchoq urushdin qochib, bir necha qirg‘izlar birla maslahat aylab, xonzoda topmoq uchun Buxoro tarafig‘a borib, Po‘latxon valad Murodxonni oldig‘a borib vasvasa qilib ekan, Po‘latxon qabul qilmabdur. Andi noumid bo‘lub Urganchg‘a, Muhammad Alixon o‘g‘li Muzaffarxonni oldig‘a borib, necha kun turub vasvasa qildikim:»Hamma xaloyiq ittifoq birla sizni xon qilib ota taxtig‘a o‘lturg‘uzmoqg‘a fotiha o‘qub, mani sizg‘a buyurdilar. Hamma xaloyiq sizg‘a muntazir tururlar»,-- deb. Muzaffarxon aydikim:’’ Siz qirg‘iz xalqini e’tiborlaring yo‘q turur. Qalandarxon akamni ham olib borib Murg‘zor qishloqda o‘ldurub qo‘ydinglar’’,--deb qabul qilmadi.Musulmonquli mazkur noiloj qaytib Toshkand keldi ersa,Muhsinboyning o‘g‘li mullo Abdumo‘minning havlisig‘a qo‘nub erdi. Anda bir mulla Ishoq degan qirg‘iz bala Mazzang degan mavze’da nosfurushlik qilur ekan. Azbaroyi nos olmoqqa kelgan ekan. Abdumo‘min mazkur aydikim:’’ Ey ahmoq qirg‘iz, shul qirg‘iz balani Po‘ladxon deb olib borg‘il. Ish saranjom topqanda, bir xon topilur’’,--dedi ersa, ma’qul bo‘lub, o‘shal qirg‘iz balani olib, Oblig‘ ustidin oshib Chust ustig‘a kelib, qo‘shung‘a qo‘shuldi.Qirg‘izlar xursand bo‘lub shodiyona qo‘ydilar. Oq kiygizga solib xon ko‘tardilar. Xudoyorxon ham voqif bo‘lub, qo‘shun buyurub erdi, ertasig‘a qirg‘izlar yangi xon birla otlanib, urushg‘a chiqib muqobil bo‘ldilar.Xo‘qand kallaboturlari yakbora ot qo‘ydilar. Qirg‘izlar xoni birla qochtilar. Bir nechasini o‘ldurub, chopib, bir necha bandi olib, obro‘yi tamom birla Xo‘qand kelib, xonni duo qildilar.

Bir necha vaqtdin so‘ng Koson ustig‘a borib, qirg‘izlar yig‘in qilib va bir necha qipchoqlarni ham hamroh qilib oldilar. Jamoat bo‘ldilar. Xudoyorxon voqif bo‘lub, Abdurahmon oftobachini va mulla Iso avliyoni bosh qilib, tamoman kalonshavandalarni farmonladi ersa, jamoat bo‘lub daryodin o‘tub, Namangonga doxil bo‘ldilar. Namangon O‘rmonbekg‘a nomzod bo‘lub erdi. Mulla Turdiquli boturboshi, Umarali xoja mirzaboshi erdi. Bir-ikki kun turub, qo‘shunni orqasini etkurub, jamoat bo‘lub otlanib, lashkar tortib, favj-favj, to‘p-to‘p, baydoq-baydoq, alam-alam bo‘lub kon ustig‘a bostilar. Shukuh birla borib muqobil bo‘lub, saf torttilar ersa, qipchoq xalqi urushqa ancha rag‘batlari yo‘q erdi. Charokim kechasi xat va odam kelib, qipchoq kattalarig‘a so‘zlashib ekan.Nazirquli boturboshi Qarmani Shahrixon askari birla ‘‘Ollohu akbar’’ deb ot qo‘ydi. Mahramlar otib, chopib, o‘ldurub, zahmdor qilib yovni qochurdilar. Behad va beadad bandi tushti. Obro‘ olib, g‘onim va sollim bozgasht qilib, To‘raqo‘rg‘on o‘rasig‘a dohil bo‘lub majlis qurub, qirg‘izlarni biylarini va Musulmonquli qirg‘iz, qipchoqni bandixona olib kelib savol qildilarkim: ‘‘Sizlar nima uchun beadabllik qilib, taxtnishin, to‘p, to‘pxonalik o‘z podshohlaringg‘a tig‘ tortdinglar?’’ deb Abdurahmon oftobachi bir necha sazoyish qildi ersa, Musulmonquli qirg‘iz shaytonsifat ahdog‘ so‘zladikim: «Ey oftobachi, bukun tongla qiyomatda biz xalqning qo‘lumiz sani yaqongda, shuncha ishlar sani amring birla bo‘lg‘on, bizlarda gunoh yo‘q», - degan hamono oftobachi jallodg‘a buyurub o‘ldurdi. Qolg‘on bandilarni kechalab ozod qilib qo‘yub yubordilar. Arza qilib suyunchigo‘yon Xudoyorxong‘a bir necha xizmatkarda yigitlardin yubordi. Bular chun barq-boddek sur’at birla Xo‘qandg‘a borib, Xudoyorxonni ko‘rub duo qildilar.Arzalarini topshurdilar ersa, arzani o‘qub, mazmunidin ittilo topib, har qaysilarig‘a sarupoi oliy va yorlig‘i amal berib, oftobachi va mulla Iso va tamoman ponsadboshilarg‘a libosi ko‘hnai tabarruk marhamat aylab, inoyatnoma birla yubordilar. Bular sur’at birla borib topshurdilar.Inoyatnomani ko‘zg‘a surub, sarupoi oliyni kiyib, xon hazratning umru davlatlarig‘a duo ayladilar.

Andin so‘ng saranjom va sarishtalarini olib bozgasht qildilar. Bir necha manzil va marohil tay qilib, g‘onim va solim Xo‘qandg‘a doxil bo‘lub, xonni ko‘rub duo qilib, dastbo‘slikka musharraf bo‘ldilar. Qilg‘on xizmatlarini bir-bir taqrir qildlar. Tamomi ahli qo‘shung‘a sarupo va amal va jabduqi tillo va shamshiri tillo va kissai tillo arza qildilar.Maqbul bo‘lub farmoyishlar qildilarkim:’’ Xazinada bor nimarsalarni yigitlarg‘a muvofiqi hol beringlar’’,--deb. Charokim bul qo‘shundin Xudoyorxonning tavahhumi haddin afzun erdi Oftobachi ‘‘bismilloh’’ deb xazina eshigining ochturub jabduq, shamshiri tillo va nuqra va kissai shoflarini olib chiqib, qipchoqlarg‘a muvofiqi amal sarupo va jabduqi tillo va kissai tillo shamshiri tillo va kamon berdi. Goh-goh xo‘qandliklarg‘a ham berar erdi. Necha kun ushbu tariqada ertadan to asrg‘acha berar erdi.Zamoniki xazinada bul amsol ajnoslar sof bo‘ldi. Sarrofboshig‘a buyurub, pesh tayor bo‘lg‘onin berib, bozordin ham sotib olib bearmon berdi. Tamoman askarlar muddaolaridin ortuq mehribonlik ko‘rub, sarafroz bo‘ldilar. Xudoyorxon ayshu nishot birla bir- ikki yil tinchlik birlan umr o‘tkardi va bir necha kundin so‘ng yurtlaridin ahvol olmoq uchun Andijon tarafig‘a bormoq bo‘ldilar. Otabek noyibni dorus-saltanatg‘a arza so‘ramoqg‘a Otaliq noyibg‘a tayin qilib qo‘yub, bir necha siporishlar aylab, xotirjamlik birlan ravona bo‘ldilar. Otaliq har kun to‘pchi va sarboz va kallaboturlarni mashqg‘a solib, asbobi sipohigarlikni tuzamoqg‘a masg‘ullik qilur erdi.

Tarix bir ming ikki yuz to‘qson birida Valixon to‘rai shayxulislom Chustiy taqdiri ilohiy birlan dorulfanodin dorulbaqog‘a rixlat qildilar. Bir necha mullalar kelib Otaliqg‘a e’lom qildi ersa, kamina, roqimi bu risola—mulla Mirzoolimni hazrat eshonni janozalarig‘a buyurdi. Kamina borib boshida turub erdim, bir necha ulamolar va fuzalo va mashoyix, xosu om jamoat bo‘lub janoza o‘qub, dahmalarig‘a dafn qildilar. Kaminag‘a xon hazrat Mushrif amal marhamat qilib erdilar. Bul boisdin taxallus aylab shayxulislom vafotlarig‘a nazm tarix raqam qilindi.

Zamoniki Xudoyorxon saodatnishon batariqai ehtisobi ahvoli fuqaro va raiyatlardin ogoh bo‘lmoq uchun tarafi Andijong‘a ravona aylab, davlati tamom birla otlanib Marg‘ilon borib, bir necha kun istiqomat aylab, andin badavlati tamom otlanib Shahrixon borib, andin Andijon borib bir necha kun istiqomat qilib, atrof va javonibdin ahvol olib arza so‘radilar. Andog‘kim: mulla Tursun A’lam Xo‘jandiy bir rivoyati jadid nav zuhur qilib, mahrum meros degan va bir necha arzachi mahramlar justujo‘ birlan mahrum meros vasiqai jadidu ko‘hnalarni topib, botil qilib hukm ayladilar. Va ba’zi ulamo va qozilardin ahvol olib shariatga xilof ish qilg‘on ulamolarni gunohlarini bo‘ynig‘a qo‘yub tanbeh qildilar va ba’zisini azl qildilar. Andijonning saranjom aylab, andin baliqchi borib, shul tariqa saranjom aylab, Namangon bordilar va bir necha kun istiqomat qilib arza so‘rab, saranjomi davlati tamom birla g‘onim va solim doxili dorus- saltanai Xo‘qand bo‘ldilar. Har kun arza so‘ramoqg‘a ishtig‘ol ayladilar ersa, mahrumi meros shoye’ bo‘lub ko‘hna vasiqalarini botil qildilar. Bul ma’ni ulamo va fuzalo va umarolarg‘a oncha ma’qul bo‘lmadi. Va aning man’ig‘a arz qilmoqg‘a qodir bo‘lmadilar.Loiloj sabr ettilar.

Bul asnoda mulla Mirtojik so‘fi bir necha qirg‘izlar birla jamoat bo‘lub, ig‘vo boshladilar. Xon hazrat ogoh bo‘lub, Otabek noibni va Abdulnazar dodxohni bir necha kallabotur va to‘pchi va sarboz birla buyurdilar. Jamoat bo‘lub, sur’ati tamom birla bodbarqdek borib, ot qo‘ydilar. Ular ham muqobil bo‘lub ot qo‘ydilar. Bir soat xo‘b urushdilar. Bilaxiyr, maqomat qilolmay qirg‘iz qochtilar. Bir nechasi bandi bo‘ldi. Anca kalonshavandalari Zardolu degan mavze’da borib to‘xtadi. Andog‘ki yo‘li yomon, joyi mahkam erdi. Anga elchi yuborub, ahdi omon birla qo‘lg‘a olib, xon hazratning xizmatlarig‘a olib keldilar ersa, daf’atan jallodg‘a amr aylab hukmkashg‘a buyurdilar. Mulla Mirtojikni bozor aylanturub, har mavze’ bandargohda qo‘lini kesib va burnini kesib baxoriyi xor o‘ldurdilar. Otabek noibni ahdi omon qilg‘onimiz deb, arz qilurg‘a jur’ati bo‘lmadi, Abdunazar dodxoh arza qilib, Muhammad Ali boturboshi qirg‘izni o‘lumdin xalos qildi. Xudoyorxon zabti hukumat aylab, siyosat birlan mulla Omonboy degan qozi, a’lam va muftilari birla shariatga xilof qilg‘onlarni jarimalarin ravshan anglab, bo‘ynig‘a g‘ul va zanjir solib, zanburakka bog‘lab oftobg‘a qo‘ydilar. Bir necha kun turdi ersa, vazirlar va kalonshavandalar siteza aylab, jarimasin talab qilmadilar. Oxirul amr. O‘rmonbek talab qilib oldi va yana xojakalon maxdum qozi rais erdilar, andin bir gunoh sodir bo‘lg‘on ekan. Navisandalar, biaynih maktub aylab xong‘a bergan ekan. Aning ham charlab siyosatga sitezovar qildilar. Azhad afzun haqorati qobih qilib, yalang‘ochlab, mo‘ylab va soqollarini mo‘ychinak birla oldurub, necha ming tanga yorg‘u aylab olib, uyida yotsun, deb hukm ayladi.

Va yana mulla Mirzarahim hokimi So‘xdin bir gunoh sodir bo‘lg‘on ekan. Navisandalar janoblarig‘a e’lon qilibdur.Muni ham tutub bandga soldilar.Va yana Buzrukxo‘ja Olamiyonni ham bandg‘a solib, Saqovto‘ra degang‘a topshurdilar. Haddin afzun qiynab, mol-amvollarini xatlab olib, ko‘p pul topturub oldilar. Scul tariqa zabti hukumat va siyosat birla arza so‘rab mashg‘ullik qilar erdi. Arkoni davlat, umaro va fuzalolarg‘a bul ishlari nopisand erdi, balki tamoman kalonshavandalar tavahhumg‘a qoldilar va bir necha fitnaangizlar jam bo‘lub, Abdurahmon oftobachi birlan fitna og‘oz qilmoqg‘a kengash ayladilar.

