Zerrspiegel [ Search ] [ Index ] [ Edit ] [ About ]

Mamatkarim

Description

Название: Mamatkarim

Источник: Dastagul. O‘zbek xalq ijodi. Dostonlar. Toshkent, 1965.

Страницы: 17-56.

Язык: узбекский, народная поэма.

Тема - народный герой Маматкарим, выступавший в 1914-1915 гг. против беззакония, творимого местными и русскими властями.

Categories

Абдулла-бай Администрация Ак-падишах Андижан Бедняк Бекат (село) Богатырь Богач Джамбай История Каракалпак Квитанция Коканд Кунграт Маматкарим Мингбаши Мулла Рузи Народ Оценка Политика Право и судопроизводство Пристав Профессиональные группы Русские слова Самарканд Самооценка Сияб Слуга Солдат Тысячник Усман казы Фергана Фольклор Ходжент Чиновник Этнические и племенные группы Эшматбай

Editor

B.S.

Text

Mamatkarim polvon urug‘i Qo‘ng‘irot bo‘lib, Jomboyda, Bekat qishlog‘ida tug‘ilgan edi. Mamatkarim shunday kuchli bo‘ldi: tegirmon toshini bir qo‘li bilan ko‘tarib turardi… Amaldor, sipohi, qozi, mingboshilarni ko‘rsa, obro‘yli odam deb iymanib turmas edi, boylarni ham sira hurmat qilmas edi, so‘ziga quloq solmas edi. Bozor-o‘charga borsa har nima topganini kambag‘allarga harajat qilib, o‘ttiz-qirq kambag‘alning vaqtini xushlar edi. Boylar: “Bu bizni beobro‘ qiladi, pul bilan aldab, binogdor qilib, ixtiyorimizga ko‘ndirib olsak”,-– der edi. Boylar odam qo‘yib chiqarsa, bormas edi, hech pisand qilmas edi, o‘z bilganidan qolmas edi.

Kunlardan bir kun Jomboyda Quyonchi urug‘idan Eshmamatboy Mamatkarim polvonga yo‘liqib qoldi. “Bunga nasihat qilay” deb, bir so‘z aytib turgan ekan:

Mamatkarim quloq solgin so‘zima,

Bir nasihat aytay sening o‘zingga,

Seni polvon deydi ko‘p hurmat qilib,

Hech kum so‘ylay olmas sening yuzingga.

O‘zing er yigitsan, yurishing pastdi(r),

Boylarman turmoqqa qilg‘in havasdi,

Otang kambag‘al, o‘tirishing nokasdi(r),

Isqirti kambag‘al joningga basdi(r).

O‘zing hayron, lekin polvon zo‘rabor,

Kambag‘alman suhbat qurmoq na darkor?

Yigit xalqi baland parvoz bo‘lmasmi?

O‘zidan g‘olibman suhbat qilmasmi?!

Boylar sening yetagingga yurmasmi?

Shunday bo‘lib bu elatda yurasan,

Kambag‘alning barin yig‘ib olasan,

Hisobda yo‘q odamman suhbat qilasan,

Sen ularni odam sonda ko‘rasan.

Ulfatlaring boyning xizmatin qilgan,

Kunin o‘tkazolmay g‘am tortib yurgan,

O‘ylagin, so‘zimda yo‘qdir hech yolg‘on,

Qozi, mingboshilar bu hazar qilgan.

Bunday bo‘lsang, xalq qiladi malomat,

O‘zing bir rejali, bilgin, azamat,

Bu ishingdan senga yo‘qdir manfaat.

Biz bilmaymiz qanday gapni o‘ylading,

Boylar bilan amaldorni qiynading,

Satta kambag‘alga yaxshi so‘ylading.

Men bilaman ajab jo‘ralaring bor,

O‘z hisobin topmay yurgan bachchag‘ar,

Ular senga nima vafo ko‘rsatar?!

Nasihat ayladim bu zamon senga,

Ko‘nglingda borini gapirgin menga.

Boylik qilib yursang mana elatdir,

Boshingdan ko‘targin g‘amu kulfatni,

Yayov bo‘lsang beray bir yaxshi otni,

Boylar bilan bunda qilg‘in suhbatni.

O‘yla, bu yurishing senga uyatdir!

Dunyo darkor bo‘lsa boylar beradi,

Farzandidan seni ziyod ko‘radi,

Senday er yigitlar elatga darkor.

Polvonlik nomingda ko‘p martabang bor,

Sening yurishlaring martaba topar;

Qozi, mingboshilar senga intizor,

O‘zini bilmagan dod arvohilar,

Sop ulfating seni kambag‘al bo‘lar,

Bu ishingni xalq ko‘p uyat qilar.

Mazgilimga seni olib borayin.

Olib borib, yaxshi sarpo berayin,

Dunyo darkor bo‘lsa qo‘lingga berib,

Bir urug‘miz, seni o‘g‘il qilayin,

Kambag‘alsan senga bir ot mindirib,

Endi seni shodmon qilib kuldirib,

O‘g‘lim deyin izzat, obro‘ying qilib.

Bu so‘zni eshitib Mamatkarim aytdi:–Boylikka mag‘rur bo‘lib, qorning egarning qoshini bosib, oting bilan to‘ningni maqtagani keldingmi? “Ulfatlaringdan, birga yurgan odamlaringdan nima [manfaat] olasan”,–deb nah urma! Boylik hamisha o‘zingda turarini bildingmi? Bu ko‘chmanchi dunyo, shu vaqtgachayin senda tursa, endi og‘ishib kambag‘allarda ham turar. Otu to‘n berib, sen bizni boy qilma! Ishqilib kambag‘allarni ishlatib, dunyoni ko‘paytib, boy bo‘lmog‘ingni bilding. Navbati kelgan vaqtda boylining natijasini ko‘rasan. Sen nasihat etib, bizni yo‘lga solma! Yurar yo‘limizni o‘zimiz bilamiz,–deb ikki o‘g‘iz so‘z aytib turgan ekan:

Sen menga aylama buncha nasihat,

O‘z yo‘lingga bora bergin, Eshmamat!

Hozir boysan sen ham elda salomat,

Vaqti bilan bo‘lar senga qiyomat…

Kambag‘al, qashshoqni nah urib kelding,

Boylikning damasin bizlarga qilding.

Ne o‘y bilan menga nasihat qilding,

Bor endi, yo‘lingdan qolma, Eshmamat!

Kambag‘allar bunda ‘amu kulfatda,

Ular bizning bilan birga ulfatda,

Sening eshigingda qancha xizmatda,

Sen boysan-da bu arkoni davlatda.

Sen so‘ylasang, kelar kuchu quvvatim.

Rohat bo‘lar bir kun mening mehnatim,

Qolsin endi u kattalik odating.

U, qo‘lingda jafo ko‘rgan kambag‘al.

Aytib haqin ololmaydi yo‘qsullar,

Ishlatib, haqiga munkir bachchag‘ar!…

Endi sen so‘ylasang izza qilaman,

Otingdan ag‘darib, yerga uraman,

O‘zing o‘yla, mayda-mayda qilaman,

Bor endi yo‘lingga, borgin, Eshmamat!

Mamatkarim deydi mening o‘zimni,

Achchig‘lansam o‘yib ikki ko‘zingni,

Sarg‘aytarman sening gulday yuzingni!…

Yaxshi so‘ylab meni yo‘lga solmagin,

Yo‘ldan adashgan deb gumon qilmagin,

Ketgin endi, bu yerlarda turmagin!

Bu so‘zni Mamatkarimdan eshitib, tarziga qaradi, polvonning g‘ujuri kelgan, g‘idirishiga gapirib turgan. Ko‘nglida aytdi: “Buning gapini qaytarsang, bu otning jilovidan ushlar, otdan ag‘darib olib, xalq o‘rtasida meni beobro‘ qilib, tepib, urib sharmanda qilar. Buning qo‘lini ushlamoqqa quvvating kelmasa, gapingga quloq solmasa, beobro‘ bo‘gandan, ketgan yaxshi”.

Qaytib kelib do‘koniga tushdi. Xizmatchisi boyning otini ushlab, ostiga libos tashlab: – Boy bobo, qayoqdan keldingiz?–dedi. Eshmamat boy aytdi:–Men Mamatkarimga yo‘liqdim, “kattalarni bunday beobro‘ qilma”,–deb nasihat qildim. Mening bergan nasihatimga otdan ag‘darib olib uradiganday [bo‘ldi]. Bu yomon bo‘lgan ekan.

Shunda qoshida xizmat qilib turgan odamlar:–Hali ham sizning yuragingiz bor ekan, unga kim gapira oladi. U ko‘ngliga ma’qul bo‘lganini qilib yuradi. Endi uning qoshiga bormang. “Yurtning egasiman”,–deb yurgan amaldorlar qancha qo‘rqadi. O‘zining tog‘asi–cho‘rog‘asi mingbohi qanday qo‘rqadi. Siylasa, o‘zining tog‘asini siylar edi-da. O‘z tog‘asini bilmagan odam sizni biladimi? Hali ham beobro‘ bo‘lmay yaxshi kelibsiz.

Mamatkarim uyiga qaytib ketdi. Qishlog‘ida o‘zining jo‘ralari bilan hangoma qilib yurib edi. Orada uch-to‘rt kun o‘tdi. Jomboyning bozori bo‘ldi. Mamatkarim, Suyarko‘z degan jo‘rasi bilan ikkovi ikki cho‘birni minib bozorga jo‘nadi. Sarbozordan o‘tib, bozor joyga yetib kela berdi. Guzari mingboshixonaning qoshiga tushib qoldi. Ko‘rdi: mingboshilar beshta-o‘nta odamlarning qo‘lini orqasiga boylab, daraxtga boylab qo‘yibdi. Yigitlarning qo‘lida qamchi tengsalib aylanib, “Poshsholikning haqini bermagan kishi shunday azob, uqubat ko‘radi”,–deb gapirib turibdi. Shu vaqtda bir xizmatkori: “Suyarko‘z bilan Mamatkarim kelayapti”,–deb mingboshiga xabar berdi. Mingboshi – Mamatkarimning tog‘asi, odamlariga bu so‘zni aytib turibdi:

Eshitinglar mingboshining tilini,

Chechib qo‘ygin boylovlining qo‘lini.

Eshitinglar endi so‘ylagan dodni,

Mamatkarim bunda yaqinlab kepti,

Hayallamay darrov opkeling otni,

U juvonmarg ko‘rsa g‘ovur qiladi.

Mingboshi deb bizni ayab qo‘ymaydi,

U bizlarga qattiq tashvish beradi.

“Sen bularni nega boylading”,– deydi

Sharmanda qip, balki bizni uradi.

Biz uning qo‘liga tushib qolmayik,

Hayallab baloga duchor bo‘lmayik,

Otlanib biz, bo‘lak yo‘lman jo‘nayik,

Juvonmarkka biz yo‘liqib qolmayik,

El ichinda sharmada bo‘p yurmayik.

Daftar-paptarlarni xurjunga solgin,

Hammang ham ketmakning payida bo‘lgin.

