Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Chor hukumatining tergovchilari

Description

Categories

Администрация Ак Падишах Аксакал Английский Андижан Асака Асхабад Афганский Бедняк Богач Бухара Варшава Взятка Взяточничество Виселица Восстание Газават Генерал Географические названия Губернатор Деньги Дукчи-ишан Духовский Заместитель Император Индия Иноверец Иран История Кадир-ходжа Кайшовский Камчинбек Кашмир Киргиз Коканд Конфессиональные группы Коран Крым Курбанджан-дадхах Мазхаб Манап Маргилан Медина Минг-типа Миссионер Москва Мужик Мулла Абдулкаххар Арифхаджи оглы Мулла Исмаил Мулла Салахиддин Мусульманин Мусульманское образование Мухаммед Юсуфджан Мухаммед-Али Эшан Мухаммедали-бай Мюрид Налоги Наманган Наставник Николай Обычаи и обряды Одесса Остроумов, Н. Оценка Ош Падишах Переселенческие дела Петербург Пир Политика Полковник Правительство Право и судопроизводство Пристав Рапорт Религия Романов Россия Русские слова Русский Русско-туземная школа Сами-ахунд Самооценка Связи Севастополь Сеид Ахмед-ходжа Солдат Стамбул Суфи Ташкент Тиран Турецкий Туркестан Уезд Узун-ата Участковый пристав Фергана Хадж Хаканд Хаким Халикберди-ахунд Халифа Халмирза-бай Ханака Ханафиййа Царь Чайковский Чанышев Шахрисябз Школа Штраф Этнические и племенные группы Эшан Якуб-ахунд Яхъяхан-тура

Editor

B.S.

Text

Eshonning honaqohida doimo mingdan ortiq odam bo‘lar edi. ٍٍShuning bilan daromadi ham katta edi. Mana bu hollarni va bo‘lib turgan ishlarni mustabid chor hukumatining gubernatori va hokimlari yuqoriga yozib, “Raport” bilan bildirganidan, Turkiston general gubernatori o‘z oldidagi xos tergovchini va ularning boshlig‘ini chaqirib, Marg‘ilon uyezd hokimi bilan haqiqat qilmoqqa va bo‘lib turgan ishlarni ko‘rib aql yurgizmoqqa yubordi. Bular kelmasdan bir oy ilgari xabari kelib, Yikchi eshon alohida va maxsus poyondozlar tayyorlanib qo‘ydi. Har xil gilamlar topdirib omoda bo‘lib turdi. Chunki Marg‘ilon hokimi eshonga bu xususida xabar bergan edi.

Bularning kelishidan bir oy avval Asakada turgan rayon pristawi Marg‘ilon hokimiga eshon to‘g‘risida quyidagi ma’lumotni beradi.

RAPORT

1897 yil 15 dekabrda

Ul baland darajalik Marg‘ilon uyezd hokimiga

Asaka atrofining noyibidan raport...( )

Siz baland darajalikka shu tariqa ma’lum qilamanki, manim ixtiyorimga topshirilgan Asakaga qarashli Mingtepa qishlog‘ida bu tarixdan 25 yil avval kelib o‘rnashgan, asli mingtepalik “Muhammadali eshon” degan bir kishi eshonlik qilib turgan bo‘lsa-da, bu kunlarda nihoyat kuchayib, butun tog‘lardagi qirg‘izlarni o‘ziga tobe qildi: manim maxfiy olgan axborimga qaraganda, muridlari o‘n mingdan oshgan bo‘lsa kerak, hammalari eshonga shunday tobe’dirlaki, agar amir qilsa, bir kunda jam’ bo‘ladilar. Agar shunday borabersa ehtimol Eron eshonlaridek Rusiya davlatiga isyon chiqarsa, loaqal hukumat boshliqlari amr farmoniga inqiyod qilmasa. Chunki honaqahiga bir katta maktab qilib, taxminan 250ga yaqin bolalarni uchta muallim solib doimo o‘qitib turadir. Bular oz kunda o‘qib chiqsalar, ko‘plarini “Istambul”ga yuborib o‘qitmoqchi emish. Bularning har nechik bo‘lsa-da, man’ qilmog‘i zarur edi. Bu kunlargacha janobingizdan bir amr farmoyishi bo‘lmagani uchun sustlik ko‘rsatib kelindi.

Endilikda manim fikrimga ehtiyot bo‘lmoq lozimdir. Binobarin janobingizga ma’lum qildim.

Uchastkoviy pristav (CHANISHEV)

Mana bu axbor Marg‘ilon hokimiga yetib tezdan orqasiga ushbu so‘zni yozib qaytargan edi: “Uchastkovoy pristavga ma’lum bo‘lg‘ayki, tezdan Yikchi eshon Muhammadali halifaning tarjimayi holiga doir ravshan axborot yozib yuborg‘aysiz” deb mana bu xabar kelganidan so‘ng Yikchi shon axborotiga doir mufassal axborot yozib yuborgan edi. Bu axborotni Marg‘ilon hokimi Toshkentga, gubernator vositasi bilan yuborganda, General gubernator o‘z tarafidan zikr qilingan alohida ishlarga xos ma’mur tergovchilarni yuborgan edi.

Bu to‘ralar Marg‘ilonga kelib, undan yezd hokimini birga olib 12 kishi bilan 1897 yil, 12 mayda (javzo) Mingtepaga kelgan kunlari eshonni ko‘rmakka borgan ziyoratchilaridan Mullo Abdulqahhor Orifhoji o‘g‘li hikoya qiladiki: yaqin kelganda bir kishini oldini choptirgan ekanlar, kelib xabar berdi. Eshon darhol chiqib ko‘chada, darvozadan tortib taxminan 500 qadamcha joyga poyandoz soldirib, ichkarida maxsus chodir tikdirib, darvozadan bu chodirgacha ham barxutdan poyandoz qilib, bayroqlar tikib, nihoyat ziynat berib kutib turdi. Hamma xizmatchilar va mehmon odamlar hamda qishloq amaldorlari ko‘p kishilar darvozadan tashqari chiqib, istiqbol qilib turib edilar... Mingboshilar ot chopib: “keldi-keldi” deb xabar keltirdilar. Eshon darhol “Mulla Solih” degan xazinachisini chaqirib, bir to‘p bo‘g‘cha to‘n olib chiqib turdi.

Yarim soat o‘tgach, to‘rt izvoshda 12 kishi, to‘ralar, hokilar va pristavlar kelib tushib, eshon bilan hammasi bir-bir ko‘rishib,salomlashib bo‘lgandan keyin eshon bo‘g‘chani ochib, nihoyat qimmatbaho bo‘lgan to‘nlarlan olib, hammasiga barobar “chang to‘ni” deb kiydirishga boshlagon edi, biri man’ qilib qabul ko‘rmagach, eshon qo‘l bog‘lab: “bizning odatimiz shuldir, agar qabul ko‘rilmasa bizga or bo‘ladir” deb edi, hammasi kiyib oldi. Ushbu holda surat oldirg‘on ruslar necha martabadan surat oldilar. Keyin eshonni taklif qildilar. Eshon oldin yurmay: “mehmonlar yursunlar” deb qo‘l bog‘lab turganda, bir katta, yo‘g‘on to‘ra, toshkentlik mehmonlardan bo‘lib tergovchilar boshlig‘i edi. Hammadan oldin “poyandoz”ni bosib ichkari qarab yurdi. Orqasidan hamma ruslar qator-qator bo‘lib o‘tirdilar. Hammalari ustlaridagi yangi to‘nlarni yechib qo‘ydilar. Odam nihoyatda ko‘p edi. Hamma atrofni qurshab oldilar. Bular uchun maxsus taomlar tayyorlangan ekan, olib kelindi, taom yeb so‘zlashid o‘tirdilar.

Mana tamom ziyofat o‘tgandan so‘ng, ba’zilar o‘rinlaridan turib, eshonning honaqohi, dastgohi, mehmonxona, nonvoyxona, otxonalarni aylanib yurib, boloxonadagi oshxonaga chiqib, oshpazga ish qildirib ko‘rdilar. 5-6 minutda osh qilib berish amaldorlarni hayratda qoldirdi. Lekin shu vaqtda karomat yoki falon deguchi kishi bo‘lmadi. To‘ralar “nima sababdan bunday?”deb so‘ramadilarmi ekan, hech kim bu oshxonalar xususida izohot bermadi.

Ikki soatga yaqin fursat o‘tgandan so‘ng hali yo‘g‘on tergovchi qo‘liga qog‘oz olib eshonni chaqirib quyidagi savollarni berdi:

Tergovchi – Necha yoshga kirdingiz?

Eshon - 51 yoshga chiqdim.

T. – Otingiz va laqabingiz nima?

E. – Otim Muhammadali, otamning nomi Mullo Ismoil.

T. – Qaysi dinda va qaysi mazhabdasiz?

E. – Musulmon, “Hanafiy” mazhabman.

T. – Qayda o‘qigansiz va qaysi yerlarni ko‘rgansiz?

E. – Ko‘proq Buxoroda va Karruxda, Shahrisabzda o‘qib, undan keyin hajga borib, Madinada ikki yil turib, undan Hindistonga o‘tib keyin Kashmirga kelib, yil turib piriustodlar xizmatini qilib, qaytib kelganman.

T. – Necha yildan buyon eshonlik qilasiz?

E. – Yigirma olti yildan buyon qilamiz.

T. – Muridingiz necha kishi, qayerda ko‘proq?

E. – Muridlarim ko‘p, qancha ekaninini bilmayman. Lekin ko‘proq birodarlarimiz qirg‘izlar ichida, Ketmontepa va Ko‘gart taraflarida.

T. – Podshoh va imperatur a’zamni qanday deb bilasiz?

E. – Podshoh a’zamni katta podshoh, ulug‘ hukmron, odil podshoh, fuqaroparvar, jami’ podshohlar qoshida izzatlik deb bilaman. Chunki hajga borganimda qaysi mamlakatga borsam, o‘sha mamlakatda oq podshohning puli o‘tadigan ko‘rdim. Boshqa podshohlarning puli oq podshoh mulkida o‘tmaydir, shuning uchun bu podshohni zo‘r podshoh deb bilaman.

T. - Podshohi a’zamga qarashli qaysi mamlakatlarni ko‘rgansiz?

E. - O‘z qishlog‘imdan tortib, to Sevastopol’, Odes, Qirim Kafa, Ashxabod, Uzunota, Toshkentlarni ko‘rdim.

T. - Peterburg, Moskva, Varshavalarni ko‘rmadingizmi?

E. – Yo‘q, u taraflarga o‘ta olmadim.

T. – Odes, Sevastopollarda podshoh a’zamning dabdabayi askariya va shavkatlarini nechuk fahmladingiz?

E. – Nihoyat zo‘r, katta, askarlari ko‘p, obod.

T. – Boshqa podshohlar, masalan, ingliz, afg‘on, bularning shavkatlari va askarlari qalay? Turk davlati nechik?

E. – Bularning shavkati va askarlri oq podshohdek ko‘rinmadi. Turk va afg‘on bo‘lsa, nihoyat noobod, mulklari harob, askarlari Russiyadek ozoda emas ekan.

T. – Muncha davlat va imoratlar otangizdan qolganmi yoki o‘zingiz topganmisiz? Eshon bo‘lmasdan avval nechik edingiz, yer-suvlaringiz bor edimi?

E. – Otamdan bir kichkina hovlicha qolgan edi. Boshqa davlat qolgan emas. Bu davlatni 26 yil ichida hajdan kelganimdan so‘ng avvali xudoyim etkazdi, ikkinchidan, podshoh a’zamning soyasi davlatlarida eshon bo‘lganimdan keyin topdim. Hali ham chandon davlatlik emasman, hamma narsalarim xudovandi olam yo‘lida, beva-bechoralarga hadya qilib qo‘yganman. Nimaiki xudoyim etkazsa bechora-kambag‘allarga pishirib, berib turibman. Shunday qilib kambag‘al-chanbag‘allar yig‘ilib qolganlar. Shular bilan nima topsak, yeb yotamiz. Podshoh hazratini duo qilamiz, boshqa ishimiz yoq bizning. Ishimiz duo qilmoq va topganimizni beva-bechoraga pishirib bermakdir.

T. – Muridlaringizning hammasi kambag‘al odamlarmi yoki boy va davlatlik odamlarmi, qaysisi ko‘p?

E. – Har qaysilaridan ham bor. Boy ham bor, kambag‘al ham ko‘p: hammalari bizga barobardirlar.

T. - Muridingizdan hadyani o‘zingiz aytib, soliq solib olasizmi? Yoki o‘zlaricha ixtiyorlari bilan olib keladilarmi? Bu yurgan odamlar avvalida nima odamlar edi. Boy kishilarmidi yoki kambag‘allar edimi? Bulardan sizga qanday foyda bor?

E. - Biz hech kimga “bir narsa olib kel” deb aytmaymiz, o‘zlari xudoyim ko‘ngliga solib, bir narsa “xudoyi” hadya qilsa, olib haqqiga duo qilamiz. Berilgan narsalarni bo‘lsa, darhol o‘sha kuni doshga solib pishirib bechoralarga taom qilib beramiz. Bu yotgan kambag‘allar esa har tomondan yig‘ilg‘on g‘arib bechoralardir, bular avvaldan kambag‘al kelgan kishilardir. Bulardan bizga hech naf yoq: shu joyda “xudo” deb, bo‘lsa yeb, bo‘lmasa qanoat qilib yotadilar. Bularning xizmatlari shu honaqohni supurib toza qilib, kelgan- ketgan mehmonlarning otlariga qarab, tahoratlariga suv berib turishdir.

T. – Sizga qaysilar yaqin, boylarmi yoki kambnag‘allarmi? Qaysisining tarafdorisiz?

E. – Albatta, manga shu oldimda xizmat qilib turgan kambag‘allar yaxshidir. Chunki doimo xizmatda, kelgan- ketgan kishilar ahvolidan xabardor bo‘lib, manga yordamlari tegadir. Uzoqlardagi boylardan hech umidimiz ham yoq, ularning bizga foydasi ham tegmaydir. O‘zimiz bir duogo‘y bechoralardan bo‘lganimizdan keyin “Aljins maaljins” deganidek har kim o‘z jinsiga do‘st tutib, birga bo‘ladir.

T. – Podshoh a’zamning kattaligi va askarining ko‘pligini o‘zingiz bilganingizdek, bularga ham aytib tushuntirasizmi? Bular ham biladilarmi?

E. – Albatta aytamiz, hammalari biladilar.

T. – Imperatur a’zamning xonadonlarini, nomlarini bilasizmi? Bu yurg‘onlar ham biladilarmi?

E. – Oq podsohning ismlarini odamlar, Nikolay, Nikolay podshoh deb yuradilar. Shuni eshitamiz, bular ham “oq podshoh” deb biladilar. Biroq, xonadonlarining nomlarini chandon bilmaymiz.

T. – Albatta podshoh a’zamning mulkida turib shuncha davlat topgan bo‘lganingizdan keyin podshohning va hodadon muazzamalarining nomini tmom o‘zingiz va muridlaringiz bilan bilmaklaringiz zarurdir. Man pristavga buyuraman podshoh bilan xonadonlarining nomini tamom musulmoncha yozib beradi. O‘zingiz va muridlaringiz hammalaringiz bilib, yod qilib har namozda duo qilmoqlaringiz kerak. Bundan keyin shunday qilinglar! Hatto maktab bolalarigacha bildiring, o‘qib yod qilsinlar! Hokimlardan biri so‘raganda darhol aytib beradigan bo‘lsinlar, - deganda, eshon o‘rnidan turib qulliq qilib duo qildi. Tergovchi o‘rnidan turib daftarini yopib: “Endi, ketamiz” deb javob so‘rab edi, eshon o‘rnidan turib, yana katta bir bo‘g‘cha to‘n olib chiqib, o‘rtaga qo‘yib, “tortiq” deb og‘zini ochib qo‘ydi.

Amaldorlar bu to‘nlarning hammasini ko‘rib, “rahmat-rahmat” deb qabul qilmadilar. Orada uch xotin kishi ham bor edi. Bularga katta qog‘ozga o‘ralgan bir narsani qo‘ydi. Xotinlar oldilar-da, ketadigan bo‘lib taraddud qildilar.

Shu mahalda eshonni tergov qilgan yo‘g‘on to‘ra aylanib oshxonalar tarafiga borib, undan xojatxonaga kirib turg‘onida Mullo Salohiddin (Eshonning xazinachisi) eshon bilan maxfiy so‘zlashgani so‘ngida, “siylov, siylov to‘ram” deb bir konivertni to‘raning cho‘ntagiga solib qo‘ydi. To‘ra u yoq-bu yoq qarab, “xorosho-xorosho” deb cho‘ntagiga solib qo‘ydi va ro‘molini olib, qo‘lini artib boshqa ruslar oldiga chiqdi. Keyin hammalari turib to‘nlarini kiyib, ehon bilan xayrlashib jo‘nab ketdilar.

Bundan ikki oy muqaddam minora yiqilib 24 kishini bosib qolishi to‘g‘risida hech nima gap bo‘lmadi, loaqal so‘ralmadi. Bularning kelishlari, saltanatparastlik, jahongirlik namoyishidan boshqa hech bir natija bermadi. “Mustabid chor hukumatining istiqloliyat va zulm qilishda poydorlig‘ining duosi nomuborak nom palidini yod qilmoqdan hech maslahat yoq ekan, xaloga kirganda qorni to‘yib qoldi shekilli qaytib chiqib oshga ham turmay jo‘nadilar . Mana ularning tergovi va tergovdan muddaolari!

CHOR HUKUMATINING QARSHILIK HARAKATI

Tarix melodiyning 1895 yillarida chor hukumatining zolim generallari Turkiston o‘lkasiga qo‘yilg‘on “missioner”, ya’ni din buzuvchi Ostroumovlarning takliflari bo‘yicha, Turkiston o‘lkasining xalqini ko‘r kabi istebdod qorong‘usida qoldirmoqning maslahatida “Russkiy-tuzemniy maktablar” ochmoqqa kirishdilar.

Madrasa vaqflarini boni, vaqf qilg‘uvchi vaqflarning avlodlariga buyurib berib, sotib yemoqlariga farmoyish qilib va musulmonlarning juma namozlarida (xutbalarda) podshohning nomini qo‘yib o‘qimoq, Qur’onning “val mushrikin” degan joylaridan “mushrikin” iboralarini chiqarmoq kabi behuda ishlarni amr qildilar.

Shahar hokimlari, qozi, amaldorlar ham maktabdorlarni choqirib oq podshohning nomini jami’i odamlarga bildirib, masjidlarda, namozlarda duo qildirish, hatto maktablarda yosh bolalar o‘qiydigan eshon So‘fi , “Chahor kitobi” degan savob kitoblaridagi “azobi qabr kofirlarg‘adir, chin – ko‘rar go‘rning azobin ba’zi mo‘min” dek bo‘lg‘on baytlarini va “kofir, mushrik” degan iboratlarini yo‘qotib, yangi bosiladirg‘on kitob va Qur’onlardan yuqorida aytilgan kalimalarni chiqarishdek farmoyishlar qildilar.

Musulmonlarning nihoyat ezib, qisib, hatto ko‘chadan yo pristuf o‘tib qolsa, yo beixtiyor ko‘rmay qoilg‘on va o‘rnidan turmagan musulmonlar bo‘lsa, qaytib kelib urib, qamar edilar.

Andijonda bir necha mo‘tabar odamlarni ko‘chada, xalq qoshida “manga salom qilmading” deb haqorat qilib, qamab qo‘yadigan bo‘ldi. Tog‘ sahrolarda esa, kambag‘al qora-qirg‘izlarning tog‘lardog‘i mulklarini tortib olib, ichkari Rusiyadan bir necha ming rus dehqonlarini ko‘chirib kelib, bo‘lib berib, oxirda elatiya, qirg‘izlarni o‘z mol-mulklariga ham ega qilmay, bechoralarni Farg‘onaning keng tog‘lariga tarqatdi.

Shahar xalqi zolim hokimlar zulmidan bezor bo‘lib ko‘chaga chiqolmay qolganlaridek, shuncha keng tog‘lardog‘i qirg‘izlar ham o‘zlarining ota-bobolaridan buyon yoqib kelgan, qurigan o‘tinlaridan yoqolmay qoldilar, balki tikoni ham qolmagi. Ot, mol, qo‘y, echkilarni bemalol boqolmay, bir tarafdan: cho‘b, og‘iz puli deb jarima solib, pullarini olsa, ikkinchi tarafdan “tuyog‘ puli” deb qo‘ylarini hisoblab oldi. Uchinchi tarafdan o‘ris mujiklari “manim ekinimga kirdi” deb mollarini “shtraf” qilib olib qo‘yar edi.

Ariza berilsa kimga berilar edi? Yana shu zolimlarga berulur edi. Bular bo‘lsa, hech vaqt kambag‘allarning arz-dodiga quloq solmas edi. Mana shunday qattiqlik kunlarda qolgandan keyin xalq orasida bu zulmlarga qarshi qo‘zg‘olonchilik ruhi paydo bo‘lib qoldi.

