Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Tarixi jahonnamoyi

Description

Автор: Джунайд Мулла Аваз Мухаммед ибн Мулла Рузи Мухаммед Суфий Аттар.

Название: Tarixi jahonnamoyi.

Источник:

Язык: узбекский

Categories

Абдумалик тюря Администрация Ак-мечеть Аллаярбек парваначи Алма-ата Андижан Аулие-ата Бахадурхан тюря Касани Бек Мухаммед кипчак Бухара Военное дело Географические названия Губернатор Дальварзин Дешти-кипчак Джиззак Император История Казак Канибадам Карши Катта-Курган Кауфман Кафир Кипчак Киргиз Конфессиональные группы Мангит Мирза Ахмед Мирза Ахмед дастурханчи Мирза Давлат Мирза ибн Норказы дадхах Музаффар-хан Мулла Алимкули Мухаммед Аюбби Мухаммед Назарбек парваначи Нияз Али дадхах Нор Мухаммед кушбеги Оренбург Оценка Ош Падишах Политика Правительство Профессиональные группы Пуладбей киргиз Религия Россия Русские слова Русский Садык Самарканд Самооценка Саримсак дадхах Связи Султан Сеид-хан Ташкент Торговец Туркестан Узбек Фергана Хан Ходжент Худайкулбек ибн Максудбек Худояр-хан Чаткал Чимкент Чимъян Чиракчи Чирчик Шарабхана Шахрисябз Шерали Гулям Эмир Эмир Тимур Этнические и племенные группы Якуббек Гулям Яссы

Editor

B.S.

Text

…Turkistonda bo‘lgan dahshatli hodisa va noxush voqealardan keyin janobi sohibqiron (Sulton Saidxon) ning behisob lashkar ila qilg‘on harakat va junbushlari, hazrati Avliyoota fuqarosining shahidligi, o‘rus kofirlarining bedodligi va ularga (Aliquli) amirlashkarning xatmu zafar bilan bergan tanbehi haqida so‘z.

…Sichqon yili – 1281 yil zu-l-hijja izzihu oyi o‘rus kofirlar beadablik ila Olma-Ota mavzeidan hayosizlikning toshloq biyoboniga bemurodlik qadamlarini quyub, Marka qal’asiga yaqinlashdilar. Bu qal’a Toshkand viloyati tasarrufida edi. Qal’a aholisi bu holdan ogoh bo‘lib, xammalari birlashib, Saddi Iskandardek himoyaga turdilar. Ular ichlari qora kofirlar daf’iga fursat poylab muntazir bo‘ldilar. Ahli kuffor (kofirlar) musulmonlar jur’atini yaxshiroq ko‘rib bildilarkim: qal’ani zabd etish ular uchun juda ham mushkuldur, hatto qal’aga yaqinlashishning iloji yo‘qdir. Shunda o‘ruslar pastkash va dag‘al kishilarga xos bo‘lgan makru hiyladan foydalandilar. Ularga yer tagini kovlash ishi osonroq va go‘yo dardlariga malhamdek ko‘rindi. Tez fursatda ular qal’a darvozasi tagidan chuqur qazib, ichini har xil dorivor ila to‘ldirib, kechasi jahonsuz otash bilan yoqib yubordilar. Xiyonatkor kishilar doimo shunday qiladilar. Olov shu’lasi tez fursatda manziliga yetib, shunday portladiki, qal’a darvozasini o‘z joyidan devori ila ko‘tarib tashladi va uni yer bilan yakson etdi.

Qal’a aholisi buni ko‘rib, ba’zilari amonat jonini g‘animat bilib, tun qorong‘isidan foydalanib qochib ketdilar. Ba’zilari esa jangga kirib zolimlar qo‘lig‘a tushdilar. (O‘ruslar) shu dahshatli voqeadan so‘ng qal’a imoratlarini yer bilan yakson qilib, hamma odamlarini olib, Turkiston tomonga Mirzo Davlat xizmatiga ketdi. Shahar o‘z hokimidan ayrildi. Farangi kofirlar (o‘ruslar) qo‘rqmasdan qal’a qamalini boshladilar. Ular to‘rt tomondan shahar ichini to‘pga tutdilar. Viloyat fuqarosi har bir ko‘cha va bozorlarda g‘ayrat va jur’atni o‘zlariga qalqon etib, shahar darvozasidan chiqib, ul lain kofirlar ila qattiq urush qildi. Bu ham natija bermadi va ular chekinib, qal’a ichciga yashirindilar.

Shaqovat ahli fuqaroni o‘zlariga noloyiq ko‘rdi va ularning jur’atini oshib, qal’a devorlarini to‘pga tutgan holda darvozaga yaqin keldilar. Aldab, tutun bosishidan foydalanib, tezda bitta to‘pni ichkariga olib kirishdi. Fuqaro o‘z ahlu ayolini g‘ayrat ila mudofaa qildi, uch kecha-kunduz ko‘cha va bozorlarda turub, xotun va bolalari bilan og‘ir jang olib bordilar. Bunday urush hali biron bir podshoh davridabo‘lmagan edi. (Avliyootaliklar) Chimkent yo‘liga intizorlik bilan ko‘z tikib, Toshkent hokimi Nor Muhammad qo‘shbegidan madad va yordam kutar edilar.

Bu nomard (Nor Muhammad qo‘shbegi) ikki oydan beri Chimkentda makon tutgan edi va hamma voqeani bilib turib bechoralarga biron madad bermadi. Olloh taolo amiri kabir umrini uzun va davlatini fuzun aylasinki, unga yaxshi tanbih berib olamga ibrat qilib ko‘rsatdi.

Nihoyat, fuqaroning ahvoli tang bo‘lib, omonlik berishni so‘radilar. Kofirlar bundan habar topib, qatlni to‘xtatdilar, yarashish rejasini tuzib, sulhga rozi bo‘ldilar.

Ikki tomon ham o‘z o‘liklarini jang maydonidan chiqarib, o‘z oyin va dinlariga ko‘ra dafn qildilar. Musulmon aholisidan shul urushda bir mingu olti yuz erkak va ayol, kattayu-kichik shahidlikdarajasiga loyiq bo‘ldi. Kofir maqtullar qurbonining soni bu hisobga kirmaydi.

Bu voqealar yuz berayotgan vaqtda bir necha ming o‘rus va ko‘pgina qazoq (kazak) sarbozlari Oqmasjiddan (keyingi) Yassi, ya’ni Turkiston shahrini muhosara (qamal) qila boshladilar. Bu yerning hokimi Mirzo Davlat shijoat va mardlik namunasini ko‘rsatdi, o‘z lashkari bilan kofirlar urdusiga qarshi chiqib, og‘ir jang boshladi va shaharga qaytmoqchi bo‘ldi. Ammo (Mirzo Davlat) kelib ko‘rsa, viloyatning qallob, kasofat va buzg‘unchi kishilaroldindan o‘ruslarga sotilib, ularning xizmatlarida yurgan ekanlar. Ular viloyatni kofirlarga taqdim qilib, shahar darvozasini musulmonlarga ochmadilar. Ular qal’a devorlarini teshib,kofirlarni shahargaqo‘ygan ekanlar. (Mirzo Davlat o‘z sarbozlari bilan) bu xiyonat xabarini eshitib, afsusu nadomat qilib o‘z joyiga qaytdi. Ular kechani bir nav’ o‘tkazib, erta bilan Toshkent viloyatiga yo‘l oldilar. Yo‘l-yo‘lakay Chimkentga kirib, mazkur Nor Muhammadni ko‘rdilar.bu xabarlar va shu mojarolar janobi amir Sulton Saidxonga tez-tez yetkazib turdilar. Bundan sohibqiron ruhida g‘ayrat, shijoat va mardlik qaynab ketib, sipohlik anjom va asboblarini tayorlab, urushga otlandi. (Xon) sa’yi balig‘ (ulug‘ harakatlar) ko‘rsatib, viloyatning har tomoniga, muzofot sarkardalariga, qasaba sardorlariga marg‘ub inoyatnomalar jo‘natib, qo‘shin jamlashga kirishdi.

AMIR SAID SOHIBQIRONNI O‘RUSLARGA QARSHI

QILG‘ON YURISHI VA MALIKI MUSTA’ON INOYATI ILA

FATHU ZAFAR TOPG‘ONI HAQIDA

Janobi sohibqiron (Sulton Said xon) subhon (olloh) inoyati va xudo muruvvati nurlari ila komronlik masnadi va shodmonlik davlatiga suyanib, barqaror va osoyishta edi. Adolat nurlari va inoyat partavi odamlar yuzida va ra’iyat hayotida ko‘rinardi. Janobi humoyun xotiralari mamlakat xarobaligi va unga yetkazayotgan halallarni isloh qilish yo‘liga tushdi. Bu tinch viloyatning xosu omiga davr hodisalari ko‘p jafolar yetkazardi. U kishi zulm va taaddini yo‘qotib, keyin osoyishtalik ila hukm surmoqchi edi. Zamona hodisalarining qazosidan va nogahonlik alomatlaridan shul tarix safar oyining o‘rtasida ketme-ket janobi sohibqironga dahshatli xabarlar kela boshladikim, o‘ruslar lashkari har tomondan kelib, bir qism Marka, Avliyoota qal’alari, yana bir firqasi esa Turkiston fathiga azm qilib, fitna otiga minib, ahli davlat ko‘zlariga dushmanlik va xarobachilik changini sepibdurlar. Yana bul nobakor kishilar (o‘ruslar)ning boshida Chimkent va Toshkandni olish fikri paydo bo‘layotgan emish. Umidimiz shulkim, a’lo hazrat shijoat bayrog‘i ila bu diyorga kelib, yongan bu olovni mardlik suvi bilan o‘chiradilar, bo‘lmasa (toqatimiz toq bo‘lib) “pichoq suyaklarimizga yetadi”. Qit’a (mazmuni):

Agar shoh shamshirining kuchi bo‘lmasa,

Shaharda har xil sho‘ru bolalar bo‘lar.

Kimki yaxshini yomondan ajrata olmasa,

Har fitna qo‘lidan kelsa qilar.

Bizning iltijoimiz shuldurkim, janobi sohibqiron biz tomonga tez harakat qilib, zafar bayrog‘uni ko‘tarsunlar. Bayt:

Xalqni kuyduradigan olovni

O‘chirmasdan boshqa iloj yo‘q.

Bu xabarni eshitib hazrati sohibqiron harakat qilishga azm etdi va hamma qasaba, viloyatlarga farmon va inoyatnomalar jo‘natib, islom dini orqali ta’kid va tahdid ko‘rsatib, qo‘shin yig‘ishga kirishdi. Xon farmonini eshitib har tomondan jasur askarlar va botir sarbozlar to‘plashib keldilar. Ularning sanog‘i falak yulduzlaridan ham ko‘p edi. Hisobdon oqilu olimlar sipoh miqdorining ko‘pligidan hayratda edilar.

Necha-necha manzillardan o‘tib janobi xon (lashkari ila) Toshkandga kelib, istiqomat rejasini tuzdi. Bir necha muddatdan keyin qolgan qo‘shin ham yetib keldi. Safar anjomlarining kamchiligini to‘ldirib, asta-sekin Raxshsifat samand jilovini maqsad tomon tortdilar…

…Manzillar va mahallalarni kezib (xon) Sharobxona mavzeiga yetib keldi va baxt xaymasini johu jalol va shavkat ila falak avjiga urdi va shu erni manzil qildi. Tun vaqti istirohat chog‘da Toshkand viloyati urug‘laridan bo‘lmish Niyoz Ali chaqqon kelib shunday habar berdi: “O‘rus kofirlar Chimkent viloyatiga ikki tomondan yaqinlashib, shaharga yarim farsax qolganda to‘xtaganlar. Davlat arkonlari va maslahat sohiblari janobning ijozatisiz jangga kirmasdan sizning tashrifingizni kutub turibdilar. Omonsiz jangga (kelib) kirishlarini talab qilamiz”. Bu xabarni eshitgach, (Sulton Said xon) Mulla Alimqulni sardor aylab, uni kuffor jangiga jo‘natdi. Mulla Alimqul kech tunda ko‘chib, himmat raxshini maqsud yo‘liga haydadi. Sur’at bilan yo‘llarni tay etib, quyosh chiqayotgan payti Chimkentdan o‘tib, muddaosiga yetib to‘xtadi. U bosharaf kishilardan maslahat so‘radi. Ular, bor kuch-qudratimiz bilan dinimiz dushmanlariga qarshi urushaylik va zarba beraylik, shoyadki kofirlarga kimligimizni ko‘rsataylik, degan qarorga kelishdi.

Shu payt Alimqul sardorni hujum qilish xabari dushman qulog‘iga yetib, o‘zlarini yo‘qotib, vahimaga tushib, Oqmasjid va Turkiston kofirlarining oldingi manzilgohi bo‘lgan joyida nusratasar lashkarning yo‘lini Saddi Iskandardek to‘sdilar. Ular atroflarida chuqur bir xandaq kavlab, hamma g‘alla ortilgan arava, otu tuyalari, asbobu ashyolari bilan mahkam o‘rab olib, yo‘lda qolib ketgan g/ariblarga o‘xshab turdilar.

Mulla Alimqul eshikog‘asi qo‘liga zafar jilovini olib, iqbol ostonasiga qadam qo‘ydi, sharafi esa osmon avjiga yetib, fathu zafar uchun askarlarga ishorat qildi…

Ikki tomondan ham harb nog‘orasi va urush nayi chalindi. Musulmonlar tantanasi fazoda aks sado berardi. Dovul sadosi, yoshu qari faryodi arshdagi malak qulog‘ini (ham) kar qildi.

G‘azabnok suvoriylar va shiddatkor yigitlar dushman tomon hamla qildilar. Omonlik tovusi oromini yo‘qotib, zog‘ga o‘xshab bir chekkada turardi. Ajal lochini urush maydonida parvoz qilib, ruh qushini sayd etardi. Qatl olovi shunday yonib ketdiki, osmon toqiga yetardi, urush shu’lasini ta’siri shunday ediki, uning nuri falakni yoritardi. Dilovar askarlar o‘z jonlaridan kechib, shirin hayotni unutib, bahordagi chaqmoq qamishzorga urgandek, kurashga tashlandilar. Xususan ahli islom kofirlarni qattiq jazoladilar, ularni jilo tig‘i bilan urib, shijoat o‘qini otib, boshlarini tanalaridan judo qilib tashladilar…

Ko‘p kushoyishlardan so‘ng zafar nasimi olloh inoyati ila musulmonlar tomoniga esdi, kofirlar boshiga badbaxtlik tuprog‘ini hovuchlab sepdi va ularni sharmanda qildi. O‘ruslar tez orada omonlik so‘rab, musulmonlar oldida tiz cho‘kib bosh qo‘ydilar. Imonli va farosatli musulmonlar ularga ozodlik berib, zafarpaykar otlarini chodirlari tomon surdilar.

Shu kunning ertasida firo‘zlik xusravi bo‘lmish quyosh o‘zining jahontob va zarnigor bayrog‘ini osmon qal’asida zarfishon o‘qlari bilan habash sipohi – qora tun qo‘shinini parishon qilgan payt… ko‘p o‘rus kofirlar boshyalang, kulohlarini qo‘lga olib, qo‘rqib, uzr so‘rash uchun Alimqul sardor qo‘liga keldilar. Sovg‘a-salomlarini tortiq etib, dushmanlik va adovat ruhidagi kalimalarni unutib, ular o‘z maqsadlarini bayon qilishdi. Ikki tomon ham sulhga rozi bo‘lishdi. Musulmonlar sulh vasiqasiga imzo qo‘yub, (o‘ruslardan) ikki lak miqdorida Rossiya tillosida pul talab qilishdi, bu esa Xo‘qandi latifning 225 ming bir misqolli ashrafiysiga teng edi. Ular Turkiston viloyatini ham qaytarib berishga rozi bo‘lishdi. (O‘ruslar) ruxsat olib, o‘z qo‘shlariga qaytib ketishdi…

Mulla Alimqul sardor bu farahbaxsh xabarlarni hamma viloyat va muzofotlarga tarqatib chiqdi. Sag‘iru kabir va g‘aniyu sharif hamma joyda bir hafta xursandchilik qilib, bir-birlariga suyunchi berardilar. Nusratshior musulmonlar o‘z ishlarida vaqtda kofirlarning bir necha ming nafari bir-biridan bexabar Chimkent mavzeiga yaqinlashib, xavfsirab, ko‘rsichqonlar kabi baxillar qabriga o‘xshagan chuqur va qorong‘u joylarga (okoplarga – Sh. V.) kirib ketdilar.