Hech qaysing ularga duchor bo‘lmagin,

Meni bilmaganda kimni biladi,

Qora kuch-da, xudo bergan balodi(r).

Shunda barin aqli shoshib qoladi,

Har kim o‘z boshiga bo‘lib qoladi.

Boyloviga qaramaydi yigitlar,

Otlanib tush-tushga qochib boradi,

Mingboshi ham bundan qochib jo‘nadi.

Bozorda odamlar hayron qoladi,

Bu sirlarni bir nechalar biladi,

Bilgan bilmaganga so‘ylab turadi:

– Bu Jomboyga Mamatkarim keldi, deb,

Endi bilgin bozor g‘alva bo‘ldi, deb,

Do‘mu mingboshilar bu yerda bo‘lsa,

Ko‘rib qolsa, armon bilan o‘ldi, deb.

Mingboshilar kushandasi keldi, deb

O‘z boshin qutqarib, yolga kirdi, deb

Ahmad soqov qochib ketib boradi,

Bilmaydi keynidan kelganday bo‘lib,

Amaldorni sira ko‘rgan yo‘q polvon,

Ketdi bular bu bozordan qutulib.

Mamatkarim mingboshi o‘tiradigan yerga endi yetdi. Boylovli odamlarni ko‘rib bir-ikki og‘iz savol so‘rab turgan ekan:

Qanday odam senga qildi zulmni?

Keng bozorda kim boyladi qo‘lingni?

Hech kim so‘ramabdi sening holingni?

Otdan tushib, men chechayin qo‘lingni.

Boy ham mingboshilar elni joylagan,

Kambag‘alni shunday qilib qiynagan,

Qamchi urib, sening qo‘ling boylagan.

Mamatkarim “gunohkorni” bo‘shatdi,

Boylagan bachchag‘ar qayoqqa ketdi?

Agar ko‘rsam qilar edim ishini,

Toshman urib yanchar edim boshini.

Mingboshi – tog‘am deb hurmat qilmayman,

Agar ko‘rsam o‘z holiga qo‘ymayman.

Sizlarga zolimning qamchisi o‘tdi,

Sizlarni boylabdi, menga ko‘p botdi,

Davlat siyosatin bizga ko‘rsatdi.

U sizlarni nega gunohkor deydi?

Biroving birovning molin oldingmi?

Yo bo‘lmasa o‘g‘ri, kazzob bo‘ldingmi?

O‘g‘irlikdan gunohkor bo‘p qoldingmi?

Yo sen bir tuhmatga duchor bo‘ldingmi?

Qilgan ishing menga xabar ber emdi!

Bu so‘zni eshitib javob berdi:

– O‘z ishimiz bilan bozorga keldik,

Hech bilmayman qanday bir gunoh qildik.

Qamchi urib siyosat qip, bizlarni

Haydab keldi mingboshining qoshiga.

Mingboshi: “Qo‘llarin boylay ber!”– dedi.

Siyosat qip, “baqiya ni ber!”– dedi,

“Bermasa bularni boylab, ur!”– dedi.

“Mingboshi aytmaydi sizlarga yolg‘on,

Bultur beradigan o‘lpondan qolgan.

Qarz bo‘lib bo‘yningda bulturdan turgan,

Do‘ming kaftasini bizlarga bergan.

Bergin”,– deb bizlarni boylab ko‘p urgan.

Yilda topganimiz bizlar beramiz,

Sira qarzdan qutulmayin boramiz.

Soliq, o‘lpon to‘lab yalang‘och qoldik,

Yana bizlar bundan jabr ko‘ramiz.

Do‘m, mingboshi eshitmaydi zoringni,

Qo‘lga tushsang, quritadi sho‘ringni.

Hech nima topmagan kambag‘al bo‘lsang,

Sottiradi kiyib yurgan to‘ningni.

Sarg‘aydi bu yurtda guldayin diydor,

Yo‘qchilikdan doim bo‘ldik “gunohkor”,

Bola-chaqa, biz ham elda ro‘zg‘ordor,

Bu bolalar ustimizda doim bor.

Kambag‘allar ovqat topar, yeyolmas,

Sipohilar ot-anjomli shag‘al mast,

Kambag‘al, deb hech kimga rahm qilmas,

Dunyoda boylarning ko‘p xotiri bor,

Kim kambag‘al bo‘lsa, bo‘lgan gunohkor.

Bu so‘zni eshitib Mamatkarim aytdi: – Shularning aytgani rost. Davlat, yer-uskuna boylarning qo‘lida. Hech kimning na do‘m, na mingboshi, na boylarga “poshsholikning haqini ber”, deb gapirib turganini eshitmaymiz. Hamisha ko‘ramiz, o‘tirar o‘rnining tayini yo‘q kambag‘allar ularga gunohkor. Rohatni boylar ko‘radi, azob-uqubatni bular tortadi. “Bularning nimasi bor, nima bersin, bular ham bola-chaqasi bilan kun ko‘rsin”,–deb sira esiga kelmaydi. Bu amaldorlarning qo‘shiga kirayin, bir tortishib ko‘rayin,– deb otini boylab, ichkari kirdi. Qaradi, hech kimni topmadi. Qaytib chiqib: – Bu yerda hech jonzod yo‘q, sizlarni jin boyladimi? – dedi. Bozorga kelgan odamlar yig‘ilib turgan edi. U odamlar aytdi: “Polvon bozor kelibdi”, deb eshitdi. “Bizga bir tashvish beradi”, deb tush-tushiga otlanib ketdi.

Bu so‘zni eshitib, go‘rda bo‘lsa topib olarman ularni, deb otini minib, mast bo‘lgan norday ko‘pib sochib, bu so‘zlarni aytib amaldorlarni axtarib borayotibdi:

Falak mening bahorimni xush etdi?

Sipohi bachchag‘ar qayoqqa ketdi?

Hech bilmaydi, uning o‘limi yetdi,

Kambag‘alga osha tashvish beribdi.

Tog‘am bo‘lsa, topsam qilay ishini,

Maydalayin bachchag‘arning boshini.

Qashshoqlar so‘ziga quloq solmadi,

Sira buning kattaligi qolmadi,

Qariganda o‘larini bilmadi.

Kambag‘al-yo‘qlarni pisand qilmadi.

Qayda qochib, u imonsiz qutuldi?

Otin qichab, har bir ko‘chani qarab,

Qayerga kirdi, deb har kimdan so‘rab,

Bozor kelgan odam hayron qoladi.

Bir talato‘p har kim har yonga qarab,

Hadik olib, bu elatning boylari,

Ko‘rinmayin chetlab ketib boradi.

Bu bozorda “katta” odam qolmadi,

“Yo‘liqsa odamning bag‘rin ezar”,–deb

Tush-tushiga boylar qochib jo‘nadi.

Kech peshingachayin axtarib yurdi,

Amaldor boylardan sira ko‘rmadi.

Kelib bir samovarga tushdi. Bozorda odamlar samovarga tushganini ko‘rib, bir xili Mamatkarimning ishiga suyunib, bir xili bildirmay ichidan kuyunib, samovarga jami kambag‘allar yig‘ilib keldi. Bir xil odamlar chet yoqada shipir-shipir gap qilib turibdi: “Bundan qo‘rqib boylarning bari bozordan chiqib ketdi. Endi buning kelib, samovarda qo‘nib, gaplashib o‘tirgan odamlariga qara, o‘z yo‘lini o‘zi topib yurolmagan, boylarning orqasidan ergashib yurib kun ko‘rgan odamlar uning jo‘rasi”.

Bundan Mamatkarim bexabar. U, o‘z jo‘ralari bilan nima bilan dimog‘i chog‘ bo‘lsa, shuni gaplashib o‘tiradi. Shunda samovarda o‘tirib, o‘z ulfatlariga ikki og‘iz so‘z aytib turibdi:

Ulfatlarim, o‘tgan damni dam dema,

Kambag‘alman de sira ham g‘am yema,

Boylarning so‘zini sen ma’qul dema,

Ketsin o‘z yo‘liga, hech quloq solma.

Bugun kechga men ham uyga borarman,

Ertan borib Samarqandga kirarman,

Men uch-to‘rt kun shahr ichida yurarman.

Bir yaxshilik so‘zlar bordir orada,

Bilganim sizlarga xabar berarman.

Zolim boylar endi navbati o‘tar,

Kambag‘al, yo‘qsilning navbati yetar,

Ittifoq bo‘p barga bo‘ling yigitlar!

Boy ekan deb qo‘rqib, hurmat qilmanglar.

Amaldorni ra’ya qilib turmanglar!

Bu so‘zlarni endi shu zamon aytdi.

Samovardan turib tarqashib ketdi,

Bozor-savdosini qilib xaloyiq,

Kun kech bo‘ldi, dedi, mazgilga qaytdi.

Mamatkarim minib u zamon otni,

Sarapta go‘shini bozordan olib,

Bu bozordan chiqib jo‘nadi ketdi,

Qistadi otini uyiga yetdi.

Enasi Mamatkarimning qoshiga kelib: – Yigit bolasan, bolam. Tog‘ang sendan dodqa bulibdi. Necha vaqtdan beri yurtning kattasi bo‘lib, elu-xalq izzat-hurmat qilib kelgan odam. “Mo‘ltonidan botir chiqsa, chotirga qarab ot qo‘yar”,–deganday, sen tog‘angga qarab tig‘ tortib, qo‘ymaydi emishsan. Sen siylasang, har kim siylaydi; sen behurmat qilsang, kimlar qilmaydi. Bugun bozordan qochib kebdi. Suyarko‘z bilan ikkoving bozorni buzgan emishsan, odamlarga tomosha berib, bepul maymun bo‘lib yurganingdan, jo‘n yursang bo‘lmasmi?– dedi. Mamatkarim enasiga qarab ikki og‘iz so‘z aytib turgan ekan:

Tog‘am uchun, ena, xafa bo‘lmagin,

Bilaman tog‘amning gunohi toshgan,

Necha yildan beri bo‘lib mingboshi ,

Qurusin u tog‘am haddidan oshgan,

Uning uchun xafa bo‘lma enajon.

Bu yurishi o‘z boshiga balodi(r),

Birovning qo‘lida tayin o‘ladi,

O‘zidan o‘tgan ishni qanday qiladi,

Mudom ko‘ngli manmanlikda turadi,

Hozir bilmasa ham so‘ngra biladi.

Shu bugun bozorda bir ish qilibdi,

Kambag‘al yozganni boylab uribdi,

Ki “zo‘r” bo‘lsa, jazosini beraman,

Kambag‘al nochorning tani bo‘laman.

Shu bugun bozorni yurib izladim.

Ko‘rinmay qutulib ketdi salomat.

Biron joyda agar qo‘lima tushsa,

Men tog‘am, deb sira qilmayman hurmat,

Omon bermay qilar edim qiyomat.

Mingboshi mazgiliga o‘tirib, Usmon qozini ayttirib borib, har qishloqdan boy-badavlatlarga xabar qilib, oqshom bilan mehmonxonada yig‘ilib, “Endigi maslahat nima?”– deb, Usmon qoziga qarab bir o‘ylab maslahat bering, deb so‘rab, bir so‘z aytib turgan ekan:

Mamatkarim, bilgin, mening jiyanim.