Muallimlar va ba’zi ko‘shi ochilgan yoshlar bo‘lsa, pristuf va hokimlarining yomon nazaridan qo‘rqib, jonlarini qo‘ymoqqa joy topmas edilar. Mana shunday qilib vahshatlik kunlarda, Mingtepadagi shuhratlik eshong‘a tog‘lardag‘i qirg‘izlar “millay qo‘zg‘alish” to‘g‘risida qatnashib qolgan edilar.

ELATIYA, QIRG‘IZLARNINIG YIKCHI ESHONGA SHIKOYATLARI

Ketmontepa, Ko‘gart taraflaridagi qirg‘iziya kattalari, “mannof” va “mannofzoda”lari, ustlariga borib, bozor qilgan mujiklardan diqqat bo‘lib, ularning podshohining orqa qilib bergan dashnomlarig‘a chiday olmay, 1896 yilda ko‘p odam jam bo‘lib, Ko‘gartga to‘planib, Yikchi eshon huzuriga ketib, quyidagi yoziladurg‘on maslahat va arizalarini qilmoqchi bo‘ldilar.

Lekin qirg‘izlarning bu yig‘in va jamiyatlari faqatgina mujiklar zulmiga qarshi bo‘lib, bunga mashhur Shodxon botur deganning nabirasi bosh edi.

Taxminan 25 kishi Yikchi eshonni ziyorat qilish muddaosida kelib, keyin musohaba o‘rtasida mujiklardan shikoyat etib aytdilarki: agar bizga ijozat bersangiz hamma qirg‘izlar yig‘ilib, mujiklar ustiga hujum qilib, hammalarini oyoq ostida bostirib yuboramiz. Shunday jonimizdan to‘ydik. Biz qirg‘izlarni nihoyat besaranjom qildilar. Bu yurganimizdan hammamizni o‘lganimiz yahshiroqdir. G‘azotga ijozat bering deganlarida, eshon: “Birodarlar! Hali vaqt emas, andak fursat bor, hamma birdan hujum qilamiz, oxiri bu Nikolay zulmi ostida qolmaymiz, bir oz fursat bor, tavaqquf qilib turinglar! Man o‘zim bosh bo‘lib hamma birodarlarni, balki tamom shahar xalqini o‘zimizga yor qilib, keyin ishni bir yo‘la boshlaymiz”, deb bularga taskin bergan edi. Bu sababdan qirg‘iziyalar andisha qilib: “Eshonimizning o‘zi bir narsa biladilar. To ishimizdan xabar bo‘lguncha tavaqquf qilaylik”, deb qaytib ketgan edilar.

Mana shu 1895 yildan boshlab mujiklar tepasiga hujum qilish va milliy qo‘zg‘alish harakati ko‘ringan edi.

Lekin Yikchi eshonning xuruj qilmog‘iga muntazir qarab turar edilar. Oxiri 1897 yilgacha qirg‘izlar bilan ichkari Rusiyadan kelib o‘rnashgan mujiklar o‘rtasida har xil milliy qarshiliklar bo‘lib turib, Ketmontepa va Ko‘gart nohiyalarida turgan ko‘chmanchi qirg‘izlardan taxminan 1000 kishi jam’ bo‘lib, Chibel bo‘lisi qozining noibi mulla Raxmatilla deganlarining boshlig‘i biln bularning targ‘ibi orasida qo‘zg‘olib o‘sha kunlarda o‘lgan bir qirg‘iz boyning doisi bahonasida to‘planib, shul yig‘inda mujiklar tepasiga hujum qilmoqchi bo‘lib, Yikchi eshonga kishi yubordilar. Yikchi eshon tezda shu jamiyatning ustiga yetib kelib , ko‘p maslahatlardan keyin ushbu qarorga kelib, tarqalgan edilar.

G‘ayridinlar bilan muhoraba (g‘azot) qilmoq, bir kishini xalifa (boshliq) tayin etilmasa o‘lmoq bilan shahid va o‘ldirmoq bilan g‘ozi bo‘lmasligini nazarda tutib, hazrat eshon Muhammadali xalifamizni o‘zimizga katta (boshliq), balki hazrat Rasulolloh masnadlariga xalifa deb bilmak va kishiga shar’i ishlar nihoyatda ko‘paygani sababli hazrat eshonni shariatga mutasaddi qilamiz. Tamomiy amri ma’ruf va nahyi a’nil munkarlar bu janobning qo‘llarida bo‘lsun va tarafga rais va tahiqchilar yuborsinlar.

Shu kundan e’tiboran butun millati islomiyatga maxfiy ravish bilan xabar qilamiz, to eshonimiz taraflaridan qaysi kun ruslar ustiga hujum qilmoqni munosib ko‘rib, xabar qilsalar, o‘sha kun niyat g‘azot bilan tayinlang‘och, joyda hozir bo‘lamiz.

Shu maslahatlarni Dukchi eshonga ma’qul qilganlarida, Yikchi eshon shu ma’nida bir vasiqa va ahdnoma yozib, “hammalari muhrlarini bosib, qo‘llarini qo‘yub bersunlar”, dedi. Shu on ahdnoma yozib, g‘azotning musulmonlarga farz ekanligi xususida bir qancha oyat va hadislarni yozib, hozir bo‘lganlardan elning kattalari muhrlartini bosib eshonga topshirdilar. Ikkinchi yana bir hujjat yozib, amri ma’uf va nahyi munkar qilmoq va shariat hukmlarini adolat bilan joriy etmoq uchun umumiy musulmonlar qoshiga hazrat eshonni bosh qildiq va sohib ixtiyor qildiq, deb eshonga keltirib o‘qib berganda eshon: “Rasululloh maqomiga xalifa bo‘lmoq nihoyatda mushkuldir. Adolatda hazrat Umar mashhur edilar. Hazrat Umarga xalifa qildiq. Bu zotning ravishda adolat qilmoqqa tayin qildiq deb yozilsun”, deb buyurdi. Unda mullo Raxmatillo oxund degan kishi shu iboratlarni ham ilova qilib, keyin hammalari tamom bo‘lis (volost’) mingboshilari desa bo‘lurlar muhrlarini bosib, Yikchi eshonga berib, muborakbod qildilar va milliy g‘azot boshlamoq xususida kun tayin qilmoqni va har tarafga xabar va taklifnomalar yozmoqni ham eshonga topshirib, bu sirlarni maxfiy tutmoqa va’da qilishib tarqalishdilar.

Bu kundan boshlab eshon ko‘p joyga milliy qo‘zg‘alish-g‘azot xususida xat qilib, elning kattalarini o‘ziga jalb qilar edi. Bu yig‘inni hukumtning josuslari sezib qolib, shu yig‘in nima uchun, nima maslahatlar bo‘lgan va kimlar bor ekan, nima uchun yig‘ilganlari to‘g‘risida axbor olmoq uchun kelib, tergov qildilar.

Bular bir kattalari o‘lgan uchun xudoyi deb javob berib, eshonni Mingtepaga uzatib qo‘ydilar.

ESHONNING HUJUMGA HOZIRLIK KO‘RISHI

1897 yili Yikchi eshon mustabid chor hukumatiga qarshi urush ochmoq uchun maxfiy maslahat va tayyorgarlik ko‘rmoq uchun harakat qilib, Farg‘ona muzofotidagi mashhur katta odamlarni o‘z fikriga yor etmoq uchun har shaharga maxfiy xat qila boshladi. Chunonchi Andijon shahridagi madrasai jome’ni bino qilg‘uchi Muhammadaliboy Xolmirzaboy o‘g‘liga va mudarrislar jumlasidan domla Somiy oxund va domla Xoliqberdi oxund, O‘sh shahrida Qurbonjon dodxoh va Qamchinbek bolalariga va domla Ya’qub oxund a’lamga, Marg‘ilonda Muhammadyusufjon eshon va Sayid Ahmadxo‘jalarga, Namanganda Yahyoxon to‘ra va Qodirxo‘ja hoji va boshqalarga.

Bu xatlar jumlasidan andijonlik Mahmudali boyvachaga kelg‘on xat orqasig‘a yozilib, eshong‘a qaytarilg‘on ekan, keyin eshon qochib hovlisga chor hukumati tomonidan musodara qilinib, tamomiy ajnoslari Andijong‘a olib kelinib, taftish qiling‘onda eshonning har tarafdan kelgan xatlarni saqlaydirg‘on sandig‘idan o‘sha Mahmudali boyga va orqasidag‘i javobi chiqib qolg‘on. Ko‘rgan va o‘qib berg‘onlarning so‘zlaricha, eshonning xati shu mazmunda ekan:

“Ammo ba’d az hamd va salovot janob hayrat sohibi bo‘lgan mulla Mahmudali boyg‘a yetib ma’ruz bo‘lg‘aykim: bu zamon kitoblr hukmi bilan oxir zamon bo‘lgandir. Har xil fitna va fasod kopayib, olamni kufr zulmati bosib, ahli islom nihoyat xor bo‘lg‘ondir. Bu fasod vaqtlarini daf’ qilmoq bizning zimmamizga farz bo‘lg‘ondir. Chunki faqirg‘a bu xususida g‘aybdan ham ijozat bo‘lg‘on edi. Ko‘p zamondan buyon fursat poylab shu vaqtga yetdik. Endi vaqt yaqin bo‘lib, qarab turmoqqa fursat qolmadi, hammasi islomg‘a jahd farz bo‘lib qoldi, endi fursat g‘animat, shu zolim hukumatdan qutulishg‘a say’ qilmog‘imiz va ijod qiluvchilarg‘a yordam bermog‘imiz zarur, balki farz bo‘ldi. Binobarin marhamat qilib Mingtepaga, bizning faqironamizga shavvol oyining o‘n beshinhisiga tashrif qilsalar, shu xususda maslahat qilsak, deb qadamlariga muntazirdirmiz.Vassalom a’lo manttab’alxudo faqiri haqir (muhr)”.

Mana bu xatning orqasida marhum Mahmudali boy bu javobni yozadi:

“Ba’daz adoyi movajaba alayno manttahiyati vassano mashhur xotirlari bo‘lgaykim, yuborgon xatlari kelib tegdi. Mazmunidan voqif bo‘lib, shu xilda arz qilamizkim, bu rus podshohi katta podshohdir, bunga muqobil bo‘lmoq nihoyat mushkul bir ishdir. Bizdek faqirlar qo‘lidan kelmay qolib, oxiri ko‘p besaranjomliklarga bois bo‘lurmikin. Xususan, bu kunlarda hamma shaharlarga poyezdlar kelib qolgan, yol yaqin bo‘lgan. Janobingizni man’ qilmoqqa bizda qudrat yo‘q. O‘zlari sohib ixtiyordirlar. Lekin har ishda maslahat va mushovarat lozimdir. Nihoyat, o‘ylab ish qilinsa, yaxshi bo‘ladir. Va ollo, hech musulmon kishi bu zolimlar qo‘ida qolmoqqa roziligi yo‘qdir. Shaharlar o‘zbeklarga tor bo‘lg‘ondek, tog‘lar qirg‘iz, elatiyalarga tor bo‘ldi, balki Turkiston musulmonlarga torlik qildi.

Nima qilaylik, noilojmiz. Qo‘limizda hech narsa yo‘q. Etarlik asbob va xazina yo‘q. Har nechik bo‘lsa-da, ishning oqibatini o‘ylab, beva-bechoralarning fikrini qilmoqlarini iltijo qilamiz, deb yozilg‘uvchi miskin va g‘arib Mahmudali”.

Mana bu xat mustabid chor hukumati qo‘liga tushgan hamon Mahmudali boyni olib chiqib qamab qo‘yildi. Bugun osadir, erta osadir bilan tergovlanib, oxiri qo‘shilmagani, balki man’ qilg‘oni, Rusiya davlatini katta degoni hidoyat qilib, bu xabar taxminan 9 oy avval ketgan bo‘lsa ham hokimlarg‘a xabar qilmag‘oni uchun ham aybdor qilinib, 11 oy qamalib, oxiri qarilig‘i sababli qutulib chiqqan edi...(Qolg‘oni o‘z maqomida yoziladur).

Mana bu, Mahmudali boyga qilgan xatidan boshqa shaharlarga qilgan xatlarini qiyoslasa bo‘ladir. Hammasi shu mazmunda targ‘ib qilinsa kerak. Bu xatlar har shaharda, har kim nomiga kelgan bo‘lsa, “darhol javob bering”, desa, orqasiga javob yozib, man’ qilib yoki qabul va rozilik ko‘rsatib berilgan.

Bu kabi har joydan borgan xatlar va javoblarni u sodda yo‘qotib yubormay, hammasini alohida sandug‘da saqlab yurgan ekan. Loaqal urush qasdida chiqadigan vaqtda bir joyga ko‘mib ketmagani uchun, urushgan kunning ertasiga chor hukumatining zolim mutakabbir to‘ralari borib eshonning hovlisini bosib, tamom narsalarini qo‘ymay shaharga olib kelg‘onda, bu xatlar tufayli xolis duoyi salom yozgan bechoralardan necha yuz kishi tutilib, qamalib, osilib, Sibirga surgun qilinib, xonavayron va bolalarining yetim qolmoqlariga sabab bo‘ldi. Ko‘p bechoralarni soldatlar kaltaklab, hayvondek urib o‘ldirdilar.

HURUJ VAQTI BELGILANADIR

1897 yil, 15 shavvolda jamiyat qurish uchun Yikchi eshon har shahardan katta-katta odamlarni chaqirg‘onidek elatiya, qoraqirg‘izlarning kattalariga ham xat qilg‘on ekan. O‘shal v’da kuni Ketmontepa, Ko‘gart, Qoshqar devoni tagidan tortib qirg‘izlarning kattalari hozir bo‘ldilar, chunonchi, ma’lum-mashhurlari Chibel bo‘lis, Muhammadalibek va eski dodxoh va biylarkim (Yikchi eshon bilan qo‘lga tushib osilib ketdilar), hammalari hozir bo‘lg‘on edilar.

Bular, ya’ni qirg‘iz kattalari, avval Ko‘gart dovoniga jam’ bo‘lishib maslahat qilib, orqa-oldilarini yig‘ib, ko‘p kishi bilan kelg‘on edilar. Mana bular 15 shavvol oyida Mingtepada, eshon hovlisiga kelganlaridan keyin ikki kun qarab yotdilar. Shahardan va boshqa qishloqlardan, o‘zbek kattalaridan va nomdor kishilardan kelmadi. Oz-moz o‘zbeklar ishtirok qilg‘on bo‘lsalar-da, mashhur odamlardan emas edilar.

Ikki kun qarab turg‘onlaridan keyin, eshon bulardan umidini uzib: “Shahar xalqi Chor hukumati zulmidan qo‘rqqanlari uchun chiqmaydilar”, deb hovlisiga (xos joyga) kirib, bir to‘p xat olib chiqib, o‘rtaga tashladi. Bu xatlarning hammasi har joydan, o‘zbek kattalaridan kelgan edi. Ochib, bir boshdan ko‘rib, mutolaa qildilar. Ba’zilar yor bo‘lib yordam bermagani va xabar berilganda otlanib chiqishni va’da bergan bo‘lsalar-da, ba’zilarning man’ qilib, maslahat ko‘rmaganlari ma’lum bo‘ldi. Uzundan-uzoq so‘zlashganlaridan keyin ko‘p kishilar yorliq va hamjihatlik (birlik) qilmagani uchun andisha qilib, kelasi yilgacha tavaqquf qilmoqqa va bu maslahatni nihoyat maxfiy tutmoqqa qaror berib, ahd qilib tarqaladilar. Kelasi yilgacha harakat bo‘lib, odam tayyorlamoq bilan mashg‘ul bo‘lishlariga va’dalar qilib, ondlar ichdilar. Bu to‘g‘risida ba’zi inqilobchilarning ishtirok va zimma rahbarliklari ham bor bo‘lsa kerak, ammo, nihoyat maxfiy bo‘lgani uchun tabiiy nomlarini bilib bo‘lmadi.

XALQNI QO‘ZG‘OLONGA CHAQIRISH

Yuqorida aytilgan maslahat tamom bo‘lib, tarqalg‘onlaridan keyin qirg‘izlar o‘z joylarig‘o qaytib, atroflarida bo‘lgan mujiklar bilan tamom aloqalarini uzib, avvallarida qilib turg‘on muammolarining teskarisini, ularning ilofi(aksi)ni qilar edilar. Bunga mujiklar hayron bo‘lib’ nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida o‘zaro har xil mutolalar qilar edilar. Oxiri mujiklar bilan tamom aloqa qilmaslik yo‘lida har xil chorikorlik va qo‘shchilik qiladigan qirg‘iz kambag‘allarini buyurib, mujiklarga chorikor va qo‘shchi tushmaydigan qildilar: balki o‘tganda, mujiklarga qoshhi bo‘lib ishlagan mehnatkash-dehqonlar, mujiklar bilan aloqa qilmasliklari uchun qarzdorlarning qarzlarini uzib qo‘yib, aslo mujiklar bilan bordi-keldi qildirmay qo‘yg‘on edilar. Buni ko‘rgan va bilgan mujiklar umumiy qirg‘izlar ichida inqilobiy harakatni sezib, tegishli joylarga maxfiy xabarlar bergan edilar va doimo o‘rtalarida bo‘lib kelg‘on muammalotlarni, aloqalarini kamaytira boshlaganlarini, balki bilkul o‘rtalarining buzilishini, yaqin kunlarda hukumatga qarshi isyon qilishlarini yuqorig‘a yozar edilar. Ular qo‘rqishib, o‘z atroflarini mahkamlamoq va kechalari o‘z qishloq posyolkalarini poylamoq harakatida bo‘lar edilar.

Yikchi eshon bo‘lsa o‘sha kundan boshlab o‘z yaqin odamlari va murid-muxlislariga o‘z muddaosini yozib va har kim bersa, shu mujiklarning qirg‘izlarga zulmi va jahongir Romanov avlodining umumiy yerli xalqqa qarshi qilg‘on itob va xitoblari, hokim, pristuflarning qilgan tahqirlarini bayon qilib, hamon, umuman xalqni Chor saltanatiga qarshi isyon chiqarish va umumiy bir inqilob tug‘dirish maqsadida jihodga targ‘ib va tashviq qilib, bu to‘g‘risida oyot va ahodislar bayon qilib, xalqni o‘ziga yor qilmoq fikri va havasiga tushg‘on edi.

ANDIJON YANGI SHAHARIDAGI SOLDATLARGA HUJUM

1898 yil, 11 javzoda chorshanba kuni butun Ko‘gart elatiyalari jam’ bo‘lib, katta bir yig‘in qildilar va taxminan 200 kishini Mingtepa va eshon huzuriga yuborib, kattalar orqasidan bormoqqa va’da berdilar. Bular Mingtepaga kelib: “Qani, pirim, ijozat bering, va’dangiz vaqti kelda, chunki va’damiz ushbu oyning shu kuniga edi. Kattalarimiz ham erta-indin bizdan xabar bo‘lsa, keladilar”, deb eshonni shoshirdilar. Eshon shoshib qolib, avvallarda xabar qilg‘on jamoat kattalarig‘a darhol, har tarafga, “kelasi chorshanbaga tayyor bo‘linglar”, deb xat yubordi va Andijon shahridag‘i ba’zi e’timodlik oshnolariga xat yozg‘on ekan, bular qo‘rqib, xatni darhol kuydirib, hech bilmagan kishi bo‘lib yurganlar.

Eshonning Mingtepadagi honaqohi uch-to‘rt kun ichida odam bilan to‘lib qoldi. Ketmontepa va Ko‘gart tarafidan keladigan odamlar maydalarini yuborib, kattalari odam to‘plab turg‘onlar va chorshanba kuni kelishga tayyorlanadilar.

Shu o‘rtada seshanba kuni bo‘lib, Eshon nihoyat shohib qolg‘on holda honaqohida 500dan oshiqroq o‘zbek, qirg‘iz yig‘ilg‘on edi. Endi bu gap shoyi bo‘lib ketdi. Ushbu kundan qolmay jo‘nasak bo‘ladi. Andijonliklar ham tayyor, muntazir. Agar hukumatlar xabardor bo‘lib qolsalar, ishimiz yo‘qdir, deb Ko‘gart dovoniga ikki kishini chaqirtirib, qirg‘iz kattalariga “bizlar ushbu kun nomozshomni o‘qib otlanamiz, bizga qarashlilar tezdan odamlarni to‘plab, yo‘lga chiqsunlar! Asaka yonida topisharmiz”, deb xat qildi.

Bu odamlar xatni olib, Ko‘gartga chopib ketdilar. Kechqurun yetib, xatni qirg‘izlar kattasi Chibel bo‘lisig‘a berg‘onda u kishi: “Hazrat eshon bu tarafga qarab yursunlar! Avval bu tarafdagi mujiklarni joy-joyida bosib olib, tamom qilib, keyin Andijon shahriga yuramiz”, deb odam choptirdi.

Bularning xabari kelguncha eshonning xonaqohida to‘plangan besh yuzga yaqin odam to‘palon qilib, eshonni olib chiqib, oq kigizga solib, ko‘tarib, takbir aytishib, g‘alva qilib yubordilar.