Bu voqealar tafsiloti janobi sohibqiron (Sulton Said xon)ga ma’lum bo‘ldi va u huzuriga o‘zining ahli davlat va ahli qonunini yig‘ib, maslahat soldi. Martabali amirlar kayvon dargohida tillaridan purgavhar so‘zlar sochib aytdilarkim: “Hozir dushmanga hujum qilib bo‘lmaydi. Ularni to‘rt tomondan muhosara (qamal) qilish kerak. Muhosara qancha cho‘zilsa, shuncha foydalidir. Chunki kundan-kunga ularning oziq-ovqati tamom bo‘ladi, islom lashkarining kuchi bo‘lsa ko‘payadi”. Bu fikrlar davlat umarosiga ma’qul bo‘lib,har bir sarkarda o‘z qo‘shini bilan dushman atrofini pargoldek qamab, (ulardan) boxabar bo‘lib turdilar.

Safar oyining yigirma ikkinchisi kunida bir necha ming kofir o‘z “go‘rxona”laridan to‘satdan chiqib, islom lashkarini pisand qilmasdan ulardan to‘pu to‘fangdan o‘q otib, Chimkent qal’asi tomon yo‘lga tushdilar. Kamozi taligacha yetib kelib, shu yerdan shahar qal’asini to‘pga tutip, shunday urush boshladilarkim (ko‘rgan) odamning jur’ati vahimaga tushib, hayratdan gung va lol bo‘ldi.

Mulla Alimqul sardor janoblari har bir pahlavon guruhini har joyga tayinlab, Mingboy qo‘shbegini o‘zining orqasiga joylashtiradi. Mulla Alimqul eshikog‘asining o‘zi bir necha (dushman) bilan urushardi…

Kuffor sipohi (umid o‘qi o‘rniga) to‘pu to‘fanga zo‘r berardi, musulmon lashkari esa ginayu adovatdan o‘qlarini zaharlab kurashardi. Bu zarbalardan qo‘rqqan kofirlar simobga o‘xshab xar tomonga oqib ketardilar va kabutarlarga o‘xshab o‘z jonlarini asrash harakatiga tushardilar…

Alqissa, ikki tomon ham shu hatarli hamda xavfli joyda matonat va sabot ila bir-birlari bilan qattiq olishdi. Farg‘ona qo‘shini ertadan kechgacha muhoraba qildi. Shuning uchun falak toqidagi malak shohodat qo‘lini hayrat tishi bilan tishlab, shu urshni maqtardi… oxirda zafar shamoli Farg‘ona tomon esdi va kofirlar tor-mor bo‘lib, qochishga ixtiyor qildilar… (Ular) bevafolik tuprog‘ini muruvvat ko‘ziga tashlab, (Rossiya) saltanati obro‘yini fano bodi (shamoli)ga berdilar. Nazm (mazmuni):

Biri qo‘lidan murod jilovini berdi,

Yana biri havas oti tepasidan tushib ketdi.

Boshqasi o‘qdonini yo‘qotip behol bo‘ldi,

Biri qanotsiz qushdek ucholmay qoldi.

Dushman sipohi qochib orqaga qaytishni ixtiyor etdi… ko‘p kishi ul otashafro‘s tig‘ tobidan, paykon shu’lasidan va jonso‘z o‘qdan jangda o‘lib, zog‘u itlarga yem bo‘ldi. Nusratshior askarlar qo‘liga urush asboblari va urush aslahalari ko‘p g‘animat tushdi.

Ahli kufforning bir firqasi Turkiston tomonga, boshqasi Avliyoota tarafga ketdilar. Musulmonlarning bir guruhi qochoqlar orqasidan quvib, sheru yo‘lbarsdek hamla qilib, (o‘ruslarni) taqib etib ketdi va bir manzil ular bilan urushib-urushib chekindilar.

Shu asnoda bir o‘q kofirlar tomonidan otildi va shijoat jangalining sheri, yagona va farzona, ul dilovar va rustamzoda, mard, jasur lashkarboshi Mingboy qo‘shbegi bahodir qipchoq bilagiga tegdi. Shu zahmdan keyin butun qo‘shin o‘z manziliga qaytdi. Kofirlar musulmonlar qo‘lidan butkul ozod bo‘ldilar.

Mingboy ikki kun rohat to‘shagida yotip, uchinchi kun shahodat darajasiga yetib, jannat tomon yo‘l oldi.

Shundan keyin janobi sohibqiron fathu zafardan ollohga shukurlar qilib, nusratshior lashkarni joy-joylariga qo‘yib, Chimkent qal’asi devorini yangitdan bino etdi. Endi (bu qal’a) Saddi Iskandari zul-qarnayidan darak berardi.

Viloyat qal’asi qurilishidan keyin Chimkent va Toshkandni Mirzo Ahmad degan bir parvonachiga taqdim qilib, bir guruh ilg‘or chegarachi merganlarni ko‘mak (hamda qal’ani muatahkamlash) uchun qoldirdi.

Sartiya, qirg‘iziya va boshqalar orasidan sohibqironga xiyonat qilganlarni jazolab, (Alimqul) zang bosgan xotirasiga sayqal berib, musaffo qildi va ko‘ngli joyiga tushdi. Hamda Sulton Mahmud xon to‘ra, Ulug‘jon to‘ra, lashkar boshliqlaridan Nor Muhammad qo‘shbegi Muhammad Nazarbek parvonachi, Niyoz Ali dodxoh ponsodboshi shahodat darajasiga ko‘tarildi. (Qatl qilindi – Sh. V.)

Shundan so‘ng Alimqul sardor azamat jilovini Toshkand tomon tortib, yo‘l bosib Toshkand viloyatiga kirdi va Sulton Said xon ostonasini o‘pishga muyassar bo‘ldi. O‘n kun ichida bu erni makon va istirohat uchun manzil qildi. Bir necha vaqtdan so‘ng Sulton Said xon azamat jilovini Xo‘qondi latif tomoniga ma’tuf qilib, yo‘l oldi. Dashtu sahro va manzilu marohilni o‘tib, 15-ravi ul-avval, jum’a kuni (1281 yil) manzilgohi bo‘lgan o‘rdaga kirib kelib, xusravona taxtga xursandli va xushbaxtlik ila chiqdi.

Viloyat ra’iyasi va aholisi hukmdorning adlu insofi ila forig‘bollikda yashardilar. Shu muqaddimadan keyin bu musavvada musannifi (ya’ni muallif – Sh. V.) sohibqiron fathu zafari haqida bir munosib tarix aytdi…

O‘RUS KOFIRLARGA QARSHI IKKINCHI YURISHGA

SOHIBQIRONNING FARMON (BERISHI) VA IQON

MAVZEIGAKELIB KUFFOR BILAN QILG‘ON

URUSHI HAQIDA

Janob sohibqiron (Sulton Said xon) davlati azmga (Xo‘qndga) qaytdilar. Shum kofirlar mahzul va marhum bo‘lib Avliyootaga keldilar. Bir necha kun osotishtalik bilan harb olt-asbobini yangitdan taxlab, vaqtni g‘animat bilib yana Chimkent irodasini qilib, Chimkent qal’asiga yaqinlashib qoldilar.

Kofirlarning dabdabali tarzda kelayotgani haqida xabar Mirzo Ahmad qushbegiga ma’lum bo‘ldi. Mirzo Ahmad – zog‘ kaklik raftoriga taqlid qilib, ertasi bexisob lashkar ila kofirlarning yo‘lini Saddi Iskandardek olish uchun Chimkent qal’asidan xiromon chiqdi… (Ular) tez kofirlarning makoniga kelib, raqibga qarshi muqobil saflandilar. Kofirlar bundan xabar topdi, ammo ular shuni biladilarki, nobakor Mirzo Ahmad qushbegi kurashiga bel bog‘lagan bo‘lsa ham aslida u xo‘roz emas, makiyonidir. Kofirlarning g‘ayrati qaynab, xavfli va xatarli ahvolda o‘zlarini yo‘qotmasdan to‘pu tufanglari ila urushga kirishdilar.

Ikki tomon ham sa’yi harakat ila kamoli pahlavonlik ko‘rsatib, sabtu qaror qadamini bosib, bir-birlari bilan jang qildilar. Oqibatda xuda amri ila kofirlarning qo‘li baland keldi va musulmonlar orqaga chekinishga majbur bo‘lib, Chimkent sari yo‘l oldilar.

Mirzo Ahmad shu yerning sipohsolari bo‘laturib, jur’atsizlik va qo‘rqoqlik qildi. Chimkent qal’asida panoh topmay, Toshkandga qaytdi.

Piyoda islom askarlari imkon qadar kofirlarga qarshi kurashib, murosizlikdan tushkunlikka tushgan holda nobakorlar o‘qidan halok bo‘laverdilar. Ular (o‘ruslar) 1281 yil jimod ul-avval oyining uchinchisida, seshanba kuni Chimkent qal’asiga kirib, behisobbedodlik va yovuzlikni musulmon ahliga ravo ko‘rdilarkim, bu ishlarga aql bovar qilmaydi.

Ba’zi shohidlarning guvohligiga qaraganda, o‘ruslar urushdan so‘ng shahid bo‘lgan musulmonlarning jasadlarini sanab chiqqan ekanlar. Aytishlaricha, kattayu kichik, erkak va ayollardan 1376 kishi maqtul bo‘lgan. Sipohning hamma asbob-aslahasi, bir qancha g‘alla to‘la ombor kofirlar qo‘liga o‘tdi. Yana ular vaqtni boy bermay, qochoqlarni ta’qib etib, Toshkand viloyatiga yetib kelib, Toshkand qal’asini qamal qilishdi. Bir necha kun dam olishgandan so‘ng shaharga yaqinlashib, shunday yovuz bosqinchilik qilishdiki, odamzod aqli kofirlarning bunday jur’atiga hayron qoldi.

Ba’zi qo‘rqoqlar qochib qoldilar, shijoatli kishilar esa hoziru nozir bo‘lib, kofirlarning boshiga to‘pu tufanglardan jaladek o‘q yog‘dirdilar va askar kofirlarni yer bilan yakson qilib, ming azobu mashaqqat ila o‘z qo‘shlariga qaytdilar.

Shu voqealar ichida janobi sohibqironning kelish xabari ma’lum bo‘ldi. Kofirlar (o‘z joylariga) qaytib ketishdi. Toshkandliklar bu fathu zafarni eshitib, janobi sohibqironga behisob lashkar bilan bir nechakofirning boshini hadya va sovg‘a sifatida jo‘natdilar. 19-jumodul-avval, chahorshanba kunida bu bashoratli xabar ul xosiyatsiz boshlar bilan birga Xo‘qandi latifga keldi.

Kabiru sag‘ir, fuqarolaqr bir necha kun xursandchilik qildilar. Ketma-ket kelayotgan sovuq xabarlarni eshitib toqati toq bo‘lgan sohibqiron viloyatning har tomoniga mag‘rub nomalar yuborib, o‘zi bir necha kishi bilan o‘n to‘rtinchijumod-ul-avval kuni tezda Toshkandga yetib keldi. Kofirlarning ketganini bilib, Toshkandni o‘ziga maskan qildi. Qo‘shin ahli ham birma-bir sohibqiron huzuriga kelib qo‘shildilar. Kofirlar sohibqirondan qo‘rqib, Chimkent qal’asiga kirib yashirindilar.

Shunday qilib, qish ahm kirdi. Kundan kunga havo sovib, qoru yomg‘ir yog‘ib, yer yaxlab, qorning balandligi otu tuyaning ko‘kragiga tegadigan bo‘ldi. “Tuf desangiz muzlaydigan” havoda janob sohibqironning g‘ayrati tushib, lashkar safidan 12 ming yosh yigitni tanlab, ularga Mulla Alimqulni sardor qildi va rajab oyining o‘n to‘rtinchisi, dushanba kunida Turkistonga kofirlarga qarshi jangga borishlarini buyurdi.

Shu vaqt havoning sovuqligidan his va harakat ruhi badandan soqit bo‘lib, nafas tanadan xuddi po‘st tashlaydigan ilonga o‘xshab zo‘rg‘a chiqardi. Ayniqsa, Toshkanddan chiqib Qayrag‘och mavzeiga yetib kelgan kun tunda shunday shamol ko‘tarildiki, Od qavmini yo‘q qiladigan to‘finga o‘xshardi… (Musulmonlar)dan bir necha nafarining oyoq-qo‘lini sovuq urdi, ba’zilarni yuzlari, ko‘zlari muzladi, ba’zi kishilar esa aqldan ozib safdan chiqdilar. Bir g‘aroyib ahvol yuz berdi. Lashkar tez sur’atlar bilan harakat qilib Chulek mavzeiga keldi. Odamlar manzil qilgan shu joyda kofirlar ham kichik qo‘rg‘on bino etib, bir dasta sarbozlarini himoya uchun qoldirgan ekanlar. Shu qavmdan qariyb 50 kishini o‘ldirib, xotirlarni toza va musaffo qilib, Iqon qal’asi oldida qo‘sh urdilar. Chun zim-ziyo tun qop-qora mag‘ribga g‘arq bo‘ldi va zarnigor oftob maliki jabbor amri ila mashriqdan chiqdi, qal’ada g‘aflat uyqusida qolgan odamlar devorlardan qarab, istirohat qilayotgan bir olam nusratasar askarlarni ko‘rdilar. Ular vaziyat qanchalik og‘irligini bilib, dushmanni ushlashdan boshqa chora yo‘qligini fahmladilar. Qal’adagilar bir necha xiyonatkorni bog‘lab, uzur so‘ratish uchun janobi sulton Said xon xizmatiga (huzuriga) olib keldilar. Ularning har biri o‘z qilmishlariga yarasha xoqon marhamatiga sazovor bo‘ldi. Janobi oliy farmoyishlar ila bandilarning aksariyatini asfoli jahannamga jo‘natib, shu kuni dam olmoqqaazm etti…

Namozi asr va shom vaqti orasida ketma-ket shunday xabar keldikim, bir necha yuz o‘rus kofirlari dabdaba bilan yaqinlashib kelmoqdalar. Bu xabarni eshitib, sohibqironning g‘aflat uyqusi boshidan uchdi. Mardlik g‘ayrati uning hamma payu suyaklarida harakatga kelib, ahli lashkarini qurollantirib, kofirlar yo‘lini to‘sish uchun jo‘natdi. Sarbozlar dushman yo‘lini har tomonlama bosib oldilar. Qoru muz otlarning ko‘kragiga tegar, havo sovuqligi esa ifrot haddiga yetardi. Shu kechani sarbozlar ot ustida o‘tkazdilar, ularning ko‘pchiligini sovuq urdi. Kofirlar esa o‘zlari kovlagan xandaqlarga kirib, yuz ming ranju azob ila kechani kunduz qildilar.

Quyosh maliki farhang amri ila mashriqdan bosh chiqarib, qorong‘u zulmatni yorutdi. Islom lashkarining g‘oziylari to‘rt tomondan kofirlarga qarata o‘q yomg‘irini yog‘dirdilar. Yosh pahlavon yigitlar otlarga minib, har tarafga chopib ketdilar, kofirlar esa vahimaga tushib, ularni o‘zlariga yaqin yo‘latmasdilar, shunday qilib kechgacha jang qilsalar-da, hech bir natijaga erisholmadilar. Kofirlar tog‘dek mustahkam edilar. Aqlli odamlar o‘z rasmu oyinlariga qarab, maslahat qilib, hiyla yo‘lini tuttilar. Ular bir kecha-kunduzdan keyin har xil narsalar – namat, daraxt shoxlari, qoru muzdan qorabuyra yasab, uni oldilariga qo‘yib, yumalatib kofirlar mavzeiga yaqinlashdilar. Ularning orqasidan panalap kelgan navkarlar to‘satdan dushmanga hujum qilib, kofirlarni parishon holida nobud etdilar…

Battollardan o‘ttiz-qirq kishi ot va tuyalarga minib, Turkiston sai qochishga tushdi. Mard sarbozlar bundan xabardor bo‘lib, ularga yetib olib, aqlsiz kofirlarni miltiq bilan otib o‘ldirishdi. Ming xil hiyla va nayrang bilan shu qavmdan 3-4 nafari qutulib, Turkiston qal’asiga yetib bordilar. Sohibqiron (Sulton Said xon)ning kelishi ul razil qavmga ma’lum va oshkor bo‘ldi. Turkiston qal’asining darvozasini uch kun ochmasdan ular kechayu kunduz hozir va nozir turdilar.

