Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Jizzax qo‘zg‘oloni

Description

Автор: Записано со слов Фазыла Юлдаш-оглы

Заглавие: Джиззакское восстание

Источник: Дастагул. Узбекское народное творчество. Дастаны. Ташкент, 1965.

Страницы: 57-106.

Язык: узбекский.

Характеристика содержания: народная поэма о восстании в Джиззакской области в 1916 году против привлечения местного населения на прифронтовые работы.

Редактор: Хади Зариф.

Categories

Ак-булак Ак-падишах Америка Андижан Ардахшан Богач Большевик Война, первая мировая Волнение Волостной Восстание Восточные слова Географические названия Германия Губернатор Дахбит Деньги Джамбул Джелликуль Джиззак Женщины Завод Замин Зухра Ишан Казак Казы Кайрават Карамазар Карашакшак Киргиз Коканд Край, туркестанский Крестьянин Кровь Кулкишлак Курбан-палван Курбанбай Кушталь Куябаш Мавлан Малгузар Мертвый Москва Мулла Мухтархан Мюрид Найман Наманган Нищий Отступник Охота Охотник Оценка Паймурт Партия Пенза Пир Пишагар Поденщик Поезд Политика Политические и общественные организации Полицейский Пориш Пристав Пролетариат Рабочий Рават Район Религия Россия Рубль Русские слова Русский Сабля Саври Сайчи Самара Самооценка Сангзар Сатана Сияб Солдат Станция Сыр-Дарья Таир хромой Тахир Ташахир Ташкент Ташлак Телеграмма Тиран Тирания Трудящийся Тупрак-курган Туркмен Узбек Уринбай Фабрика Фольклор Хасан (святой) Хасан-Губа (село) Ходжент Хусан Чибар Шариллок Шашка Шеркул Яйильма Янги (кишлак) Янги-курган

Editor

B.S.

Text

Bir-biriga yordam berib,

Jahon urushi boshlanib,

Bu yotgan mulkning ustida

Podsholar itday talashib,

Bir alomat urush bo‘ldi,

(It egaga boqmay qoldi.)

Men ham chetda qolmayin deb,

So‘ngra Amerika keldi.

Podshoman degan tortishdi,

O‘lik-o‘likka ayqashdi,

Ko‘rganlarning aqli shoshdi.

O‘ngu so‘lni olib tuman,

Bir-biriga bermay omon,

Qon quyilgan yomon zamon,

Tushgan qolmay yotir omon,

Bel berib urushda German,

Yo‘liqqanga bosim kelgan,

O‘layotgan ishchi-dehqon,

Podsholarning ishi yomon.

Bo‘shab qoldi mazgil joylar.

Bu o‘lganga sabab bo‘lgan,

Ig‘vogar o‘rtada boylar,

Bularda rahm bo‘lmaydi,

Urushga borgan kambag‘al

Sira ham omon kelmaydi.

Shunday bo‘ldi qattiq kuni.

Bir necha ishchi-dehqonning

Urushda o‘lgan yolg‘iz uli.

Ota-ena yig‘lab qolib,

Qattiq bo‘ldi ko‘rgan kuni.

Haddan ko‘pdir o‘ylab tursa,

Qursin podshoning zulmi.

Bunda elat shunday bo‘ldi,

Zavod, fabrik bo‘shab qoldi.

Rabochi, mehnatkash barin

Haydadi, urushga soldi.

Mehnatkash boshi gang bo‘ldi,

Qayg‘u, g‘am, kulfatga to‘ldi.

Rahm qilmas ko‘z yoshiga,

U tob bermas zulm ishiga.

Ketmon berib o‘r qazdirdi

Qari-qartang chol kishiga.

Bu alomat ajab kunlar,

O‘rtada qancha o‘liklar.

O‘r qazdirib, yig‘ib, ko‘mar,

Bu urush oda bo‘lmaydi,

Me’yorin hech kim bilmaydi.

Kunda qancha odam o‘lar.

Lashkarda toqat qolmaydi.

O‘z ko‘ngli bilan bosh ko‘tarib–

Hech kim urushga bormaydi.

Ustidagi kattalari,

Urush navbati kelgan so‘ng,

Qilichin yalang‘och qilib,

Do‘qlab urushga haydaydi,

Bundan qancha odam o‘ldi.

O‘z holiga qo‘ymay xalqdi

Qayta-qayta chiqim soldi.

Ish tayini bo‘lmay qoldi.

Hamma urushda, qiyomat!

Urushda bo‘lgan harajat,

Qaydan topib bersin elat!

Topmaganga qilar bunda

Amaldor katta siyosat.

So‘ramas bechoraning holin,

Bunday kunlar bo‘lag‘oy sa

Sottirib oladi molin.

Hamma bo‘lib qoldi hayron,

Nechovning vatani vayron.

Shunday zamon urush bo‘ldi,

Hamma sarosima bo‘lib,

Juda qattiq kunda qoldi.

Urush desa xalq yig‘lab,

Podshoning o‘limin tilab.

Urush boshidagi, podshoning qoshidagi amaldorlar ko‘rdi: urushda odam yetishmay borayotir, bari mamlakatdan olgan odami o‘lib, ozayib qolayotir, kunma-kun odam kamchilik qilayotir. Zavod-fabrikalarda ishlovchi xotin-qizlar bo‘lib qoldi. O‘roq o‘rmoq, yer haydamoq, ekish ishlari xotin-qizlarning qo‘lida qoldi. Ishga yaroqli odamning hammasini olgan, podshoning qo‘l ostida Turkiston mamlakati bu urushdan tish turgan. Turkiston xalqi podshiga sallotlikka noishonim bo‘lgan; bulardan so‘ramoqchi emas, “birdaniga chaqirib, qo‘liga miltiq-anjom bersak, ular bizga yaxshi qaramas”, – deb mardikor so‘radi.

Mardikor so‘radi, xatga soladi,

Hammasining ko‘ngli shunday bo‘ladi,

Xatga qarab telegram beradi…

Gubir ning qoshiga hokimlar kelgan,

Qo‘l ostiga so‘zin hokim bildirgan,

Eldan- elga yurar otlar chopishib,

Har yerlardan mingboshini topishib,

Borsa, e’lon xatni ma’lum qiladi,

Mingboshining o‘z qo‘liga beradi,

Gubirdan telegramm keldi Jizzaxga,

Xabar yetib bordi Samarqand yurtga,

Kattaqo‘rg‘on bilan endi Chelakka.

Mamlakatga shunday xabar beradi,

Barcha fuqaroga e’lon qiladi.

Ko‘ring shu zamonda Jizzax hokimi

Bag‘donga jo‘natdu bitgan xatini.

Hayron qolar bu xabarning tiliga…

Andijon, Namangan qolmay Marg‘ilon–

Hammasi eshitdi: Farg‘ona, Qo‘qon,

Xo‘janf, O‘ratepa, yana tog‘ ichi

Qolmayin eshitdi bu katta-kichi ,

Bu tog‘ning orasi – Qirg‘iz ham Sangzor,

Toshloq, O‘smat xabar topdi muqarrar.

Hamma bu gaplarga hayron bo‘lgandir,

Yangiqo‘rg‘on – barcha ko‘p g‘amgin bo‘lib,

Hamma xalqqa bunday e’lon kelgandir.

Xabar chiqib yotir eldan falakka

Bu xabarlar botdi turgan elatga…

Qozi, mingboshilar, katta odamlar

Hammasi bir joyga endi yig‘ildi,

Bu xabarnomani o‘qidi, ko‘rdi…

Besh uyga bir odam e’lon qilibdi,

Katta odamning bari omon qolibdi.

Gubirning nomasi shunday bo‘libdi:

“Imom bo‘lib elu xalqda turganlar,

Boy bo‘lib mulk egasi bo‘lganlar,

Qozi mingboshi bo‘p xizmat qilganlar,

Katta-kichik amaldor bo‘p yurganlar,

Dehqonlarga siyosat qip yurganlar

Ishchi-dehqon qatorida bo‘lmasin,

Bunday kishi chiqim, odam bermasin,

Podsho rahbar bo‘ldi, amaldor bilsin,

Ishchi-dehqonlarga odamni solsin.

Pul topmagan asl qambag‘al borsin!

Dunyodorlar bunda joyida tursin…

Amaldor zarbini elga o‘tkazsin.

Kechiktirmay bu xizmatni bitkazsin!”

Shunday bo‘ldi boshchi mingboshi ishi,

Eshon, mulla, qoshidagi sirdoshi.

Har qishloqdan xabar qilib chaqirdi

Ellikboshi bilan yana to‘q kishi…

Bir mingboshining qirq-ellikcha ellikboshisi bo‘lar edi. Ular har qishloqdan kelib, mingboshining qabatida turibdi. Bular – qishloq baloxo‘rlari, qishloqni kemirib yeguvchilar, oz chiqimni ko‘paytirib oluvchilar, qishloqni “boshqarib yo‘lga soluvchilar”, mehnatkashlardan haq undirib, o‘zlari ega bo‘lib yeguvchilar. Maslahatboshi boylar mingboshinikiga yig‘ildi. “Bular nima ish qiladi, nima desak mehnatkash xalq aytganimizga ko‘nadi, ko‘nmaganda nima iloj qiladi, dod deganda mingboshiga keladi, xalqdan odam ham chiqimni o‘rin qilmoq uchun maslahatga yig‘ilganning bari ozod bo‘ladi. Biz nima desak, el ko‘na beradi, endigi ixtiyor o‘zingizda-da, qishloqqa borib chuvlab yuramizmi”,–deb mingboshiga qarab bu maslahatni berib turgan ekan:

Ushbu damdir, o‘zga damni dam dema,

Esonlikda davlatingni kam dema,

Valastnoysan, bu ishlardan g‘am yema!

Elda ne gap bo‘lsa bizlar yetkizib,

O‘rin qilib bu xizmatni bitkizib,

El teli-tentagin dam qip qo‘yarmiz,

G‘am yema, sola ber elga odamni.

Bu ishlarni o‘rin qilib kelarmiz…

Odam solsak bizlar elning o‘ziga,

Dod deganda quloq solmang so‘ziga,

Bittasining so‘zin ma’qul bilmangiz…

Har qishloq necha uy ekanining ixtiyori ellikboshida bo‘lib, maslahatni bir yerga qo‘yib, besh uyga bir odamdan sola berdi. “Kim talab qilsa, borsin, bormagan kishi olti yuz so‘mdan pul bersin”,–dedi. U vaqtda odamlar olti yuzni ko‘rmoq tugul, birovning sanayotganiga ham ko‘zi tushgan emas…– Bizga o‘xshagan kambag‘alni to‘pni og‘ziga boylab berar ekan, bu nima degan gap?! Boy, o‘ziga tuzuk kishilar chiqimdan qolsa, kambag‘allarning mehnat qilib qayta-qayta chiqim berib yurgani ozmi?! Ziyod davlat bermay bizni xudo ham qisgan ekan. “Yiqilganni tepib o‘t”,–deb podsho ham mehnatkashni qirar ekan. Boylarning qo‘yi, moli ko‘p. “Menga atab qo‘y so‘ydi”,– deb xudoning ham dimog‘i boydan chog‘ bo‘lar ekan: “Uning davlati katta”,– deb podsho ham boyni hurmat qilar ekan,–deb har yig‘inda bir necha so‘zlar gapirilayotir:

“Bu so‘zlarga yo‘qdir mening toqatim,

Behuda yo‘q, beradigan davlatim,

Ko‘p bo‘ldi dunyoda ko‘rgan mehnatim.

Bu xalqdan ketmadi zulm, kulfating!

Kecha-kunduz qayg‘u vahm ulfating!

Bizga ma’qul bo‘lmas bu maslahating:

So‘z so‘ylasang sen olasan qiyoma,

Nima qilsang qilasan-da, kattalar,

Qo‘lingdan kelganin qilgin ayama!

Ko‘zimdan to‘kilgan selday yoshim bor,

O‘limga chog‘lagan yolg‘iz boshim bor.

Bu ishlarga rozi emas odamlar!

O‘ylaganda odam bag‘ri ezildi,

Xalq uchun gapirgan necha so‘z endi,

Turgan bir nechaning ko‘ngli buzildi.

Tashlab ketsak bunda bu yurgan elni,

Ellikboshi avrab– maqsading shuldi(r).

Bunda yurgan bilan nima kun ko‘rdik?!

Xalq ishlab topganin chiqimga berdi.

Oxiri–oqibat shunday kun bo‘ldi,

Bu xalqning boshiga bir o‘lim keldi.