Unda ra’ya, hech andisha bo‘lmasa,

Vaqti yetib, bu juvonmarg o‘lmasa,

Odamlarni o‘z holiga qo‘ymasa,

Qochib keldim kecha Jomboy bozordan,

Men tushmadim juvonmargning qo‘liga,

Yurolmaymiz qoradaraxt eliga.

Katta deb, hech kimni hurmat qilmaydi.

Boyu amaldorni pisand qilmaydi…

Dodu bedod Mamatkarim dastidan,

El ichida odam turib bo‘lmaydi.

Boyu sipohiga berdi ozorni,

Kecha cho‘rtta buzib keldi bozorni.

Usmon qozi, endi sizda ixtiyor,

Bu ish qanday bo‘lar bering xabarni.

Bu juvonmarg o‘z bilganidan qolmas,

So‘zidan qaytmaydi bu – mislli olmos,

Xoh o‘rus, xohi bo‘lsa musulmon,

Amaldor deb pisand qilmas bu zamon.

Katta-kichik bunda turgan jamoat.

Baring o‘ylab, menga bergin maslahat.

Juda bu juvonmarg zarbasi o‘tdi,

Manmanlikdan osha bizni horitdi.

Bizga, o‘zga boyga omon bermaydi,

Hech qaysiga bir muruvvat qilmaydi,

Hammasi ham turmay bozordan ketdi.

Bu so‘zni eshitib u o‘tirgan boylar: – Biz, siz ketgandan keyin buning avzoyi yomon bildik, bizlar ham shundan hazar qilib, ko‘ziga tushmay ketayik, deb bozorda turmay ketdik,– dedi.

Usmon qozi bu so‘zni eshitib: – Mamatkarim bilan biz qo‘ngshimiz, ham o‘zimiz qarindoshmiz. Xudodan Mamatkarimcha qo‘rqsak agar, valiyulloh bo‘lar edik. Siz mingboshisiz. Ertan Mamatkarim shahar boradi, uni gunohkor qilib, bu yerdan Samarqandga [birov]haydab borolmaydi. O‘z oyog‘i bilan Samarqand borgan vaqtida siz pristavga, hokimga xat qilsangiz, o‘tirgan yerida bosib, olib borib qamasa, ko‘zi o‘rniga tushib qolar.

Bu so‘z hammasiga ma’qul tushdi. Mamatkarimdan o‘tgan zarbni ariza qilib, boylar qo‘l qo‘yib, samarqandga jo‘natti. Ko‘ngilni birlab, har qaysisi o‘z mazgiliga ketdi.

Erta-mertan tong otdi. Mamatkarim otlanib, topib mindi cho‘bir otdi, bu so‘zlarni ko‘nglida aytib, Samarqandga qarab yo‘l tortdi:

Xotirim bo‘lma parishon,

Bir yaxshilik bo‘lar nishon.

Boyman birga sipohilar,

Buning bari bizga dushman,

Hech yaxshilik qilmas nishon.

Yo‘rtib yurgan bu yo‘llarda

Mingan otim cho‘bir-hayvon.

Bu so‘zni aytib, chu, deb ketdi,

Bul Galakapadan o‘tdi,

Qoradaraxt yer-da, obod,

Yetib bordi bundan Ravot.

Zarafshondan kechib o‘tdi,

Cho‘ponota toqqa yetti.

Siyob tarafga enkayib,

Mamatkarim borayapti.

Qancha jo‘ralari ko‘rib,

“Polvon, otdan qo‘ning!”,– deydi,

“Bugun bunda turing”,– deydi,

“Bir maydon gap bering”,– deydi.

Nechovlar ko‘nglini xushlab,

Otning jilovini ushlab.

– Qayda bo‘lsa borasiz-da,

Kechki qo‘noq bo‘lsangiz-da,

Hamma yerda yoru do‘sting,

Sizning bilan birga turgan,

Elda ne gap bordir bilgan,

Kambag‘alga yordam qilgan.

Sirtingizdan kambag‘allar

Omonlikni tilab turgan.

Qanday bo‘lsa qo‘nib o‘ting,

Bir maslahat berib keting.

Bu so‘zni eshitib, Siyobda u kecha qo‘nib yotdi. Buning suhbatida boy, amaldor bo‘lmaydi. O‘zining jo‘ralari bilan kayfu safo qilib o‘tirdi. Beshta-o‘nta ulfatlari bilan ertaniga shaharga tushib ketdi. Bir yerda vaqtini xushlab, o‘z odamlari bilan o‘tirib edi. Pristav, hokimlarga mingboshining qog‘ozi tegib, Mamatkarim qo‘nib o‘tiradigan yerlarga bildirmay odam qo‘ygan edi. Bundan ilgari ham, Mamatkarim tomonidan shaharda necha g‘alvalar bo‘lgan edi. Mamatkarimning nomidan hokimlar ham qo‘rqib, oldiga kelolmay yurgan edi. Shunda kelib, Samarqandda o‘tirganining xabari tegdi… Gazarmadan o‘nta sallot olib kelib, hammasi bir qo‘lida miltiq, bir qo‘lida qilich bilan Mamatkarim bexavotir o‘tirgan vaqtida boylab oldi. Bu ishni ko‘rib, shahar xalqi: “Bu qanday voqea bo‘ldi? Polvonni qo‘lga qattiqlik bilan tushirdi, buni otadi, bu opketishida sira ham bo‘shatmaydi, nima voqea ekanini bilmadik”,–deb qoldi. Shunda Mamatkarimning haydalib borayotgandagi so‘zi:

So‘z so‘ylasam sen olarsan qiyoma,

Mard yigitlar o‘z so‘zidan toyama?

Armon bilan tushdim sening qo‘lingga,

Dushmanlar, bilganing qilg‘il, ayama!

Hozir zabun bilding mening holimni,

Armon bilan boylab olding qo‘limni,

Nima qilsang, zolim dushman, qil endi!

Xohi yondir, xohi kuydir, bo‘l endi!

Boylasang ham, men qaytmayman tilimdan,

Men tonmayman yuradigan yo‘limdan!

Ne ish kelsa ayamagin qo‘lingdan,

Meni haydab qayerlarga eltasan?!

Mamatkarim bandi bo‘lib boradi.

Sallotning haydashin ko‘rib xaloyiq:

“Og‘ir ishman buni haydab borar”,– deb,

“Esiz yigit armon bilan o‘lar”, – deb

Bir nechasi: “Kelar,–deydi,– qutulib”.

Hamma qarar bandi bo‘lgan kishiga,

Aqli hayron sallotlarning ishiga,

Bandi qilib, haydab borib shu zamon,

Yaqinladi mirshabxona qoshiga.

Shahar g‘ulg‘uladir ovozasiga,

Sallotning haydagan andozasiga.

Shunday qilib sallot Polvonni haydab,

Yetdi mirshabxona darvozasiga…

Sallot haydab mirshablarga topshirdi,

Kelgan yo‘lga endi sallotlar qaytdi.

Shunda mirshab, shabgardlar: – Polvondan gap olayik, bular qo‘rqqanidan juda mahkamlab olib keldi, nima voqea bo‘ldi?– dedi. Mamatkarim aytdi: – Men ham bilmadim. O‘tirgan yerimda bexosdan bandi qilib oldi. Bularning haydoviga qaraganda, meni bu yerga olib keladi degan xayolimda yo‘q edi. Men, bular yo otadi, yo bir yurtga oshirib haydab ketadi, deb edim. Avvalgi ish tutuvi qattiq edi, mirshabxonaga haydab kelib, oxiri bo‘shab ketganday bo‘ldi.

Sallotlar bergan qog‘ozlarini mirshab ko‘rib: – Uch kun mingboshining hukmi, besh kun pristavning hukmi, yetti kun hokimning hukmi, hammasi yig‘ilib, o‘n besh kun qamoqqa hukm qilibdi. O‘n besh kun o‘tadi ketadi, hech gap emas,–dedi.

Mamatkarim bu xatdagi xabarni eshitib bir so‘z aytib turgan ekan:

Jabr ko‘rar shirin jonim bu tanda.

O‘n besh kunda chiqib borsam elatga,

Qo‘lin qo‘ygan boylar bo‘lar sharmanda.

Bildim, “O‘lar ho‘kiz boltadan toymas”.

Tog‘am mingboshidir, jo‘nligin qo‘ymas,

O‘lgancha o‘ryog‘in bermay o‘tadi,–

Chiqib borsam, nima javob aytadi!…

O‘n besh kun deganing og‘ir yuk emas,

O‘ylab tursang, yigitlikka gap emas.

Tuz-nasiba tortib, bu yerga keldik,

Bandi bo‘lib mirshabxonani ko‘rdik.

Bandi bo‘p shu kecha bu yerda o‘tdi.

“Mamatkarim mirshabxona bo‘ldi”,–deb,

Shahr ichinda yori do‘sti eshitti…

“Mamatkarim mirshabxona[da bandi] bo‘ldi”,– deb eshitib, shahar tevaragi: Nayman, Siyobdan yor-do‘st, og‘ayni ko‘p, keti uzilmay ko‘rgani kelyapti. Kelgan quruq kelmaydi, oshu go‘sht, non, holva uyulib yotdi. Mirshabxonada och-to‘q yotgan odamlar hamma birday yeb yotdi. Har kun ahvol shunday. Uch oylik, ikki yarim oylik yotgan bandilar ham ovqatni uryapti. Mirshablar ham polvonni hurmat qiladi. Ichkari kirsa, haddi yo‘q, eshigini yopmaydi, o‘z kayfi mashg‘ulotida o‘tirib, turib yuraverdi…

O‘n besh kun o‘tdi.

Bu hurmatli Polvon navbati bitdi,

Endi ketar vaqti yaqinlab yetdi…

Necha so‘zni bunda Polvonga aytdi,

Oqshom yotib, erta-mertan tong otdi.

Omonlashib endi Polvon jo‘nadi.

Har ish tushar, biling, mardning boshiga,

Borsam deydi jo‘ralarin qoshiga,

Yetishmakchi bo‘lib tengu tushiga.

Borayotir Mamatkarim, bu zamon

Mirshabxona bolib, chiqqandir omon;

Samarqandda ko‘pdir bunga qadrdon,

Bandilikdan ozod bo‘lgandir Polvon

Mamatkarim shaharga chiqib oraladi. Qadrdon odamlari, gap-so‘zi bir bo‘lib yurgan, qamalganda ham ko‘p xizmat qilib turgan yor-og‘aynilari Mamatkarimni ko‘rgan, ergashtirib mazgiliga olib borgan. Shahar boylari ham sipohilari Mamatkarimni ko‘rganda, bir katta ilonni ko‘rganday bo‘lib qolgan. “Nima gap bo‘ldi, shuncha siyosat bilan, sallot bilan olib borib qamab, hech nima bo‘lmay darrov chiqib keldi. Bizning amaldorlarimizning quvvati ketib, keyini bo‘shaganga o‘xshaydi”,– deb boylar Mamatkarimning ort-sirtidan gap qilib yotdi.