Janobi sohibqiron fathu zafardan keyin Turkiston qal’asiga nazar tashlamasdan, o‘ljaga tushgan qancha narsa, to‘pu tufangni olib, mol, otu tuyalarni haydab kelib, saodatmandlik bilan podshohlik taxtiga o‘ltirib, qaror va osoyish topti. Agar u Turkiston qal’asiga (yana yurish qilib) borsa edi, kuffor va islom diyorining o‘rtasida yana qirg‘in va vayronagarchilik yuz berardi.

Qariyb olti oy poytaxtda turib, viloyatning har chekkasidan nodir moniysirat hunarmand ustalarni chiqarib, kechayu kunduz nayzayu tig‘ va boshqa urush aslahalari yasaldi. Tez orada 70-80 to‘pi jangiy muhayyo qilindi, bir necha ming sakkiz – o‘n qarich keladigan sultoniy miltiq ham yasaldi. Qurol-yarog‘larning adadi ahli hisobga ham ma’lum bo‘lmadi. Shunday kuch-qudrat bilan dushmanga qarshi borishga qaror qilindi. Nihoyat,o‘n ikkikchi zu-l-hijja oyida kofirlarning Niyozbek qal’asini olganligi to‘g‘risida xabari hamma joyga tarqaldi. Bu voqeaning bayoni shunday. Shanba kuni tunda (o‘ruslar) o‘g‘ridek qal’a devorlaridan chiqib, to‘pu tufanglaridan sozu navo chiqarib, g‘aflatda yotganlatni uyg‘otdilar. Tun zim-ziyo bo‘lgani uchun kulfazada kishilar bu dahshatli voqeadan xabar topib, ba’zilari o‘zlarini daryoga, ba’zilari qal’a devoridan pastga tashladilar, ko‘plari kofirlarga asr tushdilar.

Ertasiga rango-rang quyosh olloh amri ila osmon darichasidan chiqarib, atrofni sof va nuroniy qildi. Har tarafga parishon ahvolda tarqalgan sarbozlar 19-zu-l-hijja, yakshanba kuni bu xabarni Xo‘qandga yetkazdilar.

Zamona umarolari va fuqaroning katta-kichigi bu dahshatli voqeadan xotiralari parishon bo‘ldi. Mazkur oyining yigirmanchisida janobi Sulton Said xon sur’at ila Toshkandga yo‘l olishga farmon berdi. (Xo‘qndliklar) chahorshanba kunida To‘ytepaga yetib keldilar va bir shu yerda dam olib, orqadan kelayotgan lashkarni kutdilar. Juma kuni lashkar ila Farak, hozir Chirchiq nomi bilan mashhur, daryosidan o‘tib, o‘ylamasdan dushman sari yo‘l oldilar…

Ahli kuffor musulmonlarning himmat va g‘ayrat bilan kelayonganini eshitdi, islomning shukuhi kofirlar qalbini bosdi. Ular o‘z joylaridan ko‘chib, bir manzil orqaga Sho‘rtepa mavzeiga kelib, o‘zlariga qarorgih qurdilar.

Janobi xon amirlashkari bilan birga kelib, Mingo‘rik manzilida nuzul qildi. Kechani istirohatda o‘tkazib, ertasi shanba kuni Xovari a’zam (quyosh) maliki farhang amiri ila mashriqdan urushni niyat qilib bosh chiqarganidanoq janobi shoh nusratpanoh lashkari bilan dabdaba-yu shavkat ila Sho‘rtepaga yaqin keldilar. Ular uzoqqa otadigan to‘pu to‘pxona, sakkiz-o‘n qarich keladigan qora qo‘ndoqli miltiqlarni olib, sharhi yo‘q saltanat ila sultoniy ko‘slarni chalib, kofirlar tomon yo‘lga tushdilar…

Mulla Alimqul amir lashkar Sulton Said xon fotihasini olib, dushman yoqasini mahkam tutib jangga kirishdi. Filni yiqitadigan shergir dilovarlar dushmanga qarshi bahri Xazarga o‘xshab mavj urub, fitna va osho‘bga azm qildilar. Ertadan kechgacha ul nomsizlar bilan urushib, daryo mavjidek g‘alayon ko‘tardilar. Kech kirdi va kofirlar qaytish uchun nog‘ora chalib, baxllar qabridan ham tor bo‘lgan bir chuqur joyga (okoplarga – Sh. V.) qaytdilar. Islom lashkari kechani uxlamasdan o‘tqazib, mal’unlar manzilini halqadek bosib olib, subhi sodiqqacha barqaror turdilar.

Davlat arkonlari beodoblik ila arz qildilarkim, “askarlar hammasi tashna bo‘lib och qoldilar, o‘z qo‘shlariga qaytib dam olishlari zarur, ertasi yana bu jamoaning boshiga yetib kela olamiz”. Mulla Alimqul amirlashkar bu nasihatlarga quloq solmadi va o‘z so‘zida tog‘dek mahkam turdi. Bayt (mazmuni):

Nasihatga quloq solgil, jonim, jondan ham yaxshi ko‘rar-

Saodatmand yoshlar dono pirlarning o‘gitini.

Ertasi yakshanba kuni quyosh mashriqdan jang tolibi bo‘lib, g‘alayon qilib,boshini gardun chashasoridan chiqarganda ahli islom kofir lashkariga himmatini qaratib, to‘pu to‘fangni ishga solib jang boshladilar. Kofirlar bu hujumga toqat qilolmasdan sarosimaga tushib, tor xandaqlaridan chiqib, ming hiylayu nayrang bilan o‘zlarini tepaliklarga oldilar…

Shu payt olloh amri ila 1281 yil, zu-l-hijjaning 26-kunida kofirlar safidan bir o‘q otildi va u Mulla Alimqul amir lashkarga tegib, uni yarador qildi va u otdan yiqilib tushdi. Shul sabab lashkari islom parokandalikka tushib, hamma o‘z jonini o‘ylab parishonlika berildi. Sarbozlar janobi amrlashkarani otga mindirib, hamma asbobu yarog‘, to‘pu to‘fanglarni olib Toshkand qal’asiga yetib keldilar. Alimqul amirlashkar hushdan ketib yotgan edi. Hoziq tabiblar va jarrohlarni topib keldilar. Ular amirlashkarning jarohatini ko‘rub, mulojaga ojuz edilar.uning ahvoli har dam og‘irlashardi. Insonning tadbirkorligi taqdir oldida zaif edi va har soatda o‘lim alomati uning yuzida zohir bo‘lardi. Buni hamma ko‘rib turardi. Nazm (mazmuni):

Agarda biron podshohning ajali kelmasa,

Xudo bo‘lishga ham da’vo qilardi..

Hech kim abadiy yashayolmaydi,

Faqat xudodir olamda abadiy,

Bu jahon hech kimga vafo qilgan emas,

Olamni yaratgan faqat xudo qolar, bas.

Bu uqubatsiz hol ahli davlatga va kattayu kichikka ma’lum bo‘ldi. Qirgiz va qipchoqlar vaqtni g‘animat bilib, jangalni mardlik sheridan xoli deb, buzmachilikni o‘zlariga pesha qilib, Qurama tomon yo‘l oldilar. Tilov manzilgohiga yetib kelib otdan tushdilar. Aqlu tamiz ularning miyalarida yo‘qligi uchun (keyinroq) ko‘z ochib, hushlarini yig‘ib ko‘rsalarki, ajab bir qabohatli ishni boshlagan ekanlar. (Misra’) “nechuk oqil qilur shunday ishkim, yana pushaymonlikka sabab bo‘lsa”.

Shu joyda qo‘yunib, kechayu kunduz o‘zaro maslahat qildilar, ammo bir qarorga kelolmadilar. Oxiri orqaga qaytib To‘ytepaga yetib kelib, Sulton Said Muhammad xon nomiga bir uzrnoma yozib, Toshkandga yubordilar. Ularning qosidi (elchisi) ancha yo‘l bosib, Toshkandga keldi, nomani Sulton Said Muhammad xonga topshirdi. Arkoni davlat va a’yoni saltanat ul odamlarning so‘zlaridan qanoatlanmadilar va qosidni murodsizlik ila qaytardilar. Bayt (mazmuni):

Mazlumlarning jazosini berib, marhumlar maqsudin chiqar,

Dinu dodu hush ila obod qilgil dunyoni.

Ul nomurod qosid (elchi) o‘z lashkariga qaytib, hamma ko‘rgan-kechirganini shul toifaning sardori va mingboshisi bahodir qipchoq Bek Muhammad ibni Xol Muhammad ibni Muhammad Nazar Ko‘ro‘g‘li ibni Sanjarga aytib berdi. Qipchoq va qirg‘iz ulusining hammasi mahzun va xafa bo‘lib, boshqa chora topmasdan bu manzildan ko‘chdilar. Har bir yangi joydan ko‘chganlarida o‘zaro maslahatlashardilar, ammo hammasi natijasiz edi. Ular bir-birlari bilan mojaro qilib Sayhun daryosining bo‘yiga yetdilar. Undan o‘tib, Turk va Saroy qishlog‘ida to‘xtadilar.

Endi Sulton Said xon ibni Malla Bahodurxon haqida ozgina eshiting.

Qirg‘iz va qipchoqlar vafosizlik qilib, Xo‘qondi latifga ketgan kunlarida sartiya aholisi zamon xoniga vafodorlik ko‘rsatib, amirlashkar bilan qoldilar. (Qipchoq va qirg‘izlar) xiyonatiamirlashkarga ham ma’qul bo‘ldi. Bundan dard chekib (Alimqulning) kasalligi yana og‘irlashdi va peshindan keyin uning ruh qushchasi tananing tor qafasidan xalos bo‘lib, jannat olamining fazosiga uchib ketdi, jonni jon ato qilganga berib, shahodat darajasiga yetdi…

Amirlashkarning farzandlari, xotunlari va tobe’lari bu ahvolni mushohada qilib, majruh qalblari yana mahzun bo‘ldi. Sabru qaror jilovini qo‘lidan berib, g‘am va qayg‘u tariqasiga o‘tdilar. Arkoni davlat, a’yoni shavkat sartiya mamlakatining akobiru ashroflari, Toshkandning kattayu kichigi, tojiku turk hamma qayg‘uga tushub yig‘ladilar. Ularning ko‘zlaridagi yoshlar durga o‘xshab oqardi…

Alqissa, ul jamoatning nolayu faryodi foyda qilmadi va bu dardi bedavoga iloj ham topilmadi. Nihoyat, fohira dunyoning oriyat libosini amirlashkar tanidan echib oxirat libosini kiyintirdilar. Arkoni davlat va a’yoni mamlakat qaysi makonga Mulla Alimqulxon jasadini qo‘yaylik deb mashravat qilib, bir qarorga kelolmadilar. Shu mahal amirlashkarning bir necha ishonchli kishisi o‘zaro maslahat qilib, ittifoqlikda jasadni fozillar quyoshi hazrati Shayx Xovand Tahur mozorida dafn qildilar…

Shundan keyin Mulla Alimqul arvohiga fotiha o‘qidilar. Mulla Alimqul lashkarning tarjimai holi. U Husanboy o‘tarchi, ya’ni baytorning o‘g‘lidir. Andijon tobe’laridan bo‘lgan qirg‘iz qipchoq qabilasidandur. Yoshligida otasi uni ilm tahsili uchun Andijonga muhtasibga shogirdlikka berdi. 3-4 yildan keyin shu shaharning muhtasibi Mulla Alimqulni “giranda” (oluvchi) lavozimiga qo‘ydi. Xudoyorxon o‘zining akasi Mallaxonni avf etib, Buxorodan Xo‘qondga olib keltirib, umarolar qatorida unga vazifa va maosh tayinlagandan so‘ng Mulla Alimqul Mallaxonga mulozim bo‘lub xizmatga kirdi. Mallaxon ikkinchi marta o‘z ukasi Xudoyorxonga muholifat qilib, Andijonga qochib ketganda Mulla Alimqul Mallaxonni Po‘lodbiy qirg‘iz oldiga bordi. Po‘lodbiy qirg‘iz savsamir qabilasining mo‘tabir raisi edi. Fitna va fasod ra’iyasiga ega bo‘lgan Po‘lodbiy Mallaxon qadamini muborak deb, o‘z qabilasi ila uning xizmatiga bel bog‘ladi-da, Qorasuvga bordi. Bu yer Mulla Alimqul va uningqavmi uchun vatan edi. Shu atrofdagi Alimqulning qavmi-urug‘lari ham Mallaxon Xizmatiga o‘tdi. Mallaxon Alimqulni elchilik uchun ko‘p joylarga yuborid, odamlarni o‘ziga tobe’ bo‘lishga undadi. Alimqul bu ishda ko‘p sa’y va harakat qilib, Qorasuv va uning atrofidagi qabilalarni Mallaxonga yordam berishga chorladi va uning oldiga olib keldi. Mallaxon Farg‘onaning hukmronlik taxti va farmondorlik avrangiga o‘turganidan so‘ng Alimqul xizmatlarini e’tiborga olib, unga eshikog‘asi hamda miri ponsond unvonini berdi. Shundan keyin u Chimyon navohisining hokimi bo‘ldi. O‘ratepani fath qilgan paytda ham Alimqul jasorat ko‘rsatgan edi. Mallaxon xukmdorligining oxirlarida Marg‘ilonda vali (hokim) bo‘ldi. Sulton Said xon o‘z hukmronligi davrida unga Farg‘ona sipohsolori va lashkarboshilik mansabini berdi.

Alqissa, sozning qisqasi shuki, janobi Sulton Saaid xon saltanat shavkatiga yarasha zeb-ziynat berib, sartiya umarosi yordamida mamlakatni himoya qilib yashar edi.

Kundan-kunga kofirlar

ning qo‘li baland kelib, hech qayerdan umid (va yordam) daragi bo‘lmadi. Qirg‘iz va qipchoqlar esa muruvvatsizlik va yovlik tuprog‘ini o‘z boshlariga sepib, qochib ketdilar.

…Elchilarning uning (amir Muzaffarning) oldiga tez-tez borib turardilar. Har daf’a, Toshkand viloyatining ulamo va oqsoqollari Buxoroga kelib bizni duo qilsun, degan so‘zni aytardi. Uning so‘zini qabul qilib, viloyat ulug‘larini ul malomatzadayi falokat oldiga jo‘natgan edilar.

Ular yetib borgandan keyin izma-iz boshqa ruq’alar yetib keldi. “Unda Sulton Said Muhammad xon ham kelsun” deb yozilgan edi. Bu amrni ijro etish Sulton Said xon odalari uchun juda og‘ir edi. Umaro va fuqaro o‘zaro maslahat va mashvarat qildi, ammo hech naf bo‘lmadi. Borishdan o‘zga chora qolmagan edi. Nihoyat, (Sulton Said xon) safar asboblarini yig‘ib hozirlashga buyurdi, mulkni xudoga topshurub, Buxoro sari yo‘l oldi. Qancha yurib ul ikki ayolmand hezpeshalarning oldiga etib borishdi. Uni (Sulton Said xonni) ham ushlab, qaytishga ijozat bermadilar. Toshkand mamlakati behokim va egasiz qoldi…

Alqissa, musulmonlar besaranjom bo‘lub, boshsiz qoldilar. Har bir firqa o‘z holicha edi. Bunga qo‘shimcha yana Toshkand fuqarosi navbat bilan ilg‘or uchun qoldirishgan bir necha ming xo‘qndlik sarbozlarni boqardilar. Safar oyining 4-seshanba kuni o‘rus kofirlarning lashkari subhu sodiqda Kamolon darvazasini bosib olib, shaharga kirdilar. Xo‘qand sartiyalarining 6-7 ilg‘or dastalari qal’a yoriqlaridanchiqib, har xil yo‘llar bilan qochib ketdi. Ba’zilar Chirchiq daryosiga cho‘kib o‘ldilar. Toshkand fuqarosi esa ikki kechayu ikki kunduz kofirlar bilan urushib, ularni Masjidi baland xonaqohiga qamadilar. Bir kecha kunduz ahli islom ularni muhosara qilib, xonaqoh atrofini yoqmoqchi bo‘ldilar. Kofirlar bundan xabar topib, eski o‘rdaga o‘tdilar va yo‘lda bir necha mahallani yondirib yubordilar. Shaharga sho‘ru g‘avg‘a tushdi, uning har tomonidan odamlar Buxoro podshosining oldiga, beparvo qipchoqlar huzuriga jo‘nashib, ulardan yordam so‘radilar, ammo barchasi foydasiz edi. Oxiri kuffor bilan sulh tuzub ulaning hamma shart-sharoitlariga rioya qilishga majbur bo‘ldilar.