Nima qilsa qilsin endi amaldor,

Ellikboshi gapni bilgin muxtasar,

Budan o‘zga so‘sing bizga ne darkor

Xoh kuydir, xoh yondir, bachchag‘ar!

Xalqqa yuk bo‘p turgan o‘zing balosan,

Mehnatkashni yongan o‘tga solasan.

Kuyib ketdik endi davlat dastidan,

O‘zim o‘lmay, keyin qaytib turmayman!

Pul topmayin sening oldingga tushib,

Zulm bilan mardikorga bormayman!

Bola-chaqam yebir-yesir qilmayman!

Xat op kelib, elga berding maslahat,

O‘ylasak bu–zulm, bizga qiyomat.

Kambag‘al boshida bir turli savdo,

Yo‘qchilik asari ajoyib g‘avg‘o.

Badavlatlar qayg‘u vahm qilmaydi,

Ular buning uchun ko‘nglin bo‘lmaydi,

Kambag‘alning ishi o‘rin bo‘lmaydi,

“Dod” deganda hech kim quloq solmaydi…”

Turkiston krayda – hamma yerda shu gap. Jizzaxda, yaqin-uzoqda, Samarqand tevaragi: qoradaraxtda, Bag‘don, Porish, Nayman, Turkman, Farg‘ona mamlakati, Toshkent, Sir yoqalab o‘zbek, qozoq – hamma noroziligini ko‘rsatib turibdi. Jizzax tevaragida temir yo‘l rabochilari – rus proletariati, bol’sheviklar partiyasi quvvatini, xalqning norozi bo‘lganini do‘st tutib gapirgan, har yerlarda ham shunday so‘z bo‘lgan. Bu so‘z og‘izdan-og‘izga, eldan-elga hamma xalqqa tarqab ketdi, biridan-biri eshitdi. Birov bilardan, birov bilmasdan bu gaplarni gapirib yotdi. “Podshoning quvvati ketgan emish, lashkari ham ozayib, aytganiga yurmay yotgan emish. Endi bunga pul, odam bersak, tag‘i boshimizga battar balo bo‘ladi, bu balodan o‘zimiz qutulolmay yurganimizda pul, odam berib, buni quvvatlab turmaymiz! Mana atrofda qancha xalq bor, unda qanday bo‘lyapti”– deb bir-biridan xabar olib yuribdi. Bu so‘zni ma’qul qilib Jizzaxda qo‘zg‘olon bo‘lyapti. “Jizzaxga yig‘ilib boramiz. Tuproqqo‘rg‘onni o‘rtaga olamiz, podshoning yordamchisi bo‘lgan odamni nobud qilamiz”– deb xoh Jizzax qo‘rg‘onining tevaragida, xoh qishloqda hamma xalq harakatga kirdi.

Bir necha otli, bir necha yayov,

Yig‘ilmoqchi bo‘ldi Jizzax ustiga.

Odam kelib bir-biriga duch bo‘ldi,

Xoliyadan Toyir cho‘loq bosh bo‘ldi,

Urushga o‘zini choqladi tolib,

O‘roq-kaltagini qo‘liga olib.

Miltig‘i bor miltig‘ini oladi,

Dushmanning qo‘lidan ne ish keladi?!

Har bir qishloq bo‘lgan so‘zni eshitib,

Bir-biriga qo‘shilishib boradi.

“Yig‘iling, yuringlar, Jizzax ustiga,

Yig‘ilganda ne kunlarni solarmiz,

Beshquvurning qo‘rg‘onini olarmiz.

Urush qip qo‘rg‘onni bosib olgan so‘ng

Hamma birday yaroqli bo‘p qolarmiz,

So‘ngra biz ham tuzuk bo‘lib qolarmiz.

Bir ovoza ketsin osmon-falakka

Jizzax borib, urush qilsak, albatta.

Quloq song, og‘ayni, so‘ylagan so‘zga.

Urushli kun yo‘ldosh bo‘lasiz bizga.

Yuqotida xabar ketdi qirg‘izga,

Hamma xalqda bordir shunday harakat,

Bir alomat urush bo‘lsin arosat,

Kelayotir Pishag‘ar bilan Ravot.

Podsho boshlab bo‘ldi bizlarga dushman,

Yo‘liqqani qilib ketsin pushaymon”.

Quduqcha ham ham kelayotir Ardaxshon,

Yuqori – Sangzorda odam qo‘yilgan.

G‘amli bo‘lsa tortar edi ohu voy,

Yuqoridan bosh bo‘p chiqdi Qurbonboy.

Urush izlab buning ko‘ngli jo‘sh urdi,

Katta-kichik qo‘shtamg‘ali qo‘shildi.

Tog‘ning tangisida sherdayin bo‘lib,

“Urushda kelarman hammaga g‘olib”,

Ne odamlar chiqayotir elatdan,

Qurbon polvon bilan baravar bo‘lib,

Dushman ko‘rsa bilmaganin bildirdi,

Xanjar urmay bag‘rin qonga to‘ldirdi,

Oqposhshoning yordamchisi dedi-da

Sangzordagi tog‘ begini o‘ldirdi.

Jam bo‘lib, enkayib endi jo‘nadi,

Jizzaxning urushin havas qiladi.

Har qishloqdan chiqib odam qo‘shilib,

Ozdan kelayotir, endi ko‘payib.

Qari-qartang ko‘rsa aqli shoshib,

Bir nechalar yurar yo‘ldan adashib,

Kelib qoldi Boshqo‘riqqa yonashib.

Boshqo‘riq ham bunda yotgan ko‘p elat,

Bu yerda ham bo‘lib yotgan maslahat,

Otlanib chiqqandir necha yigitlar,

Kelayotgan ko‘p odamga duch bo‘lib,

Boshqo‘riq xalqiga qo‘shoq bosh bo‘lib,

El yig‘ilib, daryodayin toshay deb,

Toshoxirdan Jizzax qarab oshay deb,

Urush bo‘lsa aralashib qolay deb,

Ne yigitlar endi bundan jo‘nadi,

Ko‘pning biri bo‘lib birga yuray deb…

Bularning harakat qilib yotganini ko‘rib, Chibor degan yerda xalqqa Mavlon bosh bo‘lib, bunda ham maslahat bo‘lib: “Jizzaxda odamlar yig‘ilayotgan emish, yuqoridan Husan tuyaning bolasi Qurbonboy bosh bo‘lib, ular Jizzax borib, podshoga qarshi urush qilganda biz qarab turamizmi”,–deb bir so‘z aytib turibdi:

Eshit, qarindoshlar, aytgan dodimni,

Podsholarga qarshi siyosatimni,

Urushda ko‘rsatay bu g‘ayratimni,

Ko‘ngli boring egarlay ber otingni.

Chibor elda sira Mavlon ko‘milmas,

Boy bilan amaldor damini yemas,

Urushni ayladim ko‘nglimda havas,

Ko‘zimga ko‘rinmas mening baland-past.

Bunday ishlar qo‘rqoqlarga qiyindir,

Botirlar – shunqordir, yovga quyildi,

Chuvildoq ham jag‘ajoqlik yig‘ildi,

Otlangin maydonga endi turmagin,

Mard bo‘lsang o‘zingni nomard qilmagin.

Urushli kun sira biqib turmagin,

Yura ber, yura ber maydonga kirgin,

Jizzaxda Mavlonning ishini ko‘rgin.

Dushman bizni qizilgulday so‘ldirdi.

Bunday podsho mamlakatdan yo‘q bo‘lsin!

Xalqni shuncha qayg‘u g‘amga to‘ldirdi.

Kunda chiqim, bizdan odam so‘radi,

Zulukday qonimiz so‘rib boradi,

Nima topsak barin qo‘ymay oladi.

Bola-chaqa tayin ochdan o‘ladi.

Podshoning urushi oda bo‘lmadi,

Dehqon xalqning so‘li sira qolmadi.

Kunba-kundan jabr o‘tib boradi,

Bu azob suyakdan o‘tib boradi.

Har ne deganini mehnatkash berdi,

Oxirida yurtni ham bezor qildi,

Kuyganidan shunday elat otlandi.

Qiyg‘ir degan qush uchadi qiyada,

Hammaning alami bo‘lgan ziyoda.

Mana qara, kuygan xalqni ko‘rdingmi,

Ot topmagan, borayotir piyoda.

Yayovlab yuradi ko‘nglini xushlab.

Charchaganda dam oladi yonboshlab,

Yayovman deb shular qarab qolmadi,

Borayotir kaltak-yarog‘in ushlab.

Necha so‘zni timsol aytganman senga,

Er yigitlar, yo‘ldosh bo‘laver menga.

Xabar yetgan Avliyoda Hasanga.

Odam kelib o‘ngu so‘ldan,

Bari qaytmas yurgan yo‘ldan,

Ilgarida yurgan odam–

Mavlon bariga bosh bo‘lgan,

Mazgil joyi Chibor elga,

Qaramaydi o‘ngu so‘lga,

Chiqib qoldi endi belga,

Yetsak deydi Jizzax elga.

Toyli-tayoqli jo‘nagan,

Yo‘lga tushib yugruk-chobon,

Odam chiqib har bir eldan,

Oz bo‘lsa, yo‘lda ko‘p bo‘lgan.

To‘zon bo‘lib yeru osmon.

Shundayin bo‘lib yo‘l tortdi,

Endi ko‘rdi Jizzax yurtdi.

Katta to‘zon bo‘lib yotdi,

Oldida Paymurt elatdir,

Har elda ham maslahatdir.

Ot chopilib baland-pastga,

Qo‘shilishib yoru do‘stga,

Goho qirda, goho pastda,

Bir-biriga bo‘lib mehribon,

Kelib qo‘shildi Og‘ajon.

Bosh bo‘lgandir satta polvon,

Zargal eldan odam kelgan.

Tanasiga sig‘may joni,

Qanday Jizzaxning maydoni.

Dovriqqa qo‘zg‘algan eldir,

Takali, qancha Solindir,

Podshosini dushman bilib,

Ishchi-dehqon yo‘lga kirib,

Hasan-Go‘baning elidan

Sherqul turibdi bosh bo‘lib,

Bir-biriga duch bo‘lib.

Bir nechaning aqli shoshib,

Bir-biriga tovushlashib,

Hayallama, bo‘l, deyishib,

Soyu qirda chaqirishib,

Shuytib odam jo‘nayotir.

Botirlar ilgari tushib.

Hamma otlangan sher bo‘lgan,

Bir nechasi eshak mingan,

Tayoqni taqimga olgan,

Piyodalab necha odam.

Qo‘ynini toshga to‘ldirgan.

Urush bo‘lda ko‘rarmiz deb,

Dushmanni, aniq bilamiz deb,

Toshman choqlab uramiz deb,

Toyli-tayoqli jo‘nadi.

Har tarafdan odam engan,

Bir nechalar baytal mingan,

Bir xilida tayoq ham yo‘q,

Bu ham bir tavakkal qilgan.

Shunday bo‘lib jo‘nay berdi,

Borayotir yo‘lga to‘lib,

O‘z-o‘zi bilan to‘p bo‘lib,

Qirga chiqib nazar soldi,

Har tarafdan kelayotir

Odam Jizzaxga quyilib,

Har kim bir so‘zni o‘ylagan,

Urush deb jonin qiynagan,

Zomindan beri yig‘ilgan,

Soni yo‘q odam jam bo‘lgan,

Hech qolmayin erta-kechi,

Ayol-erkak aralashgan,

Jizzax elda qo‘rg‘on ichi,

Oqbuloq bilan Yoyilma,

Qo‘shbarmoqqa kelib to‘lgan.

Qolmayin katta-kichikdan,

Odam chiqib Soyichidan…

Kelayotir Jelliqo‘ldan.

Atrof odamlarga to‘ldi,

Bu Jizzax o‘rtada qoldi.

Zomin, Sangzordan yig‘ilib,

Savri, Kuyabosh qolmadi.

Eshak bilan oshib endi

Qirni yoqalab odam keldi,

Bu ishlar bir yerda emas,

Shunday bo‘p hamma mamlakat

Oqposhshoga qarshi chiqdi,

Otlanib shuncha azamat.

Bir nechalar erday bo‘lib,

Tog‘da aqirgan sherday bo‘lib,

Ko‘rsa dushman yerday bo‘lib,

Odamni ko‘rib qiziqqan–

Erkak-ayol bari chiqqan,

Qayravotda ko‘pi xotin,

Sharilloq bilan Qulqishloq,

Urush bo‘lsa o‘zin choqlab,

Yayovlashib kelayotir.

Borsak deydi juda do‘qlab,

Ko‘rganlarning aqli shoshdi,

Xalq bir-biriga jamashdi.

Jizzaxga yaqin yetishdi,

O‘ngu so‘lni qurshab keldi.