Oftobachi mazkur Lolak uzasidagi chopqunlik jamoasig‘a boyad- shoyad so‘zlarini muakkad baqasam qilib, hushyor odamdin yubordi ersa, sur’at birla ravona bo‘lub, Lolakg‘a borub, maktubi fasod uslubni biylarg‘a topshurdi. Biylar jamoat bo‘lub ulug‘ va kichiklarni o‘rtasida xatni o‘qudilar ersa, yakbora xursand bo‘ldilar. Ayni muddaolari hosil bo‘ldi. Daf’atan odami hushyorni Xo‘jandg‘a buyurdilar. Sodiqbekni o‘g‘li Abdulkarimbekning topib maktublarni topshurdilar va yana til so‘zlarini ham bayon qilib, mazkur bekni ko‘nglini to‘ldurdilar.

Alqissa, Abdulkarimbek mulla Abdulqayum sarkorni oldurub keldi. Bir necha lozim nimarsalarni olib, chodiri saropardalar birla ravona bo‘lub, Lolakg‘a doxil bo‘ldilar. Xon ko‘tarub, jamoat bo‘lub erdi. Xudoyorxon voqif bo‘lub, Xonquli mirzoyi quramani yetti ponsadboshig‘a bosh qilib buyurdi.Bular barq-boddek borib jamiyatlarin parishon qildilar. Qirg‘izlar qochib, tog‘ orasig‘a pinhon bo‘ldi.Abdulkarimbek Xo‘jandg‘a bordi ersa, xon anglab O‘rusiyaning hokim va to‘ralarig‘a xat yubordikim:’’ beki mazkurni topib berib yuborsun’’,--deb. Daf’atan mazkur Abdulkarim biyni topib, xong‘a bir necha mu’tamad torasidin berib yubordi ersa, xon Otabek noyibg‘a topshurub, vatanig‘a tayin qildilar.

Bir necha vaqtdin so‘ng Xudoyorxonni ukasi So‘fibekni o‘g‘li Nazirbek Xo‘qandga xon bo‘lmoq havasida Buxorodin Qarotegin kelib, bir necha qirg‘izlarni jam qilib Oloyg‘a kelganda, xon voqif bo‘lub, ukasi Sultonmurodbekni Marg‘inon askari birla Abdurahmon oftobachini barcha jamoai qipchoqlar birla va mulla Iso avliyoni Shahrixon askari birlan, Xolnazar parvonachini turk jamoasi birlan Nazirbekni daf’ig‘a buyurdilar. Bular jamoat bo‘lub, barq-boddek sur’at birlan Uchqo‘rg‘on bordilar ersa, Nazirbek chandoni rivoj topmay qaytib ketibdur.

Shul zamonda O‘zgand tarafidin xabar keldikim:’’ Bir necha qirg‘izlar Poladxonni xon ko‘tarib, O‘zgandga kelibdur’’,-- deb.Darhol Xudoyorxong‘a bul voqealarni arza qilib yubordilar. Xon daf’atan buyurdikim, borib ani daf’ qilsunlar, deb. Darhol otlanib O‘zgandg‘a ravona bo‘ldilar. Sultonmurodbekni askari birla Marg‘inonga qaytardilar. O‘zlari sur’at birla O‘zgandg‘a borib tushtilar. Po‘ladxon tog‘ orasida ekan. Qipchoq va qirg‘iz va turk va tojik kalonshavandalari jamoat bo‘lub, maslahat qildilar. So‘zlari shul yerga yettikim: ‘‘Xudoyorxon beqoida ishlarni barpo qildi va bir necha bid’atlarni chiqarib, xaloyiqg‘a zulm qildi va yana mahrumi meros degan rivoyatni amalg‘a kelturub shoye’ qildi. Bul vajhdin ko‘p musulmonlar xonavayron va kafangado bo‘ldilar. Bul xon hech kimni pisanda etmasa va so‘zlarig‘a qabul qilmasa, so‘z ayturg‘a anga hech kimda zahra bo‘lmasa. Xaloyiq atrofdin fitna chiqararin qo‘ymasalar, o‘z go‘shtimizni o‘zimiz yeb, o‘z xalqimiz birla urushub,ko‘p azamat bahodurlar nobud bo‘lub kettilar. Bul qandoq g‘aflat va qandoq masxaralikdur’’,--deb ig‘voi om bo‘lub har tarafdin ovoz va g‘ulg‘ula paydo bo‘ldikim:»Bizlar xondin qayttuk bo‘lak xon qilurmiz. Emdi bizlarda toqat qolmadi. Agar mulla Iso bizlarning ittifoqimizg‘a kirsa xo‘b, va agar kirmasa, ani o‘ldirurmiz, deb, yakbora Xudoyorxondin qaytduk’’,--deb fotiha o‘qudilar. Bul asnoda mulla Iso avliyo gustohlik birla xon tarafidin bir necha uzr aydi, ancha ma’qul bo‘lmadi. Oftobachi aydikim Ey birodar, avval bu so‘z bizlardin chiqmasa va oshkora bo‘lmasa kerak erdi. Emdilikda Xudoyorxon ming jondin bir jonni tirik qo‘ymas. O‘z jonimizni asramakg‘a ustuvor va barqaror tururmiz. Xudoyorxonimizdin ming marotaba yuz o‘gurduk»,--deb mulla Isog‘a dahshat qildi. Jon vahmidin mulla Iso ham:’’ Ittifoqlaring‘a qabul qildim, ko‘p ittifoqidin chiqmasman’’,--dedi. Shul zamon ahd-paymon qilib, qur’on ko‘tardi.

Andin so‘ng O‘zganddin ko‘chub, sur’at birla ravona bo‘lub, Andijon keldilar. Sayyid Nasriddinbekg‘a salom qilib, muloqot qildilar, muborakbod qildilar.Nav’i qilib oftobachi sayyid Nasriddinbekni qo‘lg‘a olib, Xo‘jaobodg‘a borib jam bo‘ldilar. Atrof va javonib qirg‘iz va qipchoq va turk va tojik favj-favj, jamoa-jamoa bo‘lub kelib qo‘shuldilar. Ko‘p jamoat bo‘ldilar va yana Sultonmurodbek umarolarig‘a pinhoni xat qilib, necha va’dalar qildiki:’’ Siylar nav’i qilib beklaringni bizlarga yetkuringlarkim, muntazir tururmiz.Beklaringni xon ko‘tarub, Xo‘qand olib borib, taxti muvarrasg‘a o‘lturg‘uzurmiz’’. Va yana bir arza oshkora Sultonmurodbek yubordi ersa, bek hayron bo‘lub va sarosima bo‘ldi. Arkoni davlatni jam qilib maslahat qildi. Otaqulibek boturboshi va jam’i umarolari so‘zlarini bekg‘a ma’qul qildilar. Oftobachi istiqbol chiqib, ming xiyla birla vasvasa aylab bek bechorani ko‘nglini to‘ldurdi. Hattoki bir qizini nikoh qilib berdi va bir necha kundin so‘ng Sultonmurodbekni ikki suv orasig‘a, hovlisig‘a yubordi. Vahmu haros birla oftobachini qizi birlan loiloj aysh-ishrat qilur erdi. Bul voqea Xudoyorxong‘a kamokon ma’lum bo‘ldi ersa, hush boshidin uchub, sarosima bo‘lub hayronlikda qoldi va dunyo ko‘zig‘a qorong‘u bo‘ldi. Jonni o‘zig‘a g‘animat bilib, kechalab pinhona shahardin chiqib ketmoqqa jazm qildi. Bul so‘z yurtg‘a shuhrat topti ersa, arkoni davlat, chunonchi mulla Ma’ruf noyib va Mo‘minzoja ponsadbochi va Xoliquli eshik og‘asi qurama, Qosimbek ponsadboshi qurama xonning xizmatlarig‘a kirib dildorliq berib, dalirona so‘zni pardadin chiqarib nasihatomuz ayturlarkim Shuncha xazina, to‘p va to‘pxona va asbob-olot, to‘pchi va sarbozi nizomdon va kulla boturon koroyi mukammal va musallah tayyor tururlar. Bir devona, jinni oftobachidin ibo qilib, butun davlatni tashlab ketmoqlari maslahatdin ermas. Bul fitnag‘a g‘ayrat ko‘rsatmay bul qadar xazoyin va dafoyinlarning sarf etmay va bakor kelturmay ketsalar va zabunlik birla har joyg‘a borsalar pisand bo‘lmas, balki ta’nag‘a qolib xor-zor bo‘lg‘aylar,yana taraddudi ketmoqni qilib saranjom va sarishtai ajnos va naqdina qilur erdi. Kunduz bo‘lg‘onda atrof va javonibg‘a odam buyurub, ahvol olmoqg‘a mashg‘ullik qilur erdi.

Shul asnoda Muxammad Sayyidxon to‘rani Marg‘inon buyurub erdi, yetib keldi.Oncha ahvolotlarni bayon qildi. E’timodlik ukasi firib yeb, oftobachini yalg‘on makrig‘a mag‘rur bo‘lub, aning vasvasasig‘a akasidin yuz o‘gurub, alarg‘a borib qo‘shulg‘onini bir-bir bayon qildi ersa, daf’atan otlanib ketmoq bo‘ldi. Arkoni davlat nav’i aylab to‘xtattilar. Ba’zi badandisha nokaslar yakbora bul xabarni eshitib, o‘rdadin chiqib ketibdurlar. Chunonchi, Tosh pahlavon va Ibrohim pahlavon ponsadboshi va Eshon ponsadboshi Shodmon ponsadboshi, qipchoq va yana bir necha odamlar Muhammadaminbekni aldab, yo‘ldin chiqarib, hol-jonig‘a qo‘ymay, balki siyosatlar qilib olib ketibdurlar. Bul voqeadin xon ogoh bo‘lub, ko‘p betoqat va beqaror bo‘ldilar. Mo‘minxo‘ja ponsadboshi va mulla Ma’ruf noyib iltijo birla aydilarkim:’’ Yigitlarg‘a pul va sarupo berib, mehribonliq aylang‘’,--dedilar. Xazinadin necha sanoch tanga va bir necha adad to‘nlarni darvozag‘a chiqarib qo‘ydilar.Har ponsadlarni kalonshavandalarig‘a amalig‘a munosib sarupo va pul berdilar va yana yuzboshi va ponjohboshilarg‘a muvofiqi amal va sarupo va naqda mehribonlik qildilar va yana yakka yigitlarni jam qilib, muvofiqi ahvol sarupo va naqda mehribonlik qildilar. Shul kecha tong otquncha shul tariqada mashg‘ullik birla tong otturdilar.Erta bilan to‘p va to‘pxonalarni oldilarig‘a solib, qo‘shun tortib qipchoq ustig‘a borurmizdeb, kallabotur va yasovul va mahramlar bilan Mo‘yi muborak tarafiga otlanib ravona bo‘ldilar ersa, tamomi xaloyiq o‘rda sahnida to‘lub, nadomat aylab yig‘lashur erdilar. Va yana tomlarda xotunlar jam bo‘lub yig‘lashur erdilar. Xon bechora alarg‘a dildorlik berur erdilar va aytur erdilarkim:’’ Biz qipchoqg‘a qo‘shun tortib borurmiz, yig‘lamanglar, balki duo qilinglar’’,--deb.

Vaqtiki Boybo‘taning ko‘prugig‘a borg‘onda, bir necha ponsadboshilar yigitlari birla xondin yuz o‘gurub, mazkur ko‘prukdin o‘tub qaytib kettilar. Xon bechora ma’yus bo‘lub, Mo‘yi muborak yo‘li birla Govxonag‘a tushub, bir soat turdilar. Orqadagi odamlarni yetkurub olib, otlanib qibla tarafig‘a ravona bo‘ldilar ersa, Maxmudxojai Pskatiy katta tug‘g‘a ponsadboshi erdi, bir necha yuzlar va musofirlar birla xazina arobasig‘a ot qo‘ydilar. Bovujud bir aroba naqdani olib qochtilar ersa, saqol o‘rus o‘ttuz odami birlan mehmon bo‘lub turub erdi, aning oldilarig‘a solib, Ilish ichidan o‘tib, Mahramg‘a bormoq bo‘lub ravona bo‘ldilar. Arobalar har joyda sing‘on erdi va bir necha beandishalar talab olib qochqon erdilar. Necha joyda shul tariqa arobalardin ajnos va pul olib, toroj qilib qayttilar. To Mahram borg‘uncha shul holda erdi. Xon o‘zi yasovul bo‘lub, bir necha mahrambachchalar va qullar birlan Mahram borib, andak orom olib ravona bo‘lub, Xo‘jand bordilar. Anda bir necha kun turdilar. Xo‘jand hokimi mahrambachchalarni yaroq va aslahalarini va qullarni yaroq va aslahalarini oldilar.Bir necha kundin so‘ng Toshkand ravona bo‘ldilar. Yarim podshoh joy tayin aylab, vazifa tayin qildi. Tamomi pullarni xazinasig‘a omonat deb oldi. Bir necha vaqtdin so‘ng O‘runburung‘a bir necha o‘rus qo‘shub yubordi. Hamma xalq afsus va nadomat qildilar, foyda bermadilar.

Muallifi bu risola namakxo‘roni xoni saodatnishon erdi, bir necha bayti afsusnoma qaydi tahrirg‘a olib ayg‘oni bu turur:

Farg‘ona elidin ketti ul davlati xon, afsus,

Raoyou baroyo xalqidin chun ketti jon, afsus.