XO‘QANDI LATIF SHAHRIDA QIPCHOQLARNING O‘ZLARIGA XON KO‘TARISHLARI. BUXORO PODSHOSI VA XUDOYORXONNI (FARG‘ONAGA)KELISHLARI VA DAVLAT SALTANATIGA

XUDOYORXON VALINE’MATNING O‘TURGANI HAQIDA

So‘z gulistonining chamanorosi, ming dostonning bulbuli bo‘lgan mussanif (ya’ni kitob muallifi – Sh. V.) voqea duru gavharini shundog‘ bayon etadi. Ul zamon va ul vaqtlarda besaru somon qipchoqlar o‘z lashkarlari ila kelib Sayhun daryosi bo‘yidagi Saroy degan qishloqda to‘xtadilar. Qirg‘iz va qipchoq ulusining urug‘lari bir necha kun shul joyda qolib, o‘zaro maslahat qilib shunday qarorga keldilar: “Biror-bir mirbachani topib uni xonlik saltanatiga ko‘tarib, shahar (Xo‘qnd)ga kirish kerak”. Shu fikr hammaga ma’qul bo‘ldi. Mirzo ibni Norqo‘zi dodxo qirg‘izni Xudoyqul bek ibni Maqsudbekka mahalladosh va qo‘shni bo‘lgani uchun uning oldiga yubordilar. U shamoldek tez shaharga kelib, endi o‘n olti yoshga kirgan, aslzoda mir avlodidan bo‘lmish Xudoyqul bek ibni Maqsudbek ibni Bekbo‘tabek ibn Sulaymonbek ibni Shodibekni olib, (Saroy) mavzeiga yetkazdi. Xalq mirbachaning malohatli suratiga oshiqi shaydo bo‘lib, 1282 yil, dushanba kuni, muharram oyining beshinchisida uni saltanat va shohlik masnadiga xon qilib ko‘tardilar.

Arbobu sharif, faqiru g‘aniy muborakbodlik uchun duoga qo‘l ko‘tarib, masrurlik va shodiyonalik fotihasini o‘qidilar. Shundan keyin arkoni davlat va saltanat a’yonlari va boshqlar jam bo‘lib shaharga kelib kirdilar. Ular Sulton o‘rdasiga joylashdilar.

Xon janobi sultonlik taxtiga o‘turub, Bek Muhammad qipchoqni mmingboshi mansabiga sarafroz qildi. Mirza Ahmadga dasturxonchilik (mansabini) hadya qildi.

Shu vaqt davomida ahli qirg‘iziya va qipchiqiya o‘n to‘rt kun o‘rdada yashadi, dushanba kuni kechqurun esa fuqarodan xavf olib, podsholik saltanatini tashlab, shahardan bir farsah nariga qochdilar. Bu xabarni ba’zi beboshu avboshlareshitib, kechasi borib o‘rda ichini talon-taroj qildilar. Buni shaharning baz’i ulug‘lari eshitib, ul odamlarni taftish va tahqiq qilib, olib ketgan narsalaridan bir qismini topdilar. Shahar fuqarosi va ulamolari qipchoqlar ahvolini ko‘rib, guruh-guruh bo‘lib ular oldiga borib, shaharga qaytishni so‘radilar. Ammo bu himmatsiz kishilarda shaharga qaytish uchun yurak yo‘q edi.

G‘amoyilqishlog‘ini (qirg‘iz, qipchoqlar) o‘zlariga turar joy qilib oldilar. Ular kufforga qarshi deb fuqaroga soliq solib, yuz ming tilla to‘plab oldilar. Ularning kasofatli qilmishlariga qaramasdan shahar aholisi sabr-toqataylab, ularga yordam berdilar. Ammo bu shahar va sahro o‘rtasida bir necha kun davom etib, ikki tomonning ham nafratiga sabab bo‘lardi. Masal bordurkim, unda aytilishicha: “Yo‘lini yo‘qotgan kishi (gumroh)dan so‘radilarki, sening noming nima?” – “Nomim rahbar (yo‘lovchi)dir” deb javob beribdi u. Qipchoqlarning bu qilmishlari va xamoqatlari janobi baxtiyor Xudoyorxon valine’matga ma’lum edi. Janobi valine’mat voqealar bayonini Buxoro podshosi Muzaffarga darhol yetkazib turardi. Shu orada amir o‘ruslarga elshi jo‘natishni bahona qilib, Xo‘qandga kirmoqchi bo‘ldi. Najmiddin ho‘ja degan bir buxorolikni Rossiyaga elchi qilib ko‘p tuhfalar va hadyalar, ya’ni ulkan bir fil, amir Temur vasiqalarini qo‘liga berib, Peterburgga – o‘rus podshosiga jo‘natib, o‘zi bexisob lashkar ila Buxorodan Jizzaxga kelib, manzili jalol qildi. Bu erdan Buxoroga tijorat qilish uchun kelayotgan bir boy o‘rusni sakkiz yuz tuyaga yuklangan qimmatbaho matolari, bir necha tuya o‘rusiya oltin-kumush pullari ila qo‘lga tushirib, hamma molu matoni olib, o‘ziga xavf solib, Toshkandga – o‘rus jiniroli (generali – Sh. V.) oldiga haydadi.

Amir Xudoyorxon janoblarini o‘ziga hamroh va qo‘liga o‘yinchoq qilib Xo‘qondi latif sari yo‘l oldi. KXo‘jand shahariga kelib osoyish topdi. Janobi valine’matga (Xudoyorxonga) ishonib, uni lashkarga sardor qilib Xo‘qandi latifga jo‘natdi. Xudoyorxon, Olloyorbek parvonachi, Ya’qubbek g‘ulom, Samarqand hokimi Sher Ali g‘ulom sanoqsiz lashkari ila Xo‘qondi latifga yo‘l oldilar.

Qipchoqlar ularga muqovamat qilmasdan yakshanba kuni Mo‘yi Muborakka keldilar. Kechani bir iloj qilib o‘tkazib, dushanba kuni, lashkar kelishidan oldinroq peshin namozi vaqtida Marg‘ilon yo‘liga chiqib ketdilar. Shu kechasi mang‘it lashkarining ilg‘or qismi Xo‘qandi latifga jangu jadalsiz kirib keldi. Seshanba kuni peshingacha lashkarning hammasi shaharga doxil bo‘ldi. (Xudoyorxon) ketma-ket podshoh (Muzaffar) xizmatiga xushxabarlar jo‘natdi. Amir (Muzaffar) ko‘nglini chog‘ qilib, 1281 yil, safar oyining yigirmanchi, payshanba kuni shaharga kirib keldi. Ammo bu zolimning avbosh va bebosh sarbozlari shahar atrofidagi joylarni talon-taroj qildilar. Bir muddat Xo‘qandi latifda istiqomqt qilib (amir) Olloyorbek mang‘itni lashkarga sardor tayinlab, qirg‘iz va qipchoqlar orqasidan yubordi. Ikkala qo‘shin ham izma-iz borardilar. Qipchoqlar Modi mavzeiga borib to‘xtab dam oldilar. Olloyorbek esa mang‘it lashkari ila Arobon Qal’asini manzil qildi.

Bir kundan keyin ertalab qipchoq va qirg‘izlardan olti yuz kishi o‘z sardorlari Yusufboy Mirzo, Eltarkub bahodur va Xol ponsod qirg‘iz ila Axsi mavzeiga kelib, mang‘itlarning yo‘lini poyladilar. Ikki tomon to‘qnashib, jang boshlandi. Ba’zan qipchoqlar Gulbahor maydoni Sahnidan mang‘itlarni siqib, Arobon mavzeiga qadar chekintirardilar. Gohi mang‘itlar g‘alaba qilib, qipchoqlarni jangohga qaytarardilar. Bir necha ular shunday borib keldilar. Bu bechoralar (qipchoqlar)ga Bek Muhammad hezalakdan hech qanday madad kelmadi. Mang‘itlarning qo‘li baland kelib, ulardan 15 ming kishi qipchoqlar atrofini o‘rab olib, bir tor joyga siqib qo‘ydilar. Ertadan-kechgacha bo‘lgan urush hech qanday foyda keltirmadi. Nihoyat, qipchoq sardorlardan Xol ponsod qirg‘iz, Yusufboy Mirzo, Eltarkub qipchoq va yana yuzta sarboz qo‘lga tushdilar. Qolganlari mang‘it safini yorib qochib ketdilar…

Shunday qilib, mang‘itlarning qo‘li baland kelib, amirlarni (Buxoro) podshohi xizmatiga jo‘natdilar. Olloyorbek parvonachi esa O‘sh tomonga ketib, Modi mavzeida qaror topdi. Qipchoq lashkari esa Kuljaga ketib qoldi. Ular bir-biridan vahm qilib, ancha muddat joylarida turdilar. Mojaro bir yoqli bo‘lmay turib, Olloyorbek mang‘it qaytishga amr qildi va Marg‘ilonga ketdi. Qipchoqlar ham Arabon (qishlog‘i)ga kelib turdilar. Razil mang‘it ahvollarini o‘z podshohlariga ma’lum qilib, maslahat so‘radilar. Tadbirsix (amir) aytdi: “Biz shu yerda qolamiz. Oru nomus deb biz bu yerga kelganmiz. Bu yer Xudoyoxonning mulkidir, o‘zi qirg‘izu qipchoqni daf’ qilish yo‘lini topsun.” (Amir Muzaffar) janobi Xudoyorxonga bir necha ming mang‘it va Xo‘qand sarbozlarini jo‘natdi. Qochoqlar (qirg‘izu qipchoqlar) Xudoyorxonning kelishini eshitib, toqat qilmasdan Qoshg‘ar viloyati tomon yo‘l oldilar. Janobi sulton ul badbaxtlarni Tirak dovoniga ta’qib etib bordi. Ularning qanchasini bandi qildi, uchta to‘p va ko‘p asbob-uskuna, qurol-yarog‘larini qo‘lga kiritdi. Katta izzat ila qaytib, 22 rabbi-us-soniyda Xo‘qondi latifg‘a yetib keldi va Buxoro amiri huzuriga obro‘ bilan tashrif buyurib, davlat masnadida qaror topdi. Buxoro amiri o‘rdadan ko‘chib, hazrati Mo‘yi Muborak bo‘g‘iga keldi. U falokat (amir Muzaffar) shu yerdan hamma podshohlik asbob anjomlari, topu to‘fang, qurol- yarog‘larni, gilam va boshqa boyliklar hamda to‘rt yuzga xotin-qizlarni olib seshanba kuni ertalab Buxoro sari yo‘lga tushdi…

Valine’mat xon janoblari davlat va saltanat takyagohiga o‘turub, qayg‘ularini unutib, zafar topdi. Badbaxt va kulfazada qirg‘izu qipchoqlar zamona jafosidan qochib, tog‘i sahrolardan o‘tib, Ya’qubbek oldiga (Qoshg‘arga) krldilar. Ulardan qolganlari o‘z sardorlari ila, xususan, Abdurahmon oftobachi o‘z urug‘i ila, Toshqora o‘z tobe’lari ila, Sarimsoq dodxoh qirg‘iz o‘z lashkari ila to‘p-to‘p bo‘lib tortiq va hadyalar olib hazrat xon oldiga uzr so‘rab keldilar. Janobi valine’mat ham ularga marhamat aylab, har birining martabasiga qarab in’om-ehsonlar berdi. Shu asnoda bir necha kun ichida ularning qolganlari ham kelib sulton iltifotini his qilib, taslim bo‘ldilar.

Bir kuni kechasi qirg‘iz va qipchoqlarning bir guruhi vahimaga tushub o‘zlari intixob qilgan joyga qochib ketdilar. Xususan, amirlashkarning jiyani Muhammad Ayubbiy Chimyon tomonga qochdi, 200-300 qirg‘izni o‘ziga hamroh etib, O‘sh viloyatiga qarab ketdi.

Janobi Sulton Murodbek, xon hazratning akalari – Marg‘ilonning hokimi edi va u bir necha vaqtdan buyon O‘sh viloyatida zakot yig‘uvchi edi. Muhammad Ayub uning oldiga kelib surbetlarcha, “Amirzoda, turing, akangizni o‘ldurub, sizni ularning o‘rniga xon ko‘tardilar. Men shuning uchun oldingizga keldim”, deb aytdi. Amirzoda ul ahmoqni aldab, qirg‘iz va qipchoq sardorlari qo‘li orqali ushlab zindon qildi. Tezda bir chobuksuvorni xon hazrat oldiga xabar berish uchun yubordi. Ul chopar kechayu kunduz ot surib Xudoyorxon oldiga keldi va xonningsog‘lig‘ini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, amirzoda nomiga bir inoyatnoma ham olib qaytdi va amirzodaga hamma ko‘rgan eshitganini aytdi. Muhammad Ayubning yolg‘onchiligi ma’lum bo‘ldi. Undan hamma g‘azablanib, qatl qilinishiga rozilik berdilar…

Alqissa, unga o‘lim mukofot bo‘ldi va farmoni oliyga ko‘ra Marg‘ilonga olib kelib qatl etdilar. Dushmanlardan yana biri Sarimsoq dodxoh qirg‘iz bo‘lib, u Namanganga kelgan edi. Xon (Xudoyor) Namangan va Koson hokimlari lashkarlarini uning orqasidan yubordi. Unga eta olmadilar va u (Sarimsoq dodxoh) osonlik bilan Chotqolga o‘tib ketdi. Qolgan qirg‘iz va qipchoqlar marhamatiga sazovor bo‘lub, tavba qildilar. Faqat Toshqora qipchoq o‘ruslarga qo‘shilib ketgan edi…

KITOBNING XOTIMASI JANOB XUDOYORXON VALINE’MAT VA BUXORO PODSHOHI ZAFARSIZ MUZAFFARGA BAG‘ISHLANGAN BO‘LIB, ULARNING DAVRIDA YUZ BERGAN VOQEALAR BAYON ETILADI

Fatonat arboblarining guli, navo va ahli sanoat nuktadonlari, sohibfasohat va zukko eshituvchilar jamoatiga ma’lum va ravshan bo‘lsinkim, ul vaqt va zamonda Buxoro amiri ko‘p lashkar bilan kelib, o‘zi Buxoroga qaytib, davlat qarorgohiga orom bo'’gan edi. (Amir Muzaffar) o'zbilarmonlik ila kecha-kunduz aysh-ishratga mashg‘ul bo‘lib, xotinbozlik qilib, olamdan g‘ofil va hatto o‘zidan ketib qolib, o‘zini Fir’avnu Namrud deb bilardi. Dustni dushmanddan farq etmasdi. Shunday ahvol bir nech vaqt davom qildi. Qish ham kirib keldi, to‘qson to‘qqiz xil totuqlarni olish vaqti ham boshlandi. Bu ish shu mamlakat podshohlari uchun rasm bo‘lub, unga rioya qilib, o‘lkaning har yonidan sarkardalar totuq va tuhfalar bilan Buxoroga kelardilar.

Janob xon xazrat ham shu udumga amal qilib, Baxodurxon to‘ra Kosoniy orqali ko‘pdan ko‘p hadya va tuhfalarni Buxoroga jo‘natdi.

Shu voqealarninaql qilish paytida 1282 yil, ramozoni sharif oyining oxirgi o‘n kunligida o‘rus kofirlari Toshkand viloyatidan Jizzaxni zabt etish uchun lashkar yig‘ib, qishning o‘rtasida harakar boshladilar. Sayhun daryosi bo‘yiga kelib, undan kemada suzib o‘tib, bir muddat lashar kamchiligini tuzatib, Jizzax sari yo‘l oldilar. Ramazon oyining oxirlarida kofirlar Jizzax yaqinida joylashgan Uchtepa mavzeiga kelib nuzil qildilar.