Xotin-erkaklar jam bo‘ldi.

Urushda qarab turmadi,

“Bunday zulmni ko‘rgancha,

Kunda bir o‘lib yurgancha,

Podshoga qarshi bo‘layik.

Podsho kimdir biz bilmayniz,

Podsho yordamchisin topib,

Urra deb ot qo‘yayik,

Yo olayik, yo o‘layik,

Sira qaytmanglar, xaloyiq!

Mehnatkashsan, zulm o‘tdi,

Suyaklar o‘rtanib ketdi”.

Qattiq zulm o‘tgandan so‘ng

Shuncha xalq qo‘zg‘olon qipti.

Shunday so‘zlar har elatda.

Jizzaxda bor dushman katta,

Jizzax kattasin o‘ldirmak–

Kelgan odam shu maqsadda,

Jizzax shunday tutab yotir,

Bosh bo‘lgan har eldan botir,

Tepsinishib kelayotir.

O‘ngu so‘l odamga to‘ldi, hamma yoqni odam o‘rab oldi. Podshoning zulmi o‘tgan, xalqqa juda botgan, xalq kuyganidan o‘limiga rozi bo‘lib, shu ishni qilib yotgan. Katta-kichik xalq: “uyda pisib qarab yotgancha, bir o‘rtaga tushib, urushib, yo uniki bo‘lib, yo bizniki bo‘lib, bir yoqli bo‘lib kelganimiz yaxshi”,–deb Jizzaxga kela bergan. Qancha olislardan yo‘l yurib kelganlar ham ko‘p. Bularda ortiqcha yaroq yo‘q, ko‘pining ushlagani kaltak, tosh, g‘isht. “Shuning bilan ham urib chiqarmiz”,– deb turadigani ham ko‘p. Shunda odamning haybat siyosatiga tuproqqo‘rg‘onda turgan sallot, bir tarafga bosib chiqolmaydi. Ilgari qarab, o‘rab turgan xalq keynidan kelib bosib qoladiganday. Shunda Jizzaxning o‘zidan bir sartarosh – O‘rinboy deganning bolasi bu so‘zni aytib turibdi:

Mana shuncha xalq yig‘ilgan,

Eshitinglar kelgan jonlar,

Xo‘p mehnatkash mehribonlar,

Pushaymon kunga qolmanglar.

Podsho bizga dushman bo‘lgan,

Mullani e’tibor bilgan.

Boy, eshonga o‘rin bergan,

Bu mehnatkash ishchi-dehqon –

Qancha chiqim to‘lab turgan,

Jabrni mehnatkash ko‘rgan.

Zolimning yozgan xatida

Xizmating beo‘rin bo‘lgan

Ezilgan xalq keyin qolgan.

Endi bo‘ldi, mana maydon,

Maydonda kechamiz jondan.

O‘chimiz olsak dushmandan,

Osmonu yer bo‘lib to‘zon,

Bu ishlar ajab–qo‘zg‘olon,

Jizzaxda katta to‘polon.

Qilib odamlar siyosat,

Urushmoqqa qilib g‘ayrat,

Bo‘lsin dushmanga qiyomat.

Otgan o‘qdan hazar qilma,

Bu maydondan yuz qaytarma.

Mard bo‘p kelding, nomard bo‘lma!

Shunda bir tarafda Toyir cho‘loq barcha xaloyiqqa qarab, bu ham bir so‘z aytib turgani:

Oqizmang ko‘zning jalasin,

Buzing, dushmanning qal’asin.

Uring Jizzaxning to‘rasin!

Dushmanning bag‘rini ezing.

Bu yo‘lning simlarin uzing,

Poyezdning yo‘lini buzing!

Sira qarab turmang, elat,

Bu kunda ko‘nglimiz xushlang,

Har qaysingiz bir ish boshlang,

Yo‘liqqanning bo‘ynin uzib,

Makonlarin buzib tashlang!

Ot chopilib alvon-alvon,

Hamma bir-biriga mehribon,

O‘zbek xalqi, navjuvonlar,

Bunda urush izlaganlar,

Zulm ko‘rib bo‘zlaganlar,

Yuring Beshquvur ustiga!

Endi turmang, chog‘laninglar,

Urushni yaxshi o‘ylanglar,

G‘ayrat bilan bel boylanglar,

Yuring Beshquvur ustiga!

Yo‘liqarmi gardi firoq,

Jabrga ezilgan yurak,

Xo‘p o‘rtanib yongan chiroq,

Dushmandan bo‘p qolar darak,

Yuring Beshquvur ustiga!

Dushman miltiq otayotir,

Bizga zulm botayotir,

G‘ayrat qilgin satta botir,

Turing Beshquvur ustiga!

Sizlarda yo‘q keskir olmos,

Urush izlab satta yelmas,

Dushmanning maqsadi bo‘lmas,

Urushda bilaging tolmas,

Yuring beshquvur ustiga!

Ko‘nglingizni aylangiz shod,

Dushmanlarni qilib barbod,

Bir xili minib yaxshi ot,

Bir xilingda kuchli quvvat,

Yuring Beshquvur ustiga!

Oshiq o‘tgan Zuhra-Toyir,

Dushmanni mulkidan ayir,

Er yigitlar bo‘lib g‘ayur

Yuring Beshquvur ustiga!

Bir-biringga munosib,

Tortinmayin boring bosib,

Yuring Beshquvur ustiga!

Bu so‘zni aytib turganining ustiga Muxtorxon eshon… xalqqa pand-nasihat aytgan kishi bo‘lib, bir so‘z aytib turgan yeri:

Ham muridim, mamlakatim,

Bor mening pirlik hurmatim,

Sizlarga ma’lum quvvatim.

Pirning so‘zin yolg‘on bilma,

Pirdan qaytib murtad bo‘lma,

Oqpodshoga sen tig‘ tortib,

Osiyu gunohkor bo‘lma.

Ajabdir podsholar ishi,

Podsho katta – ulug‘ kishi,

Bu ishingda ko‘pdir xatong,

Bilsang podsho ulug‘ otang.

Podshoni sen dushman bilma,

Nodonning gapiga kirma,

Sen imoningni boy berma,

Qiyomat kun osiy bo‘lma.

Bizlar rahbarlik qilarmiz,

Baringizga bosh bo‘larmiz,

Dushman chiqsa yo‘q qilarmiz,

Bir tartibga keltirarmiz.

Baring bo‘lmagin sharmanda,

Eshoning so‘z aytar bunda,

Bo‘lib qolmanglar darmonda…

Shunda eshondan bu so‘zni eshitib xalq, bo‘l ha, yur ha, deb yurgan odamlar, alam qilib, kuyganlardan – xalqqa bosh bo‘lib turganlardan biri bir so‘z aytib turibdi.

Bizlarga pirlik qilasan,

Tag‘i kelib endi bunda

Shaytonday bo‘p ozg‘irasan.

Buncha xalqni yo‘ldan urma,

Sen, eshon, yo‘lingdan qolma,

Murid ovlagan sen, eshon.

Unday desang sen ham dushman!

Jannatning egasi, eshon,

Asli qolmagin yo‘lingdan,

Hech ish kelmaydi qo‘lingdan.

Eshonim deb, ko‘p yugurdik,

Nazru niyozni ko‘p berdik,

Jizzaxga bo‘lding mo‘tabar,

O‘trikchi sen, bachchag‘ar,

Kirmas odamlar so‘zingga,

Qaratma xalqni yuzingga.

Bilasanmi turgan xalqni,

Shuncha xalqqa jabr o‘tdi.

U zulmni ko‘rgan vaqtda,

Sen aytmading nasihatdi.

O‘tiriging ma’lum bo‘lgan,

Zulm qilgan amaldorman .

Asli o‘zing birga turgan.

Podsho senga o‘rin bergan,

Chiqim-soliqdan tish qilgan…

Bizga bu ishlar or emas,

Senday eshon darkor emas…

Sening bilan bo‘lmam birga,

Qaytib ketgin kelgan yo‘lga,

Nasihat aytmagin elga,

Gaping darkor emas bizga!

Ko‘p odamga bosh bo‘lganmiz,

Podsho bilan g‘ash bo‘lganmiz,

Bir-birimizga do‘at bo‘lganmiz,

Shuytib yig‘ilib kelganmiz!

Odamni ahmoq bilibsan.

Azozilday bizni avrab,

Tag‘i oraga kiribsan.

Eshonsan, kimning pirisan?

Shu dusjmanlarning birisan.

“Jannatga obboraman”,–deb.

Sen xalqni aldab yuribsan…

Karomating ma’lum emas,

Odamlar gapingga kirmas!

Hozir bu xalq pirin bilmas.

Eshonim deb ra’ya qilmas,

Ket endi, qolma yo‘lingdan!

Bu so‘zni eshitib, eshon: “Bu odamlarga bir gap bo‘lgan ekan, hozir bular nima ish qilsa qilar, podshodan bir quvvat bo‘lsa bu xabar albatta borsa, podshoning lashkari kelsa, bu beodobchiliklarni kim qildi?–de so‘rasa, u vaqtda oldiga tushib, hozir bo‘lgan botirlarni ko‘rsatib berarmiz, boylab olgandan keyin, tunovgi g‘ayrating qani deb so‘rarmiz”,– deb joyiga qaytib ketdi.

Ne yigitlar depsinishib,

Qani, tez-tez yur, deyishib,

Har kim maydonda turganda

G‘ayratini ko‘r deyishib.

Har tarafdan odam kelgan,

Changu to‘zon tutab qolgan,

Bo‘lib yotir unday zamon,

O‘rtadadir Tuproqqo‘rg‘on,

Qancha bo‘lsa sallot turgan,

Oz sallotga bu ko‘p odam,

Yon-yog‘ini o‘rab olgan.

Har tarafga otayotir.

O‘q zing‘illab o‘tayotir,

Beshquvur o‘rtada yotir.

O‘qi ketadi falakka,

Otayotir yakka-yakka,

Bosh bo‘lgandir bir tarafga

Bir so‘z aytar toyir cho‘loq:

– Urushli kun turma qarab,

Dushman bo‘ldi bizning taraf,

Yura ber dushmanga qarab,

Kaltak, yaroq qo‘lga olib,

Kelayik dushmanga g‘olib,

O‘zbek urug‘i ot solib,

Urushmoqqa bo‘lgan tolib.

To‘kilsin dushmanning qoni,

Qora yer qolsin bo‘yalib,

Bu urushda o‘bro‘ olib,

Omon-eson elga borib.

Mard yigitlar, nomard bo‘lma!

Taysallab har yoqda turma,

Bu maydondan yuz qaytarma!

Biz ham bunda otishayik,

Dushman bilan tutishayik,

Bizdan o‘tgan siyosatlar,

Kelgan satta azamatlar,

O‘q bo‘shatgan bu sallotlar,

Bo‘lib qolsin ajab zamon.

Qo‘lga kirsa Tuproqqo‘rg‘on.

Undan keyin mehnatkashlar

Qayg‘u g‘amdan ozod bo‘lar.

Hozir bizlar kam yaroqmiz,

Yaroq yo‘q deb g‘am yemasmiz,

Otishib turgan sallotga

Sira omonllik bermasmiz!

Ko‘zlab otadi sallotlar,

Ne otlar bo‘ldi yarador.

O‘qqa uchgan hayvon zotlar,

Yotir ko‘chada jonivor.

Ko‘ring endi bunday ishni,

Kam-kam odam qisib olib,

Qo‘rg‘onga yaqin yetishdi;

Pristav bilan hokimi,

Bir tarafdan otlanishdi.

Shu zamon Jizzax hokimi.

Tuproqqo‘rg‘onning ostida,

Yetishdi otning ustida,

Kelib tushmoqchi oraga:

– Sabil bo‘lmasin mamlakat,

Qayting endi kelgan elat!

Sizlarga bir gap bo‘ldimi?

Birov sizni ozdirdimi?

Bu yurishing qanday gapdir?

Bu ish Jizzaxda bo‘libdi.

Bo‘lak yerda bo‘lgan yo‘qdir.

Hech kim sizga zulm qilmay,

Qanday keldinglar uyalmay?

Yurt kattasi bizlar bo‘lsak,

Bu ishlarni bizlar bilmay,

Bu ishlaringdan ish bitmas,

Hech yerga zarblaring o‘tmas.

Nima ishni qilding havas?!

Bir senga emas mardikor,

Behuda g‘avg‘o ne darkor?

Qaytaver, kelgan odamlar!

Ko‘p hayallab bunda turma,

Joyingni cho‘liston qilma,

O‘z joningda o‘ching borma ?