Nihoyat, to‘palon kuchayib ketdi, aslo tavaqqufning iloji bo‘lmay qoldi. Birdan so‘filar eshonni hol-joniga qo‘ymay, Duldul nomli bo‘z otiga mindirdilar. Xonaqohni aylantirib, zikri-camo‘ qilib yubordilar. Mingtepada qiyomat barpo bo‘lib, hamma xotin-xalaj, erkak ko‘chaga chiqib, “Eshon xon ko‘tarildi!” deb shoyi qildilar. Xufton vaqti edi, birdan har kim qo‘liga tushgan narsani olib, kimdir pichoq, kimdir shop, kimdit tapponcha, qaysilari miltiq, xulosa har kim topgan narsasini olib, taxminan olti yuz chamasi bo‘lgan kishi shaharga qarab jo‘nab qoldilar. Mingtepa ahli va xonaqohdagi odamlar mast kishidek hayratda, ochiq-chochiq qolaverdilar. Bular kechasi bilan yurib, erta sahar Andijonga, Chokandaga keldilar. Chokandada bir oz to‘xtab, keyin yangi shaharning shimol tarafi bilan yurib, alhol vayrona ismi bilan mashhur joylar edi, avval hammasi imoratli mahallalar bo‘lib, yangi shahardagi soldatlarning tuiradig‘on joylarig‘a bir chaqirim ham kelmas edi, shu yerga kelib, ko‘chada turg‘on bir qorovulni ushlab olib: “Bizni soldatlar yotadig‘on joyga olib borasan!” deb turgan vaqtda, orqalarida qolganlari “Afg‘onbog‘ ” degan imtihon bog‘iga kirib, ichidagi imtihonchi to‘rani o‘ldirib, tug‘larini qong‘a bo‘yab etib keldilar va eshong‘a tug‘ni qonlag‘onlarii aytdilar. Unda, bechora qoravul qabul qilib soldatlarning yotadigan joylariga boshlab kirib o‘zi qochadir. So‘filar birdan otdan tushib qator-qator uxlab yotgan soldatlar ustiga o‘zlarini tashlab, qaysilari bo‘g‘ib, qaysilari pichoqlab, qo‘lidagi shop bilan chopib, ba’zilari kaltak bilan urib ovora bo‘lib turganda, ikkinchi qatorda, ichkarida yotg‘onlar uyg‘onib qoladilar va ba’zilari miltiqlarini olib, birdan ota boshlaydilar. Miltiqlar otila boshlagandan so‘ng bular toqat qila olmay, to‘palon qilioshib orqalariga qaytadilar. Andijon eski shahariga tong otgan vaqtda kirib, bozor ichida: shaharni oldik hozir karnaychi topib, shahar Yikchi eshonniki, deb jarchiga e’lon qildiramiz deb turib, yana toqat va bardosh qila olmay, birdan qochdilar va erta bilan soat olti, namoz vaqtida eski shahar, Qorabura tarafi bilan chuvolib chiqib ketdilar. Buni ko‘rgan shahar xalqi hayron bo‘lib, nima hodisa ekanidan voqif bo‘lmay qoladilar. Eshon yangi shahardan qochganida va Chokandga qarab kelayotganda ba’zi so‘filar otlarini ko‘chaga tashlab, Chokanddagi bog‘larga kirib bekinib qoldilar. Erta bilan Chokand ahli bog‘larda bularni ko‘rib, ahvolni bilib, qo‘rqqanidan askarlariga eski to‘nlar berib, sallalarini kuydirib, mardikorlarga o‘xshatib ishlatib qoladilar. Eshon bilan eski shahardan qochganlari Qora daryodan kema bilan o‘tgancha har qaysilari o‘z jonlarini saqlash fikriga tushub, to‘g‘ri kelgan tomonga qochadilar.

Erta bilan soat sakkiz bo‘lganda, yangi shaharda ruslar (xoh amaldor, xoh fuqaro) tamom qo‘rqib, hech kim uyidan chiqmay, mahkam qamalib turdilar. Hammalari go‘yoki tamom musulmonlar muttahid bo‘lib, “Milliy muhoraba” qilgan ekanlar, hali to‘planib chiqib, hammamizni o‘ldirsalar kerak, deb vahm qilib joy-joyida bekinib qoldilar.

Agar eshon, eski shahada to‘xtab, soat sakkiz-o‘nlargacha tursa edi, avbosh to‘palon bo‘lib, ehtimol, xalq to‘planib ketib, “Milliyat nuhorabasi” boshlansa edi. Chunki u vaqtlarda umumiy xalq Rusiya hukumatining zulmidan nihoyat bezor bo‘lib, qo‘zg‘olishga hech fursat toipolmay yurar edi.

Fuqaro mundan bexabar, soat sakkiz edi, bozorlar har kungidek ochilib, hamma o‘z tirikchiligiga mashg‘ul bo‘ldi. Soat 9 larda shuhrat bo‘ldiki, Yikchi eshon shaharga hujum qilib, tamom soldatlarni o‘ldirib chiqib ketibdir,deb, bu xabar tarqalg‘ondan keyin eski shaharning katta oqsoqoli Xolbahodir mingboshi Ro‘zador (biy) o‘g‘li eski shahar ahvolotini yangi shaharga xabar bermoq uchun otlanib chiqib ko‘rdiki, yangi shaharda hech kim y’oq: to‘g‘ri uyezd mahkamasiga borsa, uyezd hokimi polkovnik Kayshovskiy uyida ko‘chaga qarab turibdi: “Ey, starshiy oqsoqol! Shaharda nima gap, fuqaroning fe’li qanday? Nima bo‘ladir?”deb savol qildi. Katta oqsoqol darhol “shahar tinchlik, hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul, tamom do‘konlar ochilgan” dedi. Undan hiyla ko‘ngli taskin topib chiqib, ko‘rishib, hammaga xabar qilib to‘plandilar-da, kazarmadan xabar olsalar, 23 soldat nihoyat xunuk holda o‘lib yotibdi. To‘rt kishi, sallalik eshonning so‘filariga ham o‘q tegib o‘lib qolibdi. Muni ko‘rib istibdod zolimlarining qahri va g‘azabi ziyoda bo‘lib, tamom shahar xalqini qilichdan o‘tkazmoqhi, Andijonning tuprog‘ini osmonga sovurmoqchi bo‘lib, darhol “sim”ga telegram berib, hodisani ma’lum qildi va askar chaqirdi. Uch soat o‘rtasida askar etib keldi. Buni ko‘rib, katta oqsoqol shaharga tushib, bir soatda hammani tarqatib, odamlarni qochirib yubordi. “Eski shahar otilishi ehtimoli bor”deb xabar tarqatdi. Hamma bir soatda do‘konlarini berkitib, tarqalib ketdi. Musulmonlarga umumiy bir dahshat tushib, istibdodchilar zulmining vahmi katta-kichikka barobar qattiq qora kun tig‘ildi, zo‘r parishonlik va iztirob yuz keltirdi. Bu voqea zolimlarning zulmiga yo‘lni kengaytirdi.

QATLI OM

Andijondan Marg‘ilonga xabar borgan on Farg‘onaning harbiy boshlig‘i Chaykovskiy 250 nafar askar bilan kelib yangi shahardan boshlab ko‘ringan musulmonlarni otmoqqa amr qildi. O‘shal kun necha ming musulmonlarni begunoh otib, qonini to‘kdi. Xususan, beixtiyor va bu voqealardan bexabar ishlamakka chiqqan dehqonlarni va mehnatkash kambag‘allarni behad-hisob otib yubordi. Necha ming bola yetim va yuzlarcha xotinlar beva qoldi. Shundan keyin Andilon ichidagi mingboshilarni chaqirib, tezlik bilan eshonni quvib chiqib, tutib kelmoqqa buyurdi. Amalparast mingboshilar har qaysisi necha-necha ming ko‘ppaklarini yoniga olib, har tarafga eshonni izlab ketdilar.

Qaysilarig‘a yo‘lda sallalik va oq to‘ppilik kishi uchrasa, bog‘lab shaharga yubordilar.

OQ TO‘PPI ILA SALLA FALOKATI

O‘sha vaqtda kimligidan qat’i nazar, oq to‘ppi kiygan bo‘lsa, istibdod soldatlari: “Seniki eshon”deb tutub urar edi. Yoki salla qo‘ygan kishi uchrasa, uni albatta Yikchi Eshonning muridi gumon qilib, tutib so‘roqsiz qamar edi. Shuning uchun shahar mehnatkashlarilari va rasmiy fuqarolari hech sallasi bilan bozorga chiqolmay qoldi.Oq do‘ppi degan narsaning urug‘i qolmadi. Kimda bo‘lsa, kuydirib yo‘qotdi. Mingboshilarning dunyoparastligi qo‘zg‘alib, shaharda kimning joyi bo‘lsa, kechasi chaqirib borib: “Seni tutib beraman, eshonning hovlisiga borgan eding”, deb siyosat qilib, bor-yo‘g‘ini sug‘urib oldilar. Poraxo‘rlik amaldorlar ichida nihoyat avj oldi. Behoralar kimga arz qiladir? Bechoralarning dodini so‘raydigan hech kishi yo‘q edi.

Mingboshilarni eshonni tutmoqqa yuborib, hokimlar qancha askarlarni Mingtepaga eshonning hovlisiga jo‘natdilar. Yo‘lda borg‘uncha kim uchrasa otib o‘ldirib, eshonning hovlisiga yetib, daf’atan atrofini o‘rab, tintuv qila boshladilar. Eshonning qochgan xabarini eshitib, xonaqohida jech kim qolmadi, hatto bola-chaqalari ham boshqa joyga qochg‘on ekanlar, hech kim topilmadi. Lekin xonaqohida hech narsa qo‘ymay tamom olib va pechat’ qilib, jonar vaqt - Mingtepada uch soat otish qildilar. Bu uch soat ichida soldatlat hovlidan-hovliga yurib, kim ko‘rinsa otib o‘ldirdilar. Muddat bitganda, eshonga qarashli nimaiki bo‘lsa olib, shaharga keldilar. Ashyo jumlaidan bir xos sanduqda ko‘p xatlar bor ekan, buni ham olib kelib tarjima qilib ko‘rsalar, tamomisi har kimdan borgan duoyi salomlar ekan. Bu duoui salomlar kimdan bo‘lsa, darhol shu odamlarni tutmoqqa amr qilindi. Shuning uchun Andilon shahridan ko‘p fuqarolar qamaldilar. To‘rt-besh kun ichida atrof va qamoqlardan va orqa tog‘lardan benihoyat kishilrni tutib kelib, qamatildi. Qamoqxona to‘lib, boshqa joylrni ham yangidan xibsxonalar qilindi. Bungacha Turkistondagi bor soldatlarni yig‘ib keldilar. Har kun eski shahar ko‘chalarida to‘p-to‘p askarlar yurar edi va ko‘rgan kishini urib chopib ketar edilar. Bozordagi do‘konlarning ko‘pini sindirib, talab olar edilar. Vaqt javzo (may) oyi bo‘lgani uchun avahtalardagi Elatiya kattalari yo‘g‘on va semiz odamlar issig‘lab, bo‘g‘ilib va ochlikdan har kun to‘rt-besh odam o‘lar edi. Buning ustig‘a, Farg‘ona gubernatori kelib: “Agar eshon tezdan tutilmasa, Andijonni uyezdi bilan tamom otish (qatliom) qilaman!” deb buyruq chiqardi va “Agar shahar va qishloq otilmasin deyilsalar, eshonning so‘filari bilan ko‘plashib tutib berilsun!” degan buyrug‘ini shahar va qishloq ko‘chalarining devorlariga yopishtirib qo‘yildi. Bu hodisadan to‘qqiz kin o‘tib edi. “Eshon qo‘lga tushdi”, degan xabar eshitilib qoldi.

ESHONNING QO‘LGA TUSHUVI

Yikchi eshon qochgandan so‘ng, Ketmontepa Elatiya ichiga qarab qochib, uch-to‘rt kun tog‘lar ichiga yo‘l bilmay aylanib yurib, oiri yonida uch kishidan boshqa odam qolmay, Arslonbob atroflarida yurgan ekan, buni ba’zi odamlar ko‘rg‘onlar. So‘rog‘lab borg‘uhi – Qo‘qon qishloq mingboshisi Qodirqul bilan bozor sarkori Ya’qub qo‘rboshi deganlar shu Arslonbob tarafiga izlab chiqqan edilar; boshqalar bo‘lsa, bosha taraflarga Qashqar dovonigacha to‘sib borg‘on edi.

Arslonbob tarafiga izlab yurguvchi Ya’qub q’orboshi bilan Qodirqul mingboshiga odamlar eshonni shu tarafda ko‘rganlarini aytganlari uchun Arslonbobga yaqin Toshko‘prik degan tor yolni to‘sib turganlrida, Eshon o‘sha yoldan borib Toshko‘prik ustida uchrab qolg‘on. Darhol Ya’qub qo‘rboshi: “Ey, taqsir! Man sizni kutib turibman, yordam qilmoq uchun” deb otdan o‘zini tashlab ko‘rihmoqchi bo‘lib yugurgan, eshon ham otdan tushib, yig‘lab quhoqlashib ko‘rishgan vaqtda, eshonni ko‘tarib tagiga bosib olgan va odamlarni chaqirib, bog‘lab olganlar. Orqasidagi uch odamni ham tutib, to‘rtovlarinbi bog‘lab qo‘yganlar. Qodirqul mingboshi darhol yetib kelib, eshonni ko‘rishi bilan: “Xotin-taloq! Hammani xonavayron qilding-ku!” degan. Eshon bularga: “Ikkoving o‘lar vaqtda jinni bo‘lib o‘lgin! Bizni rusga tutib bergan qo‘llaring bilan o‘zingni urib, so‘kkan og‘zing bilan o‘zingni tishlab o‘lgin!” demakdan boshqa hech gap aytmagan.

Qodirqul mingboshi, darhol Andijon hokimiga “eshonni tutdim” degan xabarni yuborgan.

Mana bu, eshonni tutulgan xabari Andijonga yetgandn keyin, hokim bir to‘p soldatlarni yubordi. Ungacha bular eshonni aravaga uch odami bilan bog‘lab olib, shaharga jo‘nadilar. Yo‘lda daryoning yonida soldatlarga ro‘baro‘ keldilar, ular aravani o‘rtag‘a olib: “Eshon. eshon” deb miltiq tekizsa, Yikchi eshon boshini ko‘tarib: “Eshon deb chaqirma! Muhammadali degil!” degan. Bundan boshqa hech narsa demagan.

Qora daryo ko‘prigiga kelib to‘xtaganlarida, shahar ichiga uyezd hokimi xabar qildiki, fuqarolar chiqib eshonni tomosha qilsunlar. Soat o‘n va erta bilan bo‘lsa ham, qo‘rqib, heh kim chiqmaganda olib o‘tib, yangi shaharda xibs qilindi. Taajjub shundaki, hokimlar va to‘ralar bu ehondan necha kun hayot turgan bo‘lsa-da, bir og‘iz ham ma’lumot va javob ololmadilar. Harchand siyosat qildilar va gap so‘radilar va bu hujum isyong‘a dalolat qilg‘uvchilarni so‘radilar, hech kimni ko‘rsatmadi, mustabid tergovchilarni dog‘i hasratda qo‘ydi. Eshonni tutg‘uvchi Qodirqulni eski shahar Andijonga oqsoqol qilishdi va yordam bergan Ya’qub qo‘rboshini Qo‘qon qishloqqa mingboshi qilib, necha yildan buyon xalq foydasiga xizmat qilib kelgan Xolbahodir mingboshi o‘rnidan bekor qilindi. Qodirqul mingboshi shaharga katta oqsoqol bo‘lgan hamon shaharda zo‘r imorat qilib, bechora xalqni ishlatib bir oy ichida tamom bitirdi. Har kun borgan qo‘y va tortiq va yordam pullarning hisobi yo‘q edi. Eski shaharni tinch saqlab turish ixtiyoprini tamom bu kishiga topshirgani uchun bu fuqarolarga zulmni behad joriy qildi. Birov engashib salom qilmasa, tutib to‘xtatmoqni bu kishi chiqardi. Bundan o‘rganib rus amaldorlari ham xalqni “ruku’ ” bilan salom va “sajda” qildiradigan bo‘ldilar. Bechora xalq shapkalik kishining soyasini ko‘rsa ham o‘rnidan turib sajda qilishga odatlanib qoldi.

ASIR BO‘LG‘ON VA QAMALG‘ON BECHORALAR

“Eshonga qarashli” deb kimni tutib borsalar, beso‘rog‘ qamatilar edi. Xususan, tog‘lardan Elatiya kattalarini ushlab kelib, harbiya boshlig‘i har kun besh-oltisini turmadan olib chiqib o‘rtaga yotqazib kaltaklaydilar. Uzun qamchi sopiday tut-ayrag‘och shohlari bilan bandilarni olib chiqib, soldatlar o‘rtasida yalang‘och qilib, do‘ng yotqizib, to‘rt soldat bosib turadilar. To‘rti o‘shal kaltaklar bilan orqasiga uradilar. Agar kaltak sinib ketsa, boshqasini olib turadir. Qirq-ellik marta urganha “dod” deb turadir, bundan so‘ng ovozi chiqmay bexud bo‘lg‘ondan keyin ikkinchisini yotqizadir, boshqalari qarab turadirlar. Shu xilda hammasini urib bo‘lub, o‘lgani bo‘lsa, bohqa qo‘yub, tirik bo‘lsa, zo‘r bilan yurg‘izib turmaga olib kiradilar.

Bir kuni siyosat yuzasidan hamma shahar xalqini mingboshilar vositasi bilan, asirlarni kltaklaganini ko‘rsun deb, haydab chiqildi. Man ham odamlar bilan chiqqan edim. To‘g‘ri turmaning oldiga olib borib, xalqni qator qildi. Keyin turmadan besh kishini olib chiqib, ularning atrofiga odamlarni aylantirib qo‘ydi. Bu bechora bandilarni o‘rtaga olib kelib, bir qancha doshnom bilan to‘n-ko‘ynagini yirtib, tortib echdi. Ikkitasini miltiq qo‘ndog‘i bilan urub yotqizib, qo‘l-oyog‘ini soldatlar bosib tuirdi. Buning ustiga, mo‘ysafid xoin gubernator Chaykovskiy keldi. Bandilarga qarab: “Sizlar podshoh a’zamning kattaligini bilmas edingizlarmi? Podshohning o‘g‘li hukmida bo‘lg‘on askarlariga shunday muomala qilmoqni kim o‘rgatdi?” deb siyosat qildi va soldatlarga: “Ur!” deb buyurdi.

Soldatlar to‘plab qo‘yg‘on uzun kaltaklardan olib, birdan savalab urgali boshlag‘onda, bechoralar : “Dod!..” deb olamni buzdilar. Biri: “Eshon bilan birga bo‘lmasamda, tavba qildim!” deb qichqirdi.

Urulganlarning orqalari yorilib, go‘shtlari uzulib tushdi. Hushidan ketgan vaqtda: “bas, turg‘az!” deb edi, soldatlar “tur” deb boshiga tepganda, biri turmoqqa qodir bo‘lolmadi. Ikkinchisi “yo, pirim”, deb turmoqqa harakat qilib edi, gubernator “nima deydi” deb, tarjimondan so‘radi, tarjimon: “Eshondan yordam tilaydir”, deganda, g‘azabi kelib: “Yotqizib yana ur” deb buyurdi. Yanadan urmoqqa boshladi, orqasidan go‘shtlar uzulub tushdi. Ikkinchi turmoqqa qudrati yetmagach, soldatlar sudrab chiqib ketgan hamon o‘ldi. Bu holni ko‘rgan bandilar: “Ey ulug‘ hokimimiz, arzim bor, ey gubernator to‘ra, ikki og‘iz arzim bor”, desa, yo bir tovush chiqarsa, to‘rt soldat bo‘yniga taqqan dovul nog‘orasini chalib yuboradilar. Aslo so‘zni eshitdirmaydilar. Buni ko‘rib bechoralar bizga qarab yig‘lab turar edilar, shu holda ediki, ikkisining hushlari ketib yiqilishdi. Bularni soldatlat sudrab kirib, o‘rniga boshqa ikkisini olib chiqdilar. Hosili – xalq qoshida olti kishini urub, ba’zisini o‘ldirib, ba’zisini bexud qilib’ keyin xalqqa birmuncha siyosat qilib, “Podsho a’zamga osiy bo‘lg‘anlarning jazosi shu bo‘ladir!” deb javob berdi va “12 kishi osiylardan osiladir. Hamma xalq chiqib tomosha qilsun!” dedi. Xalq birdan turub eski shahar tomon jo‘nadi. Yo‘lda, chiqqanlariga pushaymon bo‘lub, hech kimda so‘zlamoqqa majol yo‘q edi.