Jizzax qal’asining hokimi Ya’qubbek degan bir g‘ulom qal’a himoyasiga tushib, kutub turdi. Podshoh (amir Muzaffar) Samarqandga kelib, shu yerdan ketma-ket ilg‘or dastalarni jo‘natib, Jizzaxni behisob lashkar ila to‘ldirib yubordi. Shunga qaramasdan kofirlar bu lashkarlarni g‘aflatda qoldirib, shavval oyining beshinchisida, dushanba kuni 20-80 kishidan iborat guruhlar bilan qal’a oldidan bozorga kelib, hiylayu nayrang qo‘llab shaharga kirmoqchi bo‘ldilar. Shu payt odamlar betaravot nahs bosgan mal’unlarni tanib qolib, shoqin solib, ularni to‘rt tomondan ihota qildilar. Kofirlar mang‘itlarning jur’atsizligi va himmatsiz ekanliklarini bilib, to‘pu to‘fanglardan o‘q uzdilar, keyin xalos bo‘lub orqaga chekinib, sog‘-salomat o‘z qo‘shinlariga qaytdilar. Uchtepa qishlog‘iga, o‘z qarorgohlariga kelib, o‘n besh kuncha yashadilar. Ikki tomon ham urushga jazm qilmadilar. Shundan so‘ng Ya’qubbek g‘ulom zamonasozlik va odamiylik yuzasidan tuyalarga oziq-ovqat va yemu xashak ortip kofirlarga jo‘natdi. Kofirlarning ahvollari tang bo‘lib qaytishga farmon bo‘ldi, (ular) Sayhun daryosining bo‘yida joylashgan Bo‘yoqchiko‘l mavzeiga keldilar. (O‘ruslarning sarkardasi) bir necha sarbozi bilan Toshkandga qaytdi.

Shu voqealar yuz berayotgan chog‘da valine’mat (Xudoyorxon) yorlig‘iga binoan johil Rustambek Toshkandiy Quramaga kelib, Tilovga kirdi, Boturbek qurama esa Bo‘ka qal’asidan joy oldi. Farmon dodxohning og‘li Ovliq viloyatiga nuzul qildi. Musulmonlarning bu ishlari kofirlarning quloqlariga noxush tegib, ulardan 300 kishi dabdaba ila to‘ytepaga yaqinlashdi. Bu daxshatli xabar shijoatli musulmon sarbozlariga yetib-yetmasdan, qo‘rqub, vahimaga tushib, har biri o‘z tug‘i bilan qochib ketdilar. (Musulmonlarning) bir guruhi kandir davonidan o‘tib, bir qismi Sarimsoqlik tog‘idagi bir biyobonda istiqomat ixtiyor etdilar.

Shu vaqtda Buxoro podshohi zafar ko‘rmagan amir Muzaffari bezafar o‘zining qo‘polligi, mumsukligi va aqli ko‘rligi bilan g‘azovat deb, shum va nomuborak niyatini yashirish, Xo‘qandi latifga yurishdek fosid xayolni boshdan kechirdi. Bir necha ming avboshu bebosh bezori-daydi odamlardan lashkar yig‘ib, katta dabdaba va saltanat bilan Jizzaxga keldi.

Hoziru g‘oyibdan hamma umid qilar edikim, inshoolloh, endi zamona amiri kofirlarga yetib bordi, hammalarini jur’atu dilovarlik va shijoatu mardlik va bahodurlik kuchi birla barbod qiladi va viloyatni ozod etadi deb.

Ammo ul nomard va heztarosh amir nomunosib fosid xayollarga botib bahona qidirardi. Xon Xudoyorxon ham saltanat taxtida o‘turub, hali murod gulini hidlamasdan, osoyishtalik damini surmasdan turib, tinch Xo‘qandi latif viloyatida katta fatarot yuz berdi.

Yigirma yetti yil davomida yil sayin, oy sayin, kun sayin qotillik, birodarkushlik janjallari avjiga chiqadi. Hatto dushmanga qarshi chiqadigan bir mard kishi topilmaydur. O‘n uch yildurki, o‘rus kofirlari bostirib kirib Oqmasjid, Qozonlidan to Avliyoota, Marka, Olma-Ota, Chulek qo‘rg‘onlarigacha zabt etdilar. Ko‘p odamlar kofirlar bilan bo‘lgan jangda talofat ko‘rdi va viloyatning shunday xarobaga aylanishi olam ahliga ma’lum va ravshandur. Bundan tashqari, shu yil qahatchilikkelib, odamlarning toqati toq bo‘ldi. Xo‘qandi latif viloyatining aholisi davr jafosi kulfatiga giriftor bo‘ldilar. Alar Xudoyorxon qadamini muborak bilib, jonlariga yangi ruh kirgan holatda turardilar. Bu voqealarga qo‘shimcha kuffor urush boshlanib, o‘ruslar Xo‘qndliklarga har tomondan hujumga o‘tdilar. Bu so‘zlardan g‘araz shulkim, ul nojins (amir Muzaffar) Xo‘qandi latif lashkarini oldingi safda kuffor urushiga jo‘natip, o‘zi bir-ikki kunlik masofada turip, “zafar tegsa faqat xo‘qndliklarga tegsun, ular nobud bo‘lsin, men bezarar qolay” derdi. Mahrami xoslarini va sanoqsiz yasovullarini nomalar ila do‘q po‘pisa bilan ketma-ket Xidoyorxon oldiga jo‘natardi.

Xudoyorxon amirning noshud muddaosini farosat ila tushunib, zamonasozlik qilib, bir necha ming sarboz, mahramu yasovul va bir nechta top’larni olib,shahardan yarim farsancha uzoqroqdagi Yermasjid qishlog‘iga keldi. O‘n besh kuncha shu joyda istiqomat qilib turganda, yana amir yasovullari yetib, ularni hol-joniga qo‘ymasdan Qayrag‘och qishlog‘iga olib keldilar. Uch kun shu yerda turub, zu-l-qa’da oyining 26-sida seshahba kuni o‘ruslarg‘a qarshi g‘azovat uchun Sayhundaryosi sohilig‘a yetib keldilar. Janob Sulton illi navbatda daryodan lashkari ila o‘tib, Oqjar mavzeida to‘xtadilar.

Buxoro amiri ko‘rdiki, valine’mat xon uning so‘ziga kirmasdan boshqa yo‘lni ixtiyor etdi, shunda u kofirlar urushini bir tomong‘a qo‘yub, qahru g‘azab ila Xo‘qondi latif sari yo‘l oldi.

Buxoro viloyatining yuzi qaro ulamolari Xo‘qond aholisini o‘ldirish va xotinu bolalarni asir olib sotish haqida rivoyat chiqarib, fatvo berdilar. Shunday fatvo berganlari uchun ularning qo‘llari sinsin!

(Amir Muzaffar) ko‘zoynakli ilondek harakat qilib, O‘ratepadan yarim farsang keladigan Lakkat mavzeiga keldi…

Ikki oy ichda shu mavzeda istiqomat (qilib) va har kuni o‘z haramida qizlar bilan vaqtini o‘tkazib, bachanozlik qilib, olamdagi bor fisqu fujur ila hayotini murdor qildi. (Amir Muzaffar) jahlu johillik va farosatsizligi tufayli, kofirlardan atigi besh farsang narida turib, shunday noma’qulchiliklar bilan shug‘ullanardi. Har kun aholining qiz va xotunlarini zo‘rlab olib (kelib) maishat qilish shul betavfiqning ishi edi. Qat’a (mazmuni):

Mulk arbobining mast bo‘lishi beadabdan emas,

Shoh saltanatig‘a hushyorlik oyini yaxshidur.

Shoh posbondir, shunda mulk shirin uyquda bo‘lar,

Posbong‘a hushyorlik yaxshiyu, g‘aflat loyiq emasdur.

(Amir Muzaffar) valine’mat xon xizmatig‘a har kun kishlarini yuborub, ularni kufforlar bilan jang qilishg‘a majbur etardi. Xudoyor (xon) valine’mat somon tiqilgan qop va kundaga o‘xshagan bu kishining (amirning) so‘ziga kirmasdan, elchilarni yaxshi so‘z ila qaytarib yuborardi. Bunday munosabatni ko‘rgan amir qahr-g‘azabdan o‘limga ham rozi bo‘lardi. Noiloj o‘zini karu ko‘rlikka olib, shu yil yigirma to‘rtinchi zul-l-hijjada uch farsanglik masofani qiyinchilik bilan bosib o‘tib, Sayhun daryosi sohilidagi Mayda lulg‘un degan mavzega yetib keldi. Shu yerdan Abdug‘afforbekni 5 guruh tug‘li qo‘shinga sardor qilib, Qurama viloyatig‘a jo‘natdi. O‘zi shu yerda (Mayda lulg‘unda) qolib, Olloyorbek mang‘it, Ya’qubbek g‘ulom, Sher Ali g‘ulom va boshqa sarkarda – ponsodlarni ko‘p ming lashkari bilan o‘ruslarga qarshi urushga borishga buyurdi. Ular har kun chiqib, o‘ruslar bilan urushib qaytardilar. Bu ma’noni bilib muharram al-harom oyining bir shanbasida kofirlar kelib (mang‘itlar bilan) jang qilib qaytib ketdilar. Bu voqeadan xabar topib, kofirlarni zaifu faqir deb, nazarlari ilmadi va ular bilan katta to‘qnashuvni kutib turdilar. Yakshanba kuni kirdi. Quyosh sharq burjidan maliki farhang amri-la ulug‘ dabdabalar bilan osmon gilamig‘a qadam bosib, sodiq kishilarning qalbidek olamni ravshanu namoyon, sofu musaffa qildi. Islom lashkari harakatga kelib urush maydoniga jasorat bilan kirdilar va to‘pu to‘fanglarni hozirlab, saflarini Saddi Iskandaiydek mahkam qilib, kofirlarni kutdilar. Yakshanba kofirlar uchun ibodat kuni edi. Peshindan so‘ng ibodatdan forig‘ bo‘lgan o‘ruslar krli islom lashkariga qarshi birdan hujumg‘a o‘tdilar. Ikki tomon bir biri bilan uchrashib ko‘rganva eshitgan kishining aqli hayratda qoladigan urushni boshlab yubordilar.

Mang‘itlar esa ko‘p yildan buyon xalq nonini tuya qilib yeb, na o‘zlari va na ota-bobolari urush ko‘rmagan edilar. Hammalari old-orqalariga qaramasdan qochish yo‘lini qidirardilar.

Nima bo‘lsang ham, faqat hez bo‘lma degandek, Buxoro podshohi bir farsax masofada turib durbin orqali urushni tomosha qilardi. Kofirlar hushsiz mang‘itlrani to‘pu to‘fang bilan otardilar. Lashkari islom parishon va parokanda bo‘lib, cho‘lu biyobonga qochib ketdilar.

Hezalak podshoh (Amir Muzaffar) durbinda bu ahvolni ko‘rdi va shunday hez kishida ham toqat qolmadi va kiyinib ulgurmasdan ming hasrat ila otga minib, namozi asr vaqtida Jizzax tomon yo‘l oldi. Uning lashkariga putur yetdi va parishon bo‘lib jang maydonidan qochib qoldilar. Hech kim bunday besaranjomlik va nomardlikni bunday to‘nkabadan kishidan, amiri hezdan hozirgacha kutmagan edi. Ajdodlaridan qolgan shunday saltanatni, buxorolik ba’zi bir mag‘rur kishilar uchun iftihor bo‘lgan mufoxirotni, qurol-yaroq, podshohlik anjomlarini, xususan, bir necha dilband ma’shuqalarini begonalarga tashlab ketdi.

Bu voqea 1283 yil yakshanba kuni, muharram-al harom oyining 7-sida yuz bergandi. Katta hez janoblari (amir Muzaffar) shu qochishda joni halqumga tiqilib, kechqurun Jizzaxga yetib keldi. Uning mulki behisob, behokim qoldi. Abul G‘afforbek yuz O‘ratepaga kirib, muzofot ila egallab, mustaqil bo‘ldi. Xo‘jand aholisi janob (Xudoyor) valine’mat xon huzuriga kelib, undan sardor bo‘lishini iltijo qilib so‘radi. Janob Shahriyor Mullo To‘ychi dodxoh qirg‘izni bir necha ishonchli kishilar bilan KXo‘jandga yubordi. O‘z ham kelib shaharga kirdi. KXo‘jandga tobe’ bo‘lgan joylardan Nov qal’asi, Qo‘shtegirmon, G‘o‘lakandoz, Oqtepa, Dalvarzin, Mahram, Qorachiqum, Konibodom va boshqalar amiri valine’mat (Xudoyorxon) tasaruffiga o‘tib, olam tinch va osoyish bo‘ldi. Turkiston shaxlari orasida shunday bir gap bor: “Otilmagan sopqon ham boshga tegar, ham ko‘zga”. Ularning yana ko‘p masallari amiri (Muzaffar)ga qarata aytilgan. U Jizzaxda ham to‘xtamasdan Samarqandga qochib ketgan edi. Amir Muzaffarga o‘lim vahimasi tushib, bir necha kun shu yerda (Samarqandda) istiqomat qildi.

Olloyorbek mang‘it esa Jizzaxga kirib keldi, qolgan molu xazina, to‘pu to‘fang hammasi kofirlarning qo‘liga tushdi. Necha yillab jamlangan boylik bir zumda nobud bo‘ldi. Shundan keyin battol kofirlar O‘ratepa va Jizzaxni qo‘yib, g‘ayrat jilovini KXo‘jand tomon burib, bir necha kun ichida yetib kelib, shaharni qamal qildilar.

Ba’zi bedin va dunyofurush molparast ulamo, oqsoqollaru arboblar birlashib, ozgina pul mablag‘ deb qancha odamlarning qonidan ham qo‘rqmay, qal’a darvozasini kofirlarga ochib berdilar.

Xulosatul-kamol shulkim, amir valine’mat (Xudoyorxon) Bahodur xoja ponsodni qo‘shini bilan (KXo‘jandga) yubordi. Uning yuz kishidan ko‘proq qo‘shini kofirlar safini yorib o‘tib, shaharga kirdilar. Shunga qaramasdan, kofirlar Xo‘qond darvozasiga yaqinlashib, jang boshladilar. KXo‘jandliklar g‘ayrat kamarini bellariga bog‘lab, ularni orqaga qaytardilar. Shu payt mazkur yil muharram al-harom oyining yigirma uchida ul xiyonatkorlar kofirlarga boshqa darvozani ochib berdilar. KXo‘jand qal’asini olish kofirlarga oson tushdi. KXo‘jand fuqarosi kofirlarning shaharga kirishlarini ko‘rib g‘ayrat va shijoat ila o‘ruslarning yo‘lini to‘sib, qat’iy harakatlar bilan jangga kirdilarki, yeru osmon, dono va nodon kishilar afsus barmoqlarini hayrat tishlari ila tishlab, tahsin va ofarinlar. Har ikki taraf to‘pu to‘fang, cho‘butayoq ila bir-birlarini urib (o‘lim ila) yakson qilardilar.

Xususan, musulmonlar ko‘proq to‘pu to‘fang qurboni bo‘lub, orqaga qaytib har bir ko‘cha, mahalla va bog‘lar ichidan qochib qoldilar. Kofirlar ham ular orqalaridan quvlab ketdilar, ko‘cha, mahalla va bozorlarda odam qolmasdan, ayolu bola demasdan ko‘p kishilarni miltiq bilan otib shahid qilishdi.

Fayzosor shayx Muslihiddin hazratlarining mozorlarida panoh topgan g‘aribu bekaslar, ko‘ru cho‘loqlar, gadoyu darveshlar, mayibu majruhlar hammalari biror kishi qolmasdan nobudlik olamiga ketdilar.

Madrasa va saroylarda ko‘plab odamlar talon-taroj qilinib, qatl etildilar.

Ikki tomon ham tinchib, qiyomatsar mojarolar toxtagandan so‘ng har bir toifa o‘z o‘liklarini topib, ularni sanash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Musulmonlardan 2600 kishi erkagu ayol, kabiru sag‘irdan shahodat darajasiga yetib ekanlar va kufforda esa 1200 kishi – do‘zah va jahannam dargohiga ketgan ekan. Shunday fojia ila KXo‘jand fuqarolari kofirlarning zulm sitamig‘a giriftor bo‘ldilar. (KXo‘jand) viloyatining mo‘tamadlari ming ajzu dard ila janob xon (Xudoyorxon) valine’matg‘a ketma-ket elchi bilan hat yuborib, islom (ahli)dan madad so‘radilar.