Kami yo‘q erdi toat-ibodat, riyozatdin,

Vali-avliyou qutbu oftobi zamon, afsus.

Chu himmat bobida hotamdin ortuq erdi ehsoni,

Shijoat bobida chun Rustami sohibqiron, afsus.

Bosib zulmat, tushub o‘t, xalqi olam kuydi hajridin,

Fig‘on, oh-dod ila chiqardi chun zuhon, afsus.

Zamonikim Farg‘ona xondin judo tushti,

Qilur har dam nadomatlar zabonu bezabon, afsus.

Mashoyix, qozi, a’lam-barcha maxluq, olimu johil,

Sag‘iru ham kabiru jumlai yaxshi-yamon, afsus.

Chu ketti xayri ehson birla mehri oqibat eldin,

Ki parvo etmadi farzand otag‘a begumon, afsus.

Necha tobe’lari bandu asiri qaydi zolimdur,

Bo‘lub toroj mulku mol ham behonumon, afsus.

Yana insof, tavfiq, diyonat ketti mardumdin,

Barobar bo‘ldi mardum nazdig‘a sudu ziyon, afsus.

O‘rus mulkida tortti xon, beklar kulfati behad,

Musofir shahrida ojiz, g‘aribu notavon, afsus.

Hama kori qazodur, bandadin har so‘z xato, ammo-

Nadomat, tavba, istig‘for lozim har zamon, afsus.

Ilohi xon, bek ahvolig‘a qilg‘il tarahhumkim,

Qabuli tavba aylab, qil ato taxtig‘a xon, afsus.

Ilohi ummat Ahmadni zulmatdin xalos aylab,

Musharraf qil jamoli mahdi oxir zamon, afsus.

Duoyi Olimu Mushrif qabuli dargahing bo‘lsun,

Qilur shomu sabo yig‘lab nadomat begaron, afsus.

DARIG‘NOMAI MUSHRIF

Hayfkim, Farg‘onadin hokim judo bo‘ldi, darig‘,

Taxt-toj, saltanatdin mosivo bo‘ldi, darig‘.

Bir necha arkoni davlat bo‘ldi bu ishga sabab,

Fitnaboshi Abdurahmon avliyo bo‘ldi, darig‘.

Doimo ul davlatidin bo‘lg‘on erdi sarfaroz,

Oxiri ahdin buzub, nooshno bo‘ldi, darig‘.

Abdurahmon hoji qipchoq barchadin mumtoz edi,

Mufsidi sarfitnayn oxirzamon bo‘ldi, darig‘.

Zulfiqorbek qoraqalpoq vaziri xos edi,

Fitnaigunu fasod muddao bo‘ldi, darig‘.

Kecha-kunduz yorg‘ori erdi Mahmudxoja shum,

Fitnasi xalq o‘rtasida bir balo bo‘ldi, darig‘.

Xolnazar turk haromi moddai fisqu fasod,

Kecha-kunduz fikru zikri mojaro bo‘ldi, darig‘.

Qilg‘on erdi bir tag‘osin yoshlikdin tarbiyat,

Muxbiri kozib qarindoshi tag‘o bo‘ldi, darig‘.

Necha oyu necha yillar go‘ftugo‘yi maslahat,

So‘zlari doim, hamisha nosazo bo‘ldi darig‘.

Bilaxiyr oqibat, fursat topib battollar,

Birnecha avbosh ila cohib g‘azo bo‘ldi darig‘.

Turku tojik, qirg‘izu qipchoq jam o‘ldi baham,

Bo‘ri qo‘yg‘a, it pishakg‘a oshno bo‘ldi darig‘.

Dashti Mahramda masof etti musulmon kofira,

Ko‘p musulmonlar shahid chun Karbalo bo‘ldi darig‘.

Itlig‘ini bitmayin bo‘ldi zarar mo‘minlara,

Shumlig‘idin mulki Xo‘qand taxti po bo‘ldi, darig‘.

Sarnigun o‘ldi xaloyiq, tortti ko‘p tashvishlar,

Bahra olg‘on yaxshilar dasti duo bo‘ldi darig‘.

Bu masal mashhurdurkim: ‘‘Chohkandur ziri choh’’,

Barchasidur qaydi bandg‘a mubtalo bo‘ldi, darig‘.

Ming ikki yuz to‘qson ikki tarixi to‘ngg‘uz yili,

Ko‘p gadolar shoh chun, shahlar gado bo‘ldi, darig‘.

YO ilohi, ayla osoyish xaloyiqga ato,

Iltijo yoshu qari shomu sabo bo‘ldi darig‘.

Chunki aylab justujo‘, qildim savoli aqldin,

Ittifoqo go‘shi dilg‘a bir nido bo‘ldi darig‘.

Chun xirad aydi: Yamon yuz qo‘ydi bul Farg‘onag‘a,

Jon ketib Farg‘onadin tarixnamo bo‘ldi darig‘.

Olimu Mushrif havolat qil xudo taqdirig‘a,

Jumla maktubi azal qolu balo bo‘ldi darig‘.

VIDONOMA

Ketti bul Farg‘onadin xon, alvido‘,

Go‘iyo tandin judo jon, alvido‘,

Jondin ortuq erdi Nasrullo begim,

Xush laqab shahzoda o‘lg‘on, alvido‘.

Muhammadaminbek xasoyilning ham,

Ko‘nglida ko‘p qoldi armon, alvido‘.

Xush taxammul, boadab Sayyid Umar,

Bo farosat, xo‘bi xo‘bon, alvido‘.

Fonsurillo nurichashmi xos edi,

Saqlasun hifzida yazdon,alvido‘.

Bo‘ldi chun shahzoda Fathullo shahid,

Aylasun hamroh imon, alvido‘.

Shoh Nasriddin—sohibi Andijon,

Xush fatonat shohi shohon, alvido‘.

Jonishin bo‘ldi otasi joyig‘a,

Sahl kun Farg‘onag‘a xon alvido‘.

Ketti hokim barcha avlodi bilan,

Dog‘ bo‘ldi jumla inson, alvido‘.

Ey rahim! Rahm ayla, saqla barchasin,

Aylag‘il umrin farovon, alvido‘.

Bois o‘ldi necha davlatxohlar,

Avliyoyu Abdurahmon, alvido‘.

Zulfiqorbek birla Mahmudxoja shum,

Barchasini urdi Qur’on, alvido‘.

Fitna soldi shahri Xo‘qand mulkig‘a,

Bog‘itlardin ketti imon, alvido‘.

Molu joh, farzanddin bo‘ldi judo,

Bo‘ldi rus mulkida sarson, aivido‘.

Har makonda bo‘lsa rizqu ro‘zisin,

Aylag‘il yo rab, farovon, alvido‘.

Ey karim! Qodiri donoyi hol,

Aylag‘il ishlarni oson, alvido‘.

Yo ilohi, ber shariatga rivoj,

Ummati Ahmad Xuroson, alvido‘.

Hurmati hazrat Muhammad Mustafo,

Fotimayu shohi mardon, alvido‘.

Tarixi ming ikki yuz to‘qson ikki,

Soli to‘ngg‘uz, kofiriston, alvido‘.

Olimu Mushrif, so‘zung ko‘toh qil,

Xotiring bo‘ldi parishon, alvido‘.

Alqissa, Xudoyorxon saodatnishon saranjom rishtasin bajo qilib, O‘runburun bormoq bo‘lub va bir necha navkarlarig‘a in’om va ehson qilib javob berdi. Nola va zori birla o‘zini xudog‘a solib, ahlu ayollari birla yolg‘a ravona bo‘ldilar va bir necha kalonshavanda navkarlari hamroh bo‘lub, to haddi Chimkantg‘acha bordilar. Anda bir kecha yotib munglashib, in’om va ehson qilib, alarg‘a javob berdilar. Otabek noyibg‘a bir sanoch tanga marhamat, qildilar, o‘zgalarig‘a muvofiqi hol pul va joma marhamat qilib, minnatdorlik birla duo qilib, alardin rozi bo‘lub qaytardilar.Va yana shoh G‘ulom jarchiboshig‘a necha sanoch tanga berib, bir necha darkorlik nimarsalarni Toshkanddin olib kelmoq uchun buyurdilar ersa, mazkur jarchiboshi alar birla Toshkandg‘a borib turub qoldi. Orqalaridin bormay qochib qoldi. Xon bechora ma’yus bo‘lub, bir necha kun turub, o‘z tobelari birla ravona bo‘lub, Turkistong‘a bordilar. Bir havli olib, O‘rmonbekni Og‘acha oyimg‘a siporish qilib, bir necha hushyor mulozimlarni bularg‘a posbon qilib, o‘z jiyanlari Said Akram to‘ra va Xalil xazinachi birla miqdori o‘n bir odam birla vidolashib, yig‘lashtilar ersa, bularni navha va zoriylari falakg‘a etti. Bularning ahvollarig‘a Turkiston ahli toqat qilolmay, hamma yakbora navha va zoriy qilib yig‘lashtilar. Go‘yo qiyomati sug‘ro bo‘ldi. Loiloj yig‘lay-yig‘lay xon bechora yo‘lg‘a ravona bo‘ldilar.

Bul kamina roqim mulla Mirzoolim duogo‘yi namakxo‘ri xoni saodatnishon, voqeoti voridalarni batariqi nazm qaydi tahrirg‘a olg‘oni:

Hodisoti hudusi Farg‘ona,

Voqeoti vuqu’i begona.

Hajvi begonayi adovatkish,

Firqai elathoyi badandish.

Gina saqlab adovati zoti,

Abdurahmon edi aning oti.

Amali oftobachi, erur qipchoq,

Ko‘ngli purfitna, dili nochoq.

Ushbu xon davlatida haj qildi,

Keldi hajdin, ishni kaj qildi.

Necha kun, necha vaqt moh, sol--

Ayladi fitna aylamoqg‘a xayol.

Vasvasa qildi necha mardumni,

Jam etib necha moru kajdumni.

Jumlai mardumni ayladi gumroh,

Mulla Iso ani ayladi hamroh.

Xolnazar turk, ko‘ra sarkarda,

Zulfiqorbek fitna barkarda,

Maslahat etti doimiy qish- yoz,

Oqibat qildi fitnasin og‘oz.

Yo ilohi, aduvni fitnasidin

Saqlag‘il el-xalqni ta’nasidin.

DO‘STLAR

1

Oyo, do‘stlar, havodisdin bayon aylay,

Xalq ichig‘a fitna paydo bo‘ldi, do‘stlar.

Kecha-kunduz tavba birla dou aylang,

Sulton birla xoqon so‘zi keldi, do‘stlar.

Oftobachi qirg‘izlarg‘a sirdosh bo‘ldi,

Mullo Iso sarkashlarg‘a yo‘ldosh bo‘ldi,

Mufattinlar anga sohib kengash bo‘ldi,

Nav’i aylab fitna barpo qildi, do‘stlar.

Mahmudxoja katta tug‘ni sarkardasi,

Dushman birla urushlarg‘a yo‘q gurdasi,

Pskatlikdur turush joyi—xon o‘rdasi,

Mufsidlarg‘a bul ham hamroh bo‘ldi, do‘stlar.

Zulfiqorbek, Mahmudxoja, saqov to‘ra,

Esonali kal, Nazar ko‘r anga jo‘ra,

Xon yo‘lig‘a kovladilar chohu o‘ra,

Tuzin ichib tuzluqig‘a chichti do‘stlar.

Kiygiz tug‘liq bosh ko‘tardi, ig‘vo qildi,

Qirg‘iz, qipchoq hukumatga da’vo qildi,

Lashkar tortib, xonin qamab ig‘vo qildi,

Yaxshi-yomon viloyatga to‘ldi, do‘stlar.

Toqat qilolmay xon taxtini tashlab qochdi,

O‘rmon begim xon otasin boshlab qochti,

Ota-bola ko‘zlarini yoshlab qochti,

Va hasrato, nadomat deb ketti, do‘stlar.

Nasriddinxon otasig‘a tortti lashkar,

Oftobachi qipchoq bo‘ldi amir lashkar.

Mullo Iso mingboshidur, sohib askar,

Shavkat bilan Mo‘yimuborak tushti, do‘stlar.

Necha kunlar turub anda kengash qildi,

Xazinani buzub elg‘a ulash qildi,

Bul orada hukumatni talash qildi,

Sitezalab lashkar tortib ketti, do‘stlar.

Amir lashkar havas aylab qildi g‘azot,

Sarpo berib yigitlarg‘a berdi barot,

Mulla Iso, Turdiali qildi uzot,

Xo‘qandlikdin umid uzub ketti, do‘stlar.

Andishalab bir necha kun turush qildi,

Beixtiyor rus ustig‘a yurush qildi,

Bosib keldi, loilojdin urush qildi,

Haddin afzun mo‘min shahid bo‘ldi, do‘stlar.

Oftobachi musulmonlar aybin ochti,

Bechora xon xazinasin dondek sochti,

Oxir alar toqat qilmay itdek qochti,

Bahodirlar armon birla ketti do‘stlar.

Qochib kelib tushti Mo‘yimuborakg‘a,

Qori, imom til ochtilar taborakg‘a,

Larza tushti yetti a’zo, badan, ragg‘a,

Yig‘lab-yig‘lab duo takbir qildi do‘stlar.

Andin ko‘chub Andijong‘a ravon bo‘ldi,

Kecha-kunduz sur’at bilan davon bo‘ldi,

Oftobachi qipchoqlarg‘a tavon bo‘ldi,

Masxarai ikki jahon bo‘ldi, do‘stlar.