Shu kecha Mamatkarim shahar ichida turib, erta bilan jo‘ralari Siyob yoqasiga iyartib keldi. Bunda mehmon bo‘ldi. Mamatkarimning kelganini eshitib, daryo yoqasidan, Naymandan, Yarmituqdan, G‘o‘lbadan, O‘rtaqishloqdan – har urug‘dan gapi bir yerdan chiqib yurgan jo‘ralari kelib, yig‘ilib Mamatkarim bilan o‘tirib suhbat qildi. Shunda yor-do‘stlariga qarab, Mamatkarim ikki og‘iz so‘z aytib turgan ekan:

Boyu amaldorlar hozir bir bo‘lgan,

Sening mehnatingdan boyib “zo‘r” bo‘lgan,

Mehnatkashni ko‘rsang bari xo‘r bo‘lgan.

Sal vaqtda boylar zamoni o‘tar,

Bachchag‘arlar o‘z oyog‘idan yitar,

Bilmaydi, oxiri yo‘q bo‘lib ketar.

Dimog‘ingni chog‘lab o‘tir qadrdon,

Sal vaqtda senga ham navbat yetar.

Amaldorlar xat yuborgan to‘raga,

Haydab bordi meni mirshabxonaga,

Gunohkor qip qamab qo‘ydi Polvonni,

Qamoqda duch keldim sizday jo‘raga.

Qamoqda yotganning ko‘pi begunoh,

Hasrat bilan chekar doim o‘tli oh,

“Qachon qutularmiz,–deydi,–zulm, azobdan?”

“Bizga zindon bo‘ldi,–deydi,–bu dargoh”.

Necha bandi bilan ko‘p suhbat tutdim.

Sizday do‘stlar bilan birga qon yutdim,

Ko‘nglimni ko‘tardi bir xil bandilar,

Shulardan ayrilmas do‘st bo‘lib qaytdim.

Gangitarmiz amaldorlar boshini,

To‘ktirarmiz zolim boyning yoshini,

Tanimadi elda menday kishini,

Birlik bilan sindirarmiz tishini.

Yig‘ilib kambag‘al suhbatin tutib,

Bir-biriga yursin yordami yetib,

Bir yoqadan bosh chiqarsak, jo‘ralar,

Quvonarmiz biz ham maqsadga yetib,

Baring qilding mudom boyga xizmatni,

Mehnat qilib boydan ko‘rding tuhmatni,

Kambag‘alni ko‘rsang, ochdir, yalang‘och,

Xizmatingdan boylar ko‘rgan rohatni,

Bachchag‘arlar juda o‘zidan ketdi,

Bizlarga azobi haddidan o‘tdi.

Birikishib, qilib turing xizmatdi,

Mardlik bilan belni boylan, jo‘ralar,

Egning qisib, qo‘rqib turmoq uyatdi(r).

Bu so‘zni turgan xaloyiq eshitib, har qaysisi bir-biriga: “Polvonning so‘zi ma’qul, amaldorlar ham burungiday emas. Bari kelkib qolganday, quvvati ketganday”,–deb gapirib qoldi. Shunda Mamatkarimni ko‘rmoqqa kelgan, u qayerda bo‘lsa, birga yurgan Suyar jo‘rasi bu so‘zlarni aytib turgan ekan:

Mamatkarim, eshit mening so‘zimni,

So‘ldirmagin asli gulday yuzingni,

Amaldorlar bandi qilib o‘zingni,

Bu ishlar tog‘angdan bo‘ldi, bil endi.

Cho‘rog‘asi – tog‘ang senga g‘ash bo‘ldi,

Usmon qozi qarindoshing bosh bo‘ldi,

Boylar tushdi, jo‘ra, sening izingga,

Har bir so‘zing boy boshiga tosh bo‘ldi.

Bosh bo‘libsan o‘zing qancha kishiga,

Jon berarmiz yaxshilarning ishiga,

Suhbat qurib, bizga yo‘lni ko‘rsatsang,

Biz yetarmiz zolimlarning boshiga.

O‘zing mardsan, shu yo‘lingda qolasan,

Aqli raso, er yigitsan, donosan,

Axir sening aytganlaring bo‘ladi,

Biz birgamiz, dushmandan o‘ch olasan!

Mamatkarim aytdi: – Qozi, mingboshi katta boylarni ra’ya qiladi, shularning yo‘lidan chiqmaydi. Men unday “odamshavandani” nochor kishilarning bir gapiga olmayman. Men kambag‘al, ezilib yurgan kishilarning yordamchisiman. Bizning qilib yurganimiz boylarga qattiq tegayotganini barimiz tushunamiz. Kambag‘allar birikib, birga harakat qilmasak, bularning zulmidan qutuli bo‘lmaydi. Sizlar ham ezilganlarni biriktirmoqning payida bo‘linglar, men qayerdan yaxshi gap topsam, sizlarga xabar qilib, bildirib turaman!

Shu kecha bu yerda yotib, ertaniga, besh-o‘nta bo‘lib, daryodan o‘tib ketdi. Jo‘ralari olib borib, uyiga qo‘yib qaytdi. Shunda Mamatkarimning enasi gaplashib o‘tirib, o‘g‘liga bu so‘zlarni aytib turgan ekan:

Ko‘rar ko‘zum, Mamatkarim, bolamsan,

Xalq og‘zida doim gap bo‘p yurasan.

Odamlarga muncha ozor berasan?

Katta odam bari sendan domongir,

Sen ham xalqday to‘g‘ri yursang bo‘lmasmi?

O‘z yo‘lingga yursang bular qo‘ymasmi?

Senga yoqmay mening so‘ylagan so‘zim,

Bo‘l suyanchim, sen yolg‘izimsan, qo‘zim.

Ustingdan gap qilib yotganmish elat.

Eshitganda menga tushar qavosat.

Behuda sen ko‘tarmagin malomat,

Bir lochinsan, hamisha bo‘l salomat.

Amaldorni ko‘rsang izza berasan,

Katta kishilardan qarg‘ish olasan,

To‘g‘ri yurgin, sen dilozor bo‘lmagin,

Yaxshilik qil, yomonlikni qilmagin.

“Yaxshilik aylagan yetar murodga,

Yomon kishi hamisha qolar uyatga”.

Enangman-da, gapiraman, albatta,

Yolg‘iz qo‘zim sensan, bolam, elatda,

Ustingdan kattalar ko‘p shikoyatda,

Eshitaman, men kuyaman, albatta.

Mamatkarim mening jonu dilim deb,

Chamanda sayragan bir bulbulim deb,

Oqshom yotib tilagimni tilayman,

Omon bo‘lsin mening yolg‘iz ulim deb.

Bolam quloq solgin, aytgan tilima,

To‘g‘ri yurgin mana o‘sgan elingga,

Yaxshi bo‘lsang qayishadi holingga.

Bu so‘zni enasidan eshitib, Mamatkarim aytdi: – Ena, meni nodon bilma, bunday nasihatni qilma. Mening izlaganim yaxshilik. Mening birovga yomonlik qilmoq o‘yimda yo‘q. Men badhavo, manman bo‘lsam, boylar bilan, qozi, mingboshilar bilan o‘tirib turar edim. Mening jo‘ram–sag‘ir-kabir, yebir-yesir. Mening ulfatim shu–sen aytgan kattalarning xizmatkori. Elga ozorni kim berayotir, sen bilmaysan-da! Sen aytgan katta odamlar satta yebir-yesirni boylab urgan, azob bergan, bir hissa soliqni ikki hissa, uch hissa qilib eldan olgan. Sipohilarning ishini bilmaysanmi?! Bu, shularning ishi. O‘zing bilasan, boylar kambag‘allarni ishlatib, kunning issig‘ida dam olishga qo‘ymay, boshida qadalib turgan, mehnatidan naf ko‘rmagan kambag‘allar boylarning foydasiga ishlab yurgan. Boylar qish demay, yoz demay, tindirmay ishlatib, qachon “sening bola-chaqang bor, shularga ham ovqat, kiyim-kechak kerak”,–deb haq bergan?! Kambag‘al quruq azobga ega bo‘lib, mehnatning huzurini boylar ko‘rgan. Ular manman bo‘lmay, men manman bo‘lamanmi?! Bir xil odam shularga yaxshi ko‘rinaman deb, xushomadga gapiradi, bir xil odam kuni uchun gapiradi, men nima deb gapiraman?! Ular mening dushmanim. Mening ko‘nglimdagi gap–boylar ishini o‘zi qilsin, mehnatning og‘irligini ko‘rsin, yo‘qlarni foydaning yo‘q foydasiga ishlatadigan odatni qo‘ysin. Amaldorlar xalqqa jabr qilmasin, poshsholikni ko‘p solmasin, xalqqa tushgan soliqni to‘rt hissa qilib olmasin, buning ustiga yo‘q narsaga gunohkor qilib, azob bermasin. Mana, ena, shunday ishlarni qilib, jabr-zulmni oshirib yuborgani uchun gapiraman. Ena, endi ayt, mening so‘zim ma’quldaymi, yo ularniki?–dedi.

Enasi:–Bolam, seniki ma’qulday, ko‘r bo‘lsin,–deb Mamatkarimning qoshidan turib ketdi.

Mamatkarim u yoq-bu yoq qidirib yurib, Oqtepaning bozor kuni kelib qoldi. “Bir Oqtepani tomosha qilib kelayin” deb, yugan solmay, cho‘birining bo‘ynidan arqon bilan boylab, tivit sallani o‘rab, peshni keyinga tashlab, arqonning bir uchini qamchi qilib, bozorga urib ketdi. Jomboy bilan Oqtepaning orasi bir tosh keladi. Kun tush bo‘lib, bozor qizib yotganda, bozorga yaqin yetdi…

Tuyatortar mingboshisi Mulla Ro‘zi Odil degan yigitini [ishga] buyurib: “Odamlarni to‘plab qaytarib, har qishlloqdan beshta-o‘ntani yig‘ib kel”,–deb yigitiga qarab bu so‘zni aytyapti:

Odil, epchil bo‘lib, sen yo‘lni to‘sgin,

O‘tqazma bozorga, ko‘kayin keskin.

Daryoboshi desa sira bormaydi,

Bozor desang, bachchag‘arlar qolmaydi.

Poshsholikning haqin sira bermaydi.

Sen yaxshi so‘zlasang, quloq solmaydi.

Molday qip barini qaytarib kelgin,

Qaytmasa, ayama, boshiga urgin.

Boylab urib, pulning barin undirgin.

Qo‘ymay qaytar kelgan yoshu qarini,

Ko‘nmaganning boyla ikki qo‘lini,

Poshsholikning haqi uchun olamiz,

Garov ushlab, minib kelgan molini.

Elab-ekchab barin so‘rab ko‘rayik,

Qutulgani bo‘lsa javob berayik,

Berolmasa bunda, bandi qilayik,

Azob bersang unar, endi urayik.