Janob xon uzoq muddat andisha dengiziga g‘arq bo‘lib, kofirlarga qarshi biron jur’at qilmadi.

Kuffor ahli sa’y va taraddudga tushdi, aslaha-anjomini shay qilib, 1263 yil, jumodul oyining uchinchisida jabru sita hayolini O‘ratepa tomon burdi. Ko‘p lashkar ila Oqsuv daryosining sohiliga yetib kelib tushdilar. Shu yerda istiqomat qilishni ixtiyor etib, uch yuzga yaqin qozoq va o‘ris batollarini ilg‘or tariqasida O‘ratepa tomon yubordilar.

Abdul G‘afforbek O‘ratepa viloyatining hokimi va yetakchisi edi. U bir qancha mard va jasur odamlarini yo‘l qo‘riqlashga yuborgan ekan. Yo‘lda bu ikki guruh bir-biri bilan to‘qnashdilar. Musulmonlar katta kuch bilan kofirlarga shunday hamla qilishdiki, ahli kufforda tobu toqat va sabru sabot qolmadi va kelgan yo‘llariga qaytib, ming nayrang ila qochib ketdilar. O‘ktam yigitlar chaqqonlik bilan kofirlarga yetib olib, po‘latsimon nayzalar otib, yomg‘irdek o‘q yog‘dirib, qo‘shlarigacha quvib borib, qytib keldilar. Musulmonlarning jur’ati ahli kufforga ma’lum bo‘ldi. Beqaror yuraklarida sabru toqat qolmadi va ularpayshanba kuni, ertalab o‘z joylaridan ko‘chib, Ko‘rkat mavzeiga keldilar. Islom lashkari kofirlarning yo‘lini to‘sib, sa’yu ko‘shishila jangi azm qildilar. Kofirlarning harbiy qudrati zo‘rligi tufayli ahli islommag‘lub bo‘lib, urusha-urusha orqaga qaytdilar. Navkand mavzeiga kelib, otlarini to‘xtatib, yana bir qattiq jangga kirishdilar. Har bir mavze va qarorgoh uchun betinim jang qila-qila Maxovzor mavzeiga yaqinlashdilar…

Shu kuning ertasi ahli kuffor qal’ani egallash qasdi ila yo‘lga chiqdi. Musulmonlar ham bir qancha merganlarni qal’a atrofiga joylab qo‘ygan ekanlar. Merganlar battol kofirlar yaqinlashishi bilanoq ularning atroflarini o‘rab olib, to‘pu to‘fanglarni jo‘shu hurujga keltirib, to‘rt tomondan muhobotsiz otdilar. Kofirlarda tob-toqat qolmadi va ular katta zarar ko‘rib, qattiq zarba yeb qaytilar. Kundan-kunga jangu jadal kuchayib borardi. Yakshanba kechasi, jumodul-oxir oyining 4-si yo 5-sida kofirlaruchta darvozaga odamlarni ta’yinlab Mug‘ darvozasining chuqur handaqini xas-xashak bilan to‘ldirib, shunday vasi’ joyni bir kechada tikis qilib, o‘zlariga yo‘l ochib, tongni kutib turdilar.

Shu payt shahar aholisi g‘ofil va o‘z ahluholiga mashg‘ul bo‘lib, olamdan bexabar uyquda yotar edilar. Biroz vaqt o‘tgach, sahar paytida shahar darvozalariga bir ming – ikki ming kishini qo‘yib, o‘ruslarning guburnot(uri) va jiniroli (generali – Sh. V.) ko‘p sonli to‘da ila Mug‘ darvozasida hozir bo‘ldi. To‘satdan o‘zlari tekislagan yo‘ldan o‘tib, shahar darvozasidan kirib tug‘ sanchiqini Mug‘ qal’asiga o‘rnatishni buyurdi. (Mug‘ qal’asi) shu viloyatning hokimining joyi edi. Kofirlarning qolgan lashkarlari shaharga har bir darvozadan firqa-firqa, to‘p-to‘p, guruh-guruh bo‘lib qichqirib shovqin-suron ko‘tarib kirdilar va olamni to‘s-to‘polonga ko‘mib bozorga yaqinlashdilar. Ahli islom musulmonlik hamiyatini diliga joylab, Saddi Iskandardek ustuvor turib jang qilardilar. Ular o‘z yurtining hokimi Abdul G‘affaorbek yuz kofirlar kelishi bilanoq juftakni roslaganini eshitib, zaif va bemador bo‘lib, qochishni mo‘ljal qildilar. Odamlar xilvat joylarga yashirinib, kofirlar nazaridan maxfiy bo‘ldilar.

Qishloqdan va shahardan kelgan aholi pana joy topmasdan noilojlikdan jangga tushib, o‘ruslarning to‘pu to‘fanglarning sochgan otash balosudan nobud bo‘lib, shahodat darajasiga yetub, oxirat olamiga ketardilar. (O‘ruslar) uch soatga yaqin viloyatni talon-taroj va aholini qatl qilib, zamona mardumiga omonlik berdilar. Shu dahshatli jang jarayonida musulmonlardan sakkiz mingdan ko‘proq kishi kofirlarning to‘fang va shamshirlari tig‘idan ajal topdi. Kofirlarning o‘lgan soni besh mingdan oshib, do‘zax otashiga sazovor bo‘ldilar. (O‘ruslar) kuch ila O‘ratepa mamlakatini o‘z qo‘llariga oldilar.

Abdul G‘afforbek xotin va bolalari bilan Samarqandga qochib ketdi. Ahli kuffor yetti kun O‘ratepada turib, viloyat ishlarini saranjom qilib, yakshanba kuni mazkur (jumodul oxiri) oyining o‘n uchinsida Jizzax tomon borishga amr etdi. Necha yo‘l bosib, manzili muddao sarhadig‘a yetdilar. Shaharga bir yarim farsax keladigan masofaga qo‘nib, odamlarning hafsalasini pir qildi va bir necha kundan keyin, etda tongda qal’a darvozalariga hujumga o‘tdi. Guburnot(ur) qal’a muhosarasiga buyruq berib, o‘zi Buxoro darvozasi oldiga turdi.

Lashkari islom qal’a ichidan turib to‘pu to‘fangni ishga soldilar. Kofirlar esa tashqaridan o‘q otib, taloto‘b bilan shaharga kirdilar. Musulmonlar besaranjom bo‘lib, har tomonga parishonlik bilan yugurar va najot yo‘lini qidirib topmasdilar. Kofirlar musulmonlarni uch tomondan to‘sib, to‘pu to‘fang zarbi ila shunday urushardilarki, o‘lganlarning hisobi yo‘qdur. Mang‘it sipohidan taxminan 15-16 ming kishi o‘z sardorlari shahodat darajasiga yetgan edi. Mang‘itlar o‘z jur’atsizligi tufayli shunday baloga giriftor bo‘ldilar. Aks holda, shuncha odam jasorat ko‘rsatganda, kofirlarning terisini shilib olardilar. Viloyat ichi ahli kufforga to‘lib ketdi.

Jizzax zabt etilgandan so‘ng uch kun o‘tib, amir (Muzaffar) Buxorodan, Samarqandga keldi. Uning tabiatida g‘ayratu hamiyat yo‘qligi uchun Samarqandda ham bemaza va bema’ni amallar bilan shug‘ullanib yurdi.

Qish kelib, dalv oyi kirdi. Orenburg volisi Kirjijanovski jinirol va Rusiyaning amirlashkari edi, Rusiyag‘a ketdi. Shundan keyin Buxoro amiri Sodiq To‘ra ibn Kenesari to‘rankim, Dashti qipchoq salotinlarining avlodidandir, bir necha ming suvoriy sipoh bilan Oqmasjid sarhadini chapovul qilish (Bostirish uchun jo‘natdi. Javzo (may) oyining boshlarida o‘ruslar ham 200 ga yaqin sarbozi bilan Oqmasjid qal’asidan chiqib, Buxoro chegarasida joylashgan Sariq buloq mavzeiga keldilar. Ulardan bir favj sarboz ajralib, Sodiq to‘ra mulozimlari bilan to‘qnashdilar. O‘ruslardan 13 kishi o‘ldirildi, 6 sarboz asirlikka tushdi, qolganlari esa qochib xalos bo‘ldilar. Sodiq to‘ra hushxabar bilan asirlarni Buxoroga jo‘natdi, o‘zi esa O‘qjargacha borib qaytib keldi.

Buxoro amirining farmoniga binoan Samarqand volisi bir necha ming sarbozni (Jizzaxga) jo‘natdi. Ular Jizzax qal’asiga ozuqa jo‘natishga qarshilik ko‘rsatib, shu jihatdan o‘ruslar vaziyatini og‘irlashtirib yubordilar. Boshqa tomondan (Buxoro amiri o‘ruslarga) elchi jo‘natdi. Buxoro amiri elchisi va vakili Orenburg‘ viloyatida sulh tuzdi. Shartnoma asosida o‘ruslar tomonidan zabt etilgan Yangiqo‘rg‘onni Buxoro amiriga aytarildi. Buxoro amiri esa Jizzaxni o‘ruslarga berdi. Buxoro tomonidan elchi Abdullaxon … to‘ra edi.

Shu voqealar aytilayotga paytda (Buxoro) viloyati harob bo‘ldi. Shahrisabz va Qarshi viloyatining elot va aholisi (amirga) qarshilik ko‘rsatib, Jo‘ybor xo‘jazodalari va to‘ralarinkim, Buxoro amiriga jiyan bo‘ladilar. Shahrisabzg‘a olib keldilar. Amir (Muzaffar) Samarqandda bu odamlarning jur’atini eshitib, g‘azablanib, ularni kamsitdi.

Shu voqelarda xitoy-qipchoq qabilasi Miyonkolotda qo‘zg‘olon ko‘tarib, Dubus, Chelak va Kattaqo‘rg‘ongacha bo‘lgan bir qancha qishloqlarni bosib oldilar.

Amir shunday jasoratlardan ko‘p ma’yus va mag‘mum bo‘lib, qipchoqlarga qarshi qo‘shin tashlashga botinmadi. Qipchoqlar bu ko‘zyoshlarga ahamiyat berib, xitoy qabilasining bir nechta ulug‘larini ushlab amirga berdilar. Samarqandda ularni qatl etib, lashkar ila Shahrisabz tomonyurish qildi.

Marohillarni bosib o‘tib, Jom qal’asig‘a etib kelganda to‘xtashga buyruq berdi. (Jom mavzei) shahrisabzdan qariyb uch farsax keladi. Amir (Muzaffarning) tabiatida g‘ayratdan hech asorat qolmadi va ahvoli og‘irlashib, shu yerda qoldi. Birinchi daf’adagidek siyosat qilib do‘q-po‘pisa bilan bir elchi yubordi, ammo foydasiz edi. Oxiri amir yarashishga majbur bo‘lib, orqag‘a qaytdi va qarshi tomon yo‘l oldi. Shu davru zamonda Orenburg‘ viloyatidan to Xo‘qandu Buxoro vilyatlarigacha bo‘lgan hudud rus podshosi qo‘lig‘a o‘tdi. Shu yerlar bir ayolotga (general-gubernatorlikka) birlashtirildi va Rusiya poytaxtidan Kaufman nomli kishi voliy-amirlashkar tayin etildi. Yangi Rusiya voliysi oldingi amirlashkar va amir o‘rtasida tasdiqlangan bitimni qabulqilmadi, aksincha uni buzish yo‘lidan bordi.

(Kaufman) Buxoro amiriga birinchi sharnomadan ham o‘gir bo‘lgan, o‘zi tartib va tanzim bergan yangi ahdnomani juda oz muddatda ko‘rib chiqmoq uchun yubordi.

Agarda Buxoro amiri shu ahdnomani qabul qilmasaurushishga tayor bo‘lsin , deb shart ham qo‘ydi. Buxoro amiri bu ahdnoma shartlarini o‘z davlatiga o‘gir bilib, shunday javob yuborishni buyurdikim, “Rusiya arboblarining ahdu paymonlari barqaror emas ekan. Har qaysi yangitdan amirlashkar va voliy bo‘lib olsa, eng avval yangi ahdnomalar qabul qailishga intilar ekanlar. Ahdnomaning shartlari bizning hukumatimizga zarari kulliy yetkazadi va kunlar o‘tishi ila bizning sabr-toqatimizni to‘ldiradi. Biz o‘z ixtiyorimiz ila birinchi tuzgan ahdnomani buzib tabdiletmaymiz. Agarda Kaufman oldin tuzgan bitimni qabul qilmasdan uning bekor qilishga ko‘shish etsa, unda buzmakor va ahdu paymonsiz nomin oladi”. Shu majlis-mashvarat oxiriga yetmasdan va Kaufman javob olmasdan burun milodiy 1867 yil, jaddiy oyining oxirlarida o‘rus askarlarining sardori Jizzaxdan Buxoro hududig‘a kirib, Uxum qasabaining yerlarigacha bosib keldi. Bu yerlarning aholisi Buxoro ra’iyasi hisoblanar edi. O‘ruslar ularning manzillariga o‘t qo‘yib, mol-hollarini talon-taroj qilib, keyin Jizzaxga qaytib ketdilar.

Milodiy 1868 yildan quyosh hamal burjiga kirgan mahal O‘rusiya askarlari Uxum qasabasiga ikkinchi marta tajovuz qilib, buxorolik qorovul to‘dalarni bosdi va ularni parishon qildi. Chelak hokimi buxorolik madadiga yetib kelib, o‘ruslar bilan urushga tushdi.

Quyosh savr burjining 18 darajasida edikim, Turkiston sipohsolari Kaufman taxminan 5 ming saralangan O‘rusiya askarlari bilan Samarqandni zabt etishni o‘zig‘a maqsad qilib, Toshkanddan yo‘lga chiqdi. Bir necha muddat Jizzaxda turib, javzo oyining boshlarida Zarafshon daryosig‘a yaqinlashdilar. Shu yerda amirdan elchi kelib, kaufman tomonidan yangitdan tartib va tanzim berib amirg‘a yuborilg‘on ahdnomani olib ketdi. Amir (Muzaffar) ahdnomani o‘qib, qo‘yilg‘an shartlarg‘a moslab qabul qilib, Kaufmang‘a jo‘natgan edi, Kaufman elchiga aytdikim: “Bugun men yurush uchun endi otga minganman, kechqurun manzilga yetsam, ahd shartlari borasida muzokara qilaman” Kaufman yaqinlashib, Zarafshon bo‘yida Tali siyoh tepasida Buxoroni ko‘rdi. O‘rus sipohsolari Kaufman elchiga aytdikim: “Senga 2 soat muhlat, chopar jo‘natib, buxoroliklarni narigi sohildan qaytarsin, biz hech qanday to‘siqsiz daryoni kechib o‘tsak, shu yerda sen bilan sulh haqida gaplashamiz”. Elchi chopar yuborib, bu shartni Buxoro amiriga ma’lum qildi. Ular shu va’daga ishonib, o‘ruslar Zarafshon daryosida kechib o‘tayotgan paytda ularga hech qanday qarshilik ko‘rsatmadilar. Kaufman boshliq o‘rus askarlari talofatsiz o‘tib, muzokara va sulhni kutib turgan buxoroliklarga to‘satdan hujum qilib, ularga talofat yetkazdilar. Shundan Kaufman sulh taklifini qabul qilmasligi haqida qat’iy javob berib,elchini qaytardi. Firibga duchkelgan sodda elchi ma’yus bo‘lib Buxoroga qaytdi…

Buxoro sipohi Samarqandga kirmasdan azamat jilovini Buxoro tomon burdilar. Ertasi Samarqandliklar o‘ruslar bilan sulh tuzdilar. O‘ruslar amir Temur poytaxti sanalmish Samarqand sharrini tasarruf qildilar. Javzo oyining o‘rtasigacha ular Urgut shahri va Chelak qal’asini ham istilo qildilar. Bir necha askarlarini Kaufman bir jinirol yetakchiligida Kattaqo‘rg‘on tasarrufi uchun yubordi. Uchinchi kuni o‘ruslar Samarqanddan 8 farsax keladigan Kattaqo‘rg‘onga yetib keldilar. Shu yerning hokimi Ya’qubbek shaharni tashlab qochdi. O‘ruslar Kattaqo‘rg‘onni jangsiz egallab oldilar. Kaufman ham shu zahoti Kattaqo‘rg‘onga yetib keldi. (U) Samarqandga qaytib, bir necha guruh askarni ikki farsax keladigan Qal’asiga yubordi. Shahrisabz sardori bir necha ming piyoda va suvoriy qo‘shini bilan kelib, o‘ruslar bilan jang qilib, qaytib ketdi. O‘ruslar Samarqandga qaytdilar.