Bu podsholik – katta davlat,

Bunga hechchi emas elat,

Podsholikda bilinmaydi

Turkiston degan mamlakat.

Bu so‘zni aytib turgan vaqtda,

Hokim kuni to‘lgan chog‘-da

Xalq chuvillab tovush berdi:

“Tez o‘rtaga olgin”, deydi,

“Kaltak bilan solgin”, deydi.

“Hech qaramay urgin”, deydi,

“Necha yillar hokim bo‘pti,

Xalqning juda sirin opti

Boylar bilan narxi birdi(r),

El ustiga o‘tlar yoqdi,

Buning o‘zini qon tortdi…”

Xalq bundayin so‘zlar aytdi,

Yon-yog‘ini o‘rab olib,

Chuvlashib yaqinlab yetdi,

Ko‘p odamning chuv-chuviga

Hokim boshi g‘uvlab ketdi,

Yomon bildi turgan elin,

Qochmoqq topmadi yo‘lin.

Tushib dushmanning qasdiga,

Kelib hokimning ustiga,

Yig‘ilib turgan u xaloyiq,

Kaltak yog‘dirdi boshiga.

“Kim bo‘lsang, shu bo‘lgin”, deydi

“Tag‘i so‘ylab turgan”, deydi,

“Gubirning qo‘ygan hokimi –

Bizga dushman, o‘lgin”, deydi.

Xalq yig‘ilib ko‘p ish qildi,

Hokimni urib o‘ldirdi.

Bu pristav chinqiradi,

Chinqirib qayda boradi?!

“Sen ham endi qolma”, deydi.

Tayog‘i bilan soladi.

Quloq solmaydi tiliga,

Yurgizmaydi, o‘z yo‘liga.

“Dushman!”–deydi yig‘ilgan xalq.

Kaltakman soldi beliga.

Ko‘ring yig‘ilgan elatni,

Mingboshisini yo‘qotdi,

Hokim bilan pristav,

Ikkovi dunyodan o‘tdi…

Beshquvurda politsiyalar,

Necha mirshab, amaldorlar,

Qochayotir tog‘u toshga,

Har kim kirolmas savashga.

“Nima qilsa qilar”, deydi

Necha endi er yigitlar,

Bu urushda sher yigitlar,

Kattalardan hokim o‘ldi,

Boshqa amaldorlar bundan

Barisi qochib qutuldi…

– Yigirma-o‘ttiz sallot qoldi,

Tortinib turib ne bo‘ldi.

Kelgan odam qilar g‘ayrat,

Quruq chuvlab turmoq uyat,

Shunday qilib bir ish qilsak,

Qo‘lidan miltig‘in olsak,

Qo‘rg‘oniga ega bo‘lsak,

Mehnat tortib kelgandan so‘ng,

Xalq ko‘rguday bir ish qilsak!…

Ot chopilsin baland tog‘ning pastiga,

Qarshi chiqib keldik dushman qasdiga.

Omin denglar, ot qo‘yinglar–

Tuproqqo‘rg‘onning ustiga!

Ot qo‘ygandan aqli shoshar,

Qilgan ishidan adashar,

Balki miltiq otolmaydi,

Qo‘lidan miltig‘i tushar,

Qo‘ymasang, bo‘g‘ini bo‘shar.

Qani boshlanglar siz bir ish,

G‘ayrati bor qilsin xurush,

Dunyoda ko‘p ko‘rdik koyish,

Ot soling dushmang ustiga!

Dushman bo‘lsa o‘ldirayik,

Zo‘rligimiz bildirayik,

Dushmanni o‘rtaga olib,

El ko‘rgiday ish qilayik.

Xalqda ham bor qancha mergan,

Bu urushga birga borgan.

Bular ham ko‘p miltiq otdi

O‘q borib tuproqqa botdi.

Sallot ham ko‘zlab otmaydi,

Shinak olib otayotir,

O‘qi baland ketayotir.

Chuvlagan xalqning ustidan

O‘q zing‘illab o‘tayotir,

Shunday bo‘lib otishib yotir.

Bir-biriga bo‘lib dushman,

Qilichlashgan yo‘qdir maydon,

Juda ko‘p odam yig‘ilgan.

– Olis-yovuqdan kelganlar,

O‘zini botir bilganlar

Dilgir bo‘lib savash izlab,

Bosh hokimni o‘ldirganlar.

Bir ish qilinglar Jizzaxda,

G‘ulg‘ula ketsin falakka,

Noming qolsin elu xalqqa,

Podshoga qarshi kelganlar!

Gubir qo‘ygan amaldorni–

Bunda urib o‘ldiringlar,

Urushdan hazar qilmanglar.

Nechov maydonda oh urdi,

Amaldorning bari shunda,

Bosib oling Beshquvurni!

Topsang amaldorning o‘zin

O‘ying burun, ikki ko‘zin.

Yuz ming faryod aylaganda,

Tinglamanglar dushman so‘zin!

Sira yo‘qdir bizda toqat

Jabru jafo tortib mehnat.

Changalimizga tushib qolsa,

Sira qo‘ymasmiz salomat.

O‘rus, musulmon demanglar,

Kim podshoga xizmat qilsa,

Sira uni do‘st bilmanglar.

Qayda zolim duchor bo‘lsa,

Shu dushman, omon bermanglar!

Beshquvurni izillatib yig‘latdi,

Ko‘ringan dushmanni qo‘ymay sulatdi.

Bu Jizzaxda bo‘lib yotgan to‘polon,

Samarqandga bordi, hokimga yetdi.

Hokim aytdi: “Men Jizzaxga boray, deb

Qanday gaplar bo‘ldi, borib ko‘ray, deb,

Nima ishlar bo‘lgan ekan bilay”, deb,

Qancha sallot bilan poyezdga tushdi,

Poyezd qichab bu Jizzaxga yetishdi.

Bu kelgan sallotni ko‘rib, odamlar stantsiya boshidan uzoqqa qochdi, bu g‘ovurni eshitib bir nechalar Beshquvurdan chiqib toqqa tarmashdi. Sallot Beshquvurga qarab yo‘l tortdi, ikki yuzi birdan miltiq bo‘shatdi. “Bizda yov-yarog‘ bo‘lmasa, sallot yo‘q degan so‘zlari bekor ekan, kishi bilmas ko‘p ekan; qilich-miltig‘i o‘tday yongan anjomdor, bunda qarab turib o‘lmoq ne darkor”, – deb kelgan odamlar qanchasi elga qaytdi.

Sallotlar Tuproqqo‘rg‘onni ko‘rib, u yon-bu yon qarab, pristav, hokimning o‘liklarini ko‘rib, Beshquvurda qancha nobud bo‘lgan kishilarni bilib, Samarqand hokimi Jizzaxda bo‘lgan voqeani, harna ko‘rgan ishini xatga bitib, Toshkent gubiriga telegramm bilan yubordi. Bu xabar Toshkentga ketdi.

Hokim aytdi: “Hamma yerda ham bo‘lgan shunday qo‘zg‘olon. Mana Samarqandga yaqin Dahbitda ham mingboshisini urib o‘ldirib qo‘ydi”. Ikki yuz sallotni bunda tashlab, “Bir xabar bo‘lguncha Tuproqqo‘rg‘onni ko‘rub turasizlar”, –deb Samarqand hokimi poyezdga tushib, Samarqandga qaytdi. Bir-ikki kun orada o‘tdi, yuborgan telegrammaning xabari yetdi. Yana sallot kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Shunda otli, piyoda bir eshelon sallot kelib, stantsiyaning boshiga tusha berdi. Bular shu kecha Tuproqqo‘rg‘onda yotdi, uch-to‘rt kundan beri “Turkistonni otadi” degan ovoza hammaga ketdi, erta-mertan tong otdi. Endi avval boshlab Jizzaxni otmoq bo‘lib, anjomini choqlab harakat qilib yotdi.

Gubirning buyrug‘i shunday:

“Elu xalqni otsin, degan,

Hammani bo‘zlatsin, degan

Qarshi kelgan xaloyiqni

Yakson qilib ketsin”,– degan.

Sallot chiqib oraladi,

Jizzaxga qarab jo‘nadi.

Har zamonda to‘p bo‘shatib,

Yaqinlashdi bozor joyga.

Elu xalqdan bo‘lmay birga,

Bozor joyga yetgan vaqtda

O‘t qo‘ydi chorsuga, timga,

Yakson qilmoqchi Jizzaxni.

Bo‘lib qoldi bir alomat,

O‘t qo‘ydi, bo‘ldi qiyomat.

Yurib har yon o‘t qo‘yadi,

Yonib qulaydi imorat.

Otni tashlab yayov bo‘lib,

Qaraydi piyoda sallot,

Bu g‘ulg‘ula ko‘kka ketdi,

Qanday jondor ko‘rsa o‘tdi,

Jizzax xalqi, ne makonlar

Tutab bunda yonib yotdi.

Sallotlar bo‘linib ketgan,

Qishloqni oralab ketgan

Erkak ko‘rinsa qo‘ymaydi,

O‘lmay bundan qutulmaydi.

Ko‘zi to‘lib qayg‘u yoshga,

Duchor bo‘lib bunday ishga,

Qo‘rqqanidan qochib chiqib,

Yashirinadi tog‘u toshga.

Kuyib yongandir ajab joy,

Katta xirmon yotgan bug‘doy.

Sallotni falak uradi,

Bug‘doyga olov beradi,

Bosilgan xirmonni ko‘rsa,

O‘t qo‘yadi – kuydiradi.

Eshiting, so‘ylagan so‘zni,

Qaragan ariq, andizni,

Sarg‘aytirib gulday yuzni,

Har yerlardan topib olib,

To‘playotir xotin-qizni.

Barcha odam g‘amga to‘ldi,

Jizzax ham katta eldi(r),

Bola-chaqa ko‘p yig‘ildi.

Yig‘ib olgandir sallotlar,

Tovonini bosib otlar,

Qiz-juvonni molday qilib,

Bu oldiga haydab oldi.

Miltiq otib ot ustida

Qilib qattiq siyosatdi.

Qiz-xotinlar izillasa,

Ustidan miltiq bo‘shatdi.

Umid uzib makonidan,

Ikki boshdan o‘ldik deydi,

Umidni uzib jonidan,

Erkak qochib ketgan, dashtda

Yurgan bular baland-pastda,

Yetishmaydi bunda zori,

Nechovalrning intizori.

Sallotning qo‘liga tushgan

Bir nechaning sevgan yori.

Qattiq kunlar yig‘lashadi,

O‘g‘li, qizi – go‘daklari.

Haydab yetdi Beshquvurga

Bola-chaqa bo‘lib birga,

Ishi tushib qolgan “zo‘rga”.

Har yoqqa bo‘lingan sallot,

Borgan yerida qiyomat,

Bir xili bordi Ardashxon,

Dehqonlarga bo‘lib dushman

O‘t qo‘ydi necha qishloqqa,

Erkak topmaydi, izlaydi,

Olacha, gilamni qo‘ymaydi.

Yaxshi kigizlar yo‘liqsa,

“O‘lja” deb, tashlab ketmaydi.

Sallotlar qilgan yurishni,

Har yoqqa qilib xurushni,

Gubirning amrini tutgan,

Qilar edi yerga yakson.

“Erta buni otamiz” deb

Haydab, qiz-xotindir sarson.

G‘am bilan bir kecha o‘tdi.

Tong otguncha band boyqish,

Uyqu qayda, qon yig‘lashib,

Nechovlarning hushi ketdi,

Ot chopishib sallot qarar qishloqni,

O‘roq vaqti, hech topmadi jonzodni.

U yerdagi qishloqlarga o‘t qo‘yib,

Endi ko‘rib qoldi katta charvoqni.

Bu charvoqqa qo‘nib joylashib, mingboshi yugurib xizmat qilib turibdi…

Semiz qo‘ylardan, g‘unajinlardan so‘yib, ziyofat qila berdi. Bu yerdan qo‘zg‘almay bular yota berdi. Ikki kunda, uch kunda tag‘i borib, sallotlar qo‘shila berdi. Dushmanga ilg‘or tashlanganday, har yerga bo‘linib, bir bayrog‘i Balxining tengayida yotdi. Ikki-uch kun orada o‘tgandan keyin mingboshiga qarab, sallotboshi bu so‘zlarni aytdi:

Mingboshisan, bunda xalqni bilasan,

Odaming qayerda? Topib kelasan!

Agar taysallasang, o‘zing o‘lasan!

Bu qishloq xalqlari qayoqqa ketdi?

Oldimizga tushib qilgin xizmatdi!

Kuydirib yondiray ushbu elatni,

Shundayin podshoga qarshi kelibdi.