Odam, odamlardan bo‘lgin xabardor,

Oldimizda buning bari gunohkor.

Odil, mingboshining xizmatin qildi,

Odamlarni to‘plab, qaytarib turdi,

Bir xilini boylab, bir xilni urdi:

– Bozor kepsan poshsholikni berasan,

O‘lsang ham ilojin hozir qilasan.

Pul topmasang, shu tayoqdan o‘lasan,

Urib, haydab ketib seni qamaymiz,

To‘lamasang endi bandi bo‘lasan!

Mingboshining amri bilan Odil bu ishlarni qilib yotibdi, mingboshi beshta-o‘nta yirik odamlari bilan ot ustida: – Bozorga yuborma, bachchag‘arlarni,–deb turibdi. Mamatkarim polvon ustiga borib qoldi. Odamlar ko‘rdi, bozorga kelgan odamga ham o‘xshamaydi. Otini yaydoq mingan, egar solmagan, arqonini bo‘ynidan boylab, etagi yoyilib, odamlarning ustiga kelib: – Nimaga bunday qilib o‘tiribsizlar? – dedi. Bir xili indamadi, bir xili tanimadi. Bilgan odamlar: “Bu – Mamatkarim polvon”,–deb bilmaganning qulog‘iga shivirladi.

Mamatkarim burilib jo‘nay berdi. Mingboshilar mingboshixonada eshikni bekitib o‘ltiribdi: “Mamatkarim keldi, ko‘zi tushmay o‘tib ketsin-da?”– deb o‘tirib edi. Mamatkarim otidan tushib: “Odam bormi?”– deb eshikni asta bir tepdi, hech shobir bo‘lmadi. Qaytib kelib, boylangan odamlarning qo‘lini yechib, yig‘ib qo‘ygan odamning bariga javob berib yubordi. Qaytib borib, eshikni qattiq bir tepdi, eshikning bir turmi sinib ketdi. Mingboshi bilan birga yashirinib o‘tirgan odamlari, qo‘rqqanidan naryoqdagi eshikdan saroyga o‘tib, mollarning ichiga oralab ketdi. Shunda Mamatkarim Ro‘zi mingboshini ko‘rib, bu so‘zni aytib turibdi:

Mulla Ro‘zi beri kelgin qoshima,

Odam hayron qolar seing ishingga…

Olmadayin so‘lgan, gulday tarzim bor,

Senga mening so‘ylaydigan so‘zim bor.

Sen bachchag‘ar ahvolingdan bexabar,

Buncha odam nega bo‘ldi gunohkor?!

Amaldor ko‘p ot-asbobing shaylading,

Davlatmand bo‘p yaxshi kiyib jaynading,

Kambag‘alni yig‘ib barin qiynading,

Sen bachchag‘ar nima shumlik ko‘zlading?!

Endi eshit Mamatkarim so‘zini,

Yig‘ip opsan kambag‘alning o‘zini,

Sarg‘aytirib buning gulday yuzini,’

Zor yig‘latding o‘g‘li bilan qizini,

Yo‘q narsaga bandi qilib o‘zini.

Sen qo‘ymabsan bozor kelganlarini,

Gunohkor qilibsan yoshu qarini.

Men yechib yubordim uning barini,

Dodin bersam senday manmanlarini.

Amaldorsan, shu qiliqni qilasan,

Endi shunday qilsang, bilgin, o‘lasan!

Qandayin haqing bor, nima olasan?!

Mamatkarim kimdir, tayin bilasan!

Bundan bo‘lay bunday ishlarni qilma,

Odamning barisin gunohkor bilma.

Gunohkorlar o‘tirur sen bilan birga,

Yurmaysan, bachchag‘ar, sen to‘g‘ri yo‘lga,

Ishing tushar sening o‘zingdan zo‘rg‘a.

Mulla Ro‘zi indamay yerga qarab turibdi. Mamatkarim necha so‘zni aytib, qaytdi, bozorga oralab ketdi. Turib-turib Mulla Ro‘ziga bu so‘zlar dard qilib ketdi. Qoshida turgan odamlariga aytdi: – Bu, Qo‘ng‘irotning, Qoraqalpoqning polvoni. Bu Jomboy tevaragida oyog‘i yetgan yerda amaldorlarni urib-so‘kib, obro‘li kishilarni beobro‘ qilib kelyapti. O‘z tarafini – Jomboy dahasini buzgani ozmi? Endi bu yomon bo‘ldi. Tuyatortar dahasiga ham o‘tdi. Bugun bizga ham ko‘p tanbeh berib ketdi. Mabodo qo‘lga tushib, beobro‘ bo‘lib qolmaylik deb, boshimizni ko‘tarib gapira olmadik. Bozorda topsak, bir izza berayik, bundan buyoq Oqtepaga kelmasday qilayik. Shu turishda qolsak, buning ko‘kayi o‘sib, bizning dahani ham buzadi,– deb otini minib, odamlarini birga olib, bozorga chiqdi. Mamatkarimni ko‘rmay, qayerda ekanini bilmay bir so‘z aytib turibdi.

Qoraqalpoq kattasi, bu yoqqa kelgin,

So‘z so‘zlayin hammang yig‘ilib turgin,

Nima deb so‘zlasam, anglagin, bilgin,

Asl tentagingning hisobin qilgin.

Mamatkarim polvon jinni bo‘libdi,

Qaysi go‘rdan Oqtepaga kelibdi,

Qancha gunohkorga javob beribdi,

Yana bizni so‘kib, do‘q qip turibdi.

O‘z sha’ningga sen ham elsan, elatsan,

Uning tentakligin hammang bilasan,

Boylab qo‘ymay, nega buni bo‘sh qo‘yding?

Qanday baring odamsinib yurasan.

So‘z eshitgin Mulla Ro‘zi tilidan,

Bir tentak chiqibdi Jomdoy elidan,

Sen ham elsan bunda birikib tursang,

Ne ish kelar u ahmoqning qo‘lidan?!

Qaramanglar bunda baland-pastiga,

Qayda bo‘lsa bosib boring ustiga,

Sira qaytmang bozordagi xaloyiq,

Tushing endi Mamatkarim qasdiga.

Qaysi samovarda bo‘lsa ko‘ringlar,

Bosib borib, uni boylab olinglar,

O‘lguday qip bachchag‘arni uringlar,

Bundan buyon kelmasdayin qilinglar…

Mingboshi bu so‘zlarni o‘zi aytib, o‘zi qoldi, xaloyiqdan hech kimning bu bilan ishi bo‘lmadi, kambag‘aldan bir odam, nima deysan, demadi. Bir nechalar Mulla Ro‘zining gapiga kulib: “Polvon kelsa, baringni ham nes-nobud qilib yo‘q qilar. Mamatkarim ahmoq, tentak odam emas, bir narsani bilganidan, kambag‘alga ichi achiganidan, bir yaxshilikni kutganidan bu ishlarni qilib yurganday ko‘rinadi. Ilgarilari ham shu Mamatkarim polvon edi, zo‘r bo‘lgan bilan kimga azob bergan edi? O‘z bechorachiligi bilan yurgan odam edi”,–deydi. Har samovarda to‘p-to‘p bo‘lib shu gapni gapirib yotdi.

Mamatkarim ko‘p odam bilan bir samovarda o‘tirib edi. Mulla Ro‘zining gapini eshitdi. Mulla Ro‘ziga qaratib: “Nima deb huryapsan, sen kuchuk”,–deb o‘rnidan sachrab turdi. Achchig‘lanib, boylovli turgan bir otni minmoqchi bo‘lib intildi. Samovarda birga o‘tirgan odamlar ham hammasi o‘rnidan turdi. Mamatkarim otning beliga minib, norday chirpinib, otga shiddat berdi. Mulla Ro‘zi turganidan qochmoqni qulay bilib, otini yo‘lga burdi. Mamatkarim bu so‘zlarni aytib, odamlarning orasi bilan, Mulla Ro‘ziga qarab borayotir:

So‘rab kelsa, sen gunohlor bachchag‘ar,

Yurtni toza g‘alvir qilding, muqarrar,

Hammani kemirib, sen oda qilding,

Agar yetsam, endi o‘lding ukkag‘ar.

Xalqni yeding, sening kuning to‘libdi,

Sening o‘lar vaqting yaqin kelibdi.

Qo‘lga tushsang, jigar-bag‘ring dog‘latib,

Uyda turgan o‘g‘il-qizing yig‘latib,

Qavmu qarindoshing seni chuvlatib,

Ko‘nglim tinsin, kambag‘alni quvnatib.

Mulla Ro‘zi shunday burilib qaradi,

Olovday tutashib Polvon keladi,

Endi duchor bo‘lsa tayin o‘ladi,

Otin qichab bundan qochib jo‘nadi.

Aqli shoshib Ro‘zi mingboshi qochib,

Mamatkarim otga qamchini bosib,

Quvib borayotir Polvon keynidan,

G‘azab bilan borar g‘ayrati toshib.

“Qista”,–deydi Ro‘zi yigitlariga,

Bari qamchi berar mingan otiga,

Mingboshi, yigiti qochib boradi,

Turolmas Polvonning siyosatiga.

Mamatkarim shiddat qilar otiga,

Oti cho‘bir, yetmadi mingboshiga,

Otga achchiq qamchi chotib boradi,

Hamma qoyil Polvonning g‘ayratiga.

Mamatkarim aytar: – To‘xta, turabor!

Boladay qochmog‘ing uyat, amaldor!

To‘xtab turgin, senga biroz ish chiqdi,

Ishim ko‘rsang, dunyo bo‘lar senga tor!

Polvon quvib otin juda horitdi,

Mulla Ro‘zi toza ko‘rinmay ketdi.

Shu zamonda ko‘ring Kildanga yetdi.

Ko‘p odam Polvonni izlab boradi,

Mamatkarim otning jilovin tortdi.

Xalq hammasi Polvon bilan birga bo‘lgan. Mamatkarim desa, qaytmaydi tikilgan yovdan. Polvonning mingan oti yomon cho‘bir edi, qichagan bilan mingboshining otiga, yetolmay: “Baring ham qo‘lga tushasan, qilmishingga yarasha ko‘rasan”,– deb bozor qarab qaytdi. “Polvon yolg‘iz ketdi”,–deb izidan ko‘p xalq to‘sat-to‘sat, to‘p-to‘p bo‘lib kelyapti. Bozor siyraksib qoldi. Odamlar Mamatkarimni ko‘rib to‘xtab, minnatdorlik bildirib, izzat-hurmat qilib, yo‘l berdi. Polvon ilgari o‘tib, odamlar keynnidan ergashib bozorga qarab kela berdi. Yo‘lda odamlar bir-biriga gapirib boryapti: “Ukkag‘ar mingboshi, yonidagi yigitlari bizni ko‘rganda, boshing-ko‘zing demay qamchi chotadi, Mamatkarimga to‘g‘ri bo‘lmay , yo pisib yotadi, yo orqa betiga qaramay qochadi. Qo‘lga tushganda o.zi ham qiziq bo‘lib qolar edi, nasibasiga loyig‘ini ko‘rar edi”. Bu so‘zlarni bir-biriga gapirib, barisi bozorga kirib keldi.Qoraqalpoq urug‘ining badavlat odamlari Mamatkarimning qoshiga kelib, nasihat qilgan kishi bo‘lib bir so‘z aytib turgan ekan:

Mamatkarim! O‘zing polvon, zo‘rabor,

Mulla Ro‘zi elida obro‘yi bor.