Shu jangda Shahrisabzliklardan ko‘p kishi talofot ko‘rdi. Samarqandlik Mirzo so‘ziga qaraganda 50 kishi halok bo‘lgan ekan. Quyosh javzo oyining oxirida ediki, Buxoro sipohi Zirabuloq mavzeiga jam’ bo‘lub, Kattaqo‘rg‘on qal’asini zabt qilishga jazm etdilar. Bu xabar Kaufmanga yetib bordi. (U) Samarqanddan bir necha saraaskarlari va to‘pu to‘fanglari bilan Buxoro sipohiga qarshi kurashmoq uchun Kattaqo‘rg‘onga, undan Zirabuloqqa keldi. Buxoroliklar Zirabuloq mavzeida Buxoro yo‘liga qo‘shilib ketgan bir qir tepasida saflangan edilar. O‘rus askarlarini Kaufman ikki qismga bo‘lib, o‘ng va chapdan hamla qilishdi. Buxoroliklar jang ko‘rgan askarlarning to‘pu to‘fanglari otashig‘a tob bermasdan orqaga qaytdilar.

Shu muhorabada hozir bo‘lgan kishlarning aytishicha, buxorolik piyoda va suvoriylardan ming kishidan ko‘prog‘i nobud bo‘lib, o‘ruslarning talofati ikki yuz kishiginaga yetar ekan, xolos. Kaufman Zirabuloqda buxoroliklar bilan urushayotgan vaqtda ming, xitoy-qipchoq va Shahrisabz kenagaslarining qabila sardorlari ittifoq bo‘lib, ko‘p sipoh ila Samarqandga kelib, bu shaharni fath etmoqchi bo‘ldilar. (Ular) Saroyning atrofida ichki qal’ani to‘rt tomondan bosib olib, uning ikki darvozasi – Samarqand va Buxoro darvozasiga hujum qilib, mardlik bilan sa’yi balig‘ ko‘rsatdilar. O‘ruslarning ahvoli juda tang bo‘ldi. Qabilalar ittifoqi agar yana ikki-uch kun ittifoq va ijtimo‘ ila muhosaraga sabot ko‘rsatganda edi, g‘olib kelib, Samarqandni o‘ruslardan ozod qilgan bo‘lardilar. Ammo movarounnahrlik badbaxtlarning shuncha sa’yu harakatlari va mehnatu mashaqqatlari natijasiz anjom topdi. Buxoro sipohining Zirabuloqda mag‘lub bo‘lganlarini eshitib, birinch bo‘lib Shahrisabz kenagaslari, keyin esa boshqa toifalar sabot va jalodat qadamlarini tortib olib, muhosaradan yuz o‘gurub, har tomonga parishon bo‘lib, parokandalikka berildilar. Shuning uchun aytganlarkim, bayt (mazmuni):

Parokanda lashkardan hech foyda yo‘q,

Ularning yuz mingidan ikki yuz jangovar yigit yaxshiroq.

Qolgan lashkar besh kun muhoraba va muhosara ixtiyor etib, Kaufman Samarqanddagi o‘ruslar madadiga kelayotir degan xabar ma’lum bo‘lgandan keyingina qamalini qo‘xtatib, o‘z vatanlariga qaytdilar.

Voqealarga shohid bo‘lgan samarqandliklarning so‘zlariga qaraganda, o‘zbeklarning birlashgan qo‘shinlari ko‘p jasorat ko‘rsatib, o‘ruslardan 270 kishini o‘ldirgan ekanlar.

Milodiy 1867 yili saraton oyining o‘rtalarida zafar ko‘rmagan amir Muzaffar va Turkiston sipohsolari Kaufman o‘rtalarida sulh tuzildi. Buxoro amiri Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va ularga taalluqli bo‘lgan yerlarni hamda o‘ruslar istilo qilgan mavzelarni Rusiyaga berdi. Bunga qo‘shimcha katta mablag‘ – tovon to‘lashni o‘z bo‘yniga oldi. Buxoro mamlakatida ularning siyosiy idorasi ta’sis topdi. Shu vaqtda quyosh dalv burjining oxiriga yetgan edi. Buxoro amirining sulhidan 6 oy ilgari Farg‘ona xoni Said Muhammad Xudoyorxon va Turkiston sipohsolari Kaufman o‘rtalarida ham sulh bitimi bo‘lgan edi va adovatu xusumat o‘rnini amniyat egalladi. Mamlakat rifohiyati esa tijoratga aylandi. Qon to‘kilish va mulku madaniyat xarobaligiga sabab bo‘lgan jangu jadallar yo‘q bo‘ldi. Shu voqealar yuz berayotgan bir paytda Qarshi voliysi Abdumalik to‘ra Buxoro xoni amir Muzaffarning katta o‘g‘li Shahrisabz kenagaslarining ulug‘lari va Sodiq to‘ra binni Kenesari to‘ra Ablay Sulton yurtdoshlari ila Buxoro amirligi va saltanatiga da’vo qildi. U o‘z otasi amir Muzaffarga qarshi hamlaga o‘tib, jangovar sipohni yig‘di. Buxorodan amir Muzaffar sipoh va sarbozlar ila o‘g‘lining hujumini daf’ etmoq uchun Qarshi tomon otlandi. Qarshi cho‘llarida Abdulmalik bilan jang bo‘ldi va Abdulmalik to‘raning sipohi parokanda bo‘ldi. Abdulmalik Shahrisabzga qochdi. O‘z o‘g‘lini taqib qilib, otasi Shahrisabz qal’alaridan bo‘lgan Chiroqchini qurshab oldi. Shahrisabz voliysidan o‘z o‘g‘lini talab qildi. Bu ish oxiriga yetmasdan turib, boshqa joyda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Abdulmalik to‘ra farmoniga binoan Nurota va Karmanani Sodiq to‘ra olgani xabari amir Muzaffar qulog‘iga yetdi. Bu fitna va ixtilol sababiga ko‘ra (amir) Chiroqchidan orqa’ga qaytib, bu dahshatli hodisalarni bartaraf qilmoq uchun Samarqand voliysi jinirol (Abramov – Sh. V.)dan yordam so‘radi. O‘rusiya uchun Buxoro amirini qo‘llash xayrli ish deb, jinirol amir iltimosini qabul aylab, bir necha guruh askar bilan Jom sarhadig‘a keldi. Shahrisabz voliysi o‘ruslarni kelishlarini eshitib. “O‘rusiya Shahrisabzni ham olar ekan” deb Chiroqchidan Shahrisabzga qaytdi. Abdulmalik to‘ra ham Qarshiga keldi. Buxoro amiri bu ahvoldan foydalanib, Sodiq to‘ra fitnasini bostirishgaharakat qildi, unga shikast yetkazib, fasod va sho‘ru g‘avg‘olarga ozgina bo‘lsa-da taskin berdi. Amir Buxoroga qaytdi.

Qarshi turgan Abdulmalik to‘ra parokanda bo‘lg‘an sipohni yig‘ib yana qo‘zg‘olon ko‘tarib, ixtilofni boshladi. Buxoro amiri ikkinchi marta Samarqand jinirolidan yordam so‘radi. Samarqand jiniroli Jomdan bir necha guruk qo‘shin va bir necha to‘p ila Qarshig‘a bordi. Quyosh aqrabning 20-21 darajasida edi, o‘ruslar qarshida Abdulmalik bilan to‘qnashib, unga zarba berdilar. Abdulmalik to‘ra Qarshidan qochdi va uning sipohi mag‘lub bo‘ldi. Aqrab oyining oxirlarida o‘rus jiniroli Qarshini amir ma’murlariga topshirib, Samarqandga qaytdi. Shu hodisalardan keyin Shahrisabz hokimi, kenagas toifasining raislari, Kishtut va farob fuqarosini o‘ruslarg‘a qarshi qayradilar. Kishtut, Farob va Magi’yon raislari o‘ruslarg‘a qarshi chiqdilar. Ularga yordam deb Haydar xoja degan kishini bir necha shahrisabzlik guruh bilan yubordilar. Haydar xoja Samarqand chegarasida yurgan o‘rus suvoriylariga hamla qilib, ulardan bir qanchasini o‘ldirib, ba’zilarini yarador qildi. Bundan Samarqand voliysi jinirolning jahli chiqib, Turkistoan sipohsolari Kaufmanga bu ahvolni ma’lum qildi. Turkiston sipohsolari buyruq berdikim, Shahrisabz yurishini maxfiy rejalashtirib, viloyatni makr bilan ishg‘ol qilib, Buxoro amiriga bersin samarqand jiniroli safar anjomlarini muhayo aylab, amir Muzaffarni bu ishidan boxabar etib, o‘z askarlarini ikki dastaga ajratdi. Sunbula oyining yettisida birinchi favj Jomga yo‘l oldi. Favji soniy ikki kundan keyin Qoratepa devonidan o‘tib, Kitob qal’asining oldida birinchi qism bilan birlashdi. Ular qal’aga yaqin bo‘lgan O‘rus qishloq degan joyga tushdilar. Sunbulaning 13-kunida o‘ruslar askar va to‘plarini har nuqtaga joylashtirib, qal’ani olish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Shahar va qal’aga alohida-alohida hamla qilib, to‘pga tutishni boshladilar. Kechasi esa o‘ruslarning bir necha guruhi qal’aga yurish qilib, xandaqqa yaqin keldilar. Qal’adagilar bundan ogoh bo‘lib, o‘ruslarni o‘qqa tutib, mudofaaga o‘tdilar. O‘ruslarning yana bir guruhi posbonsiz qolg‘on joydan devorg‘a narvonlar qo‘yib, qal’aga kirdilar. Qolganlari esa devorning qulagan joylaridan shaharga bostirib kirdilar. O‘rus suvoriylari ham Robatak darvozasini yiqitib, to‘rt tomondan shaharga kirdilar. Qal’a aholisi o‘zlarini g‘am-anduq dengizida ko‘rib, turli yo‘llar bilan urusha-urusha chekindilar. O‘ruslar yo‘llarida uchragan uy-joylarni, kishilarning to‘plab qo‘ygan yem-hashaklarini, zahira qilib qo‘ygan o‘tinlarini yondirib, uning yorug‘ligida oldinga qarab intildilar. Shunday qilib, tongacha o‘ruslar shaharni butkul zabt etib, o‘z tasarrufiga oldilar. Shu urushda Shahrisabzliklardan 500 dan ko‘proq shahid bo‘lib, ko‘p odam zahmdor bo‘ldi. Jangda qatnashgan mo‘tabar kishlarning so‘zlariga qaraganda o‘ruslardan150 kishiga yaqin odam talofatga uchrabdi. Ammo 30 ta cho‘yan to‘p, bir necha pilta miltiq va boshqa narsalardan juda ko‘p zahira o‘ruslar qo‘liga o‘tibdi.

Sunbula oyining o‘rtalarida Samarqand jiniroli (Shahrisabz) shahriga kirib, shahar a’yonu ashrofini jam’ etib, Shahrisabz Buxoro amoratiga taaluqli ekanini e’lon qilib aholini tinchitdi, keyin Kitobga keldi. Shu yerda amir Muzaffar Shahrisabzga yuborgan yangi ma’mur va zobitlar bilan muloqot qilib, viloyatni Buxoro amirining mutasaddilariga topshirib, Samarqndga qarab jo‘nadi. Shu asnoda u eshitdiki, Shahrisabz voliysi Bobobek parvonachi Hakimbiy o‘g‘li va uning noibi Qalandar eshikog‘asining o‘g‘li Jo‘rabek dodxoh Mog‘iyon qasabasida 3 mingga yaqin lashkar to‘plab kutib turibdi va agarda rus askarlari Shahrusabzni buxoroliklarga berib qaytsalar, buxoroliklarni Shahrisabzdan haydab, yan viloyatni o‘z qo‘llariga olarmishla. Shuning uchun jinirol Kitobdan Farobga keldi. Shahrisabz voliysini sipohi ila topmasdan Farob aholisig‘a shunday e’lon qildikim, shu kundan boshlab sizning qasabalaringiz Samarqand muzofotining hay’atiga tegishlidir va sizlar rus tobeligiga kirgansizlar. Yana bir ma’murni bir favj ila Mog‘iyonga yubordi va yuqorida aytilgan mazmundagi xabarni u yerning aholisiga ham e’lon qildi. Shu ishlardan so‘ng Samarqand jiniroli o‘z askarlari bilan Samarqandga qaytib ketdi. Shahrisabz voliysi Bobobek o‘z akalari va noibi Jo‘rabek dodxoh hamda xizmatkorlari bilan ancha muddat sarsonu sargardoon bo‘lib, Farg‘ona chegarasiga yaqinlashdi. Buni Xudoyorxongga ma’lum qildilar. Janobi Xudoyorxon o‘z amirlari bilan mashvarat qildi. Xonning akasi Sulton Murodbek, umaro va vuzaroning aksariyati birlashib dedilarki: “Agarda biz Shahrisabz voliysini Farg‘ona saroyida qabul qilsak, Buxoro amiri O‘rusiyani bizga qarshi qayraydi va o‘ruslar bizdan voliy (Bobobek)ni talab qiladilar. Agar uni o‘ruslarga bersak, sharmanda bo‘lamiz, agar o‘ruslarning xohishini rad qilsak, bu bilan ahdu paymonini buzib, ularga bahona va sabab topibbergan bo‘lamiz. Buning chorasi shuki, Shahrisabz voliysiga safar zaruriyati va luzimotini taxtlab, avval uni mehmon qilib, keyin Qoshg‘arga jo‘natsak. Bu savobli fikr qabul bo‘ldi. Saroyning bir ishonchli mulozamini uzru ma’ni ila ziyofat va mehmondorchilikka da’vat qilish uchun Bobobek oldiga yubordilar.

Mazkur ma’mur Shahrisabz voliysining oldiga kelib ahvolni tushuntirdi va hamma naqdini berib aytdiki, “Farg‘ona hokimi sizdan uzr so‘rab o‘z mulkida bir necha kun mehmon bo‘lishingini hohlaydi va keyinroq Qoshg‘arga borsangiz, sizni chegaragacha kuzatib qo‘ymoqni zimmamizga olamiz”. Shahrisabz voliysi (Bobobek) unga javob bberdiki: “Biz Qoshg‘ar safarini xohlamaganmiz. Biz Shahrisabzdan bu tomonga Buxoro amiri zulmidan qochib keldik. Buxoro amiri bizning ko‘p ulug‘larmizni o‘ldirdi. Bizning o‘rtamizda qo‘hna adovat bor. Biz Samarqand jinirolining oldiga borib taslim bo‘lmadik, chunki u Buxoro amirining o‘ng qo‘lidur. Agarda unga taslim bo‘lganimizda edi, ehtimol jinirol amirdan pora olib, o‘zini Turkiston sipohsolari Kaufmanga yaxshi ko‘rsatish uchun bizni Buxoro amiriga topshirgan bolur erdi. Agarda Farg‘ona xonining (Xudoyorxon) o‘zi bizni avlodimiz ila Kaufman huzuriga yuborsa ma’qul erdi. Samarqand jiniroli va boshqalarning vositasisiz o‘zimiz Turkiston sipohsolari Kaufmanga taslim bo‘lamiz. Bizning maqsadimiz shu, chunki Rusiya davlati buyukdur va ularning qonuni va nizomlarida asirlar va taslim bo‘lgan kishlarni o‘ldirish qoidasi yo‘qdur. Buni biz ko‘p mo‘tabar kishilardan eshitganmiz.

Ko‘p joylarning va viloyatlarning‘okimlari, masalan, totorlar, cherkaslar va boshqa g‘ayridinlar o‘ruslarga asir tushganda, ularni o‘ldirmasdan tarbiya qilganlar. Binobarin, biz safar sargardonligidan ko‘ra yaxshisi, Toshkandga borib, o‘ruslarga taslim bo‘lamiz, agar Farg‘ona hazrati bizlarni o‘z elchisi bilan Toshkandga jo‘natsa, undan rozi va va xushnud bo‘lardik”.