DOR TAGIDA

1898inchi milodiy, 15-inhi javzo ediki, eshon ig‘tishosini bahona qilib, shahar va yez (shimoldan Yettisuv, g‘arbidan Yoziyobon, janubdan Vodil, sharqdan Qashqar devoni o‘rtasi)dan ikki ming kishi qamatilg‘on edi. Bular ichida aksariyat qirg‘izlar bo‘lib, o‘zbek, qozoq, qipchoq, qoraqalpoq, tojik, uyg‘ur va boshqalardan ham “isyonchilar” deb ushlaganlar ko‘b edilar. Bulardan anchaginasi yuqorida aytilgancha kaltaklanib, urulub, o‘ldirildilar va bir qanchasini osib o‘ldirih uchun 8 ta dor qurdilar. Bu dorlar 8-9 gaz yerdan baland bo‘lib, tepasiga g‘altak o‘rnashtirilg‘on va o‘shandan qora arg‘amchi o‘tkazilib qo‘yilg‘on edi.

Bir kun eski shahardan “Tamom fuqaro yangi shaharga chiqsun, ehonning so‘filaridan 8 kishi osiladir” deb, hammani majburiy haydab chiqdilar. Muddaolari fuqaroga siyosat ko‘rsatmak, ularning yuraklarida qo‘rqinch qoldirmoq va istibdod saltanati taxtida uzun zamonlar betashvish barqaror qolmoq edi. Bu safar “tomosho”ga majburiy chiqqanlardan biri hikoya qiladirkim: “Bizlarni bozordan va mahallalardan katta oqsoqol farmoyishi bilan mirshablar haydab, taxminan 500 kishini yanga shahar kreposti(qo‘rg‘on) tagiga olib borib edi: qarasak, adir tarafiga 8 ta dor qilib, arg‘amchilarni tortib tayyor qilib qo‘yg‘on ekan. Bu holda turmaga 50 ga yaqin soldatlar o‘lan aytib kirib 5 ta musulmonni haydab chiqdi. Bechoralarning rangi-ro‘yiga aslo qarab bo‘lmaydir. Birini tanib qoldim, yangi shaharda soldatxona ro‘parasida baqqollik qilib o‘turg‘on Rustambek degan kihi edi. Biz fuqarolarni tikilgan dorlar atrofiga aylantirib qoyub, avval besh kishini nihoyat g‘azab bilan o‘rtaga olib chiqib, dorning tagiga olib keldilar. Bularning holini aslo bayon qilib bo‘maydir, bechoralarning ixtiyori o‘zida emas, so‘zlamoqqa majollari ham yo‘q edi. Qamalg‘anlarig‘a ancha kun bo‘lg‘n bo‘lsa, ovqat emaganlari ham ma’lum edi. Darhol beshta oq surupdan qiling‘on xalta olib keldilar. Bir mutakabbir “to‘ra” qo‘lig‘a yarim taxta qog‘ozni olib, nihoyat qovog‘ini solib o‘qidi. Tarjimon shu tariqa tarjima qildiki: “Sizlarning podshohi a’zam, impratur muazzam askari borasida qilg‘on hamla, hujumlaringiz va bu isyonga sabab bo‘lg‘on Muhammad Ali Eshonning impratur a’zamning ulug‘ siyosatidan qo‘rqmay qilg‘on fe’liga sherik bo‘lib, yordamda bo‘lg‘onlaringiz sabab bo‘ldi. Sizlarning beshovlaringizni harbiy sud osib o‘ldirmoqqa hukm qildi. Alhol, sizlarga shu hukm joriy qilinadir”, degan hamon soldatlar birdan qilihlarini sug‘urib, peshonalarig‘a tutib, yarim soatga yaqin nog‘oralarini chalib turdilar. Haligi xaltalarni kiydirib, dorning tagiga qo‘yilg‘on kursi ustiga etaklab kelib chiqardilar. Bo‘yunlarig‘a dor arg‘amhisini solib, oyoq ostidagi kursini tepib yubordilar. Har beshi ham osilib qolib, taxminan ikki minut aylanib harakat qila turib, keyin qimirlamay qolishdi. Andak turg‘ondin keyin bir duxtur kelib, osilib turg‘on bechoralarning qorniga quloq solib, keyin bir nima deb qo‘ydi. Soldatlar kelib, arg‘amchini bo‘shatib, o‘liklarni dorning yoniga kavlab qo‘yilgan chuqurga tepib tushurib, ustiga kurak bilan tuproq tortib qo‘ydi. Bularni ko‘mub xotirjam bo‘lg‘ondan keyin, gubernator fuqarolarga qarab, oq podshohni bir muncha maqtab, “impratur a’zam kazo va kazo!..”deb oxiri: “Bu ko‘rilgan siyosatni ko‘rmaganlarga bayon qilinglar, har kim isyon qilsa, mundan battar bo‘ladilar!” deb xalqqa javob berdi. Yo‘lda kelaturib, shular qatorida osilg‘on Rustambek magazinchi xususida so‘zlashib, bu kishi umuman eshonlarg‘a beixlos, eshonlarni suymaydirgon kishi edi. Nechun Yikchi eshong‘a qo‘shulg‘on ekan, deb so‘ragonimizda, bu ishning aslidan xabari bor bir kishi Rustambekning aybi va gunohi soldatlarg‘a nasiya qilib, pulini qistag‘onidir, deb javob berdi.

Bu hodisa shunday bo‘lg‘on: Rustambek bir necha vaqtdan beri yangi shaharda do‘kondorlik qiladir. Hukumatning to‘ra va soldatlarig‘a oyliqlarini olg‘ancha nasiya mol, ovqat berib turadir. Ular ham qachon oylik olsalar va pul torsalar, berib turadirlar. Soldatlardan nasiya mol olib, pulini bermaganlar ikkinchi nasiya so‘rag‘onda, Rustambek bermaydir. Shunga adovat qilib yurg‘onlardan bir nechasi Rustambekni tegirmon qilib, turg‘on joyidan tutib kelib qamab, ertasig‘a do‘konni ochib, talab, o‘zini “Kecha eshon bilan bizlarg‘a hujum qilg‘onda tanib qolg‘onmiz” deb ostirib yuboradirlar. Bo‘lmasa eshon kirgan kechasi tegirmonda ancha kishi ko‘rgan va harchand guvohlar ko‘rsatsa ham qabul qilinmaydir...

ISTARSHIY OQSOQOL

Andijon eski shahari uchun birta mingboshi bo‘lur edi. Bu mingboshini chor hukumati o‘z buyrug‘i bilan yaxshi xizmat qiladirg‘on jobir va zolimlardan tayin qilar edi. Mana shuni “istarshiy oqsoqol” deyilar edi.

Yikchi eshon soldatlarg‘a hujum qilib qochgandan keyin “qaysi mingboshi xoh fuqaro bo‘lsun, xoh boshqa... tutub kelsa, Andijon shahariga istarshiy oqsoqol qilinur” deb va’da berilgan edi. Binobarin, har kim amalparast bo‘lsa, eshonning orqasidan quvlab ketgan va Qo‘qon qishloqqa mingboshi bo‘lub turg‘on Qodirqul ushlab kelgani uchun shaharga katta oqsoqol qilingon edi.

Eshonni tutib kelgandan keyin hukumatdorlar Andijon shahar va uyezdining fuqarosidan nihoyat xavflangan edilar va “Eshon bilan hamma fuqaroning maslahati bir, albatta, bular bir kun eshonning orqasidan hujum qilsalar kerak”, deb eshonni necha qabat zanjirlar bilan bog‘lag‘on edilar. Shuning uchun eski shaharni muhofazat qilib turish ixtiyorini katta oqsoqolga berib, shunday ta’kid qildiki: “Eski shaharni extiyot bilan saqlab turasan! Eshong‘a bordi-keldi qilg‘on odamlar bo‘lsa, hammasini surishtirib tutub berasan! Umumiy fuqarolarni qaysi xil siyosat bilan bo‘lsa-bo‘lsun, Rusiya podshohiga tobe’ va mute’ qilasan! Rusiya amaldorlari eski shaharga tushsalar, hamma fuqaroni o‘rnidan turub, engashib salom qilmoqqa o‘rgatasan! Do‘kondor va rastadagilar bo‘lsa, hammasi bo‘lsun, hokim, pristav, hosili, qaysi amaldor bo‘lsa-bo‘lsun, eski shaharga tushsa, hammalari do‘konlarining oldig‘a tushib, qator bo‘lub, engashib, salom qilib tursinlar! Mullalar va mudarrislar bo‘lsa shogirdlariga Yikchi eshondan shikoyat qilib, uni yomonlab tursunlar! Va maktabdorlar bo‘lsa, mayda bolalarga “eshon osiy bo‘ldi, bog‘iy bo‘ldi” degan gaplarni o‘rgatsunlar! A’lam muftilar bo‘lsa, “Yikki eshonning osiy, bog‘iy bo‘lg‘oni uchun tezdan o‘lim jazosig‘a mustahiq bo‘lmog‘i shariatda ham durust” deb fatvo bersunlar! Adib va shoirlar Yikchi eshonning tamom qilg‘on yomonlig‘i va hiylalarini she’r (bayt) qilib gazitga yuborsunlar! Agar har kim bu xususda qilg‘on siyosat jabrindan arz qilsa, biz u arizachining o‘ziga jazo beramiz!” deb. Qo‘lig‘a prikaz va mandat qilib berildi va har kungi voqealarni bildirib turasan, deyildi.

1898-nchi milodiyda, hanuz Yikchi eshon qamoqda turg‘onda “unga qarashli yordamchilar”, deb, o‘zbek, qirg‘iz, qipchoq, qoraqalpoq, qashqarlardan har kun nechtasini tutib kelib, osib, qanchasini kaltaklab o‘ldirib turadir. O‘lganlar o‘rniga atrofdan odamlarni tutub kelib turadir. Shahar nihoyat besaranjom bo‘lub, xavfda bo‘lg‘on vaqtda yangi tayin bo‘lg‘on katta oqsoqol Qodirqul (shahar mingboshisi) ko‘cha-ko‘chaga mirshablar qo‘yub, mahallalarga odamlar yuborib, har masjidda, imom boshliq tamom qavm va ahli mahallalarni oldirib borib, “beda bozori” degan yalang va keng joyg‘a necha ming kishini saf-saf qilib qo‘yub, hokimdan eshitgan gaplarini fuqarog‘a aytib, so‘zining oxirida: “Agar ko‘cha’-ko‘yda hokim, pristuf va to‘ralar sizlarga ro‘baro kelsa, darhol ruku’ qilib, salom qilasizlar! Va rastalardan o‘tub qolsa, hammalaringiz do‘kondan barobar tushub, mana shu turg‘onlaringizdek qator bo‘lub, rastadan o‘tib ketgancha engahib, salom qilib turasizlar! Chunonchi, man salomni sizlarga o‘rgatmak uchun chaqirdim. Mana, man hozir “Tashla!”deyman, barobar namozda engashgandek tashlaysiz”, deb, bir chetga borib “Tashla!” deb shovqun soladilar. Bechora xalq barobar hayit namozida yoki juma’ namozida ruku’ qilg‘ondek engashadir. U chetga borib, “Tur!” deganda hamma barobar turadir. Yana “Tashla!” degan hamon barobar engashadir. Agarda biron kishi balandroq tursa yoki past bo‘lub ketsa, yugurib kelib bu odamni do‘pposlab, urub-tepib, so‘kib, “barobar turgil” deb tanbeh qiladilar. Yana “Tashla!”deydir, xalq engashadir.

Alhosil, bechora fuqaroni 20 martaba “Tashla!” deb ruku’ qildirib, keyin: “Hamma vaqt shunday barobar engashib turasizlar! deb javob beradir. Ertasi yana boshqa mahalla odamlarini imomlari bilan chaqirib, shu ta’limni qiladir. O‘rtada necha martaba xalqni urub, yuzlariga nopok og‘zidan tupurar edi.

YARIM PODSHOH

Bu ta’lim va sajdaga odat qildirmoqdan muddao nima desalar, yaqin kunlarda bu hodisaning ustiga Turkiston viloyatining general-gubernatori bolg‘on nobakorkim, umumiy Turkiston fuqarolari yarim podshoh der edilar va nomi A.M.Duxovskiy edi, hamma taraddud shuning uchun ekan.

Bir necha kun o‘tgandan so‘ng “yarim podshoh keladir”, deb, hamma ko‘chalarga bayroq tutub, shaharni necha kunlar ziynat berib, hamma maktab bolalarini vokzalga olib chiqib, qator qilindi (u vaqtda kamina ham tuzemniy ishkolda o‘qur edim). Fuqarolar kumush taboqda non, tuz, tutub turg‘on edilar. Uyezd hokimi umumiy fuqarolarg‘a xitob qilib, “Yarim podshoh kelib, vagondan tushgan hamon hammalaringiz ta’lim olg‘onlaringizdek barobar engashib yerga qarab turasizlar! Boshlaringizni ko‘taringlar desam ham ko‘tarmay turinglar!” deb qo‘ydi.

Istansaga chiqqan xalq 2 soat ko‘broq intzorlik tortdi. Shundan so‘ng birdan poyez ko‘runub qoldi va vagonlari nihoyat ziynatlangan holda kelib to‘xtadi va soldatlar tushub, qator bo‘lgondan so‘ng yarim podshoh turg‘on vagondan bir necha yasang‘on to‘ralar tushdilar. Keyin o‘sha yuqorida shakli nomuboragi bayon qiling‘on general nihoyat qovog‘ini solib, qattiq g‘azab bilan vagondan chiqib, pastga tushgan zamon bechora xalq va maktab bolalari hammasi engashib, ruku’ qilib turdi. Vagondan tushib, to‘g‘ri uyez hokimi oldiga kelib, shahardan ahvol so‘radi. U “Hamma duo qilmoqda va tinchlik”, dedi. Yarim podshoh hokimdan: “Nima uchun xalq bunday engashib turadir”, deb so‘radi. Hokim: “Janob imprator a’zamga yurtimizdan chiqqan bir eshon jinni bo‘lib, bilmasdan osiyliq qilgani uchun bizlar hijolat bo‘lub, ulug‘ va baland darajali bosh hokimimizning yuzlariga qaysi betimiz bilan qaraymiz, bizlarni marhamat etib, avf qilib, podshohi a’zamdan gunohimizni so‘rab olmasalar, muborak betlariga kamoli hijolatdan qaray olmaymiz, deydilar”, deb javob qaytardi. Yarim podshoh dediki: “gunohni qilib qo‘yub, emdigi hijolat nimadir? Farg‘ona muzofatidan Andijondek bir shaharning tuprog‘ini osmong‘a sovurib yubormoq bilan podshohi a’zam mamlakatlariga hech nuqus yetmaydir!” deb g‘azablanib, hokimdan so‘radiki: “Necha yildan buyon bu joyga hokimsiz?” Hokim shoshib qolib: “To‘rt yildan beri”, deganda: “To‘rt yildan buyon loaqal har yilda birtadan bo‘lg‘onda ham to‘rtta yaxshi oshno qilmog‘on ekansiz-da shunday xabarni avvaldan berar edi, toki tadoruki qilinib, imprator a’zamning 23 qahramon o‘g‘li o‘lmas edi. Buning uchun seni o‘rningdan bekor qildim”, dedi (bu hokimning nomi Kayshovskiy edi). Keyin fuqaroga qarab: “Sizlar hali osiy va gunohkorsizlar. Sizlarning non-tizingizni qabul qilib bo‘lmaydir!” dedi va bir to‘p hind va yahudiylar ham non-tuz ushlab turgan edilar, shularning oldig‘a borib, non-tuzlarini qabul qilib: “Sizlar hozirda manga sartladan ko‘ra yahshiroqsizlar” deb, askarlar tomon yurdi. Biz tuzemnoy ishkol talabalari, rus domla bilan 150 ga yaqin bolalar turgon edik; bizlarning yonimizga to‘xtab, “Sizlar yaxshi o‘qub turunglar” deb cho‘ntagidan bir so‘m pul oldi’da, domla qo‘liga berib, yong‘oq olib bo‘lub bering, o‘ynasunlar va podhoh hazratlarini duo qilsunlar”, deb askarlar oldug‘a o‘tub ketdi. Keyin xalq bechora ma’yus bo‘lub, qo‘rqub, tarqalib ketdi.

Mana shuncha kungi tayyorlig‘ va ruku’larga mukofot uchun shuncha siyosatlar qilib, Andijonning tuprog‘ini osmong‘a sovurmoq bilan xalqni qo‘rqutub, yuraklarini yordi. Munofiqlar sajdasidek, mazlum xalq va maktab bolalarining sajdalari “janob to‘raga” qabul bo‘lmadi.

BESARANJOMLIKLAR

Vaqtiki, xoinlar boshlig‘i Duxovskiy kelib bechora musulmonlarni o‘ziga sajda qildirib, kumush toboqlarga solib turg‘on non-tuzlariga qaramay: “Andijonning tuprog‘ini osmonga sovuraman, imprator a’zamga Andijondek bir shaharning tuprog‘ini osmonga sovurib, yo‘q qilish bilan hech nuqus bo‘lmaydir, mamlakati kamayib qolmaydir!” degan siyosatlarni qildi, buni eshitgan xalq qo‘rqib, uy ichi ro‘zg‘orlarini va bola-chaqalarini har taraf qishloqlarga qochirib, besaranjomlikda qoldi.

Istibdod amaldorlari (ellikboshidan tortib, mingboshigacha musulmon amaldorlari)ga “xudo berib”, qiladirg‘on zulm va ta’addilarig‘a zo‘r bahona topilib, shunday jabr-zulm qilishga turdilarki, aslo qalam bilan ta’birga keltirib bo‘lmaydi. Mingboshiga duchor bo‘lmag‘on hech bir fuqaro qolmadi. Hammani kechalari bir-bir chaqirib, siyosat qilib bor-yo‘g‘ini qoqib oldilar. Chunki eshong‘a qarashli odamlarni ham urub, osib, otib turg‘on vaqti edi. Hatto mahalla ellikboshilari ham mazlum fuqaroni: “Mingboshiga aytaman, ropurt qilaman!” de qo‘rqutub, o‘zlariga yarasha bir narsa olar edilar.

Istibdod asosini mahkam qilg‘unchi pristuflar va boshqa to‘ra, chinovniklar bo‘lsa, har kun eski shahar bozorig‘a tushub, savlat ko‘rsatib aylanib yurar edilar. Ko‘cha va rastalardagi xalqni o‘zlariga salom qildirmoq balosiga mubtalo edilar. Kim salom qilmasa yoki do‘kondan pastga tushub qo‘l qovushtirib turmasa, darhol ustiga borib: “...Eshon!”deb qo‘lidagi palka (tayoq) bilan boshig‘a solar edi. Mazlum xalq bu xorliq va razolatni ko‘rib: “Tavba qildim, to‘ra, man ko‘rmay qolibman” der edi; ko‘proq tavba qilib, iltijo qilg‘onida rahm qilsa, qo‘yar edi, bo‘lmasa, paliska chaqirib, turmaga – qamoqqa yuborur edilar.

HUKM KUNLARI

Eshon ushlanib, nihoyat haqorat va tahqir bilan bir qora aravaga bog‘lanib, eski shahardan o‘tgan vaqtda hamma xalqni majburiy ko‘chaga turg‘uzib qo‘ydilar. Soldat va amaldorlar aravani o‘rtag‘a olib sekin-sekin yurgizib, har joyda 5-10 minut to‘xtab: “Yikchi ehon shu odammi? Tanig‘on odamlar bo‘lsalar, aytsunlar!” deb fuqarodan so‘rar edi. Eshonni ko‘rgan har kim yerga qaraydir, eshonga qaramaydir. Chunki eshon tanib so‘rashub qolmasun deb qo‘rqadir. O‘sha yilda eshonni borib ko‘rmagan odam Andijonda kam qolg‘on edi. Balki hamma ko‘rgan desa bo‘lur edi. Zolim to‘ralardan qo‘rqub, hech kim eshonni tanimaydi. Kimni tutub, eshon shumi, desa bilmayman javobini aytadur. Ko‘p kishi tanimaymiz javobini bergandan keyin mustabid zolimlar xavfga tushub, bu kishi eshon emasmikin deb tashvish qilar edilar. Oxiri eski shahar istarshiy oqsoqolig‘a buyruq qildilarki, Yikchi eshonni taniydirg‘on odamlardan 4 kishini chaqirsun, eshonni tanib, bilib bersun, deb. Shahar oqsoqoli bu buyruqni olg‘ondan keyin, eshonni taniydirg‘on kishi bormi, deb shahardan kishi axtardi. Hech kim qo‘rqub “taniyman”demadi. Oxiri majburan to‘rt kishini olib, oqsoqolning o‘zi chiqib: “Sizlarga hech gap yo‘q, man so‘rab olaman. Sizlar “eshon shu odam” deb qo‘yarsizlar”, dedi.