Qipchoq xalqi qirg‘iz bilan topushtilar,

Kengashlashib bir-birig‘a qovushtilar,

G‘azot debon musulmong‘a yopushtilar,

Molin olib, ko‘p mo‘minni so‘ydi, do‘stlar.

Qipchoq xalqi g‘azot debon ot qo‘ydilar,

Arilarni uyasig‘a o‘t yoqtilar,

Andishalab har tarafg‘a ko‘p boqtilar,

Hukumatni qirg‘izlarg‘a berdi, do‘stlar.

Hukumatda itlar bo‘ldi misoli sher,

G‘azot debon mol yig‘moqqa topti tadbir,

Tayyor etti yaroq, jabduq, kamonu tir,

G‘uquylashib jamoasin yig‘di, do‘stlar.

Ishoq degan Hasan qassob qirg‘iz o‘g‘li,

Po‘lodxon deb ot qo‘ydilar kiygiz o‘g‘li,

Musulmonni o‘ldurmoqqa qildi shug‘li,

Mo‘minlarni xonavayron qildi, do‘stlar.

Oq kiygizg‘a solib ani ko‘tardi xon,

Ko‘mur jallod dastor o‘rab misli eshon,

Zamonadin sonsizlarg‘a chun tegdi son,

Tasbih ushlab navkar mahram qildi, do‘stlar.

Har qaysisi ulug‘ bo‘lub qildi shavkat,

Karnay, surnay, naqqoralab qildi shavkat,

Xo‘qandlikni o‘ldurdilar aylab tuhmat,

Qirg‘iz xalqi misli vabo bo‘ldi, do‘stlar.

Shavkat bilan Asakag‘a do‘kon qurdi,

Har birlari hukumatda tablin urdi,

Qaroqchilar dodxoh bo‘lub arza surdi,

Tavba aylang, nechuk zamon bo‘ldi, do‘stlar.

Xo‘qandlikg‘a xat yuborib chorlab oldi,

Ba’zisini molin olib, bandg‘a soldi,

Ba’zisini moli birla jonin oldi,

Ba’zisig‘a g‘ulu zanjir soldi, do‘stlar.

Olimbekni o‘g‘li borib Xo‘qand kirdi,

O‘lturubon xon taxtig‘a arza surdi,

Xoja, bola, ulug‘-kichik borib ko‘rdi,

Yaxshi so‘zlab, vasvasalar qildi, do‘stlar.

Xonu beklar zaifasin yig‘ib oldi,

Qirg‘iz xalqi bir-bir taqsim qilib oldi,

Mungluqlarni xotun qilib g‘amg‘a soldi,

Oyimlarni ko‘zdin yoshi oqti, do‘stlar.

Necha vaqtlar hukum surdi Shahrixong‘a,

Andin ko‘chub borib tushti Marg‘inong‘a,

Bul orada o‘rus kirdi Andijong‘a,

Qirg‘iz qo‘rqub ishtonig‘a..., do‘stlar.

Yormazorni o‘rdasida qirg‘iz shoshti,

Qochmoqlikg‘a bel bog‘ladi, to‘lub-toshti,

Musulmonni ko‘p o‘ldurub haddin oshti,

Mo‘minlarg‘a qirg‘iz vabo bo‘ldi, do‘stlar.

Ish qilolmay qirg‘iz xalqi jondin to‘ydi,

Salom vaqtda darvozag‘a odam qo‘ydi,

Mo‘minlarni qamab olib qo‘ydek so‘ydi,

O‘rda ichra qonlar ravon oqti, do‘stlar.

O‘n bir go‘dak shahzodani o‘ldurdilar,

Guldek yuzin za’farondek so‘ldurdilar,

Yormazorni qizil qong‘a to‘ldurdilar,

Kofir qilmas ishlar qilib ketti, do‘stlar.

Qirg‘iz xalqi musulmong‘a balo bo‘ldi,

Balodin ham battar qattig‘ vabo bo‘ldi,

Qipchoq xalqi qirg‘izlarg‘a alo bo‘ldi,

Har tarafg‘a qirg‘iz qochib ketti, do‘stlar.

Musulmong‘a zulmu sitam yamon bo‘ldi,

Qirg‘iz shoshib Uchqo‘rg‘onga ravon bo‘ldi,

Hukumatda ish tutushi gumon bo‘ldi,

Tun kechada Uchqo‘rg‘onga yetti, do‘stlar.

O‘shal kecha Uchqo‘rg‘ong‘a borib yotti,

Ertasig‘a o‘rus kelib to‘pin otti,

Qirg‘izlarni aqli shoshib, boshi qotti,

To‘rbasini bo‘ktar qilib qochti, do‘stlar.

Kofir kelib Uchqo‘rg‘ong‘a o‘t tashladi,

Qirg‘iz shoshib qochmoqlikka yo‘l boshladi,

Teva minib Oyim xalqi ko‘z yoshladi,

Oyimlarg‘a qiyomat kun tug‘di, do‘stlar.

To‘ngg‘uz yili o‘rus kelib seldek bosti,

Safar oyi qirg‘iz xalqi... qochti,

Oyimlarni asir aylab davon oshti,

Borar joyin bilmay hayron bo‘ldi, do‘stlar.

Mirzoolim qirg‘izlarg‘a bandi—asir,

Guzashtai zamonadin qildi taqrir,

Qalam birla qog‘oz uzra qildi tahrir,

Daftar aylab xaloyiqga yoydi, do‘stlar.

DO‘STLAR

2

Ey mo‘minlar, xon holidin bayon aylay,

Turluk-turluk havodisga qoldi, do‘stlar.

Peshonag‘a yozg‘on haqni qismatini,

Sabrin aylab, birin-birin ko‘rdi, do‘stlar.

Farg‘onani tashlab ketti xon Xudoyor,

Tuzin ichgan badxohlarg‘a bir xudo bor,

Qayda borsa Xudoyorg‘a xudodur yor,

O‘zin tashlab xudoyig‘a ketti, do‘stlar.

Yuz aroba xazna birla Toshkand bordi,

Mehnat tortib tog‘u cho‘lda dndog‘ hordi,

Tuzin ichgan davlatxohlar qochib qoldi,

Vohasrato, nadomat deb ketti, do‘stlar.

Besh-olti kun turub ketti Turkistong‘a,

O‘rmonbekni tashlab ketti bog‘-bo‘stong‘a,

Ravon bo‘ldi O‘runburun shahristong‘a,

Yakka yori xudo debon ketti, do‘stlar.

Arobaga tushub yolg‘a ravon bo‘ldi,

Sur’at birla kofir o‘rus davon bo‘ldi,

Judolikda yosh ko‘zidin ravon bo‘ldi,

Ming mashaqqat O‘runburun yetti, do‘stlar.

Necha kunlar anda qildi istiqomat,

Ul joylarda noyob erur qaddu qomat,

Kecha-kunduz tinmay qildi anda toat,

Yig‘lab murod-maqsadig‘a yetti, do‘stlar.

Necha oyu necha yillar anda qoldi,

O‘ruslarni imoratin sotib oldi,

Nonu namak uzulguncha anda turdi,

Xudoyig‘a takya aylab qochti, do‘stlar.

Turdi degan qazoq ani boshlab qochti,

Mulku ashyo, og‘ir yukin tashlab qochti,

Ul yollarda pullarini dondek sochti,

Shukrin aylab shahri Kobul yetti, do‘stlar.

Ul shaharni mulohaza qilib boqti,

G‘ariblikni naqqorasin anda qoqti,

Musofirlik ko‘z yo‘shlari suvdek oqti,

Beixtiyor Bag‘dod sharif ketti, do‘stlar.

G‘avsula’zam mazorida ziyoratlar,

Yuzin surub yig‘lab qildi nadomatlar,

Ixlosidin topti anda bashoratlar,

G‘avsi mahbub ostonasin o‘pti, do‘stlar.

Qirq chilla deb niyat aylab e’tikoflar.

Tilovatda doim qur’on beg‘iloflar,

Riyozatda taot aylab dilin soflar,

O‘shal joydin hajg‘a ravon bo‘ldi do‘stlar,

Qissa ko‘tah, yo‘lda tortti ko‘p mehnatlar,

Hamroh bo‘ldi necha badbaxt, it ulfatlar,

Toshlar urub behad berdi ko‘p ulfatlar,

Tishi sinib, og‘zi qong‘a to‘ldi, do‘stlar.

Necha kunlar miskin kema ichra qoldi,

Ming azobu uqubatga o‘zin soldi,

Shukrin aylab, sabr etagin mahkam choldi,

Hamdin aytib ul kemadin chiqti, do‘stlar.

Qissa ko‘tah, ehrom bog‘lab Arafotg‘a,

Yig‘lab-yig‘lab bordi go‘yo qiyomatg‘a,

‘‘Labbayka’’ deb yetti kashfi karomatg‘a,

Shariflardin duo olib qaytti, do‘stlar.

Tavob aylab Ka’ba ichra maqom tuzdi,

Hajral-asvad degan toshqa yuzin surdi,

Ulug‘-kichik gunohini Zamzam yuvdi,

Hazo sobun maqomig‘a yetti, do‘stlar.

Mino uzra qadri ahvol qurbon qildi,

Podshohlig‘i asar aylab armon qildi,

Tavba aylab gunohig‘a darmon qildi,

Namoz o‘qub safomarda qildi, do‘stlar.

Andin so‘ngra Madinag‘a ravon bo‘ldi,

Uchub, qo‘nub shavqi birlan davon bo‘ldi,

Tashnalikda og‘zi to‘la zabon bo‘ldi,

Ming mashaqqat Madinag‘a yetti, do‘stlar.

Ravza kirib ostonag‘a yuzin surdi,

Tavba aylab, yig‘lab-yig‘lab arzin qildi,

Bu dunyoni foniylig‘in anda bildi,

Ichi-toshi tamom nurg‘a to‘ldi, do‘stlar.

Xudo qildi: podshoh erdigado bo‘ldi,

Taxtu toju farzandlardin judo bo‘ldi,

Kecha-kunduz fikru yodi xudo bo‘ldi,

Himmatidin Adham sifat bo‘ldi, do‘stlar.

Tojik oyim zaifasi qarshu keldi,

Yirto‘q yamab, libosini anda yuvdi,

Nikohingg‘a ol meni deb, arza qildi,

Qabul etmay javobini berdi, do‘stlar.

Hajdin qaytib g‘onim-solim necha soat,

Kelib G‘avsning mazorida istiqomat,

Holu qolin hosil qildi aylab toat,

Tirik o‘lg‘on maqomig‘a yettu, do‘stlar.

Dilgir o‘lub andin shahri Kobul keldi,

Shohi Kobul shafqat bilan holin so‘rdi,

Karruh boring, joyi xilvat anda, dedi,

Karruh borib istiqomat etti, do‘stlar.

Ul Karruhda shayxulislom turbatida,

Ollohberdi farzandlarin xizmatida,

Dasti bay’at berib ani qurbatida,

Necha kunlar xizmatida turdi, do‘stlar.

Ollohberdi xalifadin javob so‘rdi,

Menga joyi xilvat bo‘lsa, tursam, dedi,

Xojakenti o‘z joyimiz, boring, dedi,

Bechora xon anda borib turdi, do‘stlar.

O‘tgan gunoh ishlarig‘a toyib bo‘ldi,

Kashfi holat paydo qildi, sohib bo‘ldi,

Jinnisifat bir kechada g‘oyib bo‘ldi,

Er hubbining maqomig‘a yetti, do‘stlar.

Namakxo‘ri Mirzaolim aydi muni,

Duogo‘yi erdi ani tuni-kuni,

Xayol birla kitob uzra yozdi muni,

O‘qug‘ondin duo ta’ma qildi, do‘stlar.

NASRIDDINXON

Vaqtiki xon saodatnishon Xo‘qandi latifdin chiqib ketgonlarini oftobachi anglab Sayyid Nasriddinxon maa askari besho‘mor birlan otlanib, necha manzil tay qilib, Saritolg‘a kelib tushtilar. Ulamo va fuzalo va eshon va xoja va boylar istiqbol chiqib, izzat-ikrom birla mavze’i Saritolg‘a kelib tushurdilar.

Oftobachi majnun bir necha va’z aylab, xonning zimmasiga bir necha ayblar qo‘yub, hosil, xon qilmoqg‘a mashvarat qildilar ersa, hammai ahli majlis samimi qalb va joni dil birlan qabul qildilar ersa, Nasriddinxonning bir oq namadg‘a solib xon ko‘tarib, duo va fotiha qilib, muborakbod qildilar. Andin so‘ng ul joydin ko‘chub, hazrati Mo‘yimuborakg‘a tushtilar va bir necha kun istiqomat qilib, atrof va jonibg‘a askar buyurib, taraddudi asbobi sipohiygarlikg‘a mashg‘ul bo‘lub, har kun jamoa- jamoa, guruh-guruh qipchoq va qirg‘izlar kelib qo‘shulub, haddin afzun jamoat bo‘ldilarkim, adadini xudo bilur, banda bilmas. Oftobachi majnunvor va’z aytib, g‘azot qilurman, deb yig‘lab, xaloyiqdin daf’a- daf’a duo talab qilur erdi. Xaloyiqlar bul makkor, joduzabon, majnunvor, g‘addor, nobakor, besharmu orning vasvasaomiz so‘zig‘a jami xaloyiq inonib duo qilur erdilar.