Bu so‘zni eshitdi endi mingboshi,

Zarbidan titraydi odamning boshi.

Xo‘p deganda bundan sallot otlandi,

Bir xili bo‘linib yurgandir pastga.

Bir nechasi chiqib bu tog‘u toshga,

Rahmi kelmas elning ko‘zda yoshiga,

Chiqib qoldi Molguzarning boshiga,

Ko‘rsa eziladi xalqning yuragi,

Qalin Molguzarning archa darag‘i ,

Daraxtni oralab izlab kelibdi,

Qizu xotin bu panalab yotibdi.

Ko‘p xalq panoh tortib toqqa borgandir,

Sallot qo‘rg‘on qilib o‘rtaga olgandir,

Nechovi panalab qochib bergandir,

O‘q tegib bir nechasi o‘lgandir.

Qo‘zg‘olonga boshchi bo‘lgan Mavlondi(r),

Hammasi sallotga duchor bo‘lgandi(r),

Nechov o‘lib tog‘ boshida qolgandi(r),

Qishloqqa haydadi qizu juvondi.

Qaramaydi katta-kichik holiga,

Endi tushdi zolimlarning qo‘liga,

Haydab keldi o‘zi turgan eliga.

Haydadi shu zamon charvoqqa keldi,

Mavlonni bir necha ko‘rsatib turdi,

Ko‘p sallot qilichni qo‘lga ushladi,

Mayda-mayda qilib chopib tashladi.

Buni ko‘rib xalqda zahra qolmadi,

Har tarafga endi qocha boshladi.

Qochgan bilan endi qayda boradi?

Qayyerda o‘q tegsa, sho‘rlik o‘ladi.

Bir nechalar qochib ko‘lga tashladi,

Suvda omon qoldim dedi, o‘yladi.

Suvdan boshin chiqarganda bechora,

Qarab yurgan sallot otib tashladi.

Uch qishloqdan qancha odamni otib.

Xalq qolgandir aqli hushidan ketib,

Shunday qilib qancha xalqni o‘ldirdi,

Boshqo‘riq, xoltoyga endi o‘t qo‘ydi.

Olov qo‘yib Muqor bilan Chiborga,

Shunday qilib bu yerlarni yondirdi.

Dunyodan umidni uzib dehqonlar,

Qizu xotin, bola-chaqa yig‘lashar:

“Bun dunyoga keldik, qanday bo‘ldik”, deb

“Zolimning zulmida g‘arib o‘ldik”, deb

“Berahm qonxo‘rga duchor bo‘ldik”, deb

“Bunday azob-uqubatga qoldik” deb.

Xalqni bosib juda ham bezor qildi,

Sangzor rayonida bir oycha turdi,

Elu xalqqa juda azobni berdi.

Ko‘p yerlarga yetib borsa o‘t qo‘yib,

Sangzorda yo‘q qildi ko‘rib bozorni,

O‘t qo‘yib yondirib Qoramozorni.

Bularning zulmidan shunday dong ketdi,

Dehqonlarga zulm qilib horitdi.

Qishloq makonlari duv yonib yotdi,

Bir kuni o‘t qo‘yib Qorashaqshaqqa,

Xalqqa yana zolimligin ko‘rsatdi,

Joyiga o‘t qo‘yib, nechovni otdi…

Necha odamlarning qo‘lini boylab,

Jizzax qarab bandi qilib haydatdi.

Sakkiz yil, o‘n yildan sibir’ hukm etib,

Kishan solib Sibir’ yurtga uzatdi.

Necha kun bu yerda azobni berib,

Zomin qarab otlanib yo‘l tortdi.

Joyi, chaylasidan bu el ayrilib,

Ayrilsa ham omon qolgan, mayliga.

Yig‘lashadi o‘lganlarning holiga,

Sallot ketdi, sirlashar yosh-qariga,

Ega bo‘ldi omon qolgan xaloyiq,

Kuyib ketgan bunda makonlariga.

O‘lgan o‘ldi, qolganlri topishib,

Bir-biriga sirin aytib yig‘lashib,

“Shu balodan endi omon qoldik”, deb.

Bandi ketgan kishilarning bolalari

Yig‘lashadi: “Yetim bo‘lib qoldik”, deb.

Sallot qildi o‘z yo‘lida yurishdi,

Enkayib bir kuni Zominga tushdi,

Zo‘rlik qilib xalqning ko‘zin o‘ydirdi,

Olov qo‘yib xalq makonin kuydirdi.

Bandi qilib bosh bo‘lgan bir nechasin,

Qattiq azob berib rangin so‘ldirdi.

Sallot yurib kecha bellardan oshdi,

Azobga qoldirib qancha elatni,

Zolim yuborgan elga sallotni,

Yonashgan yerini kuydirib o‘tdi.

Pishag‘arga kelib qo‘ygandir o‘tni,

Yondirgandir bunda qancha elatni,

Hamma yerda shunday ishlar bo‘p yotdi.

Qurib ketdi g‘amli elning darmoni,

Ko‘p bo‘ldi-ku yerli xalqning armoni.

Dod deydi holiga yig‘lab ko‘radi,

Dodlaganman endi qayda boradi.

Hech kim borolmaydi bular qoshiga,

Qattiq kunlar tushdi xalqning boshiga.

Oraladi sallot qancha elatga,

Katta qishloq Sho‘rchadayin ellarga,

Bunda kattalari sallotman birga.

O‘t qo‘ygandir Qo‘shtol bilan Chambilga.

Elu xalqni aythganiga ko‘ndirib,

Qancha elning mazgilini yondirib.

Ravot kelib bozor joyga o‘t qo‘ydi,

Odam qochib bunda tepinib qoldi.

Sallot ot chopadi o‘ngu so‘liga,

Sir aytmayin biror yoshu qariga,

Bir to‘polon bo‘ldi Ravot eliga.

Sallot yurish qilgan endi uzoqqa,

Bir nechasi yurish qildi Jizzaxga,

Bir bo‘lak salloti Bag‘donga ketgan,

Qoraqum, Qilliga o‘t qo‘yib o‘tgan,

Qulpizardan o‘tib Bag‘donga yetgan.

Yangiqishloq – Bag‘don bozor joyini,

Borgan sallot bunda o‘t qo‘yib yotgan,

Tog‘ ichi, Bag‘donda oralab ketgan,

Sarimsoqni olov qo‘yib tutatgan,

O‘t qo‘yib Porishni izillatgandir,

Nechovlarni bular Bag‘donda otgan,

O‘t qo‘yib Bag‘donda qancha qishloqqa,

Qancha o‘lja bilan Jizzaxga qaytgan.

Mulla, xo‘ja u bilan birga boylar,

Qoshida amaldor ham sipohilar,

Sallot kattasini juda do‘st bilar,

Shular bilan bo‘lib yordamni berar…

“Chekingga tushsa, chegrayma”, – degan gap bor. Xalqni chaqirib, mingboshi shu so‘zni aytdi:

Katta-kichik bunda turgan jamoat,

Odam bilan obod bo‘lar mamlakat,

Mardikor deb yaxshi o‘yla jamoat,

Ma’qul qilib bizga bergin maslahat.

Qani kim boradi, kimlar qoladi?

Borish navbat boylarniki bo‘ladi.

Eshitgansan volostnoyning tilini,

Boy yuborar o‘zi tuqqan ulini,

Boy qiladi mardikorning korini,

O‘g‘lini jo‘natsa berar pulini.

Men bilaman kambag‘alning holini

Qiyinllikda o‘tgan ro‘zg‘orlarini.

Podsholikka boylar qilsin-da xizmat,

Shu bo‘ladi mendan chiqqan maslahat.

Podsho davlatida boylar rohatda,

Rohat ko‘rgan kishi borsin albatta.

Kambag‘al bir uyda o‘zi xizmatkor,

Boyning ishin qilib kunin o‘tkazar.

Boy kishining to‘rtta-beshta o‘g‘li bor,

Birini jo‘natsa, qolgani bo‘lar.

Yo‘q kishiga juda og‘ir mardikor.

O‘zi ketsa o‘g‘il-qizin chuvlatar.

Chuvlab qolsa qanday kuni o‘tadi,

Bolalari meni qarg‘ab yotadi.

Xo‘p o‘ylagin, mendan shunday maslahat!

Borar joying Rossiyaday mamlakat.

Bu so‘zimni yaxshi o‘ylab ko‘ringlar,

Uyga borib boz kengashib kelinglar.

Shunda bu mingboshi kambag‘alning gapini qilayotgani yo‘q, o‘z nafini ko‘rmoq uchun bu so‘zni aytdi, shumlikni o‘ylab gapirdi. Buning bilan badavlat to‘q kishilar o‘ylashib, mingboshiga bir narsa pora beradi. Kambag‘al – yo‘q, kishilardan nima unum bo‘ladi?! Hamma vaqt chivin shiraga qo‘nadi, shirasi yo‘q taqir yerda chivin nima qiladi? O‘zidan hadigi bor, biz ham boymi deb yurgan odamlar ham ko‘p-oz mingboshiga pul beradi.

Ertasiga har kim ellikboshisi bilan yig‘ilib mingboshinikiga hozir bo‘ladi. Kambag‘al kishilar aytdi: – Bizda o‘zimizdan boshqa o‘y yo‘q.

Bu so‘zga mingboshi aytdi:– Sizlarni jo‘natib, xo‘p o‘ylab ko‘rdim. Sizlarning boraman deganlaring ma’qulday. Agar bor kishilardan boraman deb odam chiqsa, sizlarda beradigan pul bo‘lmasa, buning borishidan pulini topib berishi qiyin. Olti yuz so‘m oz pul emas, bu ahmoqning og‘zida, borning hamyonida, podshoning g‘aznasida bo‘ladi.

Shunda kambag‘allardan biri mingboshiga gapirdi:

Mingboshisan necha so‘zni so‘ylading,

Oqshom yotib qanday shumlik o‘ylading,

Kambag‘alni yana keyin taylading.

Kecha kambag‘alga yon bosgan bo‘lding,

Bugun turib boylar gapin gapirding.

Endi sening aytganingga ko‘nmaymiz,

Har gaping aynidi, ma’qul bilmaymiz.

Xizmat bo‘lsa kambag‘alni itarib,

Boy kishini ta’rif qilgan bo‘lasan.

Biz ham sening aytganingni qilamiz,

Chek tashlagin, chekdan chiqsa boramiz.

Xoh boydir, xoh bilgin kambag‘al,

Chekka tushsa, biz taqdirdan ko‘ramiz.

Har kuni har turli so‘zni gapirib,

Kambag‘al-qashshoqni o‘rtaga solib,

Bir tun o‘tsa so‘zlaring boshqa bo‘lib,

Sen turibsan to‘qning yordamin olib.

Kattalik so‘zingga ko‘ngil to‘lmaydi,

Chek qilmasang bu odamlar ko‘nmaydi.

Har kim ketar, bilsa, borar yo‘liga,

Kecha gaping kambag‘alni quvontdi,

Bugun so‘zing boshqa bizlarga botdi.

Bu so‘zlarni necha odamlar aytdi. Shunda bu so‘zlarni mingboshi eshitib: – chek bo‘lsa, chek qilamiz, besh kun-o‘n kunda o‘zimiz xabar qilamiz,– deb odamlarga javob berdi.

Bir odamda emas, hamma elatda,

Shu gap bor, bilsanglar, Turkiston yurtda,

Eshitmagan gapga elat cho‘chigan,

O‘ylab tursa, og‘ir gap-da, albatta,

Chek ishiga boylar g‘amgin bo‘ladi,

“Bizning bolamizga navbat keldi”,–deb

U qo‘shilmay endi xalqning gapiga,

Boy-badavlat o‘ylab ketib boradi.

Bizni pisand qilmay yurgan elatda,

Boy bolasi chiqib qolsa bu chekda,

Bizlar borsak jo‘ra yo‘ldosh qilamiz,

Boyvachchani og‘ir ishga solamiz.

Bu elatda yotib yegich bachchag‘ar

“Mehnat qanday?” deymiz izza beramiz;

Qanday borsak qo‘shib olib boramiz,–

Deb, kambag‘allar yo‘lda gurunglashib, har kim o‘z uyiga tarqab ketdi.