Ular yangi shaharga chiqib, hukumatdor va amaldorlarning musulmonlarg‘a yomon qarag‘anidan qo‘rqub, vahm olib, inkor qilib, bizlar hech vaqt eshonni ko‘rmagan bo‘lsak nima deb bilamiz, eshonni bilgan odam bo‘lsa bo‘lur edi, deb arz qildilar. Uyez hokimi: “Sizlarga hech gap yo‘q, qo‘rqmanglar, harbiy sudlarga “shu eshonning o‘zi” deb qo‘ysangizlar bo‘ladir. Basharti bu eshon boshqa odam bo‘lmasa, deb to‘rtovini turmada eshong‘a ro‘baro‘ qilg‘onda, to‘rtovi ham ravshan bilib “eshon shu kishi edi” deb qo‘ydilar. Keyin bularga javob berildi.

Bu chiqqan guvohlardan biri Mirza Mas’ud degan kishi edi. U shunday hikoyat qiladirkim: “Bizlarni mahkama oldig‘a olib borib qo‘yg‘onda, bir necha soldatlar oldimizdan o‘tib, “seniki eshon” deb tupurib ketadir. Ruslar oldimizdan o‘tsa, it qarashi qilib, xo‘mrayib, so‘kib o‘tadir. Oxir ko‘chada turolmay qo‘rqib, mahkamaning ichiga kirib o‘ltirdik. Bir oz fursat o‘tganda uyez hokimi bilan bir ancha to‘ralar chiqib, bizlarga tanbeh qildilarki: “Sizlar rost aytasizlar. Agar yolg‘ondan eshon shu desangizlar, sud qoshida gunohkor bo‘lasizlar. Rost so‘zlamog‘ingiz uhun a’lam domla qasam beradir deb oqsoqolga, darhol bitta katta a’lamni oldirib chiqing, deb buyurdi. Oqsoqol darrov shaharga odam (mirshab) yuborib, Mulla Muhammad Muso a’lamni haydab chiqdi. Keyin “a’lam keldi” deb ichkariga xabar bergani kirib ketdi. Bechora a’lamning rangi o‘chib, qaltirab, nihoyat qo‘rqub o‘ltirar edi. Man: “Qo‘rqmang, sizni bizlarga qasam bergali chaqirdi”, deb taskin berdim. Bir vaqt yana avvalgi to‘ralar chiqib, a’lamni chaqirib: “Musulmon qoidasicha bularga qattiq qasam berasiz, rost so‘zlarni aytmaklri uchun”, deb qarab turdi.

A’lam domla bizlarga tamom qasam alfozlari bilan boblab qasam berdilar. Keyin a’lamga javob berildi.

Bizlarni 5 ta to‘ralar birga boshlab turmaga olib borib edi, qarasak, turmada qadam bosarliq joy yo‘q, havoning nihoyat issiqlig‘idan turmaning ichi do‘zax bo‘lub ketibdur. Bosh-oyoqlarida zanjir bor. Qochmoq u yoqda tursun, turarg‘a majoli yo‘qlarning oyoqlarig‘a zanjir solibdirlar, bularning ichidan oralab o‘tib, bir xonaga kirib edik, Yikchi eshon bilan uch kishi o‘ltiribdir. Hammalari band, zanjir soling‘on. Xususan, eshonni nihoyat mahkam bog‘labdirlar. Oyoq, bo‘yni, qo‘li bog‘liqdir. Boshida sallasi bor, ustida malla eski to‘ni bor, yerga qarab o‘ltiribdir. Salom qilib kirib edik, yonimda turg‘on mingboshi, “salom qilma” degandek ishorat qilib, nuqub qo‘ydi. Keyin to‘ralar kirib: “Cho‘rt eshon!” dedi. Bizlarga qarab: “Eshon shumi?” deb savol qilib edi, bizlar shu dedik. Yana tuzuk ko‘ringlar, g‘alat qilmanglar, rost aytinglar!” deb, siyosat qilib edi, bizlar qo‘rqub: “Eshon shu, boshqa emas” deganimizda: “Qaysi biri, qo‘ling bilan ushlab ko‘rsat!”dedi. Hammamiz bir-bir ishorat bilan ko‘rsatdik. Keyin “yaxshi” deb chiqdilar. Eshon aslo bizga qaramadi. Yonidag‘i odamlar kim ekanini bilmadik. Hammamiz chiqib, yo‘lda kelayotib, keyin birini tanib qoldik, oldidag‘ilarning biri ko‘gartlik qirg‘iziyalar mingboshisi “Chibil” bo‘lus degan odam ekan. Lekin ulardan va eshondan bizlarning oldimizda gap so‘ralmadi”.

Muzofot gubernatori harbiy sud bilan birlikda bechora eshonni og‘ir band ostida uyez mahkamasiga olib kirib, tergov qilg‘onida mahkamada mirzoboshiliq qilguchi Mulla Ismoil quloq solib o‘lturg‘on va eshon osilg‘ondan so‘ng shunday hikoya qiladir: “Eshonning tutulg‘onidan taxminan 9 kun keyin, eshong‘a qarashli 15 kishini osib o‘ldirgandan so‘ng, eshonning o‘zini uyez mahkamasiga bir to‘p soldatlar haydab keldi. Eshonda yurmoqqa ham majol qolmag‘on, oyog‘i va qo‘lig‘a zanjir, band solingan edi. Farg‘ona gubernatori Chaykovskiy mundan boshqa harbiy sud a’zolaridan besh kishi va bir qancha askariya to‘ralari hozir edilar. Eshonni ichkariga olib kirib, o‘rtaga o‘ltirg‘izdilar.

Gubernator quyidagicha savol qildi:

- San eshon imprator a’zamning butun jahonda eng katta va qadrli ham dushmanlariga zafarlik bir podshoh ekanini bilib turib, nima uchun bunday yomon qasdga kirishding?!

- ...

(Eshon indamay yerga qarab o‘ltiradir).

Gubernator:

- So‘zla! Javob ayt! O‘zungcha bu fe’lga kirishdingmi yoki sani odamlar zo‘rlab isyon qildirdimi?!

(Eshon so‘zlamaydir, yerga qarab javob bermay o‘ltiradir).

Sudlar tarjimong‘a: “Siz ayting! So‘zlasun, bo‘lmasa majburiy so‘zlatamiz”, deganda, tarjimon tahdid, siyosat qilib: “Gapga javob bergil” deb, bir qancha dashnom qildi. Oxirida: “Man nima dedim? Fahmladingmi?!” deganda, eshon yo‘q degan javobni sokingina aytdi. Gubernator uyez hokimiga qarab: “Boshqa tarjimon chaqiring!” dedi. Chunki tarjimon Qafqasiya musulmonlaridan Og‘a Bekov degan bo‘lib, so‘zi o‘zbekchadan boshqacharoq bo‘lgani uchun “eshon fahmlamadi” deb o‘yladi. Unda uyez mahkamasining adabiy tarjimoni Eshmuhammad to‘ra Toshmuhamadov deganni chaqirib, harbiy sud raisi buyurdiki: “Eshong‘a ayting, bo‘lg‘on hodisani so‘zlab bersun, kimlar eshonni shu yomon harakatga dalolat va targ‘ib qildi?”

Bu so‘zlarni eshong‘a qarab tarjima qildi.

Eshon, o‘zum qildim, deb javob berdi.

Rais: - O‘zing bu xayolni avvaldan o‘ylar edingmi yoki yaqinda ko‘nglingga tushdimi?

Eshon: - O‘zim har yili shu oylarda bir martaba 5-10 kun o‘zumni bilmay qolar edim. Bu yil ham qilg‘on ishimni bilmayman.

Rais: - San bilan kimlar birga edi: amaldor, mingbohi yoki yurtboshi kattalaridan ham ishtirok qildilarmi?

E: - Yo‘q.

R: - Eski shahar fuqarolaridan hech kim birga edimi?

E: - (Javob bo‘lmadi).

R: - Javob ber!

E: - (Javob yo‘q, sukut qiladir).

R: - Oq podshohni va uning amaldor, hokim, pristuflarni do‘st tutar edingmi yoki dushman tutar edingmi?

E: - Ko‘gart tarafidagi mujiklar bechora fuqaroni ko‘b xor qilib, urub, yer-suvlarini tortib olg‘onlari uchun xafa bo‘lub, dushman tutar edim.

R: - Mujiklarnin zulm qilg‘onini o‘zing ko‘rganmisan yoki odamlar kelib aytdimi?

Eshon sukut qilib javob bermadi.

Raisning atrofida ellikka yaqin soldatlar turg‘on edi. Ularga qarab: “Ur!” deb buyurdi. To‘rttasi yugurib kelib qo‘lidag‘i miltiqning qo‘ndog‘i bilan 20-30 ni soldilar. Eshon o‘ltirg‘on kursidan yiqildi. Yana turg‘izib qo‘yub: “So‘zla, mujiklarning zulmini sanga kim xabar qilg‘on!”- deb, savol qilg‘onda, eshon:

-Alhamdulillo, alhamdulillo! – deb qo‘ydi.

Sud: “Nima deydir?” deb tarjimondan savol qilg‘onida, Toshmato‘f, xudog‘a shukr qiladir, dedi. Sud raisi yana ikki soldatg‘a: “Kaltaklardan olib kel”, deb buyurdi. Soldat yugurib chiqib, bir quchoq kaltak olib keldi. Eshonni yotqizib kaltakladilar. Eshon hech ovoz chiqarmay behush bo‘lib qolg‘ondan keyin sudrab, tashqari olib, aravaga ko‘tarib tashladilar. Aravaga to‘rtta soldat chiqib, eshonning ustiga o‘ltirib, to‘g‘ri turmaga olib ketdilar va turma nachal’nigidan xat olib kelib, sud a’zolariga topshirdilar. Eshon bilan birga keltirilgan Chibil bo‘lus bilan yana ikki kishi eshong‘a bo‘lg‘on-hodisalardan qo‘rqub o‘ltirar edilar. Lokin Chibil bo‘lusning rangidan qo‘rquv asari bilinmas edi. Navbat bularga kelib, birinchi navbatda Chibil bo‘lusdan savol qilindi:

Sud raisi:

- Saning isming nima, qaysi joydansan?

Ch: - Man Ko‘gart tobe’idan, nomim Chibildir.

Ra: - Necha yoshga kirding?

Ch: - Ellik yoshga kirdim.

Ra: - Necha tanob yering bor?

Ch: - Biz qirg‘ilarda yer bo‘lmaydir. Bizlarda ot, mol, qo‘y, echki bo‘ladir. Biz tirikchiligimizni moldan qilamiz.

Ra: - Qo‘y, mol va otlaring qancha?

Ch: - Ming bes yuzga yaqin qo‘y, echki bilan ikki yuzga yaqin ot, mol bor.

Ra: - Bu mollar otangdan qolganmi yoki o‘zing topganmisan?

Ch: - Bu mollarning hammasini o‘zim topganman. Otamdan qolg‘an narsalarning hammasi yosh vaqtimda yo‘q bo‘lub ketgan edi.

Ra: - Podshohi a‘zamning ulug‘ligini va askarlarining ko‘bligini bilarmi eding?

Ch: - Bilar edim.

Ra: - Shunday bo‘lsa, nimaga Yikchi eshon bilan qo‘shulub munday beadablik va podshohi a’zamga zo‘r xiyonat qilding?

Ch: - Haqiqat qilib ko‘ring! Man eshonga qo‘shulub shaharga kelgan emasman. Eshon shaharga kirgan kuni man Ko‘gartda edim. Ko‘gart ellaridan so‘ralsun.

Ra: - Eshonning sunday harakat qilishidan xabaring bor edimi?

Ch: - Ozroq xabarim bor edi. Lekin shaharga soldalar ustiga yurishidan xabarim yo‘q edi. Posolkalardagi mujiklar tog‘kardag‘i qirg‘izlarni ko‘b siqib, yerlarini, ot-mollarini tortib olg‘onidan ehonning muridlari ko‘b joyg‘a arz qilg‘onlarida so‘ramay ovora qilg‘oni uhun aksar qirg‘izlar yig‘ilib, posolkalarga hujum qilmoqqa ehondan ijozat olishg‘a borg‘anlarida, eshon ularni man’ qilib: “Yanagi yilgaha sabr qilinglar! Yanagi yilgacha ko‘payib, insholloh, mujiklar ustiga g‘azot qilamiz”, degan, deb eshitib edim. Mundan bir oy o‘tgandan so‘ng eshonning chaqirishi bilan Mingtepaga bordim. Eshon bilan ko‘rushub, dasturxon o‘tgandan so‘ng, mani xos hujraiga olib kirib, g‘azot qilish maslahatini qildi. Man qo‘limdan kelganha man’ qildim. Oxiri eshon: “Yanagi yilgacha sabr qilamiz” deganda, man bir yilgacha kim bor – kim yo‘q, albatta, bu xayol eshonning dilidan chiqib ketsa ajab emas, deb o‘yladim. Lekin shaharga kirishni aytgan emas, “atrofdagi mujiklar ustiga yuramiz”, degan edi.

Ra: - Sanga muncha maslahatni bir yil avval aytgan bo‘lsa, san nima uchun kelib uyez hokimiga xabar qilmading?

Ch: -Ko‘gart bozoridag‘i Nikol’skiy posolkasning istarshinasi Nikolay degan o‘rusga: “Mujiklaringni sal bosib qo‘ygil, qirg‘izlarg‘a ko‘b zulm qilg‘onidan ular to‘yib yuribdir. Yikchi eshong‘a xabar qilg‘on ekanlar, u nasihat qilib, bosib qo‘yibdur. Bo‘lmasa, yig‘ilib hammalari hujum qilmoqchi ham bo‘lg‘on ekanlar” deb aytib edim.

Ra: - Mujiklarga aytguncha nima uchun kelib shahar hokimiga aytmading!

Ch: - Man o‘sha Nikolay borib aytgan bo‘lsa kerak, deb gumon qildim-da, aytmadim.

Ra: - Sanga eshon bu kundan 15 kun avval nima xat qilg‘on edi?

Ch: - “Bizga qarashli burodarlarni chahorshanba kuni xabar qilib, Mingtepadagi honaqohga yuboring, korxayr ishimiz bor. Marhamat qilib o‘zingiz ham bir kelsangiz, ziyoda xursand bo‘lur edik”, deb xat qilg‘on edi, man bu xatni eshonning Ko‘gartdagi Qosim degan xalifasig‘a yuborg‘on edim. O‘zim borolg‘anim yo‘q. Biror haftadan keyin shunday hodisa bo‘lub qoldi. Hammamiz bexabar qoldik.

Ra: - San odamlarni to‘plab yuborib, o‘zing “yana qolg‘on odamlarni to‘plab turarman, eshon bu tarafga yursunlar” deb xat qilgan ekansan. Bu xatda: “Avval atrofdagi mujiklarni bosib, keyin shaharga hujum qilamiz” degan ekansan. Bu xatni kim yoz’on edi?

Ch: - Bunday xat qilg‘on emasmn, yolg‘on...

Rais sarkotibga “o‘sha xatni ol” deb buyurganda, sarkotib ish ichidan olib, rais qo‘lig‘a berdi. Rais olib Chibilga ko‘rsatib, “shu xatni taniysanmi” deganda, Chibil hech nima deyolmadi, homush bo‘lib qoldi.

Eshon “huruj” qiladirg‘on kuni Chibilg‘a qilg‘on xatinin orqasig‘a Chibil sud raisi aytgan gap mazmunini yozib, Yikchi eshong‘a shitoblik sur’atda yuborg‘on ekan, eshon xatning javobi kelgancha turmay, shoshib shaharga jo‘nab ketgandan keyin borib, honaqohda qolg‘on ekan.

so‘zidan adashib sud raisi yana ko‘b gaplarni so‘rag‘onda hech javob bera olmay, avvalgi ahvolidan boshqa va umidi uzilgannamo bo‘lub, hayratda qoldi. Mundan eshon bilan maslahatda bir ekani ma’lum bo‘lub, sud raisi shu majlisda uni yotqizib urmoqqa buyurdi. Oltita soldatlar bir ko‘tarim kaltakni olib kelib, Chibilni yotqizib, chunon kaltakladilarki, orqasining tamom go‘shtlari desa bo‘lurluq uzulib ketdi. Oxiri “dod” demakka majoli qolmay, behush bo‘lib, o‘lik suratida yiqilib qoldi.

Buni ko‘rib turg‘on sheriklari ham kamoli qo‘rquvdan hushlaridan ketib, yotib qoldilar. Chibilni bir tarafga tashlab qo‘yub, bu ikki behoralardan so‘z so‘ramoq uhun harchand bedor qilsalar bo‘lmadi.

Oxiri boshig‘a etiklarining poshnasi bilan tepdilar, yana hech imkoni bo‘lmadi va shom vaqti bo‘lub, qorong‘i tushub qolg‘oni uchun bularnng uchalalarini aravaga sudrab solib, turmaga yubordilar.

Bularni jo‘natib, “sud yopildi” deb e’lon qilg‘ondan so‘ng, bir-birlarig‘a o‘z qilg‘on zulmlari borasida izhori xursandlik qilib kulub, hukmni kechasi soat o‘nda qilamiz, deb tarqaldilar.

O‘LUM JAZOSI

1898 yil 13 javzoda harbiy sud, Farg‘ona gubernatori boshliq, erta bilan soat sakkizdan kecha soat sakkigaha uch ma’yubni kaltaklab, behush qilib jo‘nab ketib, kechasi soat o‘nda yana uyez mahkamasiga yig‘ildi. Har qaysi to‘ra bir-birovi bilan ko‘rishar-da “voy dod, voy dod“ deb kaltak yegan bechoralarni masxara qilib kulishar edi. O‘lturub, protokollarni o‘qub, daf’atan eshong‘a qo‘shib Chibil bo‘lusning va yana to‘rt sudda haqiqat qilmag‘on odamlarning nomini aytib, olti kishini erta soat o‘n birda osib o‘ldirmakka hukm qildilar.

Hukmdan so‘ng hammalri o‘rnilaridan turib “chas” berib, birmunha gaplarni aytib o‘ltirdilar.

Keyin musulmon mirzoni chaqirib, tarjimon vositasi bilan “erta bilan soat sakkizga umumiy fuqarolar hozir bo‘lsunlar. Qo‘rg‘on tagida Yikchi eshon osiladir. Ibrat uchun ko‘rishlari majburiy” deb,

Eski shahar oqsoqolig‘a zarur buyruq yozishg‘a buyurdi. Mirzo Ismoil buyruqni yozib turg‘on vaqtda sud a’zolaridan biri yugurib chiqib, tamom maktabdorlar hamma shogird bolalar bilan chiqishlari “majburiy” deb yozing, deb buyurdi. Ikkinchi chiqib: “Nima kerak, mayda bolalarning zarurligi yo‘q” deb, munozara qilib qoldi. Javobig‘a: “Yosh bolalar katta odamlardan keyin qoladurg‘on odamlar bo‘ladirg‘oni uchun, uzun umr ko‘rub, ko‘b yillar Rusiya podshohinin siyosatini aytib yuradirlar”, deganida hammalariga ma’qul tushub: “Bunday bo‘lsa, ikkinchi yana alohida buyruq qilinsun. Tamom maktab bolalarini ham domlalari olib chiqsunlar! deganda mirzo ikkinchi martaba qattiq va majburiy buyruq qildi, bu buyruqni mirshablardan oqsoqolga yuborildi. Oqsoqol kechalab mishablarni butun shahar ichida chopdirib yurib, mahalla ellikboshisi vositasi bilan hech kimni uxlatmay, tong otg‘anga tamom shahardagi muallim, imomlardan tilxat qildirib oldi.

Shaharning katta oqsoqoli Qodirqul mingboshining zarbi va siyosati nihoyat qattiq va berahm bo‘g‘oni shahar fuqarolarig‘a ma’ruf va mashhur edi. Imomlar sahar soat besh-oltida turub, mahallalaridagi qavumlarig‘a xabar qildilar. Maktabdorlar bo‘lsa, tamom shogirdlariga xabar berib, erta bilan soat sakkizda hamma fuqarolar va shogirdlar katta oqoqol hovlisining oldida hozir bo‘ldilar. Imom va muallimlar qo‘rqub, titrar edilar”. Oqsoqol bir imomning ro‘barasig‘a kelib: “Necha qavmingiz bilan keldingiz?” deb savol qilib edi, “taxminan 35-40 tacha kishi bilan keldik” dedi. Bundan keyin: “Qavmingiz necha uylik?” berilgan savoliga sukut qildi. Mahalla boshlig‘i : “Taqsir, qirq uylikmiz”, deb javob berib edi, og‘ziga kelgan haqorat bilan dashnom berib: “Qirq uylik bo‘lsang, 35 kishi keladimi? Nima uchun hamma qavmni boshlab kelmading!” deb yonida bo‘lg‘on mitshabga: “Ur!” deb buyurdi. Mirshab qamchi bilan urub turubdur, bechora mahalla boshlig‘i boshini yengi bilan to‘sub:

- Taqsir, tavba qildim, boshqalari qishloqqa va har tarafga ketgan ekanlar, topmadiq, - deb ovoz qildi.