Bir kun xon birla arkoni davlat otlanib o‘rdag‘a kelib, xazinalarni ko‘rub, maslahat qilib Toshkandg‘a maktubi benazokat birla elchi yubordilar. Va yana bir necha kundin so‘ng pushaymon bo‘lub, oftobachi bir necha sarkardani Xo‘jand ustig‘a buyurdi va necha sarkardani Garovchi ustig‘a buyurdi. O‘zi jami askari birlan Mahram bormoq bo‘ldi. Xon birla mullo Iso mingboshini o‘rdag‘a qo‘yub, to‘p va to‘pxona birla otlanib, fotiha olib ravona bo‘ldi. Xonning xazinasini qirg‘iz, qipchoqlarg‘a dondek sochib, bir necha manzil tay qilib, Mahramg‘a borib tushti ersa, yakbora o‘rus Xo‘janddin chiqib, Mahram ustig‘a kelib, tolibi jang bo‘lub to‘p qo‘ydi ersa. Xo‘qand kallaboturlari taxti dil birla urushg‘a bel bog‘lab, omoda bo‘ldilar. Chunon to‘p va miltiq ottilar, bo‘ldi go‘yo qiyomati sug‘ro bo‘ldi. Ota o‘g‘uldin bexabar bo‘ldi, har kim o‘z holig‘a zavq-shavq birla to‘p va miltiq otar erdi. Kofirlardin ko‘p nobud bo‘ldi, musulmonlardin ham ko‘p shahid bo‘ldi. Shul vaqtda oftobachi majnun urushmay jamoasi birla tog‘ ustig‘a chiqib ketti ersa, qirg‘izlar bahona topmay loiloj turub erdilar, hol-jonlarig‘a buzulub kettilar. Yakbora Russiya lashkari bosturdi. Ko‘p musulmonlar shahid bo‘ldi. Musulmonlar ham mutafarriqa bo‘lub kettilar.

O‘shal kun oftobachi Mo‘yimuborakg‘a kelib tushub, shaharg‘a odam kirguzdikim,’’biz shaharg‘a kirsakmu va yo kirmasakmu’’,-- deb. To javob chiqquncha vahm tortib, otlanib, sur’at birla Marg‘inon borib tushubdur. Qipchoq xalqi oftobachini o‘rtag‘a olib, ko‘p ta’na qilibdurlar.

Marg‘inondin otlanib, sur’at birla Andijon borib, qirg‘izlarg‘a o‘zini solib, xazina va dafinasini qirg‘izlarg‘a topshurub, inon va ixtiyorni qirg‘izlarg‘a berdi. O‘zi xolis bo‘ldi ersa, qirg‘izlar mulla Ishoq degan Hasan qassob qirg‘iz o‘g‘lini Po‘ladxon ot qo‘yub, ichlarida saqlab erdi, mavrid topib xon ko‘tarib ig‘vo boshladi. Asaka o‘rdasida qaror toptilar. Atrof va javonibg‘a xat yubordilar, va’dalar ayladilar. Shul xatlardin Yangiqo‘rg‘on va Bachqirg‘a bir xat tushub ekan. Bir necha ko‘tah andisha, hokas, benomuslar jam bo‘lub Nasriddinxong‘a va xazinag‘a qasd qilib, o‘rdag‘a yugurmoq bo‘lub, Xoja Muhammad jinni Bachqiriy, To‘xtasun yasovul Yangiqo‘rg‘oniy, kal Jabbor amin Sho‘rqishloqiy va Qalandarbek Oqqo‘rg‘oniy hazrati shohg‘a tayin qilib, atrof va javoniblarg‘a xat yozib, jamoat bo‘lub, yakbora vaqti namoz o‘rdani ustig‘a hozir bo‘lub karnay qo‘ydilar. Xonzoda bechora shoshib, toqat qilmay shogirdpeshalari birla qalmoq darvozasidin chiqib, Xo‘jand tarafig‘a ketti. Bul avboshlar bosib kirib, xazinalarni toroj qilib, Otabek noyibni o‘ldurub, o‘rdani qoq qilib, madrasai jome’g‘a kelib mulla Abduvali mudarrisni o‘ldurub va yana hazrat Sohibni havlilarig‘a borib, Sultonmurodbekni bandi qilib, shahardin chiqib kettilar. Necha kun viloyat besohib qoldi.

Kamina roqimi bu risola bir necha bayt qaydi tahrirg‘a olg‘oni:

Suxan chun ibtido aylay bayoni xush hikoyatdin,

Ki bismillohir rahmonir rahim bosharofatdin.

Qilay afsona bo‘lg‘on voqeoti nav zuhurlarni,

Xudo qilsa ato bu tilg‘a anvoi fasohatdin.

Ketib Farg‘onadin chun ahli avlodi birla mahrum,

Xudoyorxon bechoraki ming hasratu nadomatdin.

Murodig‘a yetib ul mufsid oftobachi qipchoq,

Belin bog‘lab g‘azoti fisabillohi diyonatdin.

Yig‘ib lashkar tamomi turku tojik, qirg‘izu qipchoq,

Alarg‘a avliyo mingboshi bo‘ldilar omonatdin.

Ki O‘zgand shahridin askar bilankim Andijon keldi,

Olib shahzoda Nasriddinni az ro‘yi itoatdin.

Sayid Sultonmurodbek ojizi bechorai mahzun,

Borib ko‘rdi alarni az kamoli za’f holatdin.

Jamoat bo‘ldilar, Xo‘qandni ustig‘a yurush qildi,

Hama xurram bo‘lub oldig‘a chiqtilar jamoatdin.

Jami xos, omi, qozi, mufti ham mashoyixlar,

Ko‘tardi xon o‘shal shahzodani sihat-salomatdin.

Ajab shavkat shahomat, dastgoh birla ko‘chub andin,

Kelib qo‘sh etti chun Mo‘yimuborakg‘a ziyoratdin.

Ushatti xaznani mardumg‘a, behad ayladi in’om,

Berib askarni mamnun ayladi ortuq ziyoratdin.

Yig‘ildi beadad qipchoq, qirg‘iz birla Xo‘qandi,

Yurush qildi, borib jam o‘ldi Mahramg‘a mahobatdin.

Bo‘lub sardori lashkar hoji oftobachi qipchoq,

Chunon chun masti mustag‘raq bo‘lub, yig‘lab shijoatdin.

Qilib mardumg‘a va’z, amri ma’ruf, nasihatlar,

G‘azoti fisabillohi debon afzal ibodatdin.

Xo‘jandu Nov orasig‘a buyurdi lashkari behad,

Garovchi birla Ovlig‘ ustig‘a askar siyosatdin.

Axiri oqibat taqdiri haq al hukmi allohdur,

Musulmonlar qochib haddin afzun topti shahodatdin.

Sayid shahzoda Nasriddin otasin taxtig‘a mindi,

Raiyat arzini so‘rdi shariat chun jamoatdin.

Yo‘qoldi mamlakatdin zulmu bid’at beshaku shubha,

Muzayyan bo‘ldi Xo‘qand mulki chun adli adolatdin.

Ajab xush xulq, xush tarkib, sohibi xatmi oliy,

Kami yo‘q fazli donishda hama xatti kitobatdin.

Uch oy xonlik qilib tashvishdin ul bo‘lmadi xoli,

Ki bir tun topmadi lazzat yana xobu farog‘atdin.

Qazo ish qildi Bachqir xalqi chun fosid xayol aylab,

Yig‘in aylab, qo‘yub karnay, jo‘sh urdi falokatdin.

Qochib Xo‘jandg‘a ketti xon bechora bo‘lub mahrum,

Ki yuz ming hasrati armon bilan ketti viloyatdin.

Duogo‘yi o‘shal xon erdi Mirzoolim Mushrif,

Duo aylab hamisha chun umid aylab ijobatdin.

Alqissa, qirg‘iz badandishlar mavrid topib, vaqtni g‘animat anglab,jamoat bo‘lub, Po‘ladxon birlan Asaka o‘rdasig‘a kelib do‘kon qurdilar. Olimbek qirg‘izning katta o‘g‘li Abdullabek deganni ko‘p lashkar birlan va Eson isfaralikni anga hamroh qilib, Xo‘qandg‘a buyurdi ersa, bular sur’at birla kelib Xo‘qand kirdilar, doxili o‘rda bo‘ldi. Qozi, ulamo, oqsoqol va boylar kelib muborakbod qildilar. Alarg‘a chunon pesh qilib so‘zlar birla vasvasa aylab, muvofiqi hol libos berib uzatti. Necha kunlar xon taxtida fuqaro arzini so‘rab, asbobi sipohiygarlikg‘a taraddud qilib, atrof va javonibg‘a odam qo‘yub voqif va ogoh bo‘lub, mirzolarni jam aylab, yurt ustida qolg‘on tanob va xiroj va g‘o‘za puli va qovun puli vag‘ayrani taftish qilib, tahqiq aylab, arzi dodi fuqarog‘a ishtig‘ol aylab, bir necha kalonshavandalarni, chunonchi: ponsadboshi va Normuhammad dodxoh lo‘li va Imon ponsadboshi tojik—shul amsol odamlarni duo qilmoq uchun Asakag‘a yubordi ersa, borg‘on hamono jallodg‘a buyurub qatl qildi va bir nechasini molini oldi va bir nechani g‘ul va zanjir bo‘ynig‘a solib mirshabg‘a topshurdi. Har viloyatg‘a inoyatnoma yuborib, kalonshavandalarini oldurub, ba’zisini o‘ldurub va ba’zisini molini olib va ba’zisini ham molini olib, ham jonini oldi. Shul tariqa ish tutub, Asakadin ko‘chub Marg‘inon keldi va bir necha kun turdi. Munda ham shul tariqa ish tuttilar. Xizmat qilg‘on odamlarni ham o‘ldurdilar. Andoq’ki, Ahmadbek Andijoniy, Dali ponsad Andijoniy va necha amini Andijoniy bozor aylanturub o‘ldurdilar. Muhammad Roziq noyib tojik o‘g‘li birla ani ham o‘ldurdi va yana bir necha to‘pchilarni, Bachcha Botur sarbozni o‘ldurub, ko‘chub Yormazor bordilar. Bir kecha anda yotib, erta birlan darvozag‘a yasovul qo‘yub, odamlarni qamab olib, ko‘p xo‘qandlik ahli saloh odamlarni o‘ldurub, misoli qo‘ydek so‘yub, Yormazor o‘rdasini o‘luk birla qong‘a to‘ldurdi va yana xonzoda bekzodalardin o‘n bir adad go‘dak va tifli shirxo‘ralarni o‘ldurub, andin ko‘chub, Uchqo‘rg‘ong‘a borib bir kecha yotib, anda ham shul tariqa ish xayol aylab bir necha xo‘qandliklarni xatg‘a olib erdi. Shul asnoda o‘rus lashkari Andijonni olib, bir kechada bosib kelib to‘pg‘a tutti. Qirg‘iz shoshib, Xudoyorxon zaifalarini ham olib yurub erdilar, oyimlarni tevalarg‘a mindurub tog‘qa qochib kettilar. Bechora xo‘qandliklar qirg‘izdin qochib xalos bo‘lub, tangri taolog‘a shukr aylab, Xo‘qandi latifg‘a ravona bo‘ldilar. Shul asnoda Nasriddinxon Mahram qo‘rg‘onida turg‘on ekan, daf’atan otlanib, Xo‘qand qishloqlarig‘a doxil bo‘lub, tarof-javonibdin lashkar jam aylab, yakbora Xo‘qandg‘a mutavajjih bo‘lub ravona bo‘ldiar. Bir necha karoyi odamlarni jam aylab fotiha berdilar. Shavq-zavq birla ot qo‘yub, darvozai G‘oziyog‘liqga kelganda, bir necha bahodirlar ergashmay qayttilar. Sultonqul mulozim, mulla Hotamboy mirzaboshi chochtepalik degan o‘n sakkiz kishi va Davlat ponsad birlan ‘‘ zamon- zamon Nasriddinxon’’ deb ot qo‘yub, munodiy qilib o‘rdag‘a kirgan holda, qirg‘izlar qochib piyoda va suvora mutafarriqa bo‘lub kettilar. Vaqtiki xon mazkur bir necha odamlarg‘a fotiha berib, Qaynar kalong‘a kelgan holda, dasht tarafdin mullo Muso shig‘ovul, Po‘ladxon bir jamoa qirg‘iz birlan kelib urushqa muqayyad bo‘ldilar. Xonzoda g‘ayrat kamarini belig‘a bog‘lab va g‘azab shamshirini yalanglab, urushqa muqayyad bo‘ldilar. Bo‘ldi jang, ko‘p odam nobud bo‘ldi. Oxiri alar shahzoda xonni odamlari bo‘linub kam qolib erdi, qirg‘izlar g‘olib keldi. Xon bir necha odamlar birla orqag‘a qayttilar. Mulla Turdiali bir necha odam birla bandi bo‘ldi. Darvishali xudoychi ham bandi bo‘lub erdi, yurmadi, aning o‘ldurub kallasini to‘rbag‘a olib solib, mulla Turdialining yaydoq otg‘a mindurub, Xo‘qandg‘a kelib o‘rdag‘a kirdilar. Sultonquli mazkurni ham bandi qilib oldilar. Qochqon har tarafdin kelib jamoat bo‘ldilar. Ul kecha o‘tti ersa, Nasriddinxon odamlarini jam qilib, kechalab vaqti namoz darvozadan kirib, yakbora karnay tortib, o‘rdag‘a ot qo‘ydilar. Qirg‘izlar tobi maqtovamat qilmay qochtilar. Xonzoda obro‘ olib, davlati tamom birla o‘rdag‘a doxil bo‘lub, taxti murasse’da barqaror va ustuvor bo‘ldilar. Do‘stlar shod, dushmanlar g‘amgin bo‘ldi. Atrof va jonibdin kallaboturlar kelib jamoat bo‘ldilar. Xo‘qandlikg‘a dubora jon kirib, shod-xurram bo‘ldilar.