Badavlat, to‘q kishilar har kun machitga yig‘ilib, ilgari tanimay yurgan kambag‘allarni qoshiga chaqirib olib, kuniga nasihat qilib: “Chek bo‘lganda qaysingizga chek tushsa, besh uyning badalidan men boraman, deb turasan. Sening bola-chaqangni ham boqamiz, sen kelguncha xabardor bo‘lib turamiz. Olti yuzdan pul bo‘lsa ham o‘zingga beramiz. Bu ish sizlarga oson, sizlarning qilib yotgan tirikchiliklaring yo‘q, o‘roqchilik, mashoqchilik bilan kun o‘tkazib kelayapsizlar, bu yerda ham birovning xizmatini qilasizlar, u yerga borgandan keyin ham shu xizmat”,–deb tulkilik qiilayotir. Unda kambag‘al kishilar aytadi: “Bu yerdagi xizmatga uni tenglama, xudo biladi, unda borgan kishi qaytib kelmaydi, har qaysisi har yerda elim, bolam deb o‘lib ketadi. Bu oson bo‘lsa odamlar g‘alva qilmasdan borar edi, ikki boshdan yo‘q bo‘lib ketamiz, deb qancha g‘alva qilayapti. Sizlar pullaringga ishonasizlar, biz nimamizga ishonamiz?! Chek bo‘lsa bizning bolamizga ham chiqadi, deb xavflanayapsizlar; sizlarning bolalaringizning joni aziz, bizlarning jonimiz xor, orada nima farq bor?! Farq shu: sizlar dunyodor, jabr ko‘rmay, bola-chaqangiz bilan rohat ko‘rib kelasiz, shunday qilib bu mehnatda taysallayotirsiz”,–dedi. Bu so‘zning ustida chekning xabarini aytib, mingboshi chaqirayapti degan xabari kelib qoldi.

Xabar borib har qishloqqa,

Gohi to‘pda, gohi yakka,

Xabar berib elu xalqqa,

Kelayotir endi chekka.

Yig‘ilishgan keng charvoqqa,

Bir xil boylar g‘amli dog‘da,

Bular o‘ylab borayotir,

Hamma odam ketgan yoqqa,

Yetdi kattaning qoshiga,

Bir qutiga chekin solib,

Pristav turdi boshida.

Hamma qator bo‘lib keldi,

Hamma odam birday endi.

Boyu kambag‘al aralash.

Hamma birday bo‘lib qoldi.

Shundayin bir qiziq bo‘ldi,

Bir xil boyga buzuq bo‘ldi.

Bir xilining o‘g‘li tushdi,

Bir nechasining ukasi

Chekni olib aralashdi.

Nechovlari shivirlashib,

“Yomon qildi,–deydi,–ishni.

Yo‘q edi-ku bunday gaplar,

Bu chek degan malomatni

Chiqarganlar kambag‘allar,

Tag‘i o‘ylashib ko‘rarmiz,

Mingboshiga gapirarmiz,

Nima desa biz berarmiz,

Tag‘i qaytadan kelarmiz.

Ilgari gapi bir bo‘lgan,

Bizdan qancha pora olgan”,–

deb pora berganlar bu maslahatda bo‘lib yotdi. Chek tamom bo‘ldi…

Mingboshiga pul bergan kishilar: “Mana biz sizga qancha pul berib, bizning bolalarimiz ham chekka tushib, ketish harakatini qilib, tashvish qilayotir, biz sizga ishonib beg‘am turibmiz, endi gap qanday bo‘ladi?”–deyayotir.

Bularga mingboshi shunday javob berayotir: “Bormoqqa bolalaring ko‘ngil qilmasa, kambag‘allardan ko‘p, qaysing bo‘lsang ham pulni g‘amlab olib kelib beraver, odamni o‘zim so‘mlab qo‘yibman, qay mahal jo‘nash harakati bo‘lsa, har qishloqdan boradigan mardikorni o‘zim xatlab besh uyga bir odamdan qilib, hisobini men o‘zim to‘g‘rilayman. Bir besh uyga cho‘tlab bir kishining shu yurtga boradigan kiyim-kechagini g‘amlab qo‘yinglar, o‘zimiz ham birga boramiz shu yurtga, pullaringni ayamanglar, ko‘p beraveringlar, men o‘zim bir tuzuk odamdan yuzboshi saylab to‘g‘rilayman”. Buni eshitib, chek tushgan badavlat, mulla, eshon boshidan tuman ko‘tarilganday bo‘lib: “Bunday qilsangiz, vaqtimiz xush bo‘ladi. Ilgarigi ishingizdan juda qo‘l yuvib seskanib ketib edik”,– deb qaytdi.

Mingboshi otlanib har bir yerlarga tushib bir do‘mning joyini bir yerga chaqirib, boy bolalarni o‘chirib, kambag‘al kishilardan o‘tkazib, har bir dahada bir oqshom yotib, bu ishni “to‘g‘rilab” keldi. O‘zi ham juda ko‘p pul yig‘ib oldi.

Sovuq tushib tirama kun bo‘lib qoldi. Necha kunlar o‘tdi. “Mardikorlar stantsiyaga kelsin”,–degan xabar yetdi. Eldan boradigan mardikorlar ma’lum bo‘lib qolgan, boradigan kambag‘al kishilar: “endi bizni chaqiribdi, shundan shu yoqqa yuborarmikin, yo tag‘i uyga bormoqqa javob berarmikin”,–deb, bir-biriga gapirib, stantsiyaga yig‘ilib borayapti. Stantsiyaga borgan odamga: “Samarqandga borasan, u yerda do‘xtir ko‘radi”,–deb javob berayapti, yayov borgan odam yalpi so‘kib kelayapti. Ko‘pi oladigan pulni hali ham olmagan. “Yur bu yoqqa”, deb nechovlarni mingboshining qoshiga olib borayapti. Mingboshi: “Nega olib kelding?”– deb so‘rayapti. “Shu vaqtgachayin mening haqimni bermaydi”,–deb arz qilayapti.Mingboshi: “Haqing bilan ishing bo‘lmasin, sen ketguncha o‘zim undirib g‘amlab beraman”,–deb yo‘lga solayapti. “Hali sizlarni do‘xtir ko‘rgani yo‘q, do‘xtirdan o‘tgandan keyin kim boradi, kim qoladi, ma’lum bo‘ladi”,–deb javob berib jo‘natib yuborayotir.

Mardikorga bo‘ldi xabar,

Bir-birini izlab topar,

Ota-bolaga intizor,

Chuvillashib qarindoshlar.

Yo‘qlikdan ketadi o‘zi,

Sarg‘ayib nechovning yuzi,

Ota deb yig‘lashib qoldi.

O‘z elinda o‘g‘il-qizi.

Yosh toldirib ikki ko‘zi,

“Yo‘qlik asar qildi,– deydi

Bola-chaqa qoldi”,– deydi,

Boshida bor qayg‘u tuman,

Hozir ketsa ko‘rmak gumon.

Kuni bitib o‘lib ketsa,

Ko‘ngilda ketadi yuz armon.

Ketadi bundan sarg‘ayib,

G‘ayri yurtda o‘lib ketsa.

Bo‘lar o‘ligi besohib,

Bu elda qo‘yib dog‘ini,

Mardikor deb ketar bundan,

Kim biladi so‘rog‘ini.

El ko‘zidan bo‘lar g‘oyib,

Bir nechaning bunda yori

Qolaar endi sochin yoyib.

Yo‘qchilikdan shunday bo‘ldi,

Abgoru aftoda endi.

Jo‘nar fursat yaqinlashdi,

Boshga qayg‘u motam keldi,

Dadil bo‘ladi mard kishi,

Yig‘ilishib qarindoshi,

Bir-biri bilan xo‘shlashadi,

Xalqdagi jo‘ra-yo‘ldoshi.

Nechovlari birga bo‘lib,

Yo‘llarda o‘ksinib qolib,

Yana qaytib ko‘rarmizmi,

Tengu to‘shdan judo bo‘lib.

Odam kelib o‘ngu so‘ldan.

Mardikorlar chiqqan eldan,

Yetar-yetmaslik holiga,

Judo bo‘lgan mazgilidan.

Yetmaslikning ishi g‘olib,

Xizmatni bo‘yniga olib,

Yoru do‘stlar birga kelib,

Ancha yo‘lda birga bo‘lib,

Bir-biri bilan so‘zlashdi,

Endi yo‘llarda sirlashib…

Jo‘natdi kelgan elatni,

Samarqand qarab yo‘l tortdi.

Qurisin podshoning ishi,

Bir nechaning ko‘zda yoshi,

Xo‘shlashib ayrilib qoldi,

Nechovlaring qarindoshi,

Birga yurgan tengdoshi.

Yetishmay bir necha so‘zi,

“Otam bugun ketdi”, – deyishib

G‘amgin bo‘li o‘g‘li, qizi.

Jo‘nadi Samarqand qarab,

Borayotir mardikorlar,

So‘z qotadi elga qarab:

– Yuragimiz ohu voyda,

Kunimiz o‘tar qanday joyda,

Tag‘i kelib ko‘rarmizmi,

Burungiday yurarmizmi,

Paydo bo‘lgan mazgil joyda?

O‘-o‘zini g‘amga solib,

Vataninni esga olib.

To‘q kishilar borib qaytar,

Samarqanddan yo‘lga solib.

Borayotir aqli shoshib,

Otli, yayov yo‘lga tushib,

Goh xafa, goh kulishib,

Mingboshini kelar deyishib,

Eli xalqdan odam chiqqan,

Samarqand qarab yo‘l tortgan,

Bir xili ko‘nglin ko‘tarib;

Nechasi sirin bildirmadi,

O‘z ichidan shilinadi,

Indamay ketib boradi.

Bir-biriga yordam berib

O‘z ko‘nglini ko‘taradi.

Buncha xalqning oldi endi

Jomboyga yetib boradi.

Oldi borib qo‘nayotir,

To‘sat-to‘sat kelayotir,

Samovarlar to‘layotir.

Cho‘ldan chiqib ko‘p yo‘l yurgan,

Horib-charchab bunda kelgan.

Bir fasl tushlab o‘tmoqqa

Jomboydan yeydigan narsa

Boqqoldan topilmayotir.

Och qolgan odam kamquvvat,

Yo‘l yurmoqqa kelmas holat,

Yo‘lga sig‘may borayotir

Elu xalqdan ko‘p mardikor.

Shunday bo‘p daryodan o‘tdi,

Cho‘ponota toqqa yetdi.

Cho‘ponota to‘gdan o‘tib

Horib-charchab Siyob yetdi.

Siyobga chiqib qarasa,

Samarqandga har ko‘chadan

Mardikorlar kelayotir,

Erta qichab yetganlari

Saroydan joy olayotir.

Borgan odam bu shaharga yig‘ildi,

Xo‘jayinlar bari bunda uyildi.

Hokim, pristavlar kelib ko‘ribdi,

Mardikorlar necha ko‘rikdan o‘tdi,

Bu orada hafta yo o‘n kun o‘tdi,

Mardikor haqim, deb boylarni tutdi,

Mingboshi ham boyning gapi bir bo‘pti.

Boy aytadi:

– Kiyimi bilan ko‘p harajat bo‘ldi, deb

Ilgarida qancha pulni oldi, deb

Shuning bilan bari haqi to‘ldi, deb

Endi buning tag‘i nesi qoldi, deb.

Mana siz mingboshi bularga qarang.

Tag‘i bizga tarmashib balo bo‘ldi, deb

Mingboshi aytar: – sening haqing to‘lmasmi?

Yeganing, olganing hisob bo‘lmasmi?

Hisoblashsa boyniki oshib ketdi.

Olgan-yeganingni hisoblab kelsa,

Olib bergan kiyim ziyod bo‘libdi.

Qarayman sira ham haqing qolmagan,

Bu odamlar sening haqing yemaydi.

Behisob bir narsa senga bermaydi.

Bola-chaqangga ham qancha bergandir,

Kambag‘alsan, boshing aylanib qopti.

Nari-beri ko‘p hisoblab ko‘rganman,

Endi sening nima haqing qolgandir?!

Boy, mingboshi chiqaradi tuhmatni,

Mehnatkashning haqi tegmay o‘ziga

Jigar-bag‘ri juda ezilib ketdi.

Mardikorlar turib bu so‘zni aytdi:

– Qani o‘yla, bizga nima haq berding?

Bizni juda esi yo‘qqa chiqarding

Boyning haqin oshirib ziyod qilasan,

“Haqing yo‘q”,– deb bizni yerga urasan,

Kambag‘al bo‘lgan bilan aqli ketmaydi,

Ko‘p bergani uch yuzga ham yetmaydi.

Bizlar mehnatkashmiz, endi mardikor,

Yo‘qchilikdan bizlar senga gunohkor.

Ko‘p berganda mening yarim haqim bor.

Haq ber desak, senga bo‘ldik gunohkor!

“Do‘xtirdan o‘tganda beraman”,– deding.

Samarqandga bizni aldab opkelding.

Endi haqim, dedik, tuhmat chiqarding,

Hech vaqtda shunday gap ham bo‘larmi?