Oqsoqol yurtga siyosat o‘tkazish uchun “ur” dardiga giriftor bo‘lg‘on va kim bo‘lsa bo‘lsun, ro‘bara kelsa urdirmay qo‘ymas edi. Oxirida, bu “ur, ur” dardining kasofati bilan bir do‘kondor armanining boyini urdirib qo‘ydi. Bu armani boy nafsoniyat qilib, sarmoyadorlar tarafdori bo‘lg‘on hokim gubernatorlarg‘a arz qilib, sudga berib, oxiri istibdod uchun qilg‘on shuncha xizmati mukofotiga, nihoyat xorliq bilan o‘rnidan bekor bo‘ldi va Qo‘qon qishloqqa borib, amal hasratidan betob bo‘lub, oxiri Majnundek bo‘lub, o‘zini’-o‘zi jarohat qilib o‘ldi. Mustabid hukumati bizga eshon hodisasida ko‘b xizmat qilg‘on edi, deb rioya qilmadi. Sarmoyador boy armanining kapital quvvati uni yiqitib qo‘ydi.

Endi maqsadga kelaylik: soat sakkiz bo‘lg‘anda, hammani qator-qator qilib, maktab bolalarini oldig‘a solib, yangi shaharga taxminan 8000 kishi bo‘lsa, 2000 mayda maktab bolalarinini olib chiqib, Tuproq qo‘rg‘on oldida, adirning tagiga qon isi keladirgan va tikib, sozlab qo‘yilg‘on dorlarning atrofiga odamlarni aylantirib qo‘ydi. Hokim chiqib, fuqaroning ko‘bligini ko‘rib, katta oqsoqolga “rahmat” deb, yosh bolalarni ham dorning bir tarafiga qator qilib qo‘ymoqqa buyurdi. Bir tarafdan joy bo‘shatib turg‘an holda bir kishi: “Yosh bolalar qo‘rqarmi kan? Odamlar orqasig‘a qo‘ysaq, qalay bo‘lar ekan?” deb mingboshiga aytgan edi. U borib hokimga aytgan ekan, “Qo‘rqqani yaxshiroq. Esidan chiqmaydir. Dorg‘a yaqin qo‘yulsun”, deb buyurubdur. Mingboshi kelib, dorning qibla tarafidan odamlarni haydab yuborib, hamma maktab bolalarini qator qilib qo‘ydi.

Bir vaqt soat o‘nga yaqin ediki, bir to‘p, zanjir bilan qo‘l-oyo‘g‘i bog‘langan olti kishini o‘rtaga olib, o‘lan aytishib keldi va dor tegiga keltirib, qator-qator qildi. Bularning oldig‘a to‘rt tabl (nog‘ora) osgan soldatlarni qo‘ydi.

Ularning ichida eshonni ikki soldat etaklab, yig‘inning atrofini aylantirib, “Eshon shu odammi?” deb so‘rab yurdi. Hech kim “shu kishi eshon emas, yoki eshon” deb aytmadi. Aytsa, “San ham borg‘an ekansan, yoki bilar ekansan”, deb meni ham ushlab qoladilar”, deb har kim vahimada edi. Ammo to‘ralar bo‘lsa to‘rt-besh kishini tanitmoq hayolida edilar. Xalqdan ovoz chiqmaganidan g‘azablanib, bir kattakoni oxiri qattiq ovoz bilan; “Albatta hammalaring bilasizlar, bovujud aytmaysizlar, isyon qilmoqda ham sizlar bilgansizlar. Agarda hech kim tanimasa, shu yig‘indagi butun xalqni pulemyotga tutamiz. Biror jon qolmaydir”, -deb siyosat qilib edi, har tarafdan odamlar o‘zini ko‘rsatmay turib “Shu kishi eshon!” deb qichqirishdilar. To‘ralar u yoq-bu yoqqa qarab, ovoz qilg‘uvchilarni topolmas edilar. Shuning uchun yana: “To‘rt-besh kishi yig‘inda ajrab chiqib, odamlarga qarab “Eshon shu odam” deb ko‘rsatsun” ,- deganda hech kim jur’at qilib chiqolmay, yana har tarafdan, odamlar orqasidan boshini past qilib turib “Eshon shu odam, eshon shu” deb ovoz chiqarishdilar. Zolim to‘ralar bundan o‘z siyosatlari haddu kamoliga yetganini bilib, bir-birlariga qarab kular edilar. Xalq bo‘lsa, dor tagida mung‘ayib, bo‘ynini qisib, yig‘lab turganlarini ko‘rib, toqat qilolmay, sekin-sekin yig‘lar edi. Shu vaqt ediki, yig‘in tashqarisida voy-voylab dod-faryod bo‘lib ketdi. Qarasak, osiladirg‘on odamlarning bola-chaqalari, xotin-qiz, ushoq bolalari ekan. Xotinlar “tul bo‘ldiq!” deb, bolalar bo‘lsa, “yetim bo‘ldiq!” deb faryod qilar edilar. Bu holni ko‘rgan xalqning ko‘ngli yana buzilib, xoinlardan qo‘rqub, o‘zlarini yig‘idan to‘xtatar edilar.

Qatorda turg‘on bir kishining yuzini to‘sub yig‘lab turg‘onini gubernator ko‘rib qoldi, qo‘lidan ushlab o‘rtaroqqa tortib: “Nima uchun yig‘laysan, eshonga qarindoshmisan?” degan savolni so‘rag‘anda bechoraning rangi o‘chib, boshig‘a o‘lim vahmi tushub, kamol qo‘rqqanidan titrab-titrab turib “Koshki podshohi a’zam impratur muazzamga osiy bo‘lmasalar edi, tinch tursalar edi, podshohi a’zamning munday qattiq azobiga uchramas edilar. Bola-chaqalari yetim bo‘lmay, podshoh hazratlarining davlatlarida kun ko‘rar edilar. podshoh a’zamning o‘lgan soldatlariga yig‘layman!”-dedi.

Bir qancha xotinlar va bolalar qaqshab, shovqun solib yig‘laganlarida, nog‘oralari bilan turgan soldatlar birdan nog‘ora chalib yubordilar. Bu holni ko‘rgan mazlumlar dardu huzun bilan yig‘lay boshladilar. Hammaning ko‘zi yosh bilan to‘ldi. Tashqarida turg‘an gubernator dod-faryod qilg‘uvchilarni qamab qo‘ymoqqa buyurdi. Darhol besh-o‘n soldat chiqib, bularni urib turib, turmaga olib kirdilar. Va eshonning avlodiga qo‘shib qo‘ydilar (Eshonning avlodi tamom ushlanib, asr qilinib qamalg‘an edi). Bularning qamalg‘anini ko‘rgandan keyin hech kim yig‘in chiqarmay turdi.

Bu holda bir mutakkabir to‘ra dor tagiga kelib, cho‘ntagidan bir taxta qog‘oz olib, baland ovoz bilan o‘qidi. Tarjimon shunday tarjima qildi.

O‘LUM FARMONI

“Ulug‘ adolatli va qattiq qahrli podshohi a’zamning soyai davlatida turib yashag‘uvchi fuqarolar xiyonat qilib, isyon chiqarishda ulug‘ imperator a’zamning dushmanlariga g‘alaba qilishga qodir bo‘lmaslig‘idan andisha qilmay, Mingtepa qishlog‘ida turg‘uvchi Muhammad Ali eshon o‘ziga qarashli bir qancha odam bilan podshoh hazratlariga osiy bo‘lib tig‘ ko‘tarib, Andijon kazarmasiga hujum qilib, 23ta qahramon askarni shahid qildi.

Binobarin, bu isyonchi eshonni o‘ziga qarashli odamlariva muridlari bilan hukumatdorlar tomonidan ushlanib, harbiy sud orqali haqiqat qilganida, ayblarini iqror qilib, o‘z bo‘yinlarig‘a oldilar. Binobarin, harbiy sud eshonni va uning muridlari bo‘lg‘an ushbu besh kishini osib o‘ldirmakka hukm qildi. Hozirda bu o‘lim jazosi boshqalarg‘a ibrat bo‘lsun uchun ijro qilinur”.

Muni eshitgan qo‘l-oyog‘i zanjir bilan bog‘langan mazlumlarning boshidan hushi uchdi, hech qayusida shuur va aql qolmag‘an edi. Bir qirg‘iz bechora atrofdag‘i odamlarg‘a aylanib shoshilish bilan qaray berdi. Bu kishining ko‘b qarag‘anidan bir aytadurg‘on so‘zi bo‘lsa kerak yoki avlodiga etkazadigan bir vasiyati bo‘lsamikan, deb gumon qilar ediq. Lekin bu bechora qaysi tarafga qarasa, o‘sha tarafdagi odamlar yuzlarini berkitar va engashib yerga qarab turar edilar. Bechora mazlum ko‘b jovdirab qaradi. Noiloj mustabid xoinlarga qarab birdan: “Ey ulug‘lar!” degan edi, soldatlar bodratib nog‘ora chalib yubordi. Bechora to‘xtab qoldi. Nog‘ora to‘xtagan hamon yana, “Ey xaloyiq! Guvoh bo‘linglar! Man...” degan hamon yana nog‘ora urib yubordi.

Nog‘ora to‘xtagan zamon yana baland ovoz bilan: “Man nohaq osilib ketayotibman, bu gaplardan hech xabarim yo‘q edi, sizlar guvoh bo‘linglar!..” deb qichqirdi. Yana nog‘ora chalinib, gapi xalqa eshittirilmadi. Nog‘ora chalingan vaqtda og‘zi ko‘p qimirlab so‘zladi. Lokin eshitib bo‘lmadi. Bechora noumid bo‘lub, Sa’diyning: “Har qachon odam noumid bo‘lsa, ya’ni umidi uzulsa, tili uzayadir, mag‘lub bo‘lgan mishikdek itga hamla qiladir”, degan so‘ziga muvofiq o‘zidan umidini uzub, nog‘ora chalib turgan soldatga qarab: “Ey badbaxt kofir! To‘xtat-e! Qilar ishingni qilasan. Man so‘zumni musulmonlarg‘a aytib qolay”, deb nihoyat jur’at bilan haqorat qildi. Zolimlar unga quloq solmay, yana nog‘orasini chalib yubordi. Chibil bo‘lus ham: “Hoy, gubernator, hoy, hokim to‘ra, ikki og‘iz arzim bor!” deb edi, bunga ham hech quloq solmadi.

Shu holda ikkitasi yiqilib, behush bo‘lib qoldi. Harchand soldatlar kelib ko‘tarib tikka qildi, turmoqqa qodir bo‘lolmadilar. Bu bechoralar hushlariga kelgancha bir oz to‘xtab turdilar. Eshon bo‘lsa hamma vaqt yerga qarab turar edi. Bir og‘iz so‘z aytgani yo‘q va aytgani ham harakat qilmadi. Bu o‘rtada gubernator hokimni chaqirib, bir so‘z so‘radi. Hokim kelib, eski shahar katta oqsoqolini chaqirib, bir narsa deb qo‘ydi. Katta oqsoqol chetga borib, o‘sha yerda bo‘lgan o‘z mirzosidan “Rivoyat nima bo‘ldi?”- deb so‘radi. Mirzosi: “Bitmagan ekan, chala ekan, bugun kechasi bitar ekan”,- deb javob berdi. Mingboshi hokimga: “Hozir odam yuboraymi, olib chiqsun?”- deb edi, gubernator “fursat yo‘q” deb qabul ko‘rmadi. Binobarin, rivoyatga odam yuborilmadi.

KAFAN KIYDIRISH

Eshonni dorning tagiga olib kelib, oyog‘idagi temir kishanni ochamiz deb urindilar, iloj bo‘lmadi, shekilli, bolg‘a bilan urub sindirdilar va boshqa rafiqlarining kishanlarini ham urib sindirildi. Kishanlarni chetga tashlab, bir shakar qopchani ochib, ichidan xom surpdan qilingan 6 ta xaltani olib tashladi. Uyez hokimi shu holda katta oqsoqolni chaqirib: “Bir a’lam toping, bularga iymon o‘qutsun!”- deganda, Fahriddin qozini chaqirib, dor tegiga olib bordi. Qozi birinchi eshonga, ikkinchi Chibil bo‘lucga va boshqalariga bir-bir iymon o‘qutdi. Hushidan ketgan ikkitasi ham sahal hushiga kelgan edi, bularga ham iymon o‘qutdi. Bular o‘qishga qodir bo‘ldilarmi, yo‘qmi, ma’lum bo‘lmadi. Hosili, qozi tez-tez bit narsalarni aytib, dor tegidan qochmoq fikrida edi. Bu vaqtda Chibil bo‘lus o‘zini rostlab, dadillik va baland ovoz bilan: “O‘ musulmonlar! Guvoh bo‘lunglar, man nohaq ketayotibman. Manga bu hokimlar zulm qildilar...” deb so‘zlab turib edi, hokim kelib: “Bas, bas!” dedi. Unga quloq solmay yana so‘zlab turib edi, ikki soldat kelib miltiqning qo‘ndog‘i bilan 4-5 urdi, shundan keyin indamay qoldi. Bu holda biri kelib dorning arg‘amchilarini tushurib, sirtmoqlarini ochib, tuzatib qo‘ydi. Keyin ikki soldat yerda turgan xaltalarni yerdan barobar ko‘tarib, olib kelib, qator turgan bandi asirlar bo‘shig‘a kiyim-boshlari ustidan kiydirib qo‘ydi. Bechoralarning oq xaltalar ichida nima holga tushgani bizga ma’lum emas, yolg‘iz oyoqlarigina ko‘rinar edi. Daf’atan ikki soldat eshonni dor tegiga olib kelgan mahal boshqa sheriklarini ham etaklab ketib turgan holda ikkisi yana behush bo‘lib yiqildi. Bularni sudrab, dor tegiga ketirib, uning ostig‘a qo‘yil’g‘an ikki pog‘onalik kursiga “chiq, chiq” deb eshonni chiqardi. Shu holda kafan ichida bir o‘zi qadam qo‘yib chiqdi va baland ovoz bilan: “Ey musulmon birodarlar, guvoh bo‘linglar, man nohaq tuhmat bilan ketib turubman. Bola-chaqalarim, mayda-chuyda, ko‘p edi. Bu hokim va to‘ralar yaxshi adolat qilmadi. To‘g‘ri haqiqat qilmadi. Duo qilinglar, shu zolimlarni...” degan vaqtda bir to‘raning ishorati bilan birdan sirtmoqlarni solib, kursilarni tepib yubordilar.

Bu olti kishidan ikkitasi bir-ikki buralib, oyog‘ini urub qimirlamay qoldi.Boshqalari firillab aylanib, buralib, ikki tomon dorning yog‘ochiga urilib, nihoyat qiynalib, ko‘b ovora bo‘ldilar. Buni ko‘rib turg‘an yosh bolalarning ko‘blari qo‘rqib: “dod, ota, ona!” deb yig‘lab yubordilar. 4-5tasining hushi ketib qoldi va yiqildi. Bolalar turg‘an taraf to‘polon bo‘lib ketdi. Askar bolalar qochib chiqib ketdilar. Odamlar bo‘lsa: “Qo‘rqdi, qo‘rqdi! Bolalarni orqaga olinglar, yuziga suv sepinglar!” deb to‘palon qilib yubordilar. Hushidan ketgn bolalarni darhol tashqariga chiqarib, odamlar boshlarini uqalab, mashaqqat bilan hushiga keltirdilar.

Shu to‘palon bilan yosh bolalar ahvolig‘a ovora bo‘lub turib, osilg‘an bechoralardan g‘ofil bo‘limiz. Keyin qimirlamay turib qolibdilar.

Keyin do‘xtur kelib, kursini qo‘yub, hamma osilib turg‘anlar qornig‘a bir-bir quloq solib imtihon qilib, jon chiqan-chiqmag‘anidan xabardor bo‘lib oltovini ko‘rib, yarim soatga yaqin fursatda xat yozib, gubernatorga topshirdi.

Bu xatni gubernator o‘qub ko‘rub, dor atrofida turg‘an xalqni chaqirib “yaqin kelinglar”, deb, hammani yaqin keltirgandan keyin, “Bolalar qani, bolalarni ham chaqiring”, deb buyuri. Bolalrdan bir qancha qo‘rqub, behush bo‘lub, yuragi chiqqanlarini uch aravaga solib, eski shaharg‘a tushurub yuborg‘an edilar. Boshqalari ham piyoda shaharga tishib ketgan edilar. Bu xabarni aytganda katta oqsoqol qancha haqorat qilib, xafa qildi va kimning ijozati bilan javob berding, deb siyosatlar qildi.

Adovatga mundan zo‘r va ravshan dalil bo‘larmikan, yosh bolalarning o‘likdan qo‘rqishi ma’lum gap. Ayniqsa, bunday dahshatli kunda hammaning qo‘rqib turg‘anlig‘i bir taraf bo‘lsa, onqadarkim, bolalarning qo‘rqishi yana ko‘brakdir. Bu ahvolni istibdodchilar bilmadi deysimi?

TAHDID (QO‘RQITISH)

Farg‘ona muzofotining eski mustabid xoinlaridan bo‘lg‘an gubernatori Chaykovskiy hamma fuqarolarni eshon osilib turg‘an dorning tegiga to‘pladi va takabburlik bilan turub, bir tarafdagi tamom soldatlarning miltig‘ini o‘qtalib, musulmonlarga qarshi tayyor qilib qo‘yib, shu taklifni qildi: “Musulmonlar! Sizlar ko‘zlaringizni ochinglar! Sizlarning podshohi a’zam qoshida ayb va gunohlaringiz ko‘bdir. Ichingizdagi eshonga qo‘shilib isyon qilg‘uvchilar bo‘lsa tamom tutib ko‘rsatib berasizlar. Ularni bola-chaqalari bilan Farg‘onadan urug‘larini qurutub, xonumonlari musodara qilinib, imoratlari to‘pga tutilib, yer bilan yakson qilinadir. Chokandagi avg‘on bog‘da ziroatchi (ag‘ronom) to‘rani o‘ldirib, tug‘larini qonlatib ketganlari uchun shu avg‘on bog‘ atrofida bo‘lgan mahallalardagi katta-kichik musulmonlarning qonlari bilan podshohi a’zam askarlari miltiqlarini qonlamasalar, yuraklari sovumaydi. Albatta, bu ish bo‘laditg‘on balki hukm qiling‘on bit ishdir. Chokandliklar o‘zlarining gunohlarini bizlardan so‘ramoqchi bo‘lsalar, eshong‘a bordi-keldi qilg‘onlarni o‘zaro ko‘rsatib berib, o‘z ichlarini eshonchilardan toza qilishlari kerakdir. Shundagina gunohlari afu qilinib, o‘z jonlarini salomat olib qoladilar. Lokin joylari va mulklari podshoh hazratlarining o‘lgan soldatlarining bola-chaqalari foydasig‘a olinadir. Siz, musulmonlar, beparvolik qilmay, o‘zlaringiz isyonchilarni bir hafta ichida topib berib, tamom qilib, op’z e’tiqod va ixloslaringizni bildirasiz!

Mana, podshohi a’zamning siyosatini ko‘rib turubsizlar. Qahramon askarlarini ham ko‘z oldingizda ko‘rmakda va qahrlik siyosatini bir oz tanimoqdasizlar. Butun yer yuzining impraturlarini o‘z kattaligi bilan larzaga solg‘an oq podshohga birgin Farg‘onadagi xalqning ig‘tishosi va isyoni bilan hech futur kelmaydir. Balki o‘zlaringizning yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishlaingizga sabab bo‘lasizlar. Mana, isyonning natijasini ko‘rib turubsizlar, yana ham ko‘rasizlar. Podshoh hazratining qahr va g‘azabiga giriftor bo‘lmoqqa sabab bo‘ladirg‘on fe’l va harakatdan minba’d saqlanishlaringiz kerak .

Shundan keyin “Siz fuqarog‘a javob”,- deb ijozat berdi. Hamma bezillab turg‘an edi, birdan chuvillab jo‘nay berdilar.

Dorni tikar vaqtida dorlarning tegiga odam bo‘yidan pastroq chuqurlar qazilib, ustiga bo‘yra yopilib qo‘yilg‘an ekan. Bir to‘p soldatlar kelib, qo‘llaridagi shoflari bilan arg‘amchilarni kesib yubordilar. Hammalari yerga cho‘zulub tushdilar. Keyin bir arava ohak keltirib, olti kishini ikki chuqurga tashlab, ustidan ohak tashladilar. Har tarafdan tuproqlarni tortib, biror gaz tuproq tushgandan yana ohak solib, hosili tuproqni ohak bilan aralash qilib, qattiq tepib ko‘mdilar.

Janoza kabi rasm ul tarafda tursun, ko‘mishda musulmon kishi ham ishtirok qilgani yo‘q; yozib bo‘lmaydig‘an xorliq va mazlumiyat bilan ko‘mildilar. Ko‘milgandan keyin tepasiga hamma vaqt navbatchi soldatlar qo‘yulib, qarab turar edilar va eshonning va boshqa rafiqlarning avlodlari va qavm-qarindoshlari kelib, jasadlarini olib ketish ehtimolidan saqlar edilar.