Bir necha qirg‘izlar bandi tushub erdi. Kal Abdulla to‘pchi ham bandi bo‘lub erdi, daf’atan o‘ldurdilar. Xonzoda xursandlik birla mardumg‘a in’om va ehson aylab, xaloyiqni xushnud aylab, miqdori bir hafta o‘tub erdi, yakbora o‘rus Andijonni saranjom qilib, oftobachini bir necha qipchoq birla va necha qirg‘izlarni olib keldilar. Yakkamulla degan mavze’ qo‘ndi. Xonzoda voqif bo‘lub, bir necha bo‘qcha va ot yasab istiqbolig‘a chiqtilar. Shul holda oftobachini va xonzodani arobag‘a solib, bir necha odamlarni xatlab, qipchoq va qirg‘iz va xo‘qandliklarni arobaga solib, Toshkandg‘a sibir qildi. Hamma arkoni davlatlar hushi kallasidin uchub, hayrat barmog‘ini tishlab, afsus va nadomat aylab, girya va zora auladilar.

Kamina, mulla Mirzoolim roqimi bu risola, qirg‘izlar qo‘lida bandi va asir erdim. Xudovandi karimning inoyati birla ulardin xalos bo‘lub kelib, xonzodai navjavong‘a muloqot bo‘lub duo aylab, bir soat suhbat topib, ahvolpurslik qilib va navozishlar aylab, dildorlik sarafroz ayladilar. Hanuz chandoni so‘zlashib to‘ymab erduk, mundoq’ hodisa ro‘ berdi. Andog‘ki, bayti Alisher Navoiy:

Dardi firoq o‘zgayu hijroni boshqa,

Burni qonadi yetimni og‘zi yetushganda oshqa.

Kaminag‘a muhabbati afzun ziyoda erdi, bul boisdin bir necha bayt g‘azali majnunvor ayg‘oni bu turur:

Bir necha sohib xuruj hodis bino bo‘ldi, darig‘,

Fe’li shayton havoga mubtalo bo‘ldi, darig‘,

Yangiqo‘rg‘on, Qum, Bachqir, qildilar fosid xayol,

Fitnayu naqi fasod muddao bo‘ldi, darig‘.

Qildi Oqqo‘rg‘on, Urganji alarg‘a iqtido,

Chun azoni bemahal xo‘sh nido bo‘ldi, darig‘,

Bir necha avboshlar behuda soldi fitnalar,

To qiyomat sharmisor, ro‘siyoh bo‘ldi, darig‘.

Jam o‘lub avboshlar xonin qamab darborg‘a,

Xazinani toroj etib, muflis g‘ano bo‘ldi, darig‘.

Oqibat shahzoda Nasriddin qochib darbordin,

Rohi Mahramdin Xo‘jand mulkig‘a jo bo‘ldi, darig‘.

Otabek noyib bahodir berdi bosh avboshqa,

Rixlati dorulfano dorulbaqo bo‘ldi, darig‘.

Nechani qatl ayladilar xazinani taroj etib,

Rustoyi shahr xalqig‘a vabo bo‘ldi, darig‘.

Mavlavi CHubin bila ul Abdumo‘min rishni,

Qatl qildilar hama kori qazo bo‘ldi, darig‘.

Masjidi jome’da jam o‘ldi jami xosu om,

Chin hujumi guftugo‘yi mojaro bo‘ldi, darig‘.

Qochtilar Sultonmurodbek Xizir yetim hovlisig‘a,

Jumla so‘fi ranjishi jo‘ri baqo bo‘ldi, darig‘.

Ul Qalandarbek, Jabborqul kal qilib sharmandalik,

Bog‘iyi murtad haddin afzun behayo bo‘ldi, darig‘.

Ojiz Sultonmurodbek bandi bo‘ldi oqibat,

Bir malomat tavqi la’nat to jazo bo‘ldi, darig‘.

‘‘It qutursa egasin qopqon’’ masali mashhurdur,

‘‘Tuz ichib tuzluqg‘a chichqon’’ ro‘siyoh bo‘ldi, darig‘.

Alqissa, Uchqo‘rg‘on ustig‘a O‘rusiya lashkari bosib keldi. Xufton haddida to‘pg‘a tutti, qirg‘iz xalqi shoshib qochti. Ko‘p musulmonlar shahid bo‘ldilar. Bir necha xo‘qandlik sipohlar masjidg‘a qochib kirdilar. Piyoda o‘rus lashkari miltiq birla otib shahid qildi. Uchqo‘rg‘on fuqarolaridin ham ko‘p musulmon shahid bo‘ldi. Haddin afzun va andozadin berun toroj qilib, bozor va do‘konlarig‘a o‘t tortti va do‘kon va masjidlar kuyub, shu’lasi osmong‘a chiqib, qorong‘u kechasi kunduzg‘a mubaddal bo‘lub, olam ravshan bo‘ldi. Uchqo‘rg‘on xalqi: erkak va xotunlar tog‘ orasig‘a qochub panoh toptilar. O‘rusiya lashkari toroj qilib, bir kecha yotib, erta bilan ko‘chib, Marg‘inon borib qo‘ndi. Sarishtai mamlakatdorlikg‘a ishtig‘ol ayladi.

Vaqtiki, qirg‘iz xalqi qochib, tog‘ orasig‘a kirib, ming mashaqqat birla Qorategin ustig‘a borib, Qorategin hokimig‘a odam kirguzdilar, arzi ahvol qildilar. Hokim aytti: ‘‘ Kirsunlar. Hamma musulmon yaktan va yakbadandurmiz’’,-- deb, qirg‘iz o‘z kirdori badallaridin mulohaza qilib, xavf va xaros aylab kirmadilar. Qarotegin tog‘ining tepasida maslahat qildilar. Qayon borurlarini bilmadilar. Hayron va sarosima bo‘lub boshlari qotti. Olimbek dodxohni o‘g‘li aydikim: ‘‘ Ey qirg‘iz xalqi, ogoh bo‘linglarkim, biz xalqg‘a tamoman ahli olam dushman bo‘ldi. Har qaysi joyg‘a borsak, bizlarg‘a omon bermaslar. Noshoista ishlarimizdin el-xalqg‘a yomon bo‘lduk. Siz xalq ham mendek ish tutsanglar, muncha badnomlikka qolmas erdilaring. Xo‘qand poytaxtida o‘lturub, ho‘blik va muloyimlik birla kattani aka, kichikni uka deb nav’ye qilib, yaxshi so‘zlar birla muomala va murosa aylab, bahri nav’ yaxshi ot ko‘tarib, sihat va salomat chiqib keldim. Harchand sizlarg‘a pand-nasihat aylab xat yubordim, quloq solmay va qabul qilmay va xuni nohaqdin bosh ko‘tarmay, balki siteza aylab, odam o‘ldurmoqg‘a haris bo‘lub va dunyo va oxiratda sharmanda bo‘lub, qirg‘iz xalqini la’natnomag‘a qo‘ydunglar. Emdi bizlarg‘a borar joyimiz yoq, yotar tog‘imiz yoqdur»,--dedi ersa, hammasi: ‘‘ Bul yomon ishlarni Sulaymon o‘g‘ri qildi’’,-- deb Sulaymon xudaychining bo‘ynig‘a qo‘ydilar ersa, Abdullabek shamshir sug‘urub Sulaymon o‘g‘rini chopib o‘ldurub, zovurg‘a tashladi. Zulmning kasofatidin kafan va janoza ham buyurmadi. Murdor jismi qurt va qumursqa va zag‘izg‘ong‘a to‘ma bo‘ldi.

Andin so‘ng Abdullabek hajga iroda qilib ketti, o‘zgalari tug‘lalarini sindurub xurjunlarig‘a solib, xonlarini oldig‘a solib, Oloy kettilar ersa, Marg‘inon hokimi bir siyosatnoma yozib alarg‘a yubordi, mazmuni shulkim: ‘‘Ey qirg‘iiz xalqi, bul xat borg‘on hamono Po‘ladxonlaringni topib, bizg‘a kelturub bersanglar, o‘zlaring omon topib, salomatlik birla fuqarolik qilib, osoyish topursizlar va agar masohala aylab, xonlaringni topib kelturub bermasanglar, siyosatga sazovordursizlar. Mol-amvollaringni toroj qilib olib, bir jonni salomat qo‘ymay ko‘churub, O‘rusiya yurtig‘a sibir qilib yuborurman’’, deb. Bul xat borg‘on hamono jamoat bo‘lub xatni o‘qudilar ersa, hayron va sarosima bo‘lub, g‘uquylashib, loiloj xonlarini olib, otlanib, Marg‘inong‘a borib hokimni ko‘rdilar ersa, hokim bir necha so‘z so‘zladi va aydi: ‘‘ Yomon qaroq ekansizlar, ko‘p odamlarni o‘ldurubsizlar’’,-- deb bir necha amaldorlarini xatlab sibir qildi. Po‘ladxonni dor ostig‘a olib borib, miltiq birla otib, dorg‘a ostilar. Barcha g‘avg‘olarni bosti. Va ollohu olam bissavob...

ROQIMI BU RISOLA BIR NECHA DARIG‘NOMA

AYtG‘ONI

Tavba aylang, do‘stlar, vaqti duo bo‘ldi, darig‘,

Ko‘p gadolar shohu, chun shohlar gado bo‘ldi, darig‘.

Fitnai oxir zamon Farg‘onag‘a bo‘ldi vuqu’,

Ham haromzoda Po‘lod podshoh bo‘ldi, darig‘

Jam o‘lub qirg‘iz tamoman bir necha avbosh ila,

Guftigo‘yi maslahat chun mojaro bo‘ldi, darig‘.

Necha qato‘u tariqlar boshig‘a dastor o‘rab,

Zolimi xunxor sohib dastgoh bo‘ldi, darig‘.

Va’z aytib jumla xaloyiqg‘a berib pandu firib,

To‘r egasi rohzanlar porso bo‘ldi, darig‘.

Sohibi mahram, yasovul, shotir osib yaroq,

Bir necha avbosh ila sohib azo bo‘ldi, darig‘.

Doimo ayshu tarab birla sharorat ishlari,

Kecha-kunduz kori-bori chun zino bo‘ldi, darig‘.

Xon, beklarni zaifin yig‘durub oldi tamom,

Qo‘y bechora bo‘rig‘a oshno bo‘ldi, darig‘.

Ko‘p musulmonlarni molu mulkin oldi, qildi qatl,

Jumlai ahli ayol motam azo bo‘ldi, darig‘.

Ayladi xurdu kalon shahzodalarni qatli om,

Noumidlar ko‘p musulmong‘a vabo bo‘ldi, darig‘.

Zolimi battollar ko‘p qildi zulmi beadad,

Jumla mo‘min ranjishi davru jafo bo‘ldi, darig‘.

Zuimi bid’at jo‘sh urub bo‘ldi shariat nopadid,

Oqibat bu mulki Xo‘qand taxti po bo‘ldi, darig‘.

Yo iloho, jumla mo‘minlarg‘a qil imon ato,

Harna bo‘ldi, jumla taqdiri qazo bo‘ldi, darig‘.

... kabi mohi safarda qochti qirg‘iz oqibat,

Ko‘p musulmon nolasi so‘yi samo bo‘ldi, darig‘.

Ming ikki yuz to‘qson uchda berdi jon Po‘lodxon,

Soli to‘ng‘uz kallasi dorda bino bo‘ldi, darig‘.

Mushrifi Olim, havolat qil xudo taqdirig‘a,

Qismati ro‘zi azal qolu balo bo‘ldi, darig‘.

O‘RUSIYANING QO‘QON XONLIGINI BOSIB OLISHI

Alqissa, zamoniki Nasriddinxonning Yakkamulla degan mavze’din sibir qilib, bir necha qirg‘iz va qipchoq va Xo‘qand kalonshavandalari birla arobaga solib, Toshkand tarafig‘a yubordi. Xotirjam bo‘lub, rus askari otlanib, shiddat va siyosat birla Xo‘qand o‘rdasig‘a yakbora kirib keldi. Musulmonlardin hushi boshidin uchub, hayron va sarosima bo‘lub, ba’zi beguruh sipohlar qochib chiqib kettilar va boqiy musulmonlar tavba aylab, xudovandi karimg‘a takya aylab sabr qilib turdilar. Amin va oqsoqol va boturlar keldilar. Tursun Muhammad inoq va Xoja Ali inoq dasturxon va maxosara tayyor ayladi. Qand-qurs va nonu ne’mat va mevahoi alvon-alvon tottilar. Jam’i to‘ra va xondor va guburnotur xon salomxonasida o‘lturub taom yeb, bir necha so‘z musulmonlarg‘a bayon qildi va ayttikim: ‘‘Bizlarning musulmonlarg‘a ziyon va zahmatimiz yoqtur. Shariat joyida barqaror turar. Mullalar madrasada darsgo‘ylikg‘a mashg‘ul bo‘lsunlar va eshonlar xonaqohlarida zikru duogo‘ylikg‘a mashg‘ullik qilsunlar. Fuqaro osoyishtalik birla o‘z bechoralik yumushig‘a mashg‘ul bo‘lsun. Xudoyorxon zamonida qandoq rasm-qoida bo‘lsa, shundog‘ bo‘lsun. Qirg‘iz, qipchoq xalqi sizlarg‘a buzg‘unchilik solibdur. Sizlar bir katta podshohg‘a o‘zlaringni solmasanglar, xarob bo‘lursizlar. Alvaqt oq podshohdin bo‘lak katta podshoh yo‘q turur’’,-- deb, libos berib javob berdi. ‘‘Joy-joylaring‘a boringlar. Sizlarg‘a mehribonlig‘miz ko‘pdur’’, -- dedi.