Bizning haqimizdan g‘aznang to‘larmi?

Mehnat qilib biz bo‘ldikmi tuhmatchi?

Qani mening olgan pulim so‘ra-chi!

Ko‘nmay etsak, bizni do‘qlab kondirding,

Juda bizga zo‘rligingni bildirding.

Mardikorlar shundayin dodqa bo‘ldi,

Qoshidagi pristavga arz qildi,

So‘ngra mingboshi ham biroz pul berdi…

Unda mardikor boshiga chiqqan Samarqand boylari aytayotir: – Bu odamlar ilgaridan qancha qo‘zg‘olonda bo‘lgan edi. Hech mahalda boramiz deb roy qilmas edi. Bular podshoning siyosatiga, hukmiga qarshi kelgan edi. Bular boylarning puli bilan, sipohilarning qahri-zahri bilan, o‘lganidan borayapti, hisobini topmay quvvati kelmay, hali ham qancha qilayapti.

Boylardan chiqqan bu so‘z rabochiy-mehnatkashlarga botib bir so‘z aytib turgan ekan:

Zolim boylar, juda shumlik o‘ylading,

Kambag‘alning qo‘lin ipsiz boylading.

Dushmanning qo‘liga bizni haydading.

Biz ketamiz bundan mehnatni tortib,

Ko‘p jafolar bunda jonimdan o‘tib,

Zolim boylar, bizga katta so‘ylading.

So‘zlaring bizlarga nishtarday botib.

Nima bo‘lsa biz taqdirdan ko‘rarmiz,

Seni o‘zimizga dushman bilarmiz!

Agar o‘lmay qolsak, azobni ko‘rib,

Yana bir kun qaytib elga kelamiz,

Axir biz ham ahvolingni ko‘ramiz!

Hozir g‘amgin ko‘zdan to‘kib yoshimni,

Tashlab borayotirman qarindoshimni.

Qay yurtlarda g‘arib qilib boshimni,

Kelganda ko‘rarsan mening ishimni!

Kecha-kunduz dushmanlikni o‘ylading,

O‘ynab-o‘sgan eldan judo aylading!

Zo‘rlik qilib hozir bizni haydading.

Mingboshi, qozilar bilan bir bo‘lib,

Itday bo‘lib talading juda “zo‘r” bo‘lib.

Kambag‘allar senga bandi xo‘r bo‘lib.

O‘lmasak bu ishning oxirin ko‘rib.

Biz ketamiz hozir bundan shaylanib,

O‘rtangan o‘tlarga jonimni solib.

Xizmat bir kun, u rohatga aylanib,

Omon bo‘lsak, elga qaytib kelamiz,

Shum boshingga qora kunlar solamiz!

Qilganingcha qila berding zolimlar!

Bir kun kelib biz ham o‘chni olarmiz.

Bizdan baland bo‘lib izza berasan,

Bizni haydab yurtni talab turasan

Agar boshimizga baxtli kun tug‘sa,

Sen bachchag‘ar bizdan yomon bo‘lasan,

Kim qayerda, sen tentirab o‘lasan!..

Endi jo‘naydi degan xabar bor. Shunda mardikorlar tengi-tushiga, qavmi-qarindoshiga, ko‘rgani kelgan bola-chaqalariga qarab bir-ikki og‘iz so‘z aytib turibdi:

Oh urganda ko‘zdan oqqan yosh endi,

Eson bo‘lsa nelar ko‘rar bosh endi.

Hech ko‘rmagan yurtga ketib boramiz,

Tengi-tushu qarindoshlar, xo‘sh endi.

O‘lmasak ketar-da boshimdan tuman,

Zolim dushman bizni eldan ayirgan.

Oq sut bergan jonim enam, mehribon,

Bolam, deb necha yil parvarish qilgan.

Bizlarni ko‘rmasa o‘ksinib qolgan,

O‘rtangan o‘tlarga jonini solgan,

Bizlarni kuzatib Samarqand kelgan,

Oq sut bergan mehribonlar, xo‘sh endi.

Bu jarohat jigar-bag‘rimni tuzlab,

Esingga tushganda bo‘taday bo‘zlab,

Borolmaysan bunda keynimdan izlab,

To ko‘rguncha, mehribonlar, xo‘sh endi,

Biz ketamiz eldan-elga og‘ishib,

O‘ynab-o‘sgan qarindoshdan adashib,

Nasib tortib qayda taqdirim tushib,

Qolding, mehribonlar, bizdan adashib.

Izlab kelgan jonajonlar, xo‘sh endi.

Bu zolimlar necha so‘zni o‘yladi,

O‘ynab-o‘sgan eldan judo ayladi,

Zo‘rlik qilib bizni, badbaxt, qiynadi,

Og‘aynilar, o‘g‘il-qizlar, xo‘sh endi.

Qarindoshga rabochilar so‘yladi,

G‘ayrat qilib bari belin boyladi,

Birov bolam desa, birov enam deb

Yuragimda qoldi dog‘i alam, deb

Ketarmiz, qoldi-ku kulba-xonam, deb

Bir nechalar o‘g‘il-qizim, bolam, deb

Bunday ishlar endi bizga zulm, deb

Bir necha oh tortar, qoldi elim, deb.

Kambag‘al qashshoqni yig‘ib olgandir,

Bu zolimlar dushmanligini qilgandir.

Uchqurlarni qanotidan qayirib,

Yugrik bo‘lsa, tuyog‘idan toyirib,

Haydadi zolimlar yurtdan ayirib.

Oh tortganda jigar-bag‘ri ezildi,

Har kim bo‘lsa unda ko‘ngli buzildi,

Ko‘zdan yoshi munchoq-munchoq tizildi.

Jo‘namoqqa harakatga kirishdi,

Qo‘y-qo‘ziday bir-biriman munglashib,

Qayta boshdan bir-biriman ko‘rishib,

“Mehribonlar, omon-eson kel, deydi,

Zolimlar zulmidan ozod bo‘l, deydi,

Omon borib, yana omon kel, deydi,

Haydagan dushmandan o‘ching ol, deydi,

Yig‘lab qolgan qarindoshni ko‘r, deydi,

O‘lmagin hammang, omon yur, deydi.

Qurisin, ilohim podshoning ishi,

Kajga aylangan falakning gardishi”.

Bunday kunda chuvillashib yig‘lashar,

Zulm bilan yurtdan ayrilgan kishi.

Yig‘lashadi eldan kelgan odamlar

Bir-biridan ayrilgisi kelmaydi.

Bir-birin quchoqlab yig‘laganiga–

Turmoqqa hech kimda toqat qolmaydi…

– Qayg‘u g‘amlar keyin qolsin,

Zolimlar jazosin ko‘rsin!

Bizga ham bir vaqti xushlik–

Ko‘ngil ochilgan kun bo‘lsin.

Necha so‘z bir-birga aytdi,

Ko‘nglini ko‘tarishib.

So‘z bilan berdi quvvatni:

– Dushman ko‘kraging bosmasin!

Mehnatchilar g‘amgin bo‘lma,

Zolimning ko‘ngli o‘smasin.

O‘z-o‘zingdan ajrashib

Yonoshma zolim qoshiga!

Gaping bo‘lsa gapirib yur,

Birga yurgan yo‘ldoshingga.

Necha so‘zni yo‘lda aytib

Yetdi poyezdning boshiga.

Hech qaysisi qaramaydi,

Birga yurgan mingboshiga.

Zolim sipohilar – ayyor,

Borib ko‘rdi poyezd tayyor.

– Qoldi katta bo‘lgan yurting,

Tayyor ekan minsang oting,

Qaysi yurtga opketadi,

Qayerga nasib tortadi.

Bari poyezdning boshiga chiqdi. Mardikorlar bilan birga ketmoq bo‘lib, u yerlarning qozi, mingboshisi oldidagi necha xizmatchisi bormoqni ixtiyor qildi. Bular mardikorlarni qayta-qayta pullagan, ko‘p dunyoni yoniga solgan. “U yoqdan ham quruq kelmasmiz. Podshomizni borob ko‘rsak, u ham qancha yordam qilar. Bu yoqlarga kelmagan shu yurtlarda bo‘lgan qimmatbaho narsalardan olib kelsak, shunda ham ko‘p foyda chiqar”,– deydi. Har yuzboshi o‘ziga tobe odamlarini poyezdga soldi. Bir eshelon poyezdni to‘ldirdi. “Yoz o‘tib, qish navbati yetib qoldi, bu yerlar shunday sovuq, u yurtlarning sovug‘i baland bo‘ladi deb eshitamiz, kim qanday”. Bu so‘zlarni aytib turgan vaqtda poyezd jo‘nadi. Mardikorlar o‘ksinib, nir-biriga aytib borayotgan so‘zi:

Bu poyezd jo‘nadi, ko‘nglim buzildi,

Yurgan eldan tuz-nasiba uzildi.

Yana qaytib ko‘rarmizmi biz elni,

Taqdiri qismat bizga shu bo‘ldi.

Qadrdon birga yoronlar,

Bu poyezdda mehribonlar,

Elda qoldi jonajonlar,

Ajal yetib o‘lib ketsak,

Qayda qolar jonajonlar.

Musofir bo‘lib aziz boshim,

Sizlar mening yo‘ldoshim,

Katta-kichik siz sirdoshim,

Aqlim olgan qarindoshim.

Tog‘ askarin chalsin tuman,

Hammadan ayriliq yomon,

Bizga dushman bo‘lgan kishi,

Bo‘lmasin-da elda omon!

Ketdik biz og‘ishib bundan,

Ko‘nglimiz bo‘lib parishon.

Agar yuz ming so‘raganman

Bizdan topmas elda nishon.

Hozir vaqti xush bo‘p qoldi,

Mamlakatda bizga dushman.

Hech kim yetmas ohimizga,

Urdi zolim payimizga,

Urushga haydab borar bizni,

Ketdik o‘lar joyimizga.

Bundan bizni haydab borar.

Zolim podshoga duch qilar.

Urushning oldiga solar,

Xalqning og‘zida shu gap bor,

Yo‘q edi bizda ixtiyor.

Harchand qilib ko‘rdik bizlar,

Zo‘rlik qilgandir dushmanlar,

Elat elda yig‘lab qoldi,

Katta-kichik ne jononlar.

Ishq o‘tida yona-yona,

Qaba falak do‘na-do‘na,

O‘ynab o‘sgan tengu-tushdan

Endi bo‘lganmiz begona.

Ustimizdan o‘tgan oylar,

Har kim o‘sgan joyin o‘ylar,

Qolib bizdan mazgil joylar,

Qulday qilib bog‘lab berdi,

Elatdagi puldor boylar.

“Qulday bo‘lib sotilding”, deb

Zolimning odami haydar.

Bu g‘uvillab poyezd ketdi,

Biri xafa, biri kuldi.

Ko‘pchilik-da ko‘p so‘z aytdi:

– Bor ishongan vatan qolib.

Davr olib lochinday uyadan uchib,

Bir vaqti zamoning kelsa aylanib,

Ketadi zarbingdan dushmanlar qochib.

Ketdim, deb ko‘nglingni cho‘kirma, do‘stlar,

Yura ber, albatta, bahringni ochib.

Qayta nasib bo‘lsa bizlar yurarmiz,

Tirik bo‘lsak bir tepada turarmiz,

Hammamiz ham bir mamlakat odami,

Og‘a-ini, zulm bilan boramiz.

Bunday ishlar tushar mardning boshiga,

Sira borma zolimlarning qoshiga!

Baland-past gapirib, barisi ketdi,

Sirdaryodan o‘tdi, Toshkentga yetdi.

Toshkent deganingiz bir katta shahar,

Bundan ham necha ming mardikor chiqar.

Bir-birini ko‘rib ko‘nglin xush etib,

Oda bo‘lmas bu savdoga duch etib,

Poyezd ketdi endi Toshkentdan o‘tib,

Olib borar ko‘p elatni chuvlatib,

Burun-songra yurt qidirib ko‘rmagan,

Poyezdda boshlari aylanib ketib,

Ko‘rib borayotir qozoq elini,

Tomosha aylagan tog‘i, cho‘lini.

Bir yerda to‘xtasa ko‘p kun qoladi,

O‘n besh kunda bazo‘r Samar boradi.

Quloq soling mardikorlar so‘ziga,

Sen ham qara deydi o‘zi-o‘ziga,

Satta tunukali qilgan imorat,

Qizarib ko‘rindi bular ko‘ziga.

“Mana endi qaray bergin, qarindosh,

Endi bo‘lsak bular bilan aralash.

Ajab elga kelib qoldik endi biz,

So‘ylaganda bular bilmas tilimiz.