Biz Qoralpoq , ular Qirqu Yuz bo‘lar,

Seni betimizga ko‘p ta’na qilar.

Bu ishingga el kattasi uyalar,

Bolam, senga bunday ishlar na darkor?!

Qo‘lga tushib, bunda urush boshlama,

Birov o‘lib, birov bo‘lar yarador.

Qirqu Yuz ham tog‘u toshni joylagan,

Xabar bersa, bilgin, yig‘ilib kelar,

Urug‘lashsa, unda ham senday odam bor,

Yurt buzilib, bir qabohat ish bo‘lar.

Bolam, buzuqchilik ishni qilmagin,

Doim yomon yo‘lni izlab yurmagin,

Bu ishlarni sen martaba bilmagin,

Yaxshilik ko‘r, yomonlikni ko‘rmagin,

Nasihatim shudir senga bu zamon,

Mundayg‘achoq manmanlikni tashlagin

Boyni, amaldorni hech chet ko‘rmagin.

Ko‘nglingda izlading mudom savashdi,

Boshingga ko‘tarib bir og‘ir toshdi,

Hali ham o‘ylagin, yaxshi gap bo‘ldi

Mulla Ro‘zi turmay bu yerdan qochdi.

Ostingga minibsan yomon cho‘birdi

Tulki quvgandayin senga ne bo‘ldi?

Biz bilan birga bo‘l, min yaxshi otni,

Boylar senga maslahatni ko‘rsatdi.

Boylar so‘ylar bunda o‘z nafin o‘ylab,

O‘ziga foydani ko‘ngliga joylab.

Mamatkarim turur qulog‘in solib,

Nasihat so‘zini ko‘ngliga olib,

Kambag‘al jo‘rasi qoshiga kelib,

Birikib qolganlar, Polvondir g‘olib.

Boylarning so‘zini hammasi bildi,

Og‘ir olib, barin ko‘ngli tingildi.

Boylar so‘zini tamom qilgancha, Mamatkarim hech nima demay, birovini qaytarmay indamay turdi. Bilganicha o‘ylab, Mamatkarim: – Nasihat aytib bo‘ldinglarmi? Bu nasihatingga meshkopdan bir kosa suv olib ichgin. Bunday nasihatlarga qulog‘imiz to‘lib ketdi. Sen mening g‘amimni yema, menga mehribonlik qilma! Sen meni yo‘lga sololmaysan, mening aqlimni ham ololmaysan,–deb boylarga qarab bir so‘z aytib turibdi:

Yaxshi ko‘rib menga nasihat berma,

Katta boylar, sen ham yo‘lingdan qolma!

Ahmoq so‘zni menga eplab gapirding,

Yo‘l topmayin yurgan odaming borma?

Men boylarning ishin yaxshi bilaman,

Senga emas, yo‘qlarga qayishaman,

Men emas, yo‘l topmay adashib yurgan,

Yurar yo‘lni sendan ziyod bilaman.

Boylar qachon yo‘qqa yordamchi bo‘lgan?!

Kambag‘alga mudom zarb qilib kelgan.

Bu so‘zimni o‘yla, bunda yo‘q yolg‘on,

Yo‘qning mehnatidan omboring to‘lgan.

Bilaman, kambag‘al oldingda nochor,

Yo‘qlik kunda bari bo‘lib xizmatkor.

Kambag‘alni qachon sen yaxshi ko‘rding?

Bir iliq so‘z qaysisiga gapirding?!

Qachon mehnatkashning ko‘nglin to‘ldirding?

Bularni ishlatib, davringni surding!

Sen o‘ylaysan Qirq bilan Yuz bizga yov,

Ular otliq, bizlar yalang‘och, yayov,

Xabar borsa Qirq bilan Yuz elatga,

Yo‘qlar solar sening yo‘lingga zo‘r g‘ov.

Qo‘ng‘irot, Qirq, Yuz, Qoraqalpoq – bir elat,

Yovlab kelar degan so‘zing tub g‘alat.

Mehnatkash har yerda bizga og‘ayni,

Shular bilan Polvon mudom salomat.

Bilsang agar sening navbating o‘tar,

Mehnatkashning yuragidan cher ketar.

Yo‘q-yuqani qachongacha xo‘rlaysan!

Kambag‘alga yaxshi kunlar ham yetar!

Bu so‘zni Mamatkarimdan eshitib, boylar bir-biriga qarab rangi o‘chib, xayoli qochib, Mamatkarimdan tingilib, umidini uzib, bitta-bitta bozorga kirib ketdi.

Buning gapida ham bir hikmat bor. Uzoq yo‘l, emish-emish ; har kimdan har turli gap qulog‘imizga tegadi: “Urush qattiq bo‘lib, Oqposhshonning quvvati ketib qolgan emish”,–deb ham gapiradi. Xalqning og‘zida “Hurriyat bo‘lar emish”,–deb ham gapiradi. “Bu juvonmarg Mamatkarim ko‘p yurtni aylanib yuradi, yon yoqda, har yerda odami bor, bilgich odamlar bilan gaplashib, shunday qilib yurganmikin”,–deb boylar o‘z-o‘zi bilan gaplashadi.

Kun kech bo‘lib, hamma bozordan qaytdi. Mamatkarim uyiga qaytmoqchi bo‘ldi. Jo‘ralari uyiga yubormay, “Bugun yotib, ertan borasiz-da”,–deb birga olib ketdi. Mamatkarim shu kech Quyonchi qishlog‘ida mehmon bo‘lib yotdi. Mehmonxona to‘lib, tong otguncha, har qaysisi bilganini gapiribsuhbat bo‘lib, tong otdi, bari xo‘shlashib uy-uyiga qaytdi.

Yo‘lda ishlab yotgan, Mamatkarimni tanimagan odamlar Oqtepada bo‘lgan gapni gapirib yotibdi: “Yuragingga balli shovvoz. Mingboshi boylab qamagan odamning barini bo‘shatib yubordi. Mingboshilar o‘zimizdan bir gapni so‘rasa, bo‘g‘inimiz bo‘shab, gapirolmay qolamiz. Bir odamni urmay-so‘kmay bozorni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Tuyatortar mingboshisi turolmay bozordan qochib ketdi. Shunday bo‘lsa ham, sira havosi yo‘q. Bozorda ko‘rsangiz, satta kambag‘al, qashshoq – shundaycha odamlar bilan birga o‘tiradi. Bir xil odamning shuncha quvvati bo‘lsa, gapirmak tugur, ko‘p odamni oyog‘i bilan ko‘rsatadi”. Buni yo‘l ustida ishlab yotgan odamlar gapirib yotdi. Mamatkarim eshitib: “Hech nimadan xabari yo‘q, dunyoga kelib, bir shu mehnatni ko‘rib yotgan odamlar-da”,–deb o‘tib ketdi.

* * *

Mamatkarimning qilgan ishlariga amaldorlar, boylar chiday olmay: “Buning hisobi nima bo‘ladi”,–deb maslahat qilar edi. Bu alamzadalar necha kun o‘y o‘ylab, har uruqqa, davlatli kishilarga har dahada bo‘lgan qozi, mingboshilarga, Samarqand shahriga ko‘ngli chopgan odamiga xabar yubordi. Bir nechasiga odam, bir nechasiga xat. “Mamatkarim elda tursa, hech qaysimizga omonlik bermaydi. Bu, agar otasi bo‘lsa ham ra’ya qilmaydi. Bu, mudom kambag‘al deydi. Shularning tili bo‘lib gapiradi. Hozir bular bosh qo‘shib birikkani yo‘q. Mehnatkash odamlar ham buni orqa qilib, shuning gapini ma’qul qilib, orqasini tomga berib qoldi. Bunga iloj topmasak, tinchimaymiz”,–deb Jomboydan uzoq bir yerga yig‘ildigan bo‘lib xabarini jo‘natdi.

Oradan hafta-o‘n kun o‘tdi, va’da qilgan yeridan bir joyni orasta qilib, qo‘y so‘yib, moy-guruch g‘amlab turdi. Xaba qilgan odamlari kelayapti, kelgani sop maslahatboshi qo‘nayapti. Necha mingboshi, to‘rt qozi, shahardan qancha boylar, o‘nta sallot bilan pristav bari yig‘ildi, hammasi jam bo‘ldi. Shunda biri-biridan so‘rab, birov-biroviga qarab hukm qilib bir nima aytolmay turibdi. Aytolmaganing ma’nosi: maslahatning ichida Mamatkarimning tog‘asi–mingboshi, Usmon qozi qarindoshi ham bir yerda qo‘ngshi. Shunday qilib, bir-biriga gap tashlab turibdi. Shunda qozi Abdusattor bir so‘z aytib turibdi:

Mamatkarim deding, qilding malomat,

Sizlarga solibdi turli alomat.

Yoqmadimi Mamatkarimning ishi?

Qani bering Usmon qozi maslahat!

Cho‘rog‘asi, sizsiz elning og‘asi,

Siz bo‘lasiz Mamatkarim tog‘asi,

Yurish-turishini yaxshi bilasiz,

Nima bo‘lar bu badbaxtning chorasi?

Mamatkarim o‘sal ishlarni qilgan,

Hammangizga izza, uqubat bergan,

Ahmad cho‘rog‘asi bering maslahat,

Endi o‘ylagan gapingiz qanday bo‘lgan?

Yomon odam ketsin yurtma-yurt oshib,

Eli-xalqi, qarindoshdan adashib,

Hammamizni betinch qildi bu qurg‘ur,

Duch kelgan davlatmand qolgandir shoshib.

Mamatkarim polvon deydi, bilamiz,

Mamlakatdan uni judo qilamiz.

Nima desang endi aytganing bo‘lsin

Cho‘rog‘asi sizdan so‘rab turamiz.

Ikki qo‘lin tang‘ib keyniga boylab,

Sallotlar chiqarsin yurtidan haydab,

Cho‘rog‘asi sizdan so‘rab turamiz,

Polvon yursin bo‘lak yurtlarni joylab.

Bizdan qolmas Mamatkarim salomat,

Ro‘zg‘origa bo‘lar bunda qiyomat.

Katta-kichik bunda o‘tirgan jamoat,

Yaxshi o‘ylab javob bering maslahat,

deb so‘rab turibdi. Bu so‘zni eshitib, Ahmad cho‘rog‘asi bir so‘z aytib turibdi:

Mamatkarim desa bag‘rim ezilar,

Xafalikdan ko‘zdan yoshim tizilar.

Bo‘laklardan ziyod izzasi o‘tdi,

Oqshomlar o‘ylasam, ko‘nglim buzilar.

So‘z so‘ylasam, so‘zga quloq solmadi,

O‘zboshimcha, qulog‘iga olmadi.