Mazkur ma’mur bu so‘zlarni Shahrisabz voliysidan eshitib, xon hazratlari oldiga kelib, hammasini arz qildi. Xon janoblari voliy iltimosini qabul aylab, yo‘l ehtiyochi va xarajatini xazinadan berib yubordi. Shahrisabz voliysi Bobobek parvonachi Hakimbiy o‘g‘lini ba’zi shaxsiy mulozimlari va noibi Jo‘rabek dodxoh qalandar eshikog‘osi o‘g‘li bilan birga Xo‘qanddan yana bir elchi qo‘shib, Toshkandga jo‘natdilar.

Ularning qolgan qarindoshlarini, urug‘larini Bobobek parvonachi iltimosiga ko‘ra Farg‘onada qoldirdilar va ularning martaba va maqomlariga qarab, xazinadan maosh muqarra qildilar.

Abdulmalik to‘ra g‘oziy Samarqand jiniroli bilan Qarshida jang qilib talofatga duch kelgach, Olloh irodasi ila bir muddat Urganch va Afg‘onistonda musofirat zahmatini chekdi. U yoqlardan Farg‘ona mamlakatiga kelib, bir necha kun Farg‘ona xoning darborida mahmon bo‘lib, o‘z xohishi ila Qoshg‘arga o‘tib ketdi va bir necha vaqt shu yerda yashadi. Keyin Britoniyo Azimaga ketdi. Makkai mukarrama ziyoratig‘a borgan mo‘tabar kishilarning aytishlaricha, fozil amirzoda hozir Hindistonda izzatu ikrom, ofiyat va salomat masnadida o‘turgan ekanlar. Va bu jumlala ham g‘aroyib voqealarning bayoni edi va biz ularni muxtasar yozdik.

PRILOJENIYE

GENERAL-ADYUTANT FON KAUFMANNING BUXORO AMIRI JANOBI OLIYLARI SAID MUZAFFAR BAHODURXONGA TAKLIF QILG‘ON

SULH SHARTLARI

1

A’lohazrat Rusiya imperatori janoblari hukumatiga mansub bo‘lgan yerlarda oldin ruslar tomonidan ishg‘ol qilgan Qoshg‘ar, Dovon, Nurota tog‘lari shimolidan tashqari Oqpodshoh tobeligiga o‘tishini iltimos qilgan Samarqand shahri o‘z muzofotlari bilan kiradi. Janub tomondan bu o‘lka Shahrisabz tog‘lari bilan chegaralanib, Zarafshon vodiysi va Nurota tog‘lari o‘rtasidan o‘tadi. Buxoro bo‘ladigan chegara esa, shu sulh bitimi Amir janobi oliylari tomonidan taklif qilingan shartlar bilan qabul qilinib, ular o‘z muhrlarini bosib qaytargandan so‘ng aniqlanadi. Shundan so‘ng chegara g‘arb tomonidan Nurota tog‘larining eng baland joyidan va Buxoro hududida joylashgan Nurota qal’asidan o‘tadi. Shu yerdan Qizilqum sahrosi o‘rtasidan o‘tib, Bo‘kantov orqali Yangidaryo quyilishigacha yetadi.

2

Hamma rus fuqarolari, qaysi dindan bo‘lishlaridan qat’i nazar, Buxoroga va uning boshqa shaharlariga borib savdo qilish huquqiga ega bo‘ladilar, Buxoro amirining fuqarolari ham ilgaridek Rusiya imperiyasi bilan savdo qilishga ijozat beriladi.

Amir janobi oliylari Rusiya fuqarolarini karvon va baecha mol-mulklari bilan muhofaza qilib, ularni o‘z mulki hududida xavfsizligini nazorat etadi.

3

Rusiya tojirlari uchun Buxoro shaharlarida va ular hohlagan joylarda, o‘z tovarlarini saqlash uchun karvon saroylari qurishlariga ijozat beriladi. Rusiya shaharlarida ham Buxoro tojiklari uchun shunday huquq beriladi.

4

Savdo ishlari to‘g‘ri borishini va qoniniy boj olinishini nazorat qilish uchun rus tojirlari hohishlariga qarab Buxoro amirligining har bir shaharida ularning karvonboshlari bo‘lishiga huquq beriladi. Turkiston o‘lkasiga qarashli shaharlarda Buxoro tojirlariga ham shunday huquq beriladi.

5

Rusiya yeridan Buxoroga va yoki Rusiyaga shu yerdan boradigan hamma tovarlardan Turkiston o‘lkasida olinadigan miqdorda, har holatda Buxoroning musulmon fuqarolari bilan bir xil, ya’ni tovarning umumiy qiymatidan 2,5 foiz miqdorida boj olinadi.

Bu shartlar Samarqand shahridan 1868 yil 11 may kuni jo‘natilgan. Turkiston General Gubernatori va Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarining qo‘mondoni General-Adyutant fon Kaufman imzosi.

BUXORO AMIRI JANOBI OLIYLARI SAID MUZAFFAR BAHODURXONGA GENERAL-ADYUTANT FON KAUFMAN TAKLIF QILGAN SULH SHARTLARIGA ILOVALAR

1

Rusiya imperatori a’lohazrat janoblari va Buxoro amiri janobi oliylari mulklarining chegara chizig‘i janubda Shahrisabz tog‘larining eng baland joylaridan Zarafshon vodiysiga tutashadi, so‘ngra Kattaqo‘rg‘on g‘arbidan boshlanib, Zarafshon vodiysi o‘rtasidan o‘tadi va Oqtov, Nurota tog‘lari bilan kesishadi. Sarhad keyin Nurota tog‘larining eng baland cho‘qqisi orqali o‘tadi. Nurota qal’asi esa Buxoroda qoladi. Shu yerdan boshlab, ya’ni Qizilqum sahrosidan to Bo‘kantovgacha, shuningdek, mazkur to‘glardan Yangidaryo etaklariga qadar bo‘lgan joylar ham Rusiyaga o‘tadi.

2

Shu chegara chizig‘idan Shimol va Sharq tomonda joylashgan hamma yerlar A’lohazrat Rusiya imperatori janoblari tasarrifi va tobeligiga o‘tadi va shu chiziqdan janubi g‘arbdagi yerlar Buxoro amiri janob oliylari ixtiyorida qoladi.

3

Sulh imzolangandan keyin, chegara chizig‘i Buxoro amiri janob oliylari yuboradigan elchi va Turkiston general-gubernatori tayinlaydigan vakolatli shaxsdan iborat bo‘lgan maxsus hay’at tomonidan belgilanadi. Chegarani aniqlash hay’atiga Rusiya imperatori qo‘shinidan posbonlar tayinlanadi.

General-adyutant fon Kaufman taklif qilgan va Buxoro amiri janobi oliylari qabul qilgan 2, 3, 4, 5 va 6 sulhnoma shartlari o‘zgartirilmaydi.

Bu ilovalar Kattaqo‘rg‘ondan 1868 yil 23 may kuni yuborilgan

Turkiston general-gubernatori va Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarining qo‘mondoni general-adyutant fon Kaufman imzosi.

GENERAL-ADYUTANT FON KAUFMAN TOMONIDAN BUXORO AMIRI JANOBI OLIYLARI SAID MUZAFFAR BAHODURXONGA TAKLIF

QILGAN SULHNOMA SHARTLARINING MAXFIY ILOVALARI

1

Buxoro Amiri Janobi oliylari Rusiya davlati bilan chin do‘stlikda yashash va janobi a’lohazrat Rusiya imperiyasi podshohi a’zamning homiyligini olish uchun shu yildagi jang harajatlarini qoplash uchun 125000 tilla miqdorida tovon to‘laydi.

2

125000 tilla pul yo kumush bilan to‘lanadi va har bir tilla 20 tanga hisoblanadi.

3

Janobi oliylari shu shartlarga imzo chekkandan so‘ng Rusiyaga to‘lanadig‘on 125000 tilla hisobidan zudlik bilan 10 ming tilla undiriladi. 90000 tilla 1868 yilda 21 maydan boshlab 30 kun ichida to‘lanishi shart. Qolgan 25000 tilla keyinroq, bir yil ichida to‘planishi kerak.

4

Buxoro amiri janobi oliylari beklar chegaradan Rusiya hududiga o‘tub qaroqchilikqilmasligini nazorat etadi. Ular Rusiya hukumati bilan do‘stlik munosabatida bo‘lishlari lozim.

Turkiston general-gubernatori o‘z tomonidan Rusiya va Buxoro bilan do‘stlik munosabatlarini keyinchalik ikkala hukumat va davlatning baxt va saodati yo‘lida rivojlantirish uchun hamma choralarni ko‘radi.

Bu shartlar Kattaqo‘rg‘onda 1868 yil, 23 may kuni jonatilgan.

Turkiston general-gubernatori va Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarining qo‘mondoni general-adyutant fon Kaufman I ning imzosi.

“Pravitel’stvenniy vestnik”, 1872, №238

TURKISTON GENERAL-GUBERNATORI, GENERAL-ADYUTANT FON KAUFMAN I VA BUXORO AMIRI SAID MUZAFFAR O‘RTALAIDA TUZILGAN AHDNOMA

1-modda. Risiya podshohi janoblari Imperatori A’zam va Buxoro Amiri janobi oli mulklarining o‘rtalaridagi chegara chizig‘i o‘zgarmaydi.

Amudaryoning so‘l sohilidan boshlab Xeva yerlari rus mulkiga qo‘shilgandan so‘ng hamda Buxoro Amiri va Xeva xonining ilgarigi g‘arbiy chegaralari, ya’ni Amuning so‘lidagi Xolota mavzeidan Gugertli to‘qay tomoniga boradigan chegara bekor qilinadi.

Buxoro amirining mulkiga ilgari Buxoro va Xeva chegarasi bo‘lgan Amudaryo sohilining so‘l tomoni: Gugertlidan to Mishekli to‘qaygacha hamda Misheklidan boshlab ilgarigi Buxoro va Xeva chegarasi va Rusiya davlati bo‘lgan hudud o‘tadi.

2-modda. Xeva xonligidan Amudaryo sohilining so‘l qismidagi yerlar ajratib olingani uchun Buxorodan shimoldagi rus yerlariga boradigan hamma karvon yo‘llari faqat Buxoro va Rusiya yerlari orqali o‘tadi.

Har ikkila hukumat Buxoro va Rusiya o‘z yerlari hududida karvonlar va tijoratni muhofaza qilish ustidan nazorat o‘rnatadilar.

3-modda. Amudaryoning Buxoro amiriga mansub bo‘lgan qismida Buxoro kemalari bilan bir qatorda Rusiya davlati kemalari hamda xususiy kemalar uchun erkin suzish huquqi beriladi.

4-modda. Amudaryoning Buxoro davlatiga tegishli sohillarida ruslar hohlagan qulay joylarda ombor va bandar qurish huquqiga egadirlar. Bu ombor va bandarlarni himoya qilish ishlarini Buxoro hukumati o‘z zimmasiga oladi. Bandar qurilishi uchun belgilangan joylarni Turkistondagi Ruslarning oliy hukumati tasdiqlaydi.

5-modda. Buxoro amirligidagi hamma shahar va qishloqlar rus savdosi uchun ochiqdir. Rus tojirlari va rus karvonlari amirlik hududida erkin harakat qilib, mahalliy hokimlar tomonidan maxsus homiylikka olinadi. Ris karvonlarining Buxoro hududidagi xavfsizligi uchun Buxoro hukumati javob beradi.

6-modda. Rusiyada Buxoroda yoki Buxorodan Rusiyaga olib boriladigan rus tojirlarining‘amma mollari umumiy qiymatidan 25 foiz miqdorida boj olinadi, Turkiston o‘lkasida esa 1,40 qism miqdorida boj olinadi. Bu zakotdan boshqa soliq olinmaydi.

7-modda. Rus tojirlari Buxorodan boshqa qo‘shni joylarga soliqsiz tovar olib borish huquqiga egadirlar.

8-modda. Rus tojirlari zarur holatlarda Buxoro shaharlarida tovarlarini saqlash uchun karvonsaroylar qurishga huquqlidirlar.

9-modda. Savdo jarayoni to‘g‘ri borishi va soliq olishning qonuniy bo‘lishi uchun hamda mahalliy hukumat bilan tijorat ishlarini olib borish uchun rus tojirlari Buxoro shaharlarida tijoratxona ochishga haqlidirlar. Buxoro tojirlari uchun Turkiston o‘lkasida ham shunday huquq beriladi.

10-modda. Rusiya va Buxoro o‘rtasida savdo majburiyatlari har ikkala tomonlama muqaddas sanaladi va buzilmasligi shart. Buxoro hukumati savdo va umuman tijorat ishlari odilona bo‘lishiga kafolat beradi hamda ular ustidan nazorat qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

11-modda. Rusiya tobelari Buxoro fuqarolari bilan bir qatorda Buxoroda shariat talablariga qarab, har xil ish vakasblar bilan mashg‘ul bo‘lishi huquqiga ega bo‘ladilar. Buxoro fuqarolari ham rus mulklarida Rusiya qonunlari ijozat bergan barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqlidirlar.

12-modda. Rusiya tobelari amirlik hududida xususiy mulk, ya’ni uy, bog‘, yer sotib olishga huquqlidirlar. Bu mulkdan Buxoro fuqarolari bilan bir xilda xiroj olinadi. Shunday huquqdan Rusiya imperiyasida Buxoro fuqarolari ham foydalanadilar.

13-modda. Rusiya tobelari rus hukumatining chegaradan erkin o‘tishga doir ijozatnomasi bilan Buxoroga keladilar: ular amirlikning hamma joylariga borish huquqiga ega bo‘lib, Buxoro hukumatining maxsus homiyligidan foydalanadilar.

14-modda. Rusiya hukumatidan ijozati bo‘lmagan, qaysi xalqqa mansubligidan qat’iy nazar, har xil kimsalarni Buxoro hukumati qabul qilmaydi. Agarda Rusiya tobelaridan qonun yo‘li bilan ta’qib etilayotgan biron bir jinoyatkor Buxoro hududida yashirinsa, Buxoro hokimiyati tomonidan bunday kishilar tutib olinib, rus hukumatiga topshiriladi.

15-modda. O‘rta Osiyodagi ruslarning oliy hukumati bilan yaqin va doimo munosabatda bo‘lish uchun Buxoro amiri o‘zining ishonchli kishilaridan biron shaxsni Toshkentda doimiy va vakolatli elchi qilib tayinlanadi. Bu vakolatli elchi Toshkentdagi amir hovlisida Amir hisobidan yashaydi.

16-modda. Rusiya hukumati ham Buxoroda o‘z doimiy namoyandasini Amir janobi oliylar huzurida tayinlashi mumkin. (Buxorodagi Rusiya hukumatini vakili Rusiya hukumati hisobidan yashaydi.)

17-modda. Rusiya imperiyasi Podshohiga yoqish va Imperatori a’zam janoblarining obro‘sini ko‘tarish uchun Amir Said Muzaffar janobi oliylari qaror qiladi: bugundan e’tiboran Buxoro hududida abadul-abad insonparvarlik qoniniga zid bo‘lgan odamlar bilan savdo qilish bekor qilinadi. Shu qarorga binoan Said Muzaffar o‘zining beklariga shu mazmunda qat’iy buyruq jo‘natdi: agarda Buxoro chegarasida shaharlar yuqorida zikr etilgan farmonga qarshi Buxoro fuqarolari uchun boshqa qo‘shni davlatlardan qullar olib keltirilsa, ular bilan savdo qilish xatorqali to‘xtatiladi. Ammo farmoniga rioya etmay olib keltirilgan odamlar esa o‘z xo‘jayinlaridan tortib olib, ozod etiladi.

18-modda. Said Muzaffar chin qalbdan do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash uchun Rusiya va Buxoro o‘rtasidagi do‘stona shartnomani hamda 5 yildan buyon amal qilib kelayotgan 17-moddani Buxoro Saodati uchun qo‘llanma sifatida qabul qiladi. Bu shartnoma ikki nushada, ikki tilda rus va turkiy tillarda yozildi. Tasdiqlash nishonasi uchun Said Muzaffar o‘z muhrini bosdi va uni o‘ziga va vorislari uchun qo‘llanma sifatida qabul qildi.

23 sentyabr’ 1873 yil, 1290 yil sha’bon oyining 19-kuni.

“Pravitel’stvenniy vestnik” 1873, №300.