Qanday xalq deb bizni mazax qilarmi,

Tushunmasak bizga qiyin bo‘larmi”.

Bunda turmay endi jo‘nab o‘tadi,

Poyezd Qozon shahariga yetadi.

Poyezddan tushganlar mardikor bari,

G‘ulg‘ula kattadir Qozonning shahri.

Xotin ko‘pdir, kam ekan erkaklari,

Necha kun mardikor bu yerda turdi,

Yana bir kun yig‘ilib poyezdga mindi,

Poyezd yoqasida ko‘rib boradi,

Yog‘ochdan qilgandir qancha imorat,

Qayoqqa borarin hech kim bilmaydi,

So‘ylamoqqa bunda toqat qolmaydi,

Hammasi bir- odam bir-biriga do‘st…

Ochiq yer yo‘q, hamma yerni qor bosdi,

Sovuqdan barining aqli shoshdi,

Hech bilmaydi qanday yerga yetishdi.

“Endi qattiq bo‘lar ko‘rgan kunim, deb,

Yana qaytib qolgan elni ko‘ray”, deb,

Qayerlarga keldi, sira bilmaydi,

Qor bilan sovuqdan o‘zga ko‘rmaydi.

Har shaharda aylanishib ko‘p yurdi,

Bir shaharga kirib bu poyezd turdi.

G‘ijirlashib yotgan odamni ko‘rdi,

Mardikorni bu poyezddan tushirdi.

Mingboshining ko‘nglida bo‘lak gapi bor: “Poshsho qayda turadi?”– deb so‘raydi.

Tilmoch aytar: – Sen ham nodon musulmon,

Podsho deb o‘zingni qilma sargardon.

Podshoni so‘raysan, nima qilasan?

Podsho seni qachon esga oladi?!

Keti uzilmay eldan mardikor bordi.

Borganda har yoqqa bo‘lib yubordi,

Bir nechalar qoldi Penza shahrida,

Bir necha bo‘linib Maskov shahrida.

Bo‘linib, har tog‘u har shahar ketdi,

Bir nechasi yer ostida ishladi.

Keng mamlakat, ko‘rdi, Rusiya yurti,

Tayyor bo‘lar borgan kishi xizmati.

Qanchasi ayrilib uzoqqa ketdi,

Qon to‘kilib yotgan yerlarga yetdi.

Endi o‘ldik, – deydi fe’li ozadi,

Xizmati shu: borgan o‘rni qazadi,

Bu yerda kuniga qancha o‘ladi,

O‘lgan o‘liklarni yig‘ib ko‘madi.

Aeroplan g‘uvlab chiqsa havoga,

“Yomon bo‘ldi”, – deydi qochar panaga.

Bir nechalar ishlar fabrik-zavodda,

Qiz-xotin aralash yurgan xizmatda.

Burun-so‘ng ko‘rmagan bunday ishlarni.

Joni yo‘q mashina bunda yuradi,

Bir ko‘rgan odamlar hayron qoladi.

Qattiq kun kechirib musofir yurtda,

Mardikorning kuni o‘tar xizmatda.

Juda qalin edi qor yoqqan bosib,

Bir necha o‘rmonda qarag‘ay kesib.

Necha oy, necha yil urush bo‘lgandir,

Har kunida qancha odam o‘lgandir,

Oxirida odam kamchilik qilib,

Erkaklarni eldan yig‘ib olgandir.

Yaramlininig barin urushga olgan,

Rusiyada qari-qartang qolgandir.

Podsholar yig‘ilib urushni qilgan,

O‘yla, bizga shunday kulfatni solgan.

Podsho tursa urush oda bo‘lmaydi,

Mehnatkashni oda qiilmay qo‘ymaydi.

Bu ellarda, bilsang, shunday ish bo‘lgan,

Bu yurtlar shundayin jabrni ko‘rgan.

Mardikorning bir nechasi yo‘l ochib, bir nechasi yer qazib okop tayyorlaydi, qanchasi o‘rmonda yog‘och kesadi. Kun sovuq qor kuraydi. Qor ketib, bu yerda yoz bo‘ladi, deb ko‘ngliga sira kelmaydi. Kigiz etik, po‘stini bori kun ko‘rayotir, sag‘al usti yuqarog‘ini sovuq urayotir, qalin qorda qattiq ishlab terlasa, sovuqqa shunday qotib yiqilayotir. Sovuq ozroq o‘tgani tuzalib kelayotir, sovuq toza o‘tgani o‘lib, bir nechasining oyoq-qo‘li cho‘loq bo‘lib qolayotir. Shunday azobni borganlar ko‘rayotir. Bu ishlar mardikorga juda botgan, hammasi sarosima, sarson. Podshoning sipohilari boshida haybat, siyosat qilib turibdi.

Qamchi, tayoq urib turar,

Rahmi kelmas ko‘z yoshiga.

Qaramas qilgan ishiga,

Uradi ishchi boshiga,

Jon boricha rabochilar,

O‘qtalar mehnat ishiga.

Dod deganda eshitmaydi,

O‘z holiga hech qo‘ymaydi,

O‘lganga ishi bo‘lmaydi.

Tag‘i qiladi gunohkor.

Azob ko‘rsatdi bachchag‘ar,

Erta ketib, kechga kelar,

Bo‘l, ha! – deyishib xo‘jayinlar

Nechovni sovuq yiqitdi.

Nechovning kelmas quvvati,

Mehnatkashning unday kunda,

Sira ham yo‘q edi hurmati.

Necha mardikorni urar.

Intiladi jondan kechib.

Bir nechaning qolmas joni,

Taysallar tayoqdan qochib.

Podsholik zulmi shuldi(r),

Xizmatkor holi tang bo‘ldi.

Qayda bo‘lsa jabr ko‘rdi.

Xizmatkordan qancha o‘ldi,

Erta ketsa, oqshom keldi.

Kuyganidan rabochilar:

– Ko‘rolmaymiz,– deydi,– elni.

Zulm bilan zolim podsho,

So‘ldirgandir qizil gulni.

Qani endi bizga bersa,

Yo‘l ochilgan ochiq kunni.

Jabr botib gapiradi:

Zolimlarni yo‘q qilguncha,

Biz ko‘rmasmiz o‘sgan elni…

Mardikorlar ko‘zin yoshlar,

Yig‘ilishganda gap boshlar:

– Kunda bizlarni g‘am bosib,

Nechovlarni yog‘och bosib,

O‘ligi to‘qayda sasib,

Quloq sol so‘ylagan tilga,

Oq podshoni o‘ldirmayin

Biz chiqmaymiz ozod yo‘lga.

Zolimlardan o‘chni olib,

O‘zimizday ishga solib,

Ularga ham azob berib,

Shungachayin bunda turib,

Undan keyin elga ketsak,

Kuchu g‘ayrat ma’lum bo‘lib,

Elga yaxshilikni eltsak.

Qani navbat bizga kelsa,

O‘ysak dushmannning ko‘zini,

O‘zimizday izillatib.

Dilim biryon, ko‘zim giryon.

Bizlarni aylagan sarson.

Sarson qilgan zolimlarni,

Biz qilsak yer bilan yakson.

Mamlakat bo‘lsa guliston,

Qani bo‘lsa shunday zamon,

Dushmanlarga bermang omon!

Har yerda, har to‘pda shunday gap bo‘layotir, boshqa bir to‘pga borsa, ko‘p toriqib, diqqatligi oshib, bir-biriga qarab, hol-ahvollarini so‘rab, bu so‘zlarni aytayotir:

Falakning qavlidan dod bilan bedod,

Dunyoda ko‘p tortdik qayg‘u ham kulfat,

Yoz demay, qish demay qilamiz mehnat,

Qilgan xizmatimiz bizlarga tuhmat.

Zulmga chidamay dod bilan bedod,

Buzilsin, yiqilsin u charxi noshod.

Bunda yurib bo‘lsak biz g‘amdan ozod,

Ko‘nglimizda jilva qilib ko‘rinar

Esimizga olsak u yurgan elat.

Bu mazgilda bir-birimizga suyanib,

So‘ylashamiz katta-kichik jamoat.

Shu kundan ham bo‘lamizmi biz ozod?!

Shu g‘amdan qutulib, ketsak salomat,

Bo‘lsa bir kun yana bizlarga rohat.

Elim desa ohu fig‘on aylaydi,

Uyqusi kelmaydi, oqshom o‘ylaydi.

Bola-chaqa deydi, mungli so‘ylaydi,

Kunda ishga chiqsa, jonin qiynaydi.

G‘ubor kunda yer-osmonni bilmaydi.

Elim deb esiga olar har zamon

Ketarmiz deb hech ko‘ngliga kelmaydi.

Bir-biriga qarab holin aytadi:

“Zolim podsho sira javob bermaydi,

Taxt ustida tursa bu zolim podsho,

Bizlarni sira ham ozod qilmaydi.

Yurar edik Turkistonning elida,

Azob ko‘rdik bu zolimning qo‘lida,

Sarg‘aytadi bunda gulday yuzimiz,

To‘rt qilib o‘yadi ikki ko‘zimiz.

Yetim qilib kelib o‘g‘il-qizimiz,

O‘ldirmay jo‘natmas endi o‘zimiz.

Kun botganday bu dunyodan o‘tarmiz,

Bo‘lmasa, o‘lguncha qonlar yutarmiz.

Agar shunday bo‘lib kunni o‘tkazsak,

Qoq suyak bo‘p bunda yo‘q bo‘p ketarmiz.

Shu ahvolda bu dunyodan o‘tarmiz,

Qachongacha zahar-zaqqum yutarmiz?!”

Shunda ilgaridan bekatlarda ko‘p turgan, ruslar bilan aralashib yurgan, yemishak ham bo‘lgan, rusning tilini ham bilgan, bu vaqtda mardikorlarga yo‘lboshchi bo‘lib turgan boshchisi bularning ko‘nglini ko‘tarib, mardikorlarga ko‘p so‘zlarni aytib, yo‘lga solib yuribdi. “Men bu yerda, ruslar orasida ayol-erkak bilan gaplashib yuribman. Bulardan eshitaman: urush kuchayib ketgan, hamma xalq bezor bo‘lgan, ko‘p odam o‘lgan. O‘zlarining gapirishiga qaraganda bularning ichida bol’shevik partiya degan bor emish. Bolsheviklar podshoning qasdiga ishlab, qattiq harakat qilayotgan emish. Podshoni taxtidan tushiradi, podsholikni yo‘qotadi, mehnatkashning zamoni bo‘ladi, degan gapi bor. Agar shunday zamon bo‘lib qolsa, ajab emas, undan keyin omon-eson elga borib qolarmiz ”,– dedi. Bu gapga mardikorlarning ko‘ngli ko‘tarilib, ko‘ngli to‘lib, eliga bormasa ham, borganday bo‘lib, “qani shunday bo‘lsa”,– deb vaqti xush bo‘lib qoldi. Bu gap bularga ham sevinch, ham quvonch bo‘ldi. Bir nechalarning ko‘nglida erta bilan turib keta beradiganday bo‘lib qoldi. Shunda bir necha yigitlar sherdil bo‘lib bir so‘z aytib turgan ekan:

Zolimning dodini bermay,

Boshiga kaltak bilan urmay,

Shu taxtidan judo qilmay,

Sira qaytmam Turkistonga!

Zolimga ko‘rsatmay rohat,

Bol’shevikdan bo‘lsa quvvat,

Qilsak dushmanga qiyomat,

U kuni bo‘larmiz ozod,

Zolimlarni yakson qilib.

O‘g‘il-qizin sarson qilib,

Shunday kunni bunda ko‘rib,

Mehnatkashlar o‘ynab-kulib,

Ketarmiz elga bosh bo‘lib.

O‘laman deb qaytib turma,

Podsho deb sen ra’ya qilma.

Ne ishlarni bizga solgan,

Bunday kunda turish borma?!

Qo‘lga ilinganni olgin,

Bittang qolmay harba qilgin,

Shuncha xalqning bari kuygan,

Shu xalqlarning biri bo‘lgin.

Shunday kun boshlanib qolsa,

Kattasin o‘rtaga olsa,

Taxt ostiga qon to‘kilsa,

Podsho taxtidan yiqilsa,

Bizlarga maqsad kun bo‘lar,

Ozodlik deb xabar kelar.

Eshiting, turgan jamoat,

Shunda bizga baxtli davlat,

Omon borib ko‘rarmiz-da,

Yig‘lab-siqtab qolgan elat.

Og‘ir kunlar o‘tib ketar.

Xizmatkorning ishi bitar,

Zolim oyog‘idan yitar.

Mehnatkash maqsadga yetar.