Andog‘kim, to‘qson besh yoshqa borg‘on Kaufman guburnotur Mahram qo‘rg‘onida turub, bir necha ahdnoma yozib, shul mazmunda sanduqni xatg‘a to‘ldurub, viloyatlarg‘a yubordi. Andog‘kim, Marg‘inon, Andijon, Shahrixon va Namangon musulmonlari bul ahdnomani o‘qub, musulmonlar bo‘shashib, jangu jadaldin qo‘llarin torttilar ersa, viloyati O‘rusiyaning taxti tasarrufig‘a kirdi.

Ul kecha o‘tti, ertasig‘a mirzolarni jam aylab, xiroj va tanob va zakot va nikohona va tarikonalardin tushadirg‘on pullarni alohida-alohida ro‘yhat qilib oldi va mullalarni chorlab, mudarrislar o‘z joylarida barqaror bo‘lsunlar va ikki qozibob, badiyonat odamni saylab bersunlar,-- dedi ersa, mullalar va boylar jam bo‘lub, bir necha diyonatlik, bainsof mullani qozilikka sa’y qildi, qabul qilmadilar. Loiloj Maxdumxoja kalonkim soqol va mo‘ylabi yulunub ma’zul bo‘lg‘on erdi, qozilikg‘a qabul qildi va yana birig‘a domla Muhammad Yusuf qozikalonning o‘g‘li mulla Mirma’sum qozilikg‘a qabul qildi ersa, libos berib, qozi qildi va yana ertasig‘a boylarni va amin, oqsoqollarni chorlab, ikki mingboshibob odam saylab bering, dedi ersa, mulla Bo‘taaminni va Xo‘jamberdining mingboshi bob deb, saylab berdilar. Bularg‘a sarupo berib, mingboshi aylab chiqardi va Hamrohquli Turg‘oqlikni qo‘rboshi qildi. Qishloqlarni Tursunmuhammad inoq va Xoja Ali inoqg‘a topshurdi. Mulla Hotamboy mirzo va mulla Muhammad Ayub mirzoni bularg‘a hamroh qildi. Bular maslahat birla sarkor va amlokdor qildilar. Qishloqlarni yigirma taqsim qildi. Har to‘pg‘a bir mingboshi va bir qozi va yetti amin va o‘n to‘rt ellikboshi qildi. Xo‘qandning qibla tarafig‘a o‘n mingboshi, o‘n qozi qildi. Bir yil xirojni inoqlar jam qilib, javob berdilar. Yana yilg‘a xirojni mingboshilarg‘a topshurdi. Miqdori to‘rt yil qishloqlarni xirojini jam qilib, yuzdin to‘qsonni urub javob berdilar. Andin so‘ng mirzoyi ahli qalamlarni jam qilib, tanob tortmoqqa buyurdi. Ba’zi ahli saloh mirzo o‘zlarini go‘shag‘a oldilar va ba’zi beparhiz mirzolar qabuli xizmat qildilar. Zanjirchi Russiya birla shahar va qishloq va dashtu biyobon, obod va noobod yerlarg‘a tanob torttilar. Har tanobig‘a uch yarim tangadin miri kam ikki tanga bermakka nomzad qildi. Jam’i besh tanga bir miri bo‘ldi. Obod yerlarni filjumla tanobig‘a yetkurdilar. Xarob yerlar tanobig‘a yetkurolmasdin halok bo‘lub, yerlaridin bezor bo‘ldilar. Daftar qilib mingboshilarg‘a topshurdi va yana har qishloqni tanobini dastxat qilib jam bog‘lab, ellikboshig‘a topshurdi va yana bir necha mirzog‘a o‘rus qo‘shub, havlilarni xatg‘a oldi. Havli ichra necha jon odam bo‘lsa, xatg‘a olib, shumora qilib tunika qoqti. Har do‘kong‘a olti so‘mdin pul soldi va havli puli soldi. To‘rt yillik havli pulini ellikboshilar yig‘ib olib xazinasig‘a berdi va yana zakotni barham urub qizil qog‘az berdi. Boylarg‘a bir tariqa qog‘az berdi. Ko‘p pullarini oldi va do‘kondorlarg‘a va ismi furushandalarg‘a qizil qog‘az berib, olti so‘mdin oldi. Mulla Hotamboy mirzo va mulla Muhammad Ayub mirzoni merosboshi amal berib, Hisor qo‘rg‘onga qo‘ydi. Mingboshilar qatorida vazifa berdi va yana miroblardin ko‘p pul oldilar va bir necha fohishalar har viloyatdin ergashib jam bo‘lg‘on ekan, Jahonoro ustidagi sarbozxonani alarg‘a joy qilib berdi. Har viloyatdin bir necha avboshi va beqoida va bebosh o‘g‘rilar ergashib kelib erdi. Va Xo‘qand ichindagi o‘g‘rilar bosh ko‘tarib jamoat bo‘lub, kechalarda beibo yurub, ba’zi musulmonlarni bosib o‘zini o‘ldurub, harna borini olib kettilar. Bu vajhdin musulmonlar ko‘p halok bo‘ldilar va ba’zi Xo‘qand ichidagi betartiblar Russiyag‘a xizmatkor bo‘lub, o‘zlarig‘a bo‘zcha ot qo‘yub, telpak kiyib, ko‘chalarda ot chopib, samimi qalb birlan xizmatg‘a mashg‘ul bo‘ldilar va ba’zi nomunosib odamlar amin, ellikboshilarg‘a uch yuz so‘m va to‘rt yuz so‘m pora berib, qishloqg‘a qozi bo‘ldilar va ba’zi badiyonat odamlar o‘zini go‘shag‘a oldi va ba’zi beparhiz sharmandalar amin va ellikboshi bo‘lub, musulmonlarg‘a ko‘p javru sitam qildilar. Musulmonlar sabr aylab, xudoga takya qildilar.

Muallifi risola bir necha bayt sarguzashtu zamonadin bayon qilib ayg‘oni:

XODISOTI HUDUSI FARG‘ONA

VOQEOTI VUQU’I BEGONA

Xo‘qand ichra o‘rus kirdi yakboraki,

Musulmonlar shoshib hayron bo‘ldi, do‘stlar.

Tavba aylab, rozi bo‘lub qazosig‘a,

Balosig‘a sobir bo‘lub turdi, do‘stlar.

Ey mo‘minlar, bir necha so‘z bayon aylay,

Russiyaning af’olidin, ayon aylay,

Quloq soling, xoh yaxshi, xoh yamon aylay,

Alomati oxir zamon bo‘ldi, do‘stlar.

Andijondin o‘rus keldi Yakkamulla,

Arobaga ortib, aqcha, tanga, tilla,

Istiqbolg‘a chiqti ul dam xoja, mulla,

Kiyib libos, in’omini oldi, do‘stlar.

Nasriddinxon shoshib chiqti istiqbolg‘a,

Turdiali birla bordi Yakkatolg‘a,

Arobani to‘ldurubon tortuq, molg‘a,

Ko‘rgan zamon Sibir bo‘lub ketti, do‘stlar.

Qipchoq, qirg‘iz mufsidlarni xatg‘a oldi,

Arobaga Oftobachi birla soldi,

Bir jamoa o‘rus anga hamroh bo‘ldi,

‘‘Seychas’’, debon Piterburun ketti, do‘stlar.

Sibir uzra necha muddat yillar qoldi,

Ba’zilari muhlat yetib, Xo‘qand keldi.

Ba’zisig‘a qazo yetib anda o‘ldi,

O‘luklari bejanoza ketti, do‘stlar.

Tuzin ichgan davlatxohlar yo‘ldin ozdi,

Badxoh bo‘lub, xon yo‘lig‘a chohlar qazdi,

Sarpo berib, in’om aylab anga yozdi,

O‘zi qozg‘on chohga o‘zi tushti, do‘stlar.

Payg‘ambar ham ashoblarga hadis aytar,

Kulli yavmin, kulli qavmin dedi badtar,

Kofir kelib din mulkini qildi abtar,

Mo‘minlarni ko‘zi giryon bo‘ldi, do‘stlar.

Zamonikim Xo‘qand ichra o‘rus kirdi,

Xudoyorxon o‘rdasig‘a do‘kon qurdi,

Yurt yaxshisi, xoja, mulla borib ko‘rdi,

Yaxshi so‘zlab, e’zoz-ikrom qildi, do‘stlar.

Yurt yaxshisin siylab anga amal berdi,

Mingboshi, ellikboshi, do‘g‘ma qildi,

Siporishlar birla ‘‘zakun’’ ta’lim berdi,

Sarpo berib, navozishlar qildi, do‘stlar.

Ba’zi mulla rog‘ib bo‘lub amal oldi,

Ba’zilari mufti, a’lam, qozi bo‘ldi,

Ko‘rub, bilib bu ishlarg‘a rozi bo‘ldi,

Tavba denglar, nechuk zamon bo‘ldi, do‘stlar.

Mullalarni ba’zisidin insof ketti,

Qozilikni pora berib sotib oldi,

Ahli tavfiq mullalarg‘a g‘amg‘a soldi,

Ko‘zim yoshlab, dastu duo bo‘ldi, do‘stlar.

Kitob aytur, mulla erur din chirog‘i,

Qog‘oz-qalam, siyohidur din yarog‘i,

Amri ma’ruf nahi munkar din salohi,

Xaloyiqdin insof, tavfiq ketti, do‘stlar.

Xudo bergan har kimsaga bir aziz bosh,

Russiyadan talab qilur ba’zi mingbosh,

Zakun bilib oshno bo‘ldi ko‘z bila qosh,

Puchak pulg‘a xayollarin sotti, do‘stlar.

Ba’zi ellikboshi bo‘ldi, ba’zi do‘g‘ma,

Yuzdin urar to‘qsonini, qilar to‘ma,

Nafs yolig‘a kirganlarg‘a balo bug‘ma,

Kufri zulmat isyonig‘a botti, do‘stlar.

Ba’zi odam telpak kiyib, bo‘zcha bo‘ldi,

Otlar chopib, jonu dilda xizmat qildi,

Har oy ichra bir necha so‘m aqcha oldi.

‘‘Izdiras’’ debon har kun salom qildi, do‘stlar.

Beparhiz mirzolarni yig‘ib oldi,

Shahar, qishloq, mahalladin uy sanadi,

Erkak, zaifa, go‘daklarni xatg‘a oldi.

O‘lganni ham bir-bir daftar qildi, do‘stlar.

Shahar, sahro, bog‘u zamin tanob soldi,

Otasini nomi birla xatga oldi,

Har qishloqni alohida jam ayladi,

Daftar qilib xazinag‘a oldi, do‘stlar.

Har qishloqni pulon qilib qo‘lg‘a berdi,

O‘lfonig‘a zamaskasin hamroh qildi,

O‘lfonidin raiyatlar jondin to‘ydi,

Dehqon xalqi yerdin bezor bo‘ldi, do‘stlar.

Jalablarg‘a joy tayinlab tayyor qildi,

O‘g‘ri, avbosh, qimorbozlar bozor qildi,

O‘g‘ri xalqi mo‘minlarni bezor qildi,

Haddin afzun xijolatga qoldi, do‘stlar.

Xuni nohaq qilg‘onlarni sibir qildi,

O‘g‘ri xalqi qo‘lg‘a tushsa avoq qildi,

Beadabni ketin ochib xipchin urdi,

Zakunig‘a loyiq ishni qildi, do‘stlar.

Mo‘minlarni o‘g‘ri xalqi halok qildi,

Tun kechada bosib, qiynab molin oldi,

Ba’zisini moli birla jonin oldi,

Mo‘minlarni o‘g‘ri g‘orat qildi, do‘stlar.

Ahli saloh mirzo bo‘ldi mirobboshi,

Suv ustidin liboslari, ichgan oshi,

Fikru yodi mirob birla pul kengashi,

Sanduqlari suv pulig‘a to‘ldi, do‘stlar.

Foniy dunyo, joying erur bir gaz vatan,

Gar buyursa, sanga tegar to‘rt gaz kafan,

Buyurmasa to‘ma qilar zog‘u zag‘an,

Andishalar xaloyiqdin ketti, do‘stlar.

Mo‘min kerak tinmay yig‘lab, zikrin qilmoq,

Oxiratni nushasini fikrin qilmoq,

Haq taolo ne’matlarin shukrin qilmoq,

Shukr aylag‘on murodig‘a yetti, do‘stlar.

Russiyalar boy xalqig‘a qildi shafqat,

Halok bo‘lub zahri zaqqum yutti, do‘stlar.