Osilganlarni ko‘rgan bolalar uylarida necha kun betob bo‘lub, kechalari cho‘chub uyg‘onib, uyqularida shovqun solub, turub ketib, necha kunlargacha ota-onalari uxlamay, bolalaridan qo‘rqub, asrab chiqar edilar. Bu qo‘rquv natijasida necha bolalar halok bo‘ldilar. Xususan, kaminaning qo‘shnim shahrixonliq bir kosib odam edi. O‘n bir yashar Abdullatif degan o‘g‘lini maktabga berib, o‘qutib yurg‘an edi. Shu hodisada bu bola ham qo‘rqqan ekan. Uyiga kelib, necha kunlar cho‘chib uxlay olmay, ozib ketib, o‘lib qoldi.

Shahar ichida yolg‘iz bu bechora bo‘lmay, balki o‘qub turg‘an bolalardan ko‘blari bu hodisa bilan vafot topib, ota-onalarni hasratda qoldirdilar.

U bechoralar istibdod josuslaridan qo‘rqub, zolimlar o‘rnig‘a eshonni qarg‘ar edilar.

XALQNING OVORALIG‘I

Fargona harbiy gubernatori eshonni osib, hanuz mazlumlar jasadi osilib turg‘an vaqtda “o‘lganning ustiga ko‘mgan”, deganidek qilib umumiy majburiy chiqqan fuqarolarni yig‘ib, qattiq siyosat bilan qo‘rqutub: “Hali Andijon xalqining gunohi ko‘b, butun Andijon tuprog‘ini osmong‘a sovuraman, xalqini tamoman ihroj qilib, o‘rnig‘a ichkari Rusiyadagi bevatan krest’yanlarni olib kelib o‘rnashtiraman va mol-mulklarini musodara qilish bilan jazo beraman!” degan turli siyosatlar qilib, javob bergandan keyin, hammaga qattiq vahima tushdi. Shahar xalqi ko‘pincha hovlilarda chuqurlar kovlab mol-amvollari va yaxshi ko‘rgan narsalarni ko‘mib, og‘ir asboblarini chuqur hovuzlarga tashlab, qimmatbaho gilam va kigizlari bo‘lsa, uzoq qishloqlarga yuborib, necha kunlar sargardon bo‘lub, uylarida yotar uchun ko‘rpa-kigiz qoldirmay, mayda va mas’um bolalari bilan qoq yerda yotib, ko‘b ovoraliq tortdilar.

Necha kunlargacha bukun otadir, erta otadir, deb xabar bo‘lub, kunduzi atroflarg‘a tarqalib qochib ketib, kechasi hovlilaridan umid uzolmay kelib xabar olib, yana sahar turub chiqib ketar edilar.

Bechora kosiblar va mehnati ustidan bola-chaqa boqadirg‘onlar o‘z tirikchiliklarini qilolmay, necha kunlar xilvat joylarda: “Qachon miltiqning ovozi chiqar ekan” deb quloq solib yurar edilar. Shunday vahimali va xavfli kunlarda: Andijonning eski shahari otilishdan qolibdir, ammo eshonning yurti va qishlog‘i bo‘lg‘an Mingtepani tekis qilmoqqa ko‘b soldatlar necha adad to‘plar bilan kelgan emishlar, degan duv-duv gaplar chiqib qoldi.

MINGTEPANI TO‘PGA TUTUSH

Darhaqiqat, bu xabar sahih va rost xabar ekan, ertasiga Mingtepa fuqarolaridan ba’zilari shaharga qochib ketdilar. Bulardan xabar so‘ralsa, javobig‘a aytadirlarki: “Kecha sahar vaqti bor edi. Ba’zilar endi turgan edilar, qishloqning janub tarafidan birdan to‘p (zambarak) va miltiq otilib qoldi, to‘palon bo‘lub, ust-bosh olg‘oni olib, ba’zilar mayda bolalarini ko‘tarib, har kim har tarafga qarab turib ketdi” deb, “bizda nima ayb, axir, bizdan kelib gap so‘rasa kerak”, deb beparvo turg‘an Mingtepa qishloq fuqarolari ustiga kechalab borib, janub tomondan sahar vaqtida to‘pga tutub qolibdialr. Aksar xotinlar beshikdagi bolalarni zo‘rg‘a yeshib olib qochibdilar. Ba’zilari shunga ham qodir bo‘lolmay, jonlarini olib qochg‘anlar.

Shu parishonliq holda ba’zi to‘dasi shimol tarafdan Namangan tarafiga, ba’zilari g‘arb yog‘idan Marg‘ilonga va bir oz qismi Andijong‘a qochib ketishdilar. Ko‘blari Namangan bilan Marg‘ilon va O‘sh shaharlarig‘a qochg‘an edilar. Zeroki, o‘sha kunlarda Farg‘ona muzofotig‘a qarashli shaharlardan Andijong‘a qarag‘anda o‘sha shaharlar tinchroq ko‘rilgan edi.

Mingtepaga borg‘an soldatlar uch kun muttasil ko‘zlariga ko‘ringan xalqni, hatto “mashq” deb tovuq va itlargacha otib yuborg‘an edi. Uch kundan so‘ng Mingtepa qishlog‘ining ichida hech kim qolmag‘ondan keyin soldatlat kirib, talon-taroj qilib, tamom ko‘rpa- to‘shaklarini olib chiqib, kigiz va gilamlarini Mingtepaning katta “Iydgoh” masjidiga yig‘ib, hatto kosa va taboqlarini shu masjidga to‘pladi va kim bo‘lsa bo‘lsun, atrofdagi qishloqlardan mingboshilarg‘a qilg‘on buyrug‘i bilan mardikor chaqirdi. Atrof qishloqlardan har qaysi mingboshi qo‘l ostidan 2000dan mardikor yozib oldirib keldi.

Mingboshilar 2000dan mardikorlarni o‘zlari olib bordilar. Mingtepa qishlog‘ining tamom imoratlarini ochdirdi. Imoratlar o‘rnidan nima chiqsa va nima narsa topilsa, topg‘an mardikorning o‘ziga berdi. Uy egalari, mingtepaliklar qo‘rqub, aslo bormas edilar. Borsalar ham mardikorlar qatorida ishlab kelar edilar. Hosili 15 kun odamlarni shu xilda majburiy ishlatib, tamom qishloqning balandligini pastga olib, tekis, barobar, musattah qilib qo‘ydi. Eshon hovlisini bo‘lsa 15-inchi kun Andijon hokimi va gubernetur va ko‘b to‘ralar borib, bir qancha zemlyamer(tanobchi)lar va muhandilar vositaari bilan tamom maxfiy isharini va gaplarini ochib, plan qilib, suratlarini olib, kamokan devorlar orasidan qo‘yilg‘an quvur, trubalarning planini qilib, fuqarolarg‘a ko‘rsatish uchun bostirib chiqarib sottirdi.

Eshonni pul, davlat va xazina ko‘b edi va uylaridan bir yerga ko‘mgandir, deb gumon qilib, mardikorlarg‘a necha kunlargacha kovlatib, nihoyat ovora bo‘ldilar.

MINGTEPAGA MUSTAMLAKACHILAR O‘RNASHDIRISH

Mingtepa qishloq xalqiga tekislatib, tamom musattah qilg‘andan keyin uyezd hokimi to‘rt-besh yer o‘lchaydirgan to‘ralar bilan chiqib, 8 kunda tamom Mingtepani mujiklarga chek qilib o‘lchadi. O‘rtasidan to‘g‘ri ko‘chalar chiqarib, ko‘chaning ikki tomonidan xona-joylik imorat tarxini qilib chizib, to‘rt yuz ellik xonalik bir posyolka planini tayyorlab qo‘ydi.

Eshon honaqohining o‘rnini tekislab, cherkov qilishga qaror qilindi. Bu ish esa musulmonlarni xafa qilmoqqa bo‘lgan bir xusumat edi, bo‘lmasa, butxona qilarlik baland va soz joylar ham ko‘b edi. Keyin oradan bir oy o‘tganda, ichkari Rusiyadan nihoyat ko‘b mujiklar kelib qoldi. Bularning har qaysilarig‘a qarz va yordam puli topib berib, shu Mingtepada tayyor va plan qilib qo‘yg‘on joylarga xona, joy berib, o‘rnashtirdilar. Lekin bularning tamom imoratlari bitgancha musulmon dehqonlarini navbat bilan mardikorlikka olib kelib ishlatib turdilar. O‘sha 1898 inchi melodiyda har bir mujik musulmonlar ko‘ziga nihoyat vahimalik va zo‘r qo‘rqinchlik katta odam bo‘lub ko‘runar edi va musulmonlar bulardan ko‘b qo‘rqar edilar. Yolg‘iz qishloq fuqarosi emas, balki shahar xalqi, hatto savdogarlari ham ko‘b qo‘rqar edilar. Har biri, xoh shaharda bo‘lsun, xoh qishloqda musulmonlar ko‘ziga azroildek ko‘runar edi.

MINGBOSHILAR

Chor hukumatining birinchi muddaosi har amalga bo‘lsun boylarni qo‘yish edi. Hatto uning past amal va mansabdorlaridan bo‘lg‘an mahalla boshliq (ellikboshi)larni mahallalar saylab berar bo‘lsalar, obro‘lik va yer-suvlik va xalq ichida e’tiborli odam bo‘lsun, deb buyurar edi. Har amalda boylar bo‘lg‘ani uchun sarmoya tarafdorlari bo‘lg‘an mustabid hukumatlarg‘a har jihatdan yaqin bo‘lmoqlari badihiydir.

Pristuflar va hokimlarning butun deyarli ovqat va ta’minotlari mingboshilarning ustiga bo‘lub, bir so‘mlik narsa olib bersalar, bechora fuqarodan o‘n so‘m qilib olish yo‘lini axtarar edilar va chorasini qilar edilar.

Mazlum kambag‘al-kosib fuqarodan ulug‘ to‘ralarga bergan poralarini o‘n barobar qilib olmoqqa ikki jihatdan qodir edilar. Birinchi, umumiy xalqdan ko‘ra sarmoya xususidan kuchliroq bo‘lg‘anlari bo‘lsa, ikkinchi tomondan, sarmoya tarafdori bo‘lg‘an eski to‘ralarning sarmoyador amaldorlari tarafida turg‘anliqlari edi. Buning uchun umumxalqni ezishda va zulm qilishda hech kimdan jirkanmas edi. Har uch yilda bir martaba saylovlari bo‘lar edi.

Yana shundan bular saylov o‘tganchagina bo‘yinlarini qisib, bir oz mulla mushuk bo‘lar edilar. Boy kishining bechoralarg‘a ko‘rsatgan ozgina bo‘yun qisishi ham kambag‘allar uchun katta obro‘ bo‘lub, uch yil ichida ko‘rgan zulmlari ham eslaridan chiqar edi. Bor-yo‘qlarini qoqib olg‘an to‘ralar saylov ustida: “Bu mingboshi oq podshohga yaxshi xizmat qildi, bizlar rozimiz”, desalar, o‘zini qaytadan saylab qo‘yar edilar.

Bular saylanib, prikaz(buyruq)ni olgandan keyin, qo‘li’g‘a tupurib, saylovda sarf qilg‘an mol-pullarini topmoq uchun bahona istar edilar. Mana shu bahona va izlashlarga Yikchi eshon hodidasi zo‘r sabab bo‘lub, bechora fuqaro uchun kullan ziyon va qo‘rqinchli bo‘lsa, amaldorlar va hokim (uyez boshlig‘i), pristuf va mingboshilar uchun topilmas shodlik bo‘ldi.

Eshon hujum qilg‘an kuni ertasidan tortib bir yilgacha tamom bularning zulmi tobora avj olib, ko‘b kishilarni xonumonidan ajratdilar.

Bir kishini eshonga qarashli deb qamab qo‘ysalar, yuqorig‘a ropurti chiqqanda, eshon hodisasi zulmga katta bahona bo‘lg‘ani uchun, tergovchilar ko‘ziga zo‘r ish va katta jinoyat egasi bo‘lub ko‘runub, ko‘b yillar Sibirga haydalar edi. Bechorani ajratib olmoq payiga tushgan qavm-qarindoshlari tamom bor-yo‘g‘ini sarf qilib, hatto yer va mulklarini sotib, tergovhilarga pora deb bersalar, natijada yana o‘zlarini osish yoki Sibirga yuborishga qaror bo‘lar edi. Bu holda ham mol ketib, orqasida qolg‘an avlodi kambag‘allik balosig‘a yo‘luqib, har yerga borsa, gapi o‘tmay muttaham bo‘lub, kamdastliq va bechoraliqqa odat qilmag‘ani uchun chiday olmay, oxiri o‘g‘riliq va boshqa turli ishlarga kirishgani ko‘rilar edi.

HAKANDNING VAYRON QILINISHI

Uyez mahkamasida xizmat qiluvchi mirzo bir kun: “Ushbu kun Mingtepani xarob qilib bo‘lg‘an soldatlardan “Shaharga qaytishda Yikchi eshoning yuradirg‘on yo‘llarini ikki tomondan 14 gazdan buzib borsaq ham ko‘chalar katta bo‘lib qolar edi, ham ushbu ko‘cha yurgan odamladning xotiralarig‘a podshohi a’zamning isyonchilar haqida qiladirg‘an tanbihi tushib, siyosatimiz yangilanib turar edi.”, deb ijozat so‘rag‘an xat keldi. Kattalar uning maslahatiga kirishdilar. “Agar ertagacha shu gap ma’qul bo‘lib chiqsa, shahar ichidan ham ko‘p hovli va joylar buzulub ketadir”, degan xavfliqk xabarni olib keldi.

Bu yomon gap quloqdan quloqqa eshitilib, shahar ichida eshon yurgan ko‘chalar chetida bo‘lg‘an odamlarg‘a ma’lum bo‘lub, nihoyat besaranjomliqqa tushdilar.

Kechalari uxlamay, bola-chaqalari bilan gubernator insofini tilab chiqdilar. Ertasi kun yana ma’lum bo‘ldiki: “Bu gap man’ qilinibdir, lekin Hakandning yangi shahar tarafidagi Avg‘on bog‘ degan mashhur ziroat tajribagohidag‘i agronomni o‘ldirib ketganlari bahonasi bilan va yangi shaharni kengaytish uchun Avg‘on bog‘atrofidan shaharga kelgancha tamom buzub, hozirg‘a yangi shaharcha joyini qo‘shar emish. Bu hisobg‘a qarag‘onda Hakand qishlog‘ining yarmi eng obod bog‘iston va xush imorat tarafi vayron qilinar emish” deb.

1898nchi yili 25 saratonda bir to‘p zemlemer(yer o‘lovchi)lar Hakandga chiqib, yangi shaharga zich (qo‘shilg‘an) yangi joylarni Avg‘on bog‘dan boshlab o‘lchab, bayroq tutib keldilar. Bu bayroqlar Hakand fuqarolarining eng obod imorat va hovlilari va bog‘larig‘a to‘g‘ri kelgan edi. Aylanasi taxminan 5 chaqirim joyg‘acha vayron qilish alomati bo‘lg‘an bayroq qurilg‘an edi.

Vayron qilishg‘a ma’mur bo‘lg‘an to‘ralar taxminan 25 kun o‘sha Hakand qishlog‘ida yurib, Yikchi eshonning yurgan yo‘lini o‘rtag‘a olib, yangi shaharning kun ko‘rush tarafini tamoman buzish uchun o‘lchab, alomatlar qo‘ydilar.

Bu alomatlar qo‘yulub, vayron qilinmog‘i sobit bo‘lg‘andon keyin bechora vatan egalarikim, taxminan 500 uyliq xona va bog‘lar edi, bularning hammalari to‘planib turli-tuman arizalar bilan Toshkentgacha murojaat qilib, siyosat eshitish va g‘amginlikdan boshqa hech narsa ko‘rmadilar.

Bir kun bularni gubernator chaqirib: “Sizlar hech joyga ovora bo‘lib arz qilmanglar; arizalaringiz qabulg‘a kirmaydir, xudog‘a shukr qilinglarkim, podshoh imperator muazzam sizlarning joylaringizni musodara qilish bilangina qo‘ydi. Hammalringizno qatliom qilib, bola-chaqalaringiz bilan yer yuzidan qirib yuborish ehtimoli bor edi. Ammo oq podshoh sizlarga inoyat va marhamat qildi. Endi sizlar 15 kun muddat ichida bayroq tikilgan joylaridagi imorat va bog‘laringiz bo‘lsa, ochib, bo‘shatib qo‘yinglar! Bo‘lmasa,, 15 kundan so‘ng soldatlar orqali to‘pga tutib tekis qilamiz. U holda imorat va asbob ro‘zg‘orlaringizdan mahrum qolarsizlar. Ham o‘zlaringizni podshohi a’zam farmonig‘a qarshilik qilg‘anlar qatorida ko‘rib, jazog‘a mustahiq qilinadir, chiqinglar!” deb haydab chiqardi.

Shundan keyin bir qanchalari pul to‘plab Toshkentga arz qilmoq uchun bir necha odamlarni yuborg‘an edilar. Lekin bular qaytib kelgunlaricha bu yerdagi hokimlar qolg‘onlarini chaqirib: “Nima uchun shu vaqtgacha ochmaysizlar”, deb, necha xil dashnomlar bilan siyosatlar qilib turg‘an edilar. Qaytib kelib, bosh gubernatordan qattiq siyosatlar va dashnomlar eshitganliklari va arzlarining tinglanmaganini bildirdilar. Keyin Andijon uyez hokimi bularni chaqirib, 15 kishini qamab qo‘ydi. Bahonasi “Sizlar Toshkandga borib arz qilibsizlar, go‘yoki bizlarning hukmimizga norozilik izhot qilibsizlar!” demak edi.

Ko‘pchilik borib, bularni qamoqdan qutqarmoqchi bo‘lg‘anda bir hafta ichida ish boshlamoqqa tilxat berib, yig‘lab-yig‘lab qaytishdilar.

Bu kunlarda ham atrof tog‘lar va qishloqlardan ba’zi mingboshilarg‘a yoki aminlarga bir zamonda yomon so‘z aytilgan bo‘lsa, yoki adovati bo‘lsa, u odamni olib kelib, avval bir narsa chiqsa – xo‘b, chiqmasa darhol “eshonning muridi yoki muxlisi edi” deb ropurt berib, falokatga duchor qilar edilar.

Ma’mur bo‘lg‘an to‘ralar o‘z askarlari biilan chodirlarini tikib, xalq ko‘zida har kun mashq qilib turdilar. Bir kun tamom fuqaroni chaqirib, gubernator tomonidan berilgan farmon qog‘ozini ushlab turub, xalqqa shunday amr va farmoyish qildiki: “Agar sizlar ushbu kundan boshlab bayroq tikilgan joylardag‘i imorat va bog‘laringizni buzib, bir hafta ichida saranjom qilib, yalang qilmasangizlar, biz o‘zimiz buzamiz. U vaqtda sizlar hech narsangizga molik bo‘la olmaysizlar, har narsaki qo‘limizga kirsa, o‘lgan soldatlarning foydasig‘a olinadir. Ertadan ish boshlasangizlar xo‘b, to sizlar tamom ochib olib, yalang qilib bizga topshirg‘anlaringizgacha o‘zimiz ustida turamiz. Shunga ko‘nmasanglar, o‘zlaringizga ham Yikchi eshing‘a berilgan jazodek jazo beriladir. Shunga nima deysizlar?!” deganda xalq zamonning qo‘rqinchili vaqtidan xavflanib: “Taqsir to‘ralar! Bizga bu yil fursat bersangizlar, mevalarimiz va uzumlarimizni yig‘ib, sotib olsak qo‘limizga pul tushib, keyin bir joyga borib vatan qilib o‘ltirsak, alhol buzib ol deysiz, qanday qilib shu meva qilib turgan daraxtlarni kesamiz?”deb arz qildilar.

Zolimlar berahmlikni intihosiga etkazib: “Bog‘, imorat oq podshohning qo‘l ostida yo‘qdir. Uning hukmini bajo keltirishdan boshqa chora yo‘q: ertaga buzasizmi yoki buzmaysizmi? Shuni aytasiz, agar buzmas ekansizlar, bu kun biz to‘p quvvati ila vayron qilib yer bilan barobar qilamiz. O‘zingiz impiratur a’zamg‘a qarshi bo‘lg‘an va hukumatg‘a qarshiliq qilg‘anlar qatorida hisob qilamiz. Gap, shul, hayda,... jo‘na...!” deb quvib yubordi.

Mazlumlar yig‘lab-yig‘lab tarqalgandan keyin ot-arava taraddud qilib, ertasi asbob va ro‘zg‘orlarini bo‘shatdilar. Qishloqning chetidagi hovlilarga tashimoqqa boshladilar. G‘oyat shoshilish sur’atda ro‘zg‘orlarini tashib keyin qon yig‘lab imoratlarini ochib tashladilar, bu yig‘lab yurgan mazlumlar ustiga to‘ralar va soldatlar kelib: “Sanmi eshon!” deb masxara qilar edilar. Bir dehqonning ko‘p yig‘lag‘anini bir soldat ko‘rub: “Nima uchun yig‘laysan?”deb savol qiladilar.U javobig‘a: “Hokim gubernatorlarning berahmligiga, bizdek kambag‘al fuqarolarni bexonumon qilg‘anig‘a va bola-chaqalarimiz bilan ko‘chada qolg‘onimizg‘a yig‘layman”, deganda: “San hokim gubernatorni zolim deding”, deb guvoh bo‘lib o‘n yillik Sibirga hukm qilib, bola-chaqalarig‘a ko‘rsatmay jo‘natib yuborilg‘ondir.