Amaldorga, boyga izza beradi,

O‘z yo‘lidan sira endi qolmadi.

Bizlar bo‘ldik shu baloga giriftor.

Yurtma-yurt og‘ishib ketsin darbadar.

Bu yerda hech kimga omon bermaydi,

Ketsin bunday jiyan, bizga ne darkor.

Cho‘rog‘asi aytgan so‘zi shu bo‘lar,

Endi qozim o‘zingizda ixtiyor.

Necha sallot pristavga xizmatkor,

Sallotga buyurdi katta amaldor.

Necha so‘zin tayin qilib jo‘natti:

– Polvonni olib kel bunda, muqarrar!–

Mamatkarim bo‘ldi qattiq gunohkor,

Borganda qo‘lingga bo‘lsin giriftor.

Shu xizmatga o‘zing bo‘lgansan tayyor,

Hayallamay haydab kelgin, sallotlar,

Sallot jo‘nab ketdi otini chopib,

Miltig‘ini bari egniga solib.

Yetib bordi Mamatkarim uyiga,

Yalong‘ochlab qilich oldi qo‘liga.

“Jur”,–deydi Polvonga siyodsat qilib,

Mamatkarim ko‘p tushmadi tiliga.

Sallot bari ehtiyotin qiladi,

Polvonni o‘rtaga olib jo‘nadi.

Mard yigit, so‘z qotmay ketib boradi,

Kambag‘allar ko‘rib rahmi keladi.

Polvon bilmas nelar tushar boshiga,

Haydab bordi amaldorning qoshiga.

Boylar, amaldorlar bunda yig‘ilgan,

Zahar qotmoq bo‘lib Polvon oshiga.

Polvon keldi: “Olar o‘chin olsin,–deb,

Qo‘lga tushdim, nima qilsa qilsin,–deb,

Seskanib qo‘rqmayman endi bulardan,

Qo‘lidan kelganin bular qilsin”,–deb.

Mamatkarim tavakkal qip turdi.

O‘zini juda ham mardlikka berdi.

“Ne ish bo‘lsa ko‘rarmiz”,–der azamat,

Tikilib nechaning kayfin uchirdi.

Sallotni buyurdi endi pristav,

Bu polvonni mahkam yerga qamadi.

Qozi, mingboshilar maslahat qilib, hukm chiqarmoqchi bo‘lib, bir qarorga kelolmay, ko‘p fikr qilib qoldi. O‘g‘ri desa, o‘g‘irlagan molining tayini yo‘q: birovga zulm qilgan desa, Mamatkarim hech kimni urgan emas; birovni haqorat qilganinini ham bilmaydi, gunohi ma’lum emas. Aybi: amaldorga, boylarga izza beradi. Boylarga, amaldorlarga qarab, qozilar aytdi: – Endi sizlarning hurmatlaringiz uchun Mamatkarimni o‘n sakkiz oyga patnazar kesib, Xo‘jandga haydab yuboramiz, lekin qamalmaydi, Xo‘jand borgandan keyin o‘z ixtiyorida yuradi.

Amaldorlar aytdi: – Ishning keyni bo‘sh keldi, bo‘sh kelsa ham, “kun ko‘rganning kuni ortiq”,–debdi, qaytib kelgancha tinchib turarmiz.

Qozilar: – Bundan ziyoda yo‘l yo‘q, shu ham sizlarning hurmatlaring,–deb daftarni yozib,– gunohkorni haydab kel,– deb pechni qaytarib o‘tirdi. Mamatkarimni haydab kelib panjaradan qozilarga ro‘para qildi. Qozi daftarga xat yozib, to‘rt qozi muhr bosib, Mamatkarimga eshittirdi: – Qani Polvon, siz ulug‘ kishilarga beodoblik qilganingiz sababli sizni o‘n sakkiz oy Xo‘jandga borib turmoqqa patnazar kesib, hukm qildik.

Mulla Ro‘ziga qarab, Mamatkarim javob berib ikki og‘iz so‘z aytayotir:

Men so‘ylasam baring yerga qaraysan,

Gunohkor qip nima gapni so‘raysan?!

Ayta bersam, yurak-bag‘ring ezilar,

O‘lsangchi, shariat urgan qozilar!

Poraxo‘r, elatni yeding bachchag‘ar,

Sendayin eshaklar bu yurtni so‘rar!

So‘z so‘zlasam olasanmi qiyoma,

Qo‘lingdan kelganin qilgin, ayama!

Taqdir tortsa bundan Xo‘jand borarman,

Nasibamni yurib terib olarman.

Sen tushibsan bunda mening qasdima,

Qaytib kelsam ne kunlarni solarman.

Kim kelsa qo‘liga qarab turasan,

Mehnat qilmay, eldan tama qilasan.

Boyning yetovidan chiqmaysan o‘zing,

Baring ham poraxo‘r, elga balosan!

Kambag‘allar och-yalang‘och, mehnatda,

Rohati yo‘q, kecha-kunduz kulfatda.

Mehnatning foydasin boylar oladi.

Boylarga yon bosib sen ham rohatda.

Shariat deb lof urasan har zamon,

Fatvoying shu bo‘ldi: “Kambag‘al yomon”.

Sen “yaxshi”, boy “yaxshi”, amaldor “yaxshi”,

Omon kelsam, ranging qilarman somon.

Boshingni majaqlab yakson etarman,

Bo‘yningni sug‘urib, ko‘kka otarman,

Mard yigitman, to‘g‘ri yo‘ldan qaytmayman,

Bir kun kelar, murodimga yetarman.

Pristav qozilarning xatini sallotga berdi. Mamatkarimga siyosat qilib, sallotga haydatib jo‘natdi.

Quloq soling Mamatkarim tiliga,

Hozir bandi bo‘ldi dushman qo‘liga,(49­

Haydadi Polvonni Xo‘jand eliga,

Kambag‘allar kuyar mardning holiga.

Sallotlar Polvonni olib jo‘nadi,

Asli mardda, parvo qilmay boradi.

O‘tib borayotir qoradaraxtdan,

Nima bo‘lsa, taqdiridan ko‘radi.

Sallotlar haydab, Rastopga olib keldi. Odamlar Mamatkarimni ko‘rgani keladi, sallotlar gaplashgani qo‘ymaydi. Sallotlar Polvonni o‘rab poyezdga solib, jo‘ralari bilan Mamatkarim xo‘shlashib, jo‘nab ketdi. Choshka bo‘lib, kun yoyilgan vaqtda Xo‘jandga kelib, poyezddan tushirib, Xo‘jand shahriga ravona bo‘ldi.

Sallotlar Mamatkarimni haydab, pristavxonaga olib bordi. Qozining xati bilan Polvonni pristavga topshirib, topshirganiga xat olib, sallotlar qaytdi. Pristav bir odam bilan Polvonni mingboshiga jo‘natdi.

Mingboshi xatni o‘qib ko‘rib, Mamatkarim bilan biroz gaplashib: – Ilgari ham Xo‘jandga kelibmidingiz, hech kimni taniysizmi?–deb so‘radi. Mamatkarim aytdi: – Yigitlik, ilgari tomosha qilgani birdi-yarim kelganman, bir-ikki odam bilan hamsuhbat bo‘lganman.

Mingboshi: – Ilgari kelgan bo‘lsangiz yaxshi ekan. Ko‘rmasa, hech kimni tanimasa, kim bilan hamgap bo‘larini bilmasa, odamning diqqatligi oshib ketadi. Biz sizni qamamaymiz, sizga javob beramiz, Xo‘jandda yurasiz, boshqa yerga ketib qolmaysiz, har o‘n besh kunda bir kelib, bizga uchrab turasiz,– deb Polvonni o‘z ixtiyoriga qo‘ydi.

Mamatkarim mingboshiga bir so‘z aytib turibdi:

Azob ko‘rdi shirin jonim bu tanda,

Dushmanning qo‘lida bo‘lmay sharmanda.

Qilgan gunohim yo‘q, agar bilsangiz,

Tuhmat bilan haydalib kelganman bunda.

Gangimasin menday mardlarning boshi,

G‘am tortganning oqar ko‘zidan yoshi.

Xiyonat ishlarni aslo qilmayman,

So‘zimga ishoning, turgan mingboshi.

Biz turarmiz endi bunda– Xo‘jandda,

O‘n besh kunda bir kelamiz, albatta.

Qachon yo‘qlasangiz hozir bo‘lamiz,

Bir tilagim – qolmagayman kulfatda.

Mamatkarim bu mingboshining qoshidan chiqib, “xo‘jandli jo‘ralarimni topib olayin”,–deb shaharni oralab bora berdi.

Xo‘jand ham bir shirin joy. Atrofi tog‘ daryoning bo‘yi, yeri mevazor bog‘.

Sayr etsang yarashar, kelgandir bahor,

Yaqinda ko‘rinar lolazor tog‘lar.

Cho‘llarda, tog‘larda gulu gulzorlar,

Odamning bahrini shamoli ochar.

Bahorda tomosha qilgani Xo‘jand,

Har elning sayronga kelgani Xo‘jand.

Bahrali joylari ko‘pdir bu yerning,

Totli mevalarning makoni Xo‘jand.

Polvonga qadrdon, bilsang, bu shahar,

Xo‘jand kelsa, ko‘ngli bo‘lgandir bahor.

Bunda bordir qadrdoni, sirdoshi,

Mamatkarim ko‘nglin tog‘dek ko‘tarar.

Polvon shaharni oralab: “Jo‘ralarimni topib olsam, suhbat qilib bu yerdagi ahvolni bilsam, endigi ishni ham maslahat bilan qilsam”,– deb bir samovarga borib o‘tirdi.

Xo‘jandda Mamatkarim bilan gap so‘zi bir bo‘lib yurgan odamlardan Murod, ko‘chadan o‘tib ketayotib edi, Polvonga ko‘zi tushdi. Ko‘ziga issiq ko‘rinib, tag‘i burilib qaradi. Mamatkarim ekanini aniq bilib, qaytib keldi. Mamatkarim ham tanib, o‘rnidan turib, ikkovi quchoqlashib ko‘rishib, so‘rashib qoldi. Samovardagi odamlar: “Mehmon bilan Murod qadrdon ekan”,–deb qarashib qoldi. Shu kuni undan – u, bundan – bu eshitib, Mamatkarimning jo‘ralaridan besh-to‘rttasi kelishib, yig‘ilishib qoldi. Kun qaytgancha bular samovarda gurunglashib o‘tirdi. Kun qaytgandan keyin, Polvonni jo‘ralari o‘z mazgiliga olib ketdi. Shunda Polvonning ulfatlari do‘stining dimog‘ini chog‘lab, hol-ahvol so‘rab turibdi:

Xabar bering yurgan yo‘ldan, birodar,

Samarqandda, sizning elda ne gap bor?

Ko‘z tutib yuramiz Xo‘jandday elga,

Yaxshilik bo‘lar deb, qaraymiz yo‘lga.

Poshshodan ketganmish kuch bilan quvvat,

Sizning elda nima gap, ne maslahat?