O‘rda ichra masjid bo‘ldi butxonalar,

Boy xalqi ham anga bo‘ldi doim ulfat,

Dehqon xalqi o‘lfonidin tortti kulfat,

Xonu beklar joyi bo‘ldi vayronalar,

Shahzodalar har tarafda sarsonalar,

Begonalar mulkg‘a sohib bo‘ldi, do‘stlar.

Xoja, mulla, shahzodalar bo‘ldilar xor,

Beobro‘lar chandon topti chun e’tibor,

Ko‘tarildi xaloyiqdin nomusu or,

Sultonimni hikmat so‘zi bo‘ldi, do‘stlar.

Er jibosin zaif kiyib shaydo bo‘ldi,

Eru xotun bir-birig‘a savdo qildi,

Farzandlari otasig‘a badxoh bo‘ldi,

Sulton ayg‘on alomatlar bo‘ldi, do‘stlar.

Boshlar bo‘ldi ayog‘, ammo ayog‘lar bosh,

Solxurdalar tilin tortti, so‘zladi yosh,

Ma’rakada to‘r egasi o‘g‘ri, avbosh,

Kun mag‘ribdin tug‘ar vaqti bo‘ldi, do‘stlar.

So‘z egasi qarg‘a bo‘ldi, to‘tilar dam,

Viloyatda ahli tavfiq mo‘minlar kam,

Din ahlini dili g‘amgin, ko‘zi purnam,

Tavba birlan yig‘lab duo qildi, do‘stlar.

Bul dam ketti xaloyiqdin sharmu hayo,

Xoja, mulla, eshonlarni ishi ziyo,

Bul sababdin qabul bo‘lmas qilg‘on duo,

Taomlari harom shubha bo‘ldi, do‘stlar.

Ey mo‘minlar, tavba birla aylang duo,

Ul sarvarim hurmatidin shoyad xudo

Qabul aylab ato qilsa dardg‘a davo.

Taxti dilda duo vaqti bo‘ldi, do‘stlar.

Qismat erur qolu balo ushbu taqdir,

Mirzoolim bu so‘zlarni qildi taqrir,

Hodisoti zamonani bir-bir tahrir,

Xayol aylab qog‘az uzra yozdi, do‘stlar.

Alqissa, siyosat birla o‘rus askari dorus-saltanai Xo‘qandg‘a doxil bo‘lub, hokim va to‘ralar joylanib, saranjom topti. Atrof va jonibdin xotirjam bo‘lub o‘rdaning atrofig‘a imorat qildilar. Abdurahmon oftobachini havlisig‘a hokim joylanib, o‘z rasmu qoidasida o‘ruscha imorat qildi va yana to‘ralari havli va imorat qilib joylandi. O‘rda arkni qibla tarafig‘a to sarbozxonag‘acha imorat qildi. Sarbozxona joyini imorat qilib, mahkam ayladi. O‘rdaning qibla tarafidagi yo‘ldin to soy labig‘acha to‘rt-besh qator o‘ruscha imorat qilib, soyg‘acha yetkurdi. Yollarini tartib birla orasta qildi va har viloyatdin ergashib kelgan oshpaz, nonvoy, baqqol, yemfurush va bedafurush va samovarchilar soyni labidin joy olib va do‘kon ijora olib o‘lturadilar. O‘rus va no‘g‘oy o‘ruscha do‘kon imorat qilib ‘‘labka’’ ot qo‘yub, to‘la mollar solib, labkadorlik qildilar. Buxoro va Samarqand viloyatidagi juhud va hindilar Xo‘qand kelib, havli olib, imorat aylab va do‘kon o‘lturub, yaxshi otlar minib, musulmonni pisand aylamay poymol qildilar. Qissai ko‘tah, atrof viloyatdin begona odamlar kelib jam bo‘ldilar. Kofir, musulmon va musofir, xitoy, qalmoq aralash bo‘lub, mo‘minlar alalxusus, juhud va hindilar otlanib poymol qilg‘onig‘a ko‘p diltang bo‘ldilar. Loiloj sabr aylar erdilar.

Bul bois muxammasi ‘‘Arsh’’ yozildi. Muxammas bu turur:

Ming hamdu sano no‘shada tanho arsh,

Ming shukri xudo ro‘z ila shabho arsh,

Yig‘lab qilayin tavba-tasavho arsh,

Bul turfa zamon mo‘minu tarso arsh,

Solih bila tolih bila ashqo arsh.

Mo‘minni dili xoli emas shubhayu shakdin,

Xavf ila xatar, yaxshiyu yamon ikki malakdin,

Dil tafriqasi shubha ila nonu namakdin,

Ayb aylamangiz shikva qilay charxi falakdin,

Eson bila zokir bila gumroh arsh.

Ming tavba munosib bu zamon turfa zamoni,

El tashladilar yuzlaridin sharmu hayoni,

Farq o‘lmadi mulla, xoja, yaxshi-yamoni,

Noyib, vakil, mufti bila qozikaloni,

Sulhu qasam, tuhmat-da’vo arsh.

Zulmat ichida mo‘min eli rangi samondur,

Din ahlini siynalari tah-batah qondur,

Mo‘ming‘a nishon bilki, hayo birla imondur,

Mo‘min kishig‘a ushbu nishon yaxshi nishondur,

Lekin boshida kulfatu g‘avg‘o arsh.

Fosiqda rivoj o‘ldiki, ul bo‘ldi badandish,

Mo‘min kishini xor ko‘rub oldi o‘zin pesh,

Tahqiru takabbur til ila dilg‘a urar nish,

Poymol o‘lub bo‘ldi musulmon jigari rish,

Otlandi juhud, hindiyu tarso arsh.

Jam o‘ldi satang o‘g‘ri, qimorboz ila avbosh,

Bozoru samovarda qilur fisqni kengosh,

Xor ettu shariatni, musulmon sirini fosh,

Behuda haqorat tilida og‘zig‘adur tosh,

Hofizlik ila nag‘mayu tarallo arsh.

Bir mardi xudo qildi jurm ahlini mone’,

Ul ahli kitob so‘zlarig‘a bo‘lmadi some’,

Zulmatda o‘tub umri aziz behuda zoye’,

Naqqoshi azal qudratidur san’ati soleh,

Masjid bila mayxona, kaliso arsh.

Mazmuni hadis har kun har yavm badtardur,

To‘rning egasi ma’rakada o‘g‘riyu g‘ardir,

Farzandi aziz jumlasi badxohi padardur,

Xotun bila jangu jadal xorisi zardur,

Ham jangu jadal birla mavoso arsh.

Baxil ila saxo tafriqasi xayr ila shardur,

Mo‘min ila kofir hama avlodi bashardur,

Mo‘ming‘a bihisht va’dasi, kofirg‘a saqardur,

Mo‘min ishi tavba bila xavfu xatardur,

Afsusu nadomatda ilollo arsh.

Taqdiri azal lavhida yozg‘on bu qazodur,

Ortuq kam emas rizqi muqaddarki g‘azodur,

Har yaxshi-yamon fe’lg‘a albatta jazodur,

Bil, ushbu tiriklik ravishi to‘yu azodur,

Ham to‘yu musibatda tamosho arsh.

Ey ummati ojiz, ko‘taring dasti duoni,

Taxti dil ila tavba bila navhi navoni,

Ul asrvarimiz hurmatidin olsa baloni,

Shoyadki xudo qilsa ato dardga davoni,

Vasl ila ijobatga xudoyo arsh.

Olimni ishi masxarai bayti g‘azaldur,

Har bayti g‘azal jumlasi taqdiri azaldur,

Oqil kishig‘a shiru shakar, qandu asaldur,

Fahm aylasangiz daf’e savdoyi kasaldur,

Chistoni shabiston, muammo arsh.

G‘AZALLAR

Mardumi Farg‘onag‘a xon bo‘ldi hayf,

Xon dema, balki hama jon bo‘ldi hayf.

Fitnalar jo‘sh urdi behad qildi mavj,

Selidin bu mulk vayron bo‘ldi, hayf.

Xoja, mulla bo‘ldilar xoru zalil,

Yaxshilar bu ishg‘a hayron bo‘ldi, hayf.

Obidu zohid basi bo‘ldi fano,

Qoriyu kurroyu qur’on bo‘ldi hayf.

Ko‘p musulmonlarg‘a tushti tafriqa,

Nechalar yer birla yakson bo‘ldi, hayf.

Necha mo‘min rus mulkida asir,

Bir necha mulki Xuroson bo‘ldi, hayf.

O‘sh mulki haddin, afzun taxti po,

Hazrati taxti Sulaymon bo‘ldi hayf.

Rustoyi bir necha avbosh ila,

Shaharlarni qildi talon, bo‘ldi hayf.

Askari Xo‘qandg‘a hayf tarbiyat,

Jumlasig‘a parchai non bo‘ldi hayf.

Oqibat bu mulk bo‘ldi taxti po,

Ham muzofot kofiriston bo‘ldi, hayf.

O‘ylakim, mo‘min munofiq bo‘ldi farq,

Ul munofiqlarga imon bo‘ldi hayf.

Yo iloho, barchag‘a tavfiq ato,

Qil karam, jumla musulmon bo‘ldi hayf.

Mirzoolimg‘a bo‘lub behad zarar,

Yo iloho, ayla oson, bo‘ldi hayf.

‘ ‘ ‘

Qissai ko‘tah jinsi inson bo‘ldi farq,

Balki xayru shar, ehson bo‘ldi farq.

Zohir o‘ldi fitnai oxir zamon.

Jumla ashyo, jon, bejon bo‘ldi farq.

Qavmi bedin bo‘ldi chun sangi mahak,

E’tiqodu insof adyon bo‘ldi farq.

Xoja, mulla, tojiru muflis, g‘ani,

Kosibi bozor, do‘kon bo‘ldi farq.

Xoinu badbaxt, do‘zdi rohzan,

Xorisu badnafs shayton bo‘ldi farq.

Fosiqu fojir tamomi sho‘rish,

Jinsi fisq, jurmi isyon bo‘ldi farq.

Ko‘cha-ko‘y, shahar, jo‘yu jo‘ybor,

Dashtu sahroyu biyobon bo‘ldi farq.

E’tiqodi mardu zan, yoshu qari,

Balki go‘dak birla sibyon bo‘ldi farq.

Ma’lum o‘ldi jam’i yoru oshno,

Va’dahoyi ahdu paymon bo‘ldi farq.

Yo iloho, ayla tavfiqing karam,

E’tiqodi jumla inson bo‘ldi farq.

Mirzoolim, sen etak chek xalqdin,

E’tiqodi xalfa, eshon bo‘ldi farq.

Alqissa, vaqtikim shahzoda Nasriddinxoni navjavonning batariqan sibir bir necha russiyalar o‘rtag‘a olib, arobaga solib, sur’ati tamom birlan Toshkand olib bordilar. Bir-ikki kun to‘xtab, bir necha lozim nimarsalarni olib, andin Piterburg‘ viloyatig‘a oq podshohning oldig‘a ravona bo‘ldilar. Bir necha o‘ruslar arobag‘a solib, o‘rtag‘a olib, shitobu itob birla ravona bo‘ldi va bir necha kun mehnatu mashaqqat tortib va bir necha manzil va marohil tay qilib, Piterburg‘ viloyatig‘a borib, oq podshohg‘a ko‘runish qildilar ersa oq podshoh ko‘p e’zozu ikrom qilib jondor amal berdi. Vazifa va joyi oliy tayin qildi va bir necha kun anda istiqomat qildilar. Kundin-kung‘a e’zozu ikromi ziyoda bo‘ldi ersa, Kofman nomlik yarim podshoh arza qilib Nasriddinxonni oq podshohdin talab qilibdur. Oq podshoh arzasi mazmunidin mutalle’ bo‘lub, darhol Nasridding‘a mehribonlik aylab, obro‘yi tamom birlan Toshkandg‘a yubordi. Shahzodai navjavon haddin afzun obro‘ topib, e’timodlik kofir to‘ralar birla yo‘lg‘a ravona bo‘lub, bir necha manzil tay qilib, sihat va salomat, g‘onim va solimToshkandg‘a doxil bo‘lub, Kofman yarim podshoh otaxonini ko‘rdi ersa, xush va xursand bo‘lub, ko‘p izzat va ikrom aylab, vazifa ta’yin qilib, joyi oliy va makoni pokiza ta’yinlab, sarupoyi oliy berib uzatti. Sahzodai navjavon ukalari birla topishib, boshlashib, onalarini ko‘rdilar. Ko‘rushub, yig‘lashib, topishib, xudovandi karimg‘a shukri sano aylab, bir necha vaqt istirohat toptilar va bir necha zamondin so‘ng shahzodai Nasriddin yakbora margi mufojotg‘a mubtalo bo‘lub, taqdiri ilohiy birlan foniy dunyodin boqiy olamga rixlat qildi. Jamoat bo‘lub, obro‘yi tamom birla dafn ayladilar va bir necha zamondin so‘ng shahzoda Nasrulloh mullaqabi O‘rmonbek kamoli fatonat va zakoatdin sil kasalig‘a mubtalo bo‘lib erdi, taqdiri ilohiy, hukmi lamyazaliy birlan yakbora olami foniydin boqiy olamg‘a xiromida qildi. Yurt yaxshilari, qavmi qarindoshlar jamoati ko‘p kamokona obro‘yi tamom birlan dafn ayladilar...