Mana bu zulm xabarini boshqalar eshitib, har qancha yig‘lasalar ham birorta soldat yo to‘rani ko‘rsalar, darhol o‘zlarini to‘xtatib, yig‘lamas bo‘lar edilar. Hatto xotin-qizlar va bola-chaqalar vaqt tang, fursat oz qolg‘oni uchun barobar kecha-kunduz ishlab, qo‘llarig‘a bir hafta ichida kirgan narsani g‘animat bilib qoldi. Shu joyda bir cholning yig‘lab turganini xabar olib turg‘on bir to‘ra ko‘rib qolib: “Nima uchun yig‘laysan?” deganida u: “E bolam, oq podshohimizning o‘lgan askarlarining bola-chaqalarining minba’d ko‘radirgan kunlariga rahmim kelib yig‘layman”, deb javobi munofiqonani berganida, indamay ketgandir. Shu kishi hozir hayot. O‘z og‘zidan yozildi.

O‘LIKFURUSHLAR

Istibdod tarafdorlari bo‘lg‘an och bo‘riga o‘xshagan tora va chinovnik-mansabdorlarni biz, Turkiston elini zulmning qancha navi bo‘lsa, o‘shancha navi bilan alohida-alohida azob berib, rahmsizliklar bilan yerli xalqning anjomini va ayblarini zo‘r jinoyat qilib, qo‘lida bor mol-amloklarini tortib olar edilar. Jinoyat qilmag‘an kishi kichkina bir ayb bilan qamab qo‘yilib, darhol miyonchi ham asrorlari vositasi bilan birmuncha pulga base’ bo‘lar edi. Bu hol ma’ruf va mashhur odatlar qatoriga kirib qoldi.

Shuning uchun biz Turkiston kambag‘allarini chor zolimlari hamisha bir tuhmat bilan giriftor bo‘lub turmog‘imizg‘a tolib bo‘lub, doimo o‘limtik izlagan cho‘jag‘atdek ko‘zlarining bizning ustimizga tikib o‘ltirg‘an edilar. Yikchi eshonning tog‘ va toshdag‘i, shahar va qishloqlarda oshkor zulm va qahrlarig‘a chidamay, jonidan to‘yib qilg‘an hujumi zo‘r bahona bo‘lub, fuqaroni ikki tarafdan muddalarining boricha va qo‘llaridan kelganicha ezib yomonliqlarini qildilar. Soldatlarini ko‘cha va sahroda yotqizib qo‘yib, yuqorida ko‘rsatilgandek 15 kungacha qimirlag‘an jonni qo‘ymay otib turdi. Beixtiyor ishlashga va mardikorchilikka, ayniqsa, qurt tutgan va vaqti bo‘lgani uchun barg kesishga borgan mehnathi bechoralarni tutdek to‘kib, o‘liklarini it, qush yeb ketdi. Hatto qatig‘ va sut sotmoqqa ketib turgan mas’um bolalar berahmlik bilan otib o‘ldirildi.

Mas’um bolalarning ota-onalari o‘zlari ko‘chaga chiqa olmay yoki bolalarining ustiga borolmay, kechalari soldatlarni ohista chaqirib, bolalarining o‘ligini topib berish uchun base’ qilib, ko‘b miqdorda pul berib, topib oldirar edilar. “Pora berilsa, o‘liklarni soldatlar ohista topib berar ekan”, deb ko‘b kishilar bu yo‘l bilan borib soldatlardan o‘liklarini sotib olar edilar. Bora-bora bu ish to‘ralarga ham ma’lum bo‘lub, bular ham musulmonlar bilan kechalari so‘zlashib, o‘likfurushlik qilishga kirishdilar.

Biz fuqaroning begunoh o‘lganlarimiz yetmay, o‘z o‘lik jasadlarimizni o‘liklariga it, qush tegib, qaysisi qo‘lsiz, qaysisi oyoqsiz va qaysi birisining yuz’-ko‘zi yirtiq holda sotib olingan. Bundan boshqa qalam bilan tahrir qilib bo‘lmaslik darajadagi haqoratlar tiriklarimizgagina bo‘lmay, o‘lgan og‘a-inilarimizga ham tekkan edi. Mana bu kabi haqoratni moddiy ziyonimiz va chor hukumatining Turkiston dehqonlarig‘a qilg‘an moddiy va ma’naviy adovati va zolimlig‘i deb nom bersak, yolg‘on yozmag‘on bo‘lamiz.

Mana bu hol hamma qishloqlardan ko‘ra ko‘broq Yikchi eshonnnig vatani bo‘lg‘an Mingtepa bilan yangi shaharning janub tarafidagi Hakandda bo‘lg‘andir. Xususan vayron qilib, yangi shaharga ko‘chkancha 25 kunga yaqin bu zulm va siyosat davom etib turg‘an edi.

VAYRONA VA “MARHAMAT”

Shaqovatpanoh to‘ralar, falokatmaob hokimlar Andijon shahrining bog‘ va bo‘stoni bo‘lg‘an Hakand qishlog‘ini “Yikchi eshonning yurgan yo‘li” deb bahona qilib, yuqorida yozilg‘ondek vatan egalarini miltiqlari bilan otib o‘ldirib, qancha bolalarni yetim, qancha xotinlarni tul qilib, obod bog‘ va bo‘stonliq navnihol daraxtlarni ildizi bilan o‘z egalariga kestirib, ishkom (valish)larni buzdirib, hatto tep-tekis qildirdilar. Hakandning tekislangan joyini bir qancha soldat va to‘ralar chiqib aylanib ko‘rdiki, 25 kun ilgarigi bog‘ va bo‘stonlardan aslo nishona qolmag‘an. O‘sha kun tezdan mirshab va mingboshilarni choptirib, tamom shahar va Hakand fuqarosini to‘pladi va hamma hozir bo‘lgandan keyin ushbu joyda imorat va bog‘lari bo‘lg‘an kishilar bir tarafga tursin, deb buyurdi.

Bechora fuqarolar: “Biz imorati buzilganlar hamano gunohkorlarmikan? Imoratlarimiz vayron qilindi. Endi ajrab, boshqa alohida turmoqqa buyurishi otib yuborish uchunmikun? Yoki qamab qo‘yarmikin?” db xalq ichiga urib, yuzlarini pana qilar edilar. Bechoralar nima qilsinlar? Manim imoratim buzilgan edi, deb hech kim ko‘pdan ayrilib chiqmadi. Shuning uchun bu xil so‘z boshladi:

- Ey musulmonlar!

Sizlarning ustingizga yomon qush soya solg‘on edi. Imperator a’zamning qattiq va qahrliq g‘azabiga to‘g‘ri kelgan edingizlar. Lekin u baland darajali Turkiston viloyatining general-gubernatori sizlarni oyab, xalqda gunoh yo‘q, gunoh qilg‘uvchilarni begunoh xalq o‘zi ushlab ko‘rsatib berdi. Aybdorlarning hammasi jazo va sazosig‘a yetkurildi ham yetkurilmakdadir, deb necha daf’a telegromlar berib, shavqatli oq-podshoh hazratlaridan so‘rab oldilar.

Binobarin, siz Hakand fuqarolari sog‘-salomat qoldingizlar. Endi sizlarni ko‘p iltijo bilan so‘rab olgan hokimni podshohi a’zamning qoshida yolg‘onchi qilmay, ichingizda bo‘lg‘an imperator a’zamg‘a tig‘ tortg‘an gunohkorlarni o‘zlaringiz ko‘rsatib berishlaringiz kerak.

Agar ko‘rsatib berishdan ibo qilsangizlar, maxfiy xat qilib, tegishli amaldorlarg‘a bersangizlar, o‘zlari topib oladilar. Chunki oyinadan ravshanroq bilamizki, sizning ichingizda xoh kattalardan, xoh kichiklardan bo‘lsun o‘sha isyong‘a qo‘shilg‘anlari ko‘pdir. Lekin sizlar hali ham u olampanohning g‘azablaridan qo‘rqmaysizlar. Qo‘rqmag‘anlaringizga dalil shuki, to hanuzgacha o‘z qo‘llaringiz bilan bir kishini ushlab berganlaringiz yo‘q. Kimki tutildi podshohi a’zamning tuzini rioyatilg‘an amaldorlarning vositasi bilan ushlandi. Ammo sizlar o‘ylamanglarki, aytmasak, maxfiy qoladir, deb. Bizlar Andijon shahari va uyezdining aholisini g‘albirdan o‘tkazgandek taftish qilamiz. Ul holda isyonchilarning o‘zi ajralib qoladir. Bu yo‘l bilan topilg‘onda sizlar ham o‘sha isyonchilar qatoridan bo‘lub, balki isyon qilg‘anlarni saqlag‘aningiz uchun gunoh qiluvchidan ham qattig‘roq g‘azabga qolsangiz kerak. Mana, endi bu vayron qilingan joylar xususiga kelsak, aslida u olampanoh impratur a’zamg‘a tig‘ tortg‘uvchilarning bir qit’a joylarini vayron qilsh bilan emas, balki o‘sha shaharning eli va uyezi bilan ostini ustiga qilmaq va o‘sha shaharda aslo qimirlag‘an jonni qo‘ymasliq bilan bo‘lar edi. Andijon shaharining jami uyezlari bilan Farg‘ona muzofotining obod va manfaatlik shaharlaridan bo‘lg‘ani uchunvham shaharning ko‘p fuqarolari bu voqeadan bexabar bo‘lg‘onlari bizning oldimizda sobit bo‘lg‘ani uchun man Farg‘ona gubernatori, u baland darajali yarim podshoga ko‘p iltijo qilg‘anim va siz aksar xalqning bu afsusliq voqeadan bexabarliklaringiz va gunoh qilmoqda Yikchi eshon bilan sherik emasliklaringizni ko‘p yozganim uchun u baland darajalik bosh hokim manim xotiram uchun podshoh a’zamga yozib, eshonni vatani Mingtepa bilan Hakandnigina qatliom va tekis qilishg‘a u olampanoh oq podshoh ulig‘ gazablarini hasr qiling‘an edi.

Mingtepa bo‘lsa tamom bo‘lub, yolg‘iz nomig‘ina qoldi. Hakandga kelsak, Andijon shaharigagina emas, butun Russiyaga meva etkazib turg‘on bir obod bog‘iston yer bo‘lub, hosillik jiyo mulohazasida ham ko‘p mayda mevali daraxtlarning nobud bo‘lub keyishini nazarda tutub, ya’ni podshohi a’zamning ulug‘ mehribonlig‘i va shavqatiga suyanib turub Toshkandga – yarim podshoh hazratlariga yozib edim.

U baland darajali yarim podshoh impratur a’zam borgohlarig‘a iltijo qilib, harbiy vazir muhtaramlarini inoyatli maslahatlari bilan isyonchilar uzayotqan va oxiri to‘xtagan joyi Hakandni buzub va surnugun qilib, nomimi olam yuzidan yo‘qotmoq bilan u oliy hazrat impratur a’zam g‘azablarining shu’lasini o‘churush bilan podshoh hazratlariga manzur qilib siz Hakand fuqarolarining ham alhol buzilmaydirg‘on joylaringizni tilab oldiq. Yolg‘iz isyonchilarning ovozi yetgan va oxiri to‘xtag‘an joyg‘acha taxmin qilib, shu harob etilgan joydan tashqarisini eli bilan sog‘-salomat saqlab qoldiq.

Shuning uhun sizlar doimo u olampanoh oq podshohning xonadoni muazzamlari bilan ko‘b yillar saltanat taxtida izzat bilan barqaror bo‘lmoqlarig‘a va o‘rtada vosita bo‘lib tilab olg‘an u baland darajali yarim podhoh hazratlari va unga qarashli barcha amaldorlar va to‘ralarining uzun yillar umr ko‘rub, yo‘l boshlaringizg‘a soyabon bo‘lmoqlarig‘a duo qiling!..

Ammo joylari vayron qiling‘on va imorat-bog‘laridan ajralg‘anlari jonlaridan va bola-chaqalaridan ajralmag‘anlari uchun doimo shukr qilsunlar. Shunday joylaridan ajramoqlarig‘a sabab bo‘lg‘uvchi isyonchilarni har joyda ham bo‘lsa, ko‘rsatub bersunlar. O‘zlarining va podshoh a’zam askarlarining o‘chini chiqarsunlar.

Shundan keyin u baland darajali yarim podshohimizning Hakand nomini yer yuzidan mahv qilmoqqa bergan va’dalari yuzasidan bu yangi maydonning nomini nima qo‘ysak bo‘ladir, deb musulmonlardan nom soraydir.

Amaldorlarning o‘zlari ham to‘planib, maslahat qilib, ular o‘rtasida ikki nom talash bo‘ldi. Bir taraf bu maydonni ko‘chalarga taqsim qilib, o‘rtasidan bir katta ko‘cha olinib, nomini “Duxovskiy ko‘cha” qo‘yamiz, chunki yarim podshoh bu joyni saqlab, elini qatliomdan olib qoldi, dedilar. Yana ba’zilari, alhol, yangi shaharning o‘zi katta, har qancha odam bo‘lsa, yana kifoya qiladir. Hanuz bo‘lmag‘an ko‘chalarni bo‘ldi qilib, ketindan ko‘cha bo‘lmay ekin ekulub ketsa, yarim podshohning nomi o‘chub ketadur. Binobarin, katta ekin joylarning nomini qo‘ysak bo‘ladir. “Duxovskiy maxra’” bo‘sun dedilar. Musulmonlar maslahatiga qarasa, bular o‘rtasida ancha xil gap bo‘lub, bir taraf “Yarim podshoh vayron qilg‘an (“Duxovskiy vayrona”) bo‘lsun” deydir. Ikkinchi taraf “Yarim podshoh xarobasi” bo‘lsun deydir, uchinchilari “Duxovskiy maydon” va to‘rtinchilari “Poshsholiq” qo‘yamiz deydir... Ba’zilari: yaxshisi va osong‘inasi “Vayrona” deya qolayliq deydilar. Bularning ustiga mustabidchilar kelib: zinhor vayrona lafzini qo‘shmanglar, kim “vayrona” desa, ishtraf qilamiz deb man’ qildilar. Oxiri “Duxovskiy maydon”g‘a qaror berib, jo‘nadilar. O‘zbeklar o‘rtasida “vayrona, vayrona” deb shuhrat topdi. Muning daf’i uchun necha martaba man’ qilib, buyruq qilsalar ham bo‘lmay, to bu kunlargacha vayrona ismi bilan yod qilinmoqda qoldi. Hali kim bo‘lsa bo‘lsun, vayrona desa, daf’atan bilinadir. Istibdodchilarning begunoh xalq ustiga qilg‘an zulmini to bu kungacha ravshan ko‘rsatib turadur.

Askarlar Mingtepani xalqi bilan to‘pga tutib, qari va ojiz kishilari va yosh bolalari to‘pning o‘qi bilan parchalanib ketdilar. Tamom imoratlarini vayron qilib tashlab bo‘lg‘andan keyin, to‘pga tutmoqqa borg‘an soldatlarning boshlig‘i 25 kundan so‘ng Andijon shahriga kelib, gubernatorning qilg‘an zulmi va sitamining otini “podshoh a’zamga tig‘ ko‘targuvchilarga tanbih” qo‘yib, ropurt topshirdi. Bu topshurg‘an ropurti eski daftarlar saqlanadirg‘on arxivlarda bo‘lsa kerak.

Yikchi eshon qishlog‘i bo‘lg‘an Mingtepani go‘ristong‘a aylantirgandan keyin “Yarim podshoh” ichki Rusiyaga borib, to‘rt yuz uylik mujik talab qildi va mujiklarga Mingtepa qishlog‘ini marhamat qildiq deb qishloq otini “Marhamat” qo‘ydi. Saratov va Samara taraflardag‘i rang-ro‘yig‘a qarab bo‘lmaydurg‘an ifloslardan Andijong‘a to‘rt yuz uylik yetib keldilar. Bularning hammasini xotin, bola-chaqalari bilan Mingtepaga olib borib joylashtirdi.

Bu yangi kelgan mehmonlarning atrof-qishliqlardag‘i musulmon dehqonlarig‘a qilg‘an zulmlari aslo aytilib bitirilmaydirgan va bepoyondir. Bu kelganlar andak kunda boy bo‘lub, qishloq fuqarosining ko‘pini o‘zlariga xizmatkor qilg‘an edilar va Farg‘ona fuqarosini istismor qilishda nar xardek shovqun solar edilar.

ISTIBDODNING O‘LUMI

Mustabid chor hukumatining harbiy to‘ralari Yikchi eshonning hujum qilishidan bir yil keyin askarlarini kelgan joylarig‘a qaytardilar.

Bir yil o‘tgancha hadik qilib, 2500ta talovchi askarlari hamisha eski shahar va yangi shaharni aylanib, bechora musulmonlarni o‘zlariga yolbortirib, tabiatlari xohlag‘an buzg‘unchiliklarni qilib yurdilar. U vaqtda istibdodning har bir soldati musulmonlarning ko‘ziga “fil”dek qahramon-qotil bo‘lub ko‘rinar edi.

Hech kimda had yo‘q ediki, bularning rayini qaytarsa. Ko‘chada ko‘zlariga nima ko‘rinsa, qo‘l solib, olib ketar edilar.

Mulla Ahmadali degan chitfurush bor edi. Bu kishidan bir soldat kelib, 8 gaz chit olg‘an va pulini bermay keib turganda, chitfurush pulini talab qilg‘an ekan, qo‘lidag‘i miltiqning qo‘ndog‘i bilan boshini yorib va o‘zini palitsa orqali badbaxt to‘ralarg‘a sudrab borib, “sakkiz gaz chit olib, 5 so‘m berib edim. Oshgan pulini qaytib bermay, muttahamchiliq qiladir ham o‘zining boshini ustung‘a urub, qonatib: “Sening ham o‘lging keldimi, o‘lsang san bilan 24 ta bo‘ladir. Sizlardan qutular kun bormi?” dedi deb da’vo qilg‘anda, u vaqtlardag‘i siyosatlardan yurak oldirg‘an sababli qo‘rqub ketib: “Ehtimol besh so‘m bergan bo‘lsa, man sahv qilib xayolimdan chiqarg‘an bo‘lsam, bu hurmatli soldat afandi hech vaqt yolg‘on aytmasalar kerak”, dedi.

Unda pristufning g‘azabi kelib:

- Oq podshoh hazratlarining soldatlarini qanday yolg‘onchi qilasan! Ham uning haqida tuhmat qilmoqchi bo‘lub, boshingni o‘zing yorasanmu?- deganda, Mulla Ahmad Ali:

- Yo‘q, taqsir to‘ra boshimni bu soldat og‘amiz urub yordi, nainki kishi o‘z boshini yorsa, - degan vaqtda, tutqan mirshabi:

-Yolg‘on aytma, man ham ko‘rdim. O‘zing ustunga urib yording, - deb yolg‘on guvohliq berdi.

Buning guvohligi bilan uni uch kun qamab, chitning gazi yigirma tiyindan ekan, 8 tanga bo‘ladi: 3 so‘m 40 tiyin oshiq pulini ham ber, deb olib bergandir Bekorga shuncha kaltak yeb, sakkiz gaz chit bilan 3 so‘m 40 tiyin yonidan pul to‘lab, ham 3 kun qamalib chiqdi.

Mazlum xalq uzun zamonlar tortib kelgan xorliq va zorliq, zulmning natija va oqibatini ko‘rub turibdirmiz. Ularga mukofot bo‘lub, taxt va baxtidan ajrab, tamom dastgohi o‘sha asarda oyoqlarining ostida ezilib yurgan mazlumlar qo‘lig‘a o‘tdi, ular o‘z kunlarini o‘tqarib, yo‘qsulliq va mazlumlik quvvatlari, ulug‘ dohiylar va o‘tkir fikrlik rahbarlar yo‘lboshchilig‘i va g‘ayratlari orqasida bu Qizil O‘zbekiston ozodliq davlatiga musharraf bo‘ldi.

Bu kitobimizni tamom qilish oldida Shayx Sa’diyning hikmatli baytlaridan ikki juftini keltirib o‘tamiz:

Agar bad kuni chashm niki mador.

Ke hargiz nayorad k-az angur bor.

Ya’ni: Agar yomonliq qilgan bo‘lsang, yaxshilik umid qilma, hech vaqt achchiq g‘o‘radan shirinlik chiqmaydir.

Na pandora, ey, par, xazon kashte jav,

Ke gando‘m itoni bevaqt derav.

Ya’ni: Ey kuzda arpa ekkan dehqon, men o‘ylamaymankim, sening hosiling o‘rar vaqtda bug‘doy bo‘lib qolsa...