Birga bo‘lsak, el biriksa, bir bo‘lsa,

Biz o‘ylaymiz, bo‘shga ketmas harakat.

Biz aytamiz boy zamon yo‘q bo‘lar,– deb,

Zulm qilgan g‘arib bo‘lib o‘lar,– deb,

G‘ayrat qilsak nasib bo‘lar yaxshilik,

Kambag‘allar xushvaqt bo‘lib qolar,–deb.

Xabar bering, Polvon, elda ne gap bor?

Ilgari necha bor Xo‘jand keldingiz.

Ko‘p oralab elu xalqni ko‘rdingiz,

Bizlar bilan qadrdon bo‘p qoldingiz,

Yana bu joylarda birga bo‘ldingiz.

Xabar bering, mamlakatda ne gap bor?

Sizni ham haydabdi u boylar zolim,

Sizni ko‘rib jo‘sh uradi xayolim,

Gohi vaqtlar diltang bo‘lar ahvolim,

Xabar bering, Polvon, elda ne gap bor?

Mamatkarim jo‘ralariga Samarqand betdagi xalqning ahvolini, o‘zining qilgan ba’zi ishlarini aytib: – Nima bo‘lsa ham birikib, birov-birovimizdan xabardor bo‘lib, qabatimizga odamni ko‘paytirib, qilib yurgan harakatimizni kengaytirib turayik. Meni patnazar qilib hukm chiqargandan keyin sallot o‘rab, birga yurgan jo‘ralarimnin qoshimga yo‘latmay, gaplashgani qo‘ymay, poyezdga soldi. Bir-ikki kundan keyin bizdan bizdan xabar olgani odam ham kelib qolar. Men endi stantshiyaga borib, ko‘radigan odamlarni ko‘rib, ular bilan maslahat qilib qaytaman. Nima yaxshilik xabar bo‘lsa, yuqoridan kelar, ishning borishini aniq bilib, shunga qarab ish ko‘ramiz,–dedi. Shunda bular bir-biri bilan xo‘shlashib: – Shodiyona kunlar tezroq kelsin-da,–deb, har qaysisi o‘z ishiga ketdi. Mamatkarim Murod bilan stantsiyaga jo‘nadi.

* * *

Kun kech bo‘ldi endi, bu yerda yotdi.

Erta-mertan kunlar chiqib, tong otdi,

Jo‘ralari bilan mazgilidan ketdi.

Xo‘jandning shahridan oralab o‘tdi.

Ko‘zi tushib bunda necha kishiga,

Nazar solar xaloyiqning ishiga…

Boy ko‘rinsa, bular ko‘nglida taraf,

Salom bermay o‘tar olog‘ib qarab,–

Shuytib yurish qildi endi uzoqqa,

Sir yoqalab bu o‘tirgan qozoqqa–

Sirdaryo yoqalab bu zamon ketdi,

Beshariq ustiga bir kuni yetdi.

Tomoshaman bir kun Qo‘qonga borib,

Qo‘qonda ham yoru jo‘ra orttirib,

Necha joyda kambag‘alman o‘tirdi,

So‘zlashib, ularning ko‘nglini bildi.

Muddaosi shuldir–boylarga taraf,

Quloq solib yotir yuqori qarab…

Necha vaqt aylanib bunda Qo‘qonga,

Bir kun chiqib ketdi u Andijonga.

Mamatkarim elu xalqni ko‘radi,

Necha kunlar Andijonda yuradi.

Andijon bahorli bir yaxshi joydi(r),

Odam ko‘rsa, hech ketgisi kelmaydi…

Mamatkarim Andijon tevaragini aylanib, o‘ziday hamma odamlar bilan sirdosh bo‘lib, bildi–Farg‘ona mamlakatda hammaning ko‘nglida shu [norozilik] gap. Endi burungidan ham quvvatlanib ketdi. Endi tog‘ oralab, qirg‘iz ellarini ham qo‘nib o‘tdi, qirg‘izning ko‘nglidagi gaplarini bilib ketdi. “Hamma xalqning ko‘ngli mening ko‘nglimdagidek ekan”, deb boryapti.

Mamatkarim jo‘ralari bilan goh poyezdda, goh piyoda [yurib] necha odamga uchrashib, necha vaqt yurdi, uch yarim oy deganda Xo‘jandga kirib keldi. Necha kun jo‘ralarinikida turib, mingboshining qoshiga bordi. Mingboshi [ruxsat] qog‘oz qilib muhrlab berdi. Jo‘ralari Polvonni poyezdga solib, mazgiliga qaytdi.

Mamatkarim tong otmay Rostopga kelib, poyezddan tushdi. Tong otgan so‘ng el-xalqdan ko‘rganlar ko‘rmaganga xabar qilib, choshkagacha Polvon bunda o‘tirdi…

Xalq yig‘ilib Mamatkarim qoshiga,

Kelib barcha bu polvonni ko‘radi.

Qadrdonlar juda izzat qiladi.

Otlantirib Mamatkarim polvonni,

Shu zamon uyiga olib jo‘nadi.

“Mamatkarim omon-eson keldi”, deb,

Elu xalqqa xo‘p ovoza bo‘ladi.

Bu xalqdan eshitib Absattor maxsum,

Shu polvonga hukm ko‘rsatgan ul kun,

“Kelgan bo‘lsa ishni xudo urdi”, deb,

“Burungidan endi yomon bo‘ldi”, deb,

Panjakentga bu ham qochib jo‘nadi.

Mamatkarim ro‘zg‘orining to‘rasi,

Samarqandga qochib ketdi tog‘asi…

Shunda Mamatkarimning enasi bu so‘zni aytdi:

Senga kuyar tanda jonim,

Mamatkarim mehribonim,

Qayerlarga borib kelding

Bandi bo‘lgan sen o‘g‘lonim?

Yig‘lab qoldim uyda bo‘zlab,

Borolmadim seni izlab,

Qayda bording mehribonim?

Bunday ishlar bag‘ring tuzlab?

Sendan sadaqa bu enang,

O‘rtanib kuygandir tanam,

Qayerlarga bording bolam?

Cho‘l bo‘lgandir kulba-xonam.

Sensan qo‘zim menga darmon,

Sen ketgan so‘ng menga tushdi,

Yuragimda turli armon.

Kecha-kunduz seni yo‘qlab,

Ahvolima men yig‘larman.

Men qoldim sendan ayrilib,

Dushmanlarga kulgu bo‘lib,

Qaytadan keldi davlatim,

Sensan suyangan farzandim,

Sening orqangdan rohatim,

Jonu dilim azamatim.

Bu boshimdan ko‘tarildi

Qayg‘u g‘am bilan kulfatim.

Bir ish qildi senga dushman,

Sendan men topmadim nishon,

Qars urib qildim pushaymon,

Endi men ham shukur qilay,

Kelding, bolam eson-omon.

Mamatkarimni ko‘rib, qoshidagi qarindoshlari ham kelib, bir-birining holini so‘rab turdi. Usmon qozi, yaqin qarindoshi, bilsa ham bilmagan kishi bo‘lib, otlanib bu ham Samarqand ketdi.

Mamatkarimning qoshida odam to‘lib, gaplashib o‘tiribdi. Bir nechasi aytadi: – Polvon, yaqinda bir gap eshitdik, odamlar “inqilob degan narsa bo‘larmish” deydi. U ne degan so‘z, siz bilasizmi? – deb so‘rab o‘tirur. Polvon aytdi: – Ma’nisini bilmasangiz, bizning izlab turgan maqsadimiz shu, bizning ko‘nglimizdagi gap-da. Boylar, amaldorlar xalqni oyoq osti qilib, yanchib kelayotgan kishilar bizga dushman,–deb gaplashib o‘tirib, odamlar ham qaytdi.

Mamatkarim kechqurun uyida, kunduz kuni Jomboyning sarbozorida bo‘lib, Polvonni ko‘rgani har yerdan odamlar kelib, maslahatini qilib yura berdi.

Mamatkarimning amaldor qarindoshlari el oyog‘i tinganda bir yerga yig‘ilib, Abdulla boy [laqabi] Abdulla tentak deganni ham chaqirib kelib, Usmon qozi:–Endigi maslahat shunday bo‘lsin,–deb bir so‘z aytib turibdi:

Abdulla boy quloq solgin tilima,

Tulki, shaqal ko‘rsa, yig‘lar holingga,

Chiqolmaysan u qurgurning yo‘liga,

Bir yo‘liqib, tushib qolma qo‘liga.

Shu kunda maslahat boshi bo‘libdi,

Boylarning qasdida xizmat qilibdi,

Shunday so‘ylab samovarda turibdi,

Hamma odam aytganiga ko‘nibdi.

Endi bunga shunday ishni qilayik,

Qon quyar to‘rt odam topib olayik,

Pul so‘rasa, ayamayik, berayik,

Bu gapni bilmasin o‘zga xaloyiq.

Ko‘ngliga kelganni xalqqa aytadi,

Kech bo‘lganda mazgiliga qaytadi.

El oyog‘i tinib, odamlar yotsa,

Mergan bo‘p shu vaqti ko‘zlasa, otsa.

Shunday qilib, bilmaganin bildirib,

Kech bo‘lganda qaytsa, otib o‘ldirib,

O‘ligi be ega bu yo‘lda qolib,

Qarindosh barimiz bir og‘iz bo‘lib,

O‘zimiz turayik bilmagan bo‘lib,

Maslahat shu, chiqarmagin og‘zingdan!

Maslahatni shunday bir yerga qo‘ydi,

Necha kun barisi o‘ylashib ko‘rdi,

Begona yerlardan to‘rt odam topdi,

Ular qancha pul dunyo olipti

Necha kun yo‘lini ongnib turibdi.

Ikki paxsa duvol bordi yo‘lida,

Duvolni panalab, ongnib yuribdi.

Mamatkarim xaloyiqqa so‘z aytdi,

El yotar-xuftonda Jombaydan qaytdi.

Beg‘am, yayov kelayotgan yo‘lida,

To‘rttovi ham miltig ‘ini tiklatdi,

Shu zamonda miltig‘ini bo‘shatdi.

Yashinday bo‘p o‘qi Polvonga yetdi.

O‘qi bu Polvondan tuyrab o‘tdi.

Armon bilan endi yo‘lda yiqitdi.

Heh kimga ko‘rinmay otgan kishilar,

Bular o‘z mazgiliga qarab ketdi.

Erta-mertan ko‘rib qoldi odamlar,

Ko‘rsa Mamatkarim o‘lib yotibdi.

Xabar yetdi buning enalariga,

Bir chinqirib yig‘lab keldi enasi,

Ko‘rsa, yo‘lda o‘lib yotir bolasi.

Bolam, deb to‘kadi ko‘zdan yoshini,

Bir berahm otgan shunday kishini.

Chinqirib-chiqarib bunda dovshini,

Yig‘ib olib barcha qarindoshini.

Hamma yig‘ilib, kimdan ko‘rarini bilmay, barcha xalq afsus yeb, o‘ligini uyiga olib borib, izzatini ulug‘ qilib ko‘